Adabiyotshunoslik tarixi
Reja:
1. Adabiyotshunoslik tarixi haqida.
2. Adabiy-nazariy tafakkur tarixiga bir nazar.
3. Sharqda adabiyot nazariyasi.
4. G‘arb adabiyotshunosligidagi nazariy qarashlar.
5. Sharq va g‘arb adabiy-nazariy qarashlari sintezi masalasi.
6. Хulosa. Foydalanilgan adabiyotlar.
Kalit so‘zlar: poetika, poetik tafakkur, antik davr, taqlid.
Adabiyotshunoslik va uning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiyot
nazariyasi,
adabiy
tanqid,
matnshunoslik
yo‘nalishidagi
ilmiy-tadqiqotlar
“filologik tadqiqot” deb yuritiladi. “Filologiya” esa yunoncha so‘z bo‘lib, philo –
sevaman, logos – so‘z, bilim demakdir. Shuning uchun filologiya deganda ham
tilshunoslikka, ham adabiyotshunoslikka doir tadqiqotlar nazarda tutiladi. Chunki
har ikki soha uchun ham til mahsuli bo‘lgan so‘z asosiy manbadir. Qadimda
yevropada insonning barcha aqliy faoliyati mahsullari “filologiya” termini atrofiga
jamlangan. Umuman, o‘tmishda filologiya, falsafa hozirgiga nisbatan keng
qamrovli fan sohasi bo‘lgan. Filologiya, jumladan, adabiyotshunoslik fani ham
dastlab falsafa fani doirasida vujudga kelgan, degan qarash keng yoyilgan.
Masalan,
qadimgi
yunon
donishmandi
Platon
(er.avv.
427–374-yillar)
adabiyotning vazifasi Xudoni maqtash, kishilarni ezgulikka ishontirish ekanini
ta’kidlab, asarning qanday turga mansub bo‘lishi unda muallif qanday o‘rin
tutishiga bog‘liq: agar muallif o‘z nomidan so‘zlasa –“lirika”, agar u voqealarda
ishtirok etmay, boshqa qahramonlarni gapirtirsa – “drama”, agar “lirika” va
“drama”ga xos xususiyatlar birga qo‘llansa – “epos” bo‘ladi, degan. Qadim
zamonning yana bir donishmandi Aristotel (er.avv. 384–322-yillar) adabiyot
haqida “Poetika” (“Poeziya san’ati haqida”) nomli maxsus asar yozib, unda asosan
drama turiga mansub asarlarga xos xususiyatlarni keng sharhlagan.
Umuman, G‘arb-u Sharqning barcha faylasuflari o‘z asarlarida adabiyot,
uning ahamiyati haqida, albatta, fikr bildirganlar. Bu adabiyotshunoslik,
tilshunoslik azaldan falsafiy fan sifatida rivojlanib kelganidan dalolat beradi.
Adabiyot haqida keng ko‘lamda ilmiy fikr bildirish Aristotelning “Poetika”
asaridan boshlangan, degan qarash mavjud. Haqiqatan ham ushbu asar adabiyot
fani haqidagi eng qadimgi ilmiy tadqiqotdir. Eramizdan avvalgi 366–322-yillarda
yaratilgan ushbu asarda adabiy asar qismlari bir-biriga mutanosib bo‘lishi zarurligi,
san’atkor taqlidga berilmay, o‘ziga xos yangi asar yaratishi shartligi, adabiyot
xuddi rassomlik, musiqa singari nafosat yaratuvchi san’at turi ekanligi asoslab
berilgan. Tabiiy fanlarda bo‘lgani singari ijtimoiy fanlardagi har qanday yangilik,
yangicha yondashuv ham avvalgi qarashlar zaminida paydo bo‘ladi. Jumladan,
eramizdan avvalgi 384–322-yillarda yashab o‘tgan Aristotel ham “Poetika” asarida
o‘z zamonasigacha bo‘lgan adabiyot haqidagi nazariy qarashlarni umumlashtirgan.
