Adabiyotshunoslik - fan
Reja:
1. Fan, san’at, adabiyot
2. Adabiyot – so’z san’ati
3. Adabiyot “Insonshunoslik”dir, ruhshunoslikdir
4. Adabiyot - tuyg’ular tarbiyachisi
Inson o’z hayoti davomida hayotni-tabiat, jamiyat, insonni bilishga intiladi,
ularning mohiyati, qonuniyatlari va xususiyatlarini tadqiq qiladi. Ayni paytda inson
dunyoni va o’zini bilish bilan cheklanmaydi, balki to’plagan bilimlariga suyanib u
jamiyatni, o’zining ruhiy-ma’naviy dunyosini boyitib, o’zgartirib boradi. Ong-
borliqning inson miyasidagi oliy in’ikos (aks etish) shakli ekan, u ijtimoiylik kasb
etadi. Inson ongi (ruhiy va aqliy qobiliyati) jamiyatdagi hayoti davomida tarkib
topadi, ijtimoiy muhit ta’sirida reallashadi, faollashadi, ijod qiladi.
Ijtimoiy ong shakllari (siyosat, huquq, ahloq, din, fan, san’at, falsafa,
riyoziyot, tibbiyot va h.)ning barchasi-hayotni o’rganadi, biroq har biri o’ziga xos
predmetiga asosan ob’ektiv borliqni in’ikos etadi, o’rganadi va o’rgatadi.
Jumladan, ilmiy ijod-insonning tabiat, jamiyat va o’z tafakkurida amal
qiladigan qonun va qonuniyatlarni kashf etish, bilish va o’rganish bilan shug’ullansa,
badiiy ijod-tabiat, jamiyat va insonning nafosat qonunlari va tamoyillari asosida
badiiy ifodalash sirlarini ochadi. Boshqacha aytsak, ilmiy tafakkur barcha fanlarni,
badiiy tafakkur san’at va uning shakllarini o’zida birlashtiradi. Ikkalasi ham real
borliq (hayot)ni, bizdan tashqaridagi olamni o’rganadi. Biri-hayot (tabiat, jamiyat,
inson tafakkuri)ning ob’ektiv qonunlarini ochish, tushuntirish bilan shug’ullansa,
ikkinchisi-hayot(tabiat, jamiyat, inson)ning badiiy (obrazli) kashfini tahlil va tadqiq
qiladi. Ilmiy tafakkur borliqni ilmiy tushunchalar, g’oyalar, kategoriyalar, prinsiplar,
muammolar, gipotezalar, hukmlar, xulosalar, nazariyalar, qonunlarda ifodalasa,
badiiy tafakkur borliqni obrazlarda aks ettiradi. Ha, shuning uchun ham, “Agar fanlar
va san’atlar bo’lmaganda, inson va inson hayoti ham bo’lmasdi” (L.N.Tolstoy).
“Filosof sillogizmlar orqali fikr yuritsa, shoir-obrazlar va kartinalar vositasida
gapiradi va ularning ikkalasi ham ayni bir narsani aytadi. Siyosiy iqtisodchi statistik
raqamlar bilan qurollanib, o’z o’quvchi yoxud tinglovchilarining zehniga ta’sir etib,
jamiyatdagi falon sinfning ahvoli falon-falon sabablarga ko’ra ko’p yaxshilangani
yoxud ko’p yomonlashganini isbotlaydi. Shoir voqyelikning jonli va yorqin tasviri
bilan qurollanib, o’z o’quvchilarining fantaziyasiga ta’sir etib jamiyatdagi falon
sinfning ahvoli falon-falon sabablarga binoan haqiqatdan ham ko’p yaxshilangani
yoxud yomonlashganini haqiqiy kartinalarda ko’rsatadi. Biri isbotlaydi, ikkinchisi
ko’rsatadi-ikkalasi ham ishontiradi, bunga faqat ularnnng biri mantiqli
asoslash, boshqasi kartinalarda namoyon etish bilan erishadi” (V.Belinskiy;
Ta’kidlar bizniki-H.U).