Uning so‘z san’ati xususiyatlari, adabiy tur va janrlar haqida bildirgan
mulohazalari hozirgacha o‘z qimmatini saqlab kelmoqda. Arastuning “Poetika”
asari eramizdan avvalgi 336–332-yillarda yozilgan. Mutafakkirning hayot tajribasi
ortib, aql-tafakkuri kamolga yetgan bir paytda – taxminan ellik yoshga
yaqinlashgan chog‘ida bitgan bu kitobi davr o‘tishi bilan ko‘pgina tillarga tarjima
qilinib, unga qator sharhlar bitilgan. “Poetika” IX asrda suryoniy tiliga, taxminan
930-yilda esa suryoniy tilidan arab tiliga tarjima qilingan. Sharq mutafakkiri Abu
Nasr Forobiy (873–950) Arastuning ana shu asari ta’sirida “She’r san’ati qonunlari
haqida risola”sini yozgan hamda “Poetika”ga sharh bitib, asarning mazmuni va
mohiyatini izohlagan. Ibn Sino (980–1037), Ibn Ro‘shd (1126–1198) kabi olimlar
“Poetika” xususida mulohaza bildirgan. Sharqda Arastuning boshqa asarlariga ham
katta qiziqish bilan qaralgan. Abu Nasr Forobiy Sharqda “ustozi avval” deya
ta’riflangan Arastuning asarlariga sharhlar bitib, ularni keng ommaga tushunarli
tarzda izohlagani bois “muallimi soniy” – “ikkinchi muallim” deb nom qozongan.
Ibn Sino “Metafizika”ni qirq marta o‘qib ham yaxshi tushunolmagani, Forobiyning
sharhi bilan tanishgach esa Arastuning ushbu asari mazmun-mohiyatini anglagani
naql etiladi (qarang: Arastu. Poetika. Axloqi kabir. –T.: Yangi asr avlodi, 2004. –
124–143-betlar). Sharqda “birinchi muallim” deya sharaflangan Arastuning
“Poetika” asari – “adabiyotshunoslikka oid dastlabki tadqiqot” deya e’tirof etiladi.
Afsuski u to‘liq saqlanmagan. “Poetika”ning bizgacha yetib kelgan ayrim qismlari
ham shunchalik e’tibor qozongani va u ming yillardan beri adabiyotshunoslik,
san’atshunoslik va boshqa sohalar uchun mo‘tabar tayanch manba sifatida
qadrlanayotgani daholarning mulohazalari barcha zamonlarga birday daxldor
ekani, ular hech qachon ahamiyatini yo‘qotmasligidan dalolat beradi. “Poetika”
to‘g‘risida Forobiy, Ibn Sino singari qadimgi zamon mutafakkirlari emas, XX –
XXI asr faylasuflari, adabiyotshunoslari ham maroq bilan mulohaza yuritishadi.
Arastuning ilmiy merosiga bag‘ishlangan tadqiqotlar orasida A.F.Losev,
F.A.Petrovskiy, A.S.Axmanov singari rus olimlarining asarlari alohida ajralib
turadi. “Poetika”ni o‘zbekchaga o‘girgan M.Mahmudov ushbu nashrga ularning
ayrim maqolalarini ham keltiradi. Bu esa Arastuning asarini yaxshiroq tushunib,
uning ilmiy-estetik tafakkur tarixidagi ahamiyatini anglashda o‘quvchiga yaqindan
ko‘maklashadi (qarang: Arastu. Poetika. Axloqi kabir. –T.: Yangi asr avlodi, 2004.
–61 – 148-betlar). Arastu zamonida, undan avvalgi va keyingi davrda G‘arbda
badiiy adabiyot “poeziya” deyilgan. Hozirgi tushunchadagi badiiy adabiyotni
“poeziya” deb atash Pushkin yashagan paytda va undan keyingi zamonda ham
saqlangan. Shuning uchun V.G.Belinskiy (1811–1848) adabiyot va uning ijtimoiy
hayotdagi o‘rni, rus va jahon adabiyotiga bag‘ishlangan salmoqli tadqiqotini
“Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” (1841) deb nomlagan. Oybek ulug‘ rus
tanqidchisining ushbu asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. “Poetika”ga qavs ichida
“poeziya san’ati haqida” deb izoh beriladi va bu asarga bag‘ishlangan
tadqiqotlarda Arastu badiiy adabiyotni “poeziya” deb atagani ta’kidlanadi. Yunon
mutafakkirining ushbu asari hajman kichkina bo‘lib, u “Asar mazmuni”, “Poeziya
– o‘xshatish san’ati”, “Tasvirlashning turli vositalari”, “Tasvirlash predmetining
xilma-xilligi”, “Aks ettirishning turli usullari”, “Poeziyaning tabiiy paydo
bo‘lishi”, “Poeziyaning taraqqiyoti va bo‘linishi”, “Tragediyaning kamoloti”,
“Komediyaning mohiyati va takomillashuvi”, “Tragediyaning eposdan farqi”,
“Tragediya. Uning mohiyati”, “Tragediya. Uning elementlari”, “Rivoyat va uning
muhimligi”, “Tragediyaning yaxlitligi”, “Tragediya hajmi”, “Voqea birligi”,
“Voqeadagi xususiylik va mushtaraklik”, “Murakkab va sodda rivoyatlar”,
“Tragediyaning ichki bo‘linishi: keskin, to‘satdan bilish, ehtiros”, “Tragediyaning
tashqi
bo‘linishi”,
“Hamdardlik
va
dahshat
uyg‘otish”,
“Xarakterlar”
“Xarakterlarning izchilligi haqida”, “Xarakterlarning hayotiyligi haqida”, “Jonli
tasavvur”, “Tugun va yechim”, “Tragediyaning turlari”, “Yana tugun va yechim
haqida”, “Bir va ko‘p rivoyatli tragediyalar”, “Voqeada xorning roli”, “Til va fikr”,
“Nutq bo‘laklari”, “Otlarning turlari”, “So‘z tanlash”, “Epos. Uning rivoyat
jihatidan tragediyaga o‘xshashligi”, “Turlar va tarkibiy qismlardagi o‘xshashlik”,
“Poeziyadagi haqiqiy voqelik tasvirini tanqid qilganlarga javob”, “Tragediyaning
eposdan ustunligi”, “Xulosa” deb nomlangan kichik qismlarga ajratilgan. Poeziya,
ya’ni badiiy adabiyotning asosida hayot turadi, shoir undagi hodisalarning
o‘xshashini ijod qiladi yoki ularni qaytadan gavdalantiradi, degan g‘oya ilgari
surilgan mazkur tadqiqot: “Biz, umuman, poetik san’at to‘g‘risida, shuningdek,
uning alohida ko‘rinishlari va ulardan har birining imkoniyatlari, poetik asarning
yaxshi chiqishi uchun rivoyat (mifos) qanday tuzilmog‘i lozimligi to‘g‘risida
so‘zlaymiz. Bundan tashqari, asarning nechta va qanday qismlardan iborat bo‘lishi,
shu bilan birga, bu tadqiqotga tegishli bo‘lgan hamma boshqa masalalarga to‘xtalib
o‘tamiz”, deb boshlanadi. Arastuning ushbu asari bilan tanishib chiqqan kishi esa
bizgacha “Poetika”ning bir qismigina saqlanib qolgani, donishmandning “bu
tadqiqotga tegishli bo‘lgan hamma boshqa masalalar” xususidagi mulohazalari