Yuqoridagi “Humoyunnoma” (Gulbadan begim) asaridan keltirilgan parchaga
e’tibor qilsangiz, unda mantiqiy fikrlash, mushohada, xabar ustunlik qiladi; hamma
so’zlar aniqlik, ob’ektivlik, “quruq qayd” etishga bo’ysindiriladi va haqiqatan
bo’lgan voqea haqida tushuncha beradi.
“Yulduzli tunlar” romanidan keltirilgan lavha esa Bobur, Mohim begim,
Shayxulislom (Ko’hinur olmosi ham) jonli gavdalanadi, ularning o’zaro
muloqotlaridan har birining qalbidagi tuyg’u va hislarni (jumladan, Mohim begim
“yum-yum yig’laydi”, “Boburga qo’rquv aralash hayrat bilan tikiladi”. “Bobur
suyukli o’g’lini hadeb o’tga-suvga solib, shu kasallikka o’zi ham sababchi
bo’lganday o’rtanadi”, Humoyunga “Sening shu og’ir dardingni xudo sendan olib
menga bersin!”-deya iltijo qiladi. Munkaygan Shayxulislom qiymati ulkan oltin
xazinalariga barobar keladigan Ko’hinur olmosini sandig’iga tushirishga yo’l
topganday-Humoyun betobligidan foydalanishga intiladi, “ota-bolaga baqrayib
qaraydi”, sarosimaga tushadi...) to’laligicha aniq nuqtalari bilan ko’ramiz, jonli his
etamiz. Shunday bo’lishi mumkin bo’lgan voqea bilan tanishamiz. Xotirada voqea
aniq va “quruq” bayon etiladi, lavhada esa tasvirlanadi. Birida mantiqiy mushohada,
ikkinchisida ko’rsatish ustunlik qiladi.
San’at (arxitektura, haykaltaroshlik, rassomlik, musiqa, teatr, xoreografiya,
kino va sh.k.) fanlar (ilmiy tafakkur)ning yutuqlariga suyangan holda hayotni
obrazlar vositasida ifoda etadi. Obrazlilik-san’atning hamma ko’rinishlarini
birlashtiradigan, umumiyligini, o’xshashligini ta’minlaydigan universal vositadir.
“Obrazli formadan tashqarida san’at yo’q” (Oybek).
Lekin ravshanlik, ta’sirdorlik, nozikliik, go’zallik kabi obrazlilikning
atributlari (ajralmas belgilari, xususiyatlari) san’atning har bir shaklida o’ziga xos
bo’ladi:
“Skulptura... inson tanasi shakllarining go’zalligini ifodalaydi, inson yuzidagi
fikrning bir paytini, tanadagi (attitude) bir vaziyatnigina tutib oladi. Shu bilan birga
skulpturaning ijodiy faoliyati insonning butun siymosini qamray olmaydi, balki
inson tanasining tashqi shakllari bilangina chegaralanadi, erkak kishilarda faqat
mardlik, ulug’vorlik va kuchni, xotinlarda go’zallik va noziklikni ifoda qiladi.
Rassomlik san’ati butun insonni, hatto uning ichki ruhiy dunyosini ham o’z ichiga
oladi; ammo rassomlik ham hodisaning faqat bir paytini qamrash bilan
chegaralanadi. Muzika esa, eng ko’p, ruhning ichki dunyosini ifoda etuvchidir; lekin
muzika ifoda qilgan g’oyalar tovushlar (sadolar)dan ayrilmaydi, tovushlar ruhga
ko’p narsa bersa ham, aqlga hyech nimani ochiq va aniq qilib aytmaydi. Poeziya
erkin inson so’zida ifodalanadi, so’z esa-ham tovush, ham kartina, ham aniq va
ravshan aytilgan tasavvurdir...”1
Tinib-tinchimas rus tanqidchisi V.G.Belinskiy tomonidan “Poeziyaning xil va
turlarga bo’linishi” maqolasida aytilgan bu nozik kuzatish va xulosalar san’atning
har bir ko’rinishi “o’z tili”ga, “o’z uslubi”ga-“o’zligi”ga ega ekanligini ravshan
isbotlaydi.