bizgacha yetib kelmaganini darhol payqaydi. Arastu “Poeziya – o‘xshatish san’ati”
deb ta’kidlaydi va uning paydo bo‘lishi xususida fikr bildirib, poetik san’at ikkita
sababga ko‘ra: gavdalantirish hamda o‘xshatish xususiyati asosida yuzaga kelishini
qayd etadi. Donishmandning: “O‘xshatish insonga bolalikdan xos xususiyat. Inson
boshqa mavjudotlardan o‘xshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan farqlanadi, hatto,
dastlabki bilimlarini u o‘xshatishdan oladi va bu jarayon samaralari barchaga huzur
bag‘ishlaydi... Biz haqiqatda yoqimsiz ko‘ringan narsalarga, masalan, jirkanch
jonivor va murdalar tasviriga zavq bilan boqamiz. Buning sababi shundaki, bilim
olish faqat faylasuflargagina emas, balki boshqa kishilarga ham juda yoqadi. Farq
shundaki, oddiy odamlar bilish uchun tomosha qilmaydilar. Ular tasvirga zavqlanib
qaraydilar. Chunki unga boqib, “mana bu narsa bunday ekan” deb mulohaza
yuritishni o‘rganadilar. Agar o‘xshashi tasvirlangan narsani avval ko‘rmagan
bo‘lsa, o‘xshatishdan emas, balki bichim, bo‘yoq yoki shunga o‘xshash boshqa
narsadan zavq tuyadilar” degan mulohazalari mantiqan asosli ekanligi bois ming
yillar o‘tsa-da, eskirmasdan keladi (qarang: Arastu. Poetika Axloqi kabir. –T.:
Yangi asr avlodi, 2004. – 11 – 12-betlar). Yunon mutafakkirining fikrlari ana
shunday keng qamrovli, salmoqdor va eskirmas bo‘lgani uchun Forobiy uni
“hakim Arastu”, “Arastu hakim” deb e’zozlaydi. Arastuning she’r navlari,
shoirlarning bir-biridan farqi, o‘xshatish, tragediya, komediya, dramaning paydo
bo‘lishi va ularning o‘ziga xos xususiyatlari haqidagi mulohazalarini sharhlaydi.
Jumladan, tragediyani: “U she’rning ma’lum bir navi bo‘lib, uning o‘qilayotganini
eshitgan yoki o‘zi ovozini chiqarib o‘qigan kishi huzur qiladi. Tragediyalarda
birovlarga misol (o‘rnak) bo‘la oladigan yaxshiliklar va maqtaniladigan fe’l-
atvorlar zikr qilinadi; bu vaznda shaharni boshqaruvchi hukmdorlar madh etiladi”
deb izohlaydi. Forobiyning “Poetika”ni sharhlab yozgan: “Ayrim shoirlar tug‘ma
qobiliyatli va she’r bitishga tayyor tabiatli kishilar bo‘ladi va ular tashbeh va
tamsilga layoqatli bo‘ladilar... Bir xil shoirlar she’r san’atidan yetarlicha xabardor
bo‘lishavermaydi, balki ular tug‘ma qobiliyatlarining yaxshiligi bilangina qanoat
hosil qiladilar. Ular o‘zlarining iste’dod darajalariga ko‘ra ish tutadilar. Bunday
shoirlar chinakam musaljis – mulohazakor shoirlardan sanalmaydilar. Chunki
ularda she’r san’atini o‘zlashtirib olish uchun kamolot yetishmaydi va bu san’atda
turg‘unlik bo‘lmaydi. Kimki unday odamning she’rini ko‘rib, u qobiliyatli odam
ekan, deb o‘ylagan bo‘lsa, bu shuning uchunki, uning fe’l-atvorida shoirlarga xos
bo‘lgan turq – ko‘rinish mavjudligidangina shunday mulohazaga kelingan. Yo
bo‘lmasa, bu xil odamlar chinakamiga shoirlar san’atini egallagan bo‘lishadi, hatto
she’r ijodiga xos bo‘lgan xususiyatlardan birortasi ham, u qaysi she’r turiga
aloqador bo‘lmasin, baribir, bu qonun-qoidalar undan qochib qutulolmaydi. Ular
she’riyat san’atida qo‘llanadigan tashbeh va tamsillarni juda ham mahorat bilan
ishlatadilar. Bu xil shoirlar chindan ham “qobiliyatli shoirlar” deyishga
sazovordirlar. Ana shu ikki tabaqa shoirlar (tug‘ma qobiliyatli shoir hamda she’r
yozish qonun-qoidalarini o‘rganib, o‘zlashtirishda uquvli shoir – A.U.) ga va
ularning fe’llariga taqlid qiluvchilar bo‘ladi. Bular o‘sha ikki tabaqa shoirlar yo‘li
– ijodini yodlaydilar. Ular o‘zlarida tug‘ma shoirlik tabiati bo‘lmagani holda,
she’riy san’at qonun-qoidalaridan xabardor bo‘lib turib, tashbeh – o‘xshatish va
tamsil – metaforalarning ketidan yuradilar. Yo‘ldan adashadigan va toyadigan
shoirlarning ko‘pchiligi xuddi mana shu tabaqa shoirlar ichidan chiqadi” degan
mulohazalari, nafaqat, o‘tgan zamonlarga, balki hozirgi va kelgusi davrlarga ham
to‘la tegishlidir. Arastuning adabiyotning paydo bo‘lishi va uning ahamiyati,
adabiy turlar va janrlar haqidagi fikrlarining mohiyati qancha asrlar o‘tsa-da, jiddiy
tarzda o‘zgarmagan. Shu bois Mixail Baxtin: “Janrlarning nazariyasi bizning
zamonimizgacha ham Aristotel qoldirib ketgan nazariyaga hech qanday muhim
yangilik qo‘sholgan emas. Uning “Poetika”si janrlar nazariyasining mustahkam
poydevori bo‘lib qolaveradi. Faqat bu poydevor gohida shu qadar chuqurlikka
o‘rnashadiki, uni ko‘rishning o‘zi amrimahol bo‘lib qoladi”, deydi (Baxtin M.M.
Литературно-критический статьи. – M.: Xудож. лит., 1986. – 396-bet). Bu rus
adabiyotshunosi “Epos va roman” tadqiqotida roman janrining o‘ziga xos jihatlari
to‘g‘risida
mulohaza
yuritish
asnosida
adabiyotshunoslikning
nazariy
muammolariga e’tibor qaratib: “O‘tmishning yirik va tugal poetikalari – Aristotel,
Goratsiy va Bualo poetikalari adabiyotning yaxlitligini va bu yaxlitlik ichida
barcha janrlarning mukammal uyg‘unlik hosil qilishini chuqur his etish ruhi bilan
sug‘orilgan. Ular mazkur janrlar uyg‘unligini go‘yo ayon eshitib turadilar. Bu
poetikalarning kuchi, betakror yaxlitlik sifatidagi mukammalligi va tugalligi
shunda” deb ta’kidlaydi. “Poetika”da tragediya, komediya, drama to‘g‘risida
yozilgan ta’riflar shu paytgacha o‘zgarmagan. Chunki Arastu ushbu janrdagi
asarlarning mohiyatini aniq ifodalagan. Masalan: “Tragediya muayyan hajmli, turli
qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-
harakat orqali ko‘rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi va tugal
voqea tasviridir” degan hamda ushbu ta’rifdagi “sayqallangan til” hamda “turli
qismlari turlicha sayqallangan” degan o‘rinlarini: “Sayqallangan til” deganda men
ritm, garmoniya va musiqiylikka ega bo‘lgan tilni nazarda tutaman. “Turli qismlari
turlicha sayqallangan” deganda esa ba’zi qismlari faqat vazn bilan, boshqa qismlari
ham vazn, ham musiqiylik bilan bezalgan nutq anglashiladi” deb izohlagan.