San’atning ba’zi ko’rinishi (masalan, V.Belinskiy aytgan skulptura) muayyan
cheklangan jihatlari bo’lishidan qat’i – nazar, dilni quvontiradigan, his –
hayajonlarni yondiradigan jonliligi va go’zalligi bilan, latofati va nafisligi bilan
beadad quvonch baxsh etadi:
“Haykaltarosh Skopas marmardan Vakx qizini yaratdi: qiz jonli ko’rinadi,
tosh o’sha toshligicha qolgani holda, go’yo jonsiz tabiat qonunlarini buzganday edi...
1 В.Г.Белинский. Танланган асарлар, Т., Ўзбекистон ССР давлат нашриёти, 1955, 132-133-бетлар.
O’z tabiatiga ko’ra qattiq bo’lgan tosh ayol nafisligiga taqlid qilib, go’yo o’zi ham
nafis bo’lib qolganday, ayollik tabiatiga ko’ra keskin, nozik harakatlar qilayotgan
ayol qiyofasiga kirgan edi. Tabiatan harakatdan mahrum bo’lgan tosh san’atkor
qo’lining sehri, qudrati bilan Vakx qizlari raqsida charx urib aylanayotganday edi.
Garchi ehtiros toshga xos bo’lmasa ham, Vakx qizining yuzida es – hushidan
ayrilgan ayol shavqi ravshan sezilardi... Uning sochlarini shabada yulqilar, toshning
o’zi ham nozik va mayin, durkin soch tolalariga aylangan edi. Bu holni tushunishga,
tasavvur etishga aql bovar qilmas edi, tosh bo’la turib, bu marmar obrazda ayolning
bor mayinligi, nafisligi ko’rinar edi”2
Bu tasvirning o’ziyoq, garchi marmardan yasalgan Vakx qizini ko’rmasangiz
ham, Sizda Skopasning mohirligi, tosh ayoldagi uyg’unlik va jonlilik ajib tuyg’ular
ato qiladi, ayolning go’zalligi ko’ngilni olijanoblikka o’raydi, o’ziga maftun etadi.
Adabiyot “boshqa san’atlarning barcha unsurlarini o’z ichiga oladi, bo’lak
san’atlarning har biriga ayrim ravishda berilgan hamma vositalardan birvarakay va
to’la suratda foydalanadi” (V.Belinskiy). Shu sababdan ham adabiyotning
maydonidan chiqib ketadigan bironta hodisa, voqea, ruhiy holat, xatti – harakat,
kechinma bo’lmaydi va ularning hammasi so’z vositasida ta’riflanadi, ochiladi,
jonlantiriladi. Alloh so’z qudrati bilan borliqni yaratganki, uning qudratidan boshqa
buyukroq mo’jiza yo’q. Hadisi sharifda “So’zda sehr bor...” deb ta’kidlansa,
xalqimiz “So’z qilichdan o’tkir”, “So’z – kishining o’zagi, Odob uning bezagi”,
deydi. Bobomiz Alisher Navoiy “Chin so’z – mo’tabar, yaxshi so’z qisqa - muxtasar”
desalar, Mashrab Boboyev “So’z aytgani kelar dunyoga inson”, deydi. Rus shoiri
Aleksandr Tvardovskiy “So’z – bu mening oshi halolim, so’z – men uchun
muqaddas”,- deb kuylaydi. Ha, so’z – aqlimizning toji, yuragimizning otashi,
insoniyligimizning belgisidir. Ana endi bu so’z badiiylashganda, adib Oybek
aytganidek, har bir so’z, uzukka qo’yilgan qimmatli tosh kabi porlaydi, har bir
misrada katta mazmun barq urib turadi. So’z chertib olinadi, ohangi, ifoda kuchi,
bo’yog’i va boshqa xislatlari bilan hissiy qudratga ham ega bo’ladi (Oybek.
Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985, 32-33-betlar).
2 Қаранг: Н.Шукуров ва бошқалар. Адабиётшуносликка кириш, Т., “Ўқитувчи”, 1979, 48-бет.
Shu asosga ko’ra, adabiyotning “tili”, birdan – bir quroli – so’zdir, so’z
san’atidir. Uning tasvir imkoniyatlari nihoyasizdir. Adabiyot so’z san’ati ila
hayotni o’rganadi va tasvirlaydi (uning mag’zini chaqadi), hayotni tadqiqi
jarayonida undan muayyan xulosa va saboqlar chiqaradi (hukmga keladi), hayotdan
dars oladi(“hayot darsligi” vazifasini o’taydi), hayotni qayta (umid va orzular
asosida) yaratadi.
Demak, so’z san’atining ob’ekti – tabiat, jamiyat, insonni birlashtiruvchi,
bizdan tashqarida yashovchi cheksiz – chegarasiz olamdir.
Inson san’at va adabiyotning bosh predmetidir. Yozuvchi Maksim
Gorkiyning ta’biricha, “O’zining intilishlari, ishlariing butun xilma – xilligi
bilan, o’zining o’sishi va tanazzulga ketishi jarayoni bilan odam badiiy
adabiyotning materiali bo’lib xizmat qiladi”.
Aristotel
(“Poetika”),
V.Belinskiy
(“Poeziyaning
xil
va
turlarga
bo’linishi”)larning fikriga ko’ra, qadimgi yunon (Homerning “Iliada”, “Odessiya”
asarlari, Esxil, Sofokl tragediyalari) san’atidan boshlab, inson san’at asarining bosh
predmetiga aylangan. Hamon u adabiyot va san’atning kashflarini, yutuq va
kamchiliklarini sarhisob qiluvchi asosiy o’lchov bo’lib kelmoqda. Shu sababdan
inson tasviri yo’q joydan san’atni izlash noo’rindir. To’g’ri, badiiy asarni
varaqlasangiz, inson obrazidan tashqari, uni o’rab olgan tabiat (peyzaj) ham,
hayvonu o’simliklar ham, jamiyat ham, buyumlar, predmetlar ham tasvirlanadi.
Yuqorida ta’kid etganimizdek, adabiyot va san’atda borliqning hamma
atributlari o’z aksini topadi, faqat ular bitta shartga bo’ysinadilar, ya’ni ular
inson xarakteri va ruhiy holatining u yoki bu qirrasini ochishga xizmat
qilishlari, demakki, insoniylashlari lozim.
Qo’shiqchi shoirlar sardori Muhammad Yusufning “Erka kiyik” asarida ham
shu haqiqatning ifodasini ko’ramiz:
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,
Majnun bo’lib sahrolarga yetalasam,
Bu dunyoda birday g’arib men ham, sen ham, Erka kiyik maylimi bir
erkalasam?..
Mungli, iztiroblarga to’la qo’shiqni tinglar ekansiz, undagi lirik qahramon
armonlariga, g’aribligiga, bechoraligiga, qiynoqlariga, cho’g’li so’qmoqlariga
dildosh “erka kiyik” - mahbubaning uyg’unligini yaqqol sezasiz. Qahramon
qalbidagi kechinma va tuyg’ulari “erka kiyik” (eng yaqin do’st, taqdirdosh inson)
vositasidagina barq urib ochiladi: iltijo orqali erka kiyikka majnun bo’lib yolvoradi,
hamdam do’stga zorligini, uning ko’nglini olishga judayam ishtiyoqmandligini -
dilining izhorini to’kadi. Erka kiyik – fikr va hissiyotlar ifodasi uchun ramziy vosita,
insoniylashgan obrazga aylangani uchun ham - u eng zarur unsurdir.