Mazkur risolada “Tragediya xatti-harakat tasviri bo‘lib, undagi xatti-harakatlar
muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega qahramonlar tomonidan amalga
oshiriladi” deyilgan hamda tragediya oltita unsur: harakat va manzara, musiqa,
nutq, xarakter, fikr va g‘oya hamda tomoshadan tarkib topishi ta’kidlangan.
Arastuning xarakter, g‘oya, go‘zallik nima ekanligi to‘g‘risidagi tushuntirishlari
hozirgi paytda ham ayni hodisalarga berilgan eng asosli, mazmundor ta’rif
sanaladi. “Poetika”da: “Inson maylining nimadadir namoyon bo‘lishi, kimning
nimanidir afzal deb hisoblagani yo nimanidir yoqtirmagani xarakterdir;
gapiruvchining nimani ma’qullagani yoki yoqtirmagani aniq ifodalanmagan nutqda
xarakter gavdalanmaydi. G‘oya esa nimaningdir borligi yoki yo‘qligi yoxud
umuman nimaningdir ifodalanishidir” deyiladi. Qadimgi yunon mutafakkiri ayni
mulohazalarini ham, boshqa fikrlarini ham izchillik bilan rivojlantirib, ularning
mohiyatini keng yoritadi. Masalan, tragediyada xarakterlardan to‘rt maqsad
(xarakter yaxshi, o‘ziga xos, hayotiy (haqqoniy) hamda izchil bo‘lishi kerak)
ko‘zda tutilishi qayd qilinib, “shaxs agar o‘zining gaplari va ishlarida qandaydir
maqsadga amal qilsa, u xarakterga ega bo‘ladi”, deyiladi. Bundan esa hamma
emas, balki o‘z maqsadiga erishish uchun intiladigan, yo‘lidagi to‘siqlar oldida
to‘xtab qolmaydigan, faol, harakatchan, kurashchan odamgina xarakter sohibi
ekanligi
anglashiladi.
Sofokl,
Shekspir
tragediyalaridagi,
Fitratning
“Abulfayzxon”, Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asarlaridagi asosiy
qahramonlar o‘z maqsadi yo‘lida dadil kurashadigan, boshqalardan har jihatdan
alohida ajralib turadigan, o‘ziga xos xarakterga ega kishilar sifatida tasavvur hosil
qiladi. Arastu tragediyaga xos xususiyatlar, uning uchun zarur unsurlarni
tushuntirar ekan, uning hajmi haqida so‘z yuritib: “muayyan bo‘laklardan tarkib
topgan, tartibli va ayni chog‘da har qanday hajmga ega emas, balki muayyan
hajmga ega bo‘lgan mavjudot, har qanday narsa go‘zaldir. Go‘zallik hajm va
tartibdan kelib chiqadi”, deydi. U haddan tashqari kichkina narsa ham, haddan
tashqari katta narsa ham go‘zal sanalmasligiga e’tibor qaratadi. Rostdan ham hech
kim bit, kana singari hasharotlar, turli mikroblar yoki fil, jirafa, begemot, kit, tuya,
timsohga go‘zallik manbayi sifatida qaramaydi. Ularni ko‘rganda kishi ohu, kaklik,
kanareyka yoki gullagan o‘rik, gullagan bodom daraxtini ko‘rgan chog‘idagi kabi
zavq olmaydi. Arastuning uqtirishicha, kishilarga zavq beradigan narsalarda
qismlar o‘zaro mutanosib hamda muayyan hajmda bo‘ladi. Jirafaning bo‘yni,
oyoqlari haddan tashqari uzun, boshi esa gavdasiga nisbatan juda kichkina ekanligi
yaqqol bilinadi. Filning uzun xartumi, kalta dumi, tuyaning belidagi do‘ppaygan
o‘rkachi, uzun bukri bo‘yni, begemotning jag‘i naq to‘qson gradus burchak hosil
qilib ochilishi, eshakning qulog‘i uzun va katta ekanligi g‘alati ko‘rinadi. Arastu
narsa-hodisalardagi barcha a’zo, unsurlar birbiriga mos, mutanosib bo‘lganida ular
chiroyli ko‘rinib, e’tiborni tortishini ta’kidlaydi hamda: “Jonli va jonsiz go‘zal
narsalar bir qarashda sezib olinadigan hajmga ega bo‘lishi lozim”, deydi.
“Poetika”dagi “Hajm asarning mohiyatidan kelib chiqadi. Har doim yaxshiroq
tushuniladigan narsa hajman ham go‘zalroq bo‘ladi” kabi hikmatomuz
mulohazalar Arastu ulug‘ faylasuf ekanidan dalolat beradi. “Poetika”da boshqa
janrlarga qaraganda tragediya xususida ko‘proq mulohaza yuritilgan. Buning
sababi shundaki, qadimda Yunonistonda tragediya janridagi asarlar adabiyot va
san’atning darajasini ko‘rsatadigan, ijodkorlarning mahoratini o‘lchaydigan asosiy
mezon sanalgan. Ular asosida ko‘rsatiladigan tomoshalar eng yuksak madaniy-
ma’rifiy tadbir sifatida qadrlangan. Sharqda esa g‘azal, doston adabiyot uchun
yuksak mezon bo‘lib kelgan. Firdavsiyning “Shohnoma”si, Nizomiy Ganjaviy,
Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiyning “Xamsa”lariga so‘z
san’atining yuksak cho‘qqisi deb qaralgan. Arastu tragediya va boshqa janrlar
to‘g‘risida fikr bildirganda yunon adabiyotining eng ajoyib asarlariga asoslangan.
U Homerni “eng ulug‘ shoir” deb sharaflab: “Homer poeziyaning murakkab turida
ham shu qadar buyuk ediki, u mukammal she’r ijod qilibgina qolmay, balki
dramatik tasvirlarni ham yarata oldi” degan. Arastu tragediya janridagi asarlarga
xos xususiyatlarni tahlil etishda Sofokl, Esxil, Evripid ijodiga tayangan. Ulug‘
donishmand: “Aktyorlar ishtiroki masalasiga kelganda, Esxil bitta aktyor o‘rniga
ikkita kiritdi, xor qismini ozaytirdi va dialogni birinchi o‘ringa qo‘ydi. Sofokl esa
aktyorlarni uchtaga yetkazdi va dekoratsiyalar kiritdi” (O‘sha manba.13-bet);
“Sofoklning aytishicha, u odamlarni qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday
tasvirlagan, Evripid esa qanday bo‘lsa, o‘shanday tasvirlagan” (O‘sha manba. 53-
bet) deya bu ulug‘ shoirlarning novatorligi – adabiyot va san’atga olib kirgan
yangiligini aniq ko‘rsatgan. Yunon allomasining badiiy asar ahamiyati, uning
ta’sirchanligi xususiyati, shoirlarning qobiliyati, iste’dodi darajasi to‘g‘risidagi
fikrlari keng qamrovliligi, hozirgi zamonda ham muhim ahamiyatga ega ekanligi
bilan diqqatni jalb etadi. Masalan, uning: “Asar shunday yozilishi kerakki, u
sahnada ko‘rilmaganida ham, bo‘lib o‘tgan voqeani tinglovchi har bir kishi, xuddi
Edip haqidagi rivoyatni tinglaganday, hodisalarning keskinlashib borishidan g‘am
chekuvchiga nisbatan o‘zida hamdardlik sezsin va vujudi jimirlab seskansin”,
(O‘sha manba. 28-bet.) degan fikrlari hozirgi davrda ham kino, teatr, tasviriy
san’at, haykaltaroshlik singari zamonaviy san’atning barcha turlari uchun eng
maqbul mezon bo‘la oladi