Inson va inson tafakkurini o’rganmagan fanning o’zi yo’q, chunki fanlar
tabiat, jamiyat va insonni ilmiy bilish jarayonida yuzaga kelgan ilmlar tizimidir.
Lekin hyech bir fan predmet, hodisa, insonni “o’z harakatida”, “jonli” holatda,
birbutunlikda, yaxlitlikda o’rganmaydi. Bunday vazifani adabiyot va san’atgina
bajaradi, xolos.
Jumladan, psixologiya (gr. “psyuxe” - “ruh”, “logos” - fan) – ruhshunoslik
fani miyaning ob’ektiv voqyelikni aks ettirish jarayonidagi holatlarini o’rgansa,
falsafa (yunoncha “filio” (sevmoq), “sofos” (donishmandlik) – “donishmandlikni
sevish” fani insonning mohiyati haqidagi eng muhim bilimlarni, eng umumiy
muammolarni o’rganadi.
Adabiyot esa insonni yaxlit va jonli tarzda o’rganadi, tahlil va tadqiq
qiladi, tasvirlaydi: kitobxon ko’z o’ngida u fikrlovchi, harakat qiluvchi, his
qiluvchi, o’z atrofidagi olamlar bilan jonli munosabatda bo’luvchi odam
tarzida gavdalanadi. Shu sabab ham adabiyotda qayta yartilgan olam-
insoniylashgan olam mukammalligi, ezgulikni uyg’otadigan go’zalligi bilan inson
ong-shuuriga qattiq ta’sir etadi; uni komil insoniylikka yetaklaydi. Shu fazilati bilan
adabiyot – “insonshunoslik” (M.Gorkiy)dir; inson ruhiyatini poklovchi, boyituvchi,
“kir-chir”lardan xalos etuvchi mo’jizadir. Insonin ulug’lab, e’zozlab, hurmatlab,
ardoqlab, sevib kuylovchi va xuddi shunday ruhni boshqalarga ato etuvchi qiyosi
yo’q ne’matdir. Shuning uchun ham hazrat Navoiy bugun ham xitob qiladilar:
Jondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Sondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Har neniki sevmoq ondin ortiq bo’lmas,
Ondin seni ko’p sevarman, ey umri aziz!
Xulosa: adabiyotning tasvir ob’ekti – hayot, tasvir predmeti - inson,
vazifasi - inson tuyg’ularini tarbiyalashdir. Demak, adabiyot hayotning so’z
san’ati orqali insoniylashgan ifodasidir.
Tayanch tushunchalar
Fan, san’at, adabiyot. Adabiyot – so’z san’ati. Adabiyot insonshunoslikdir.
Adabiyot tuyg’ular tarbiyachisidir.
Savol va vazifalar
1. Fan va san’at nima? Ularning qaysi ko’rinishlarini bilasiz?
2. Adabiyot nega so’z san’ati? So’zning qudrati haqida bilganlaringizni so’zlang.
3. Adabiyot – insonni qanday o’rganadi?
4. Adabiyotning vazifalarini aniqlang, yodlagan asarlaringiz misolida isbot qiling.
Adabiyotlar
1. Falsafa. T., “Sharq”, 1999, 401-445-betlar.
2. V.G.Belinskiy. Tanlangan asarlar. T., O’zbekiston SSR davlat nashriyoti, 1955,
131-134-betlar.
3. Oybek. Adabiyot to’g’risida, T., “Fan”, 1985.
4. Muhammad Yusuf. Yolg’onchi yor, T., G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va
san’at nashriyoti, 1994.
5. T.Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1979, 24-33-betlar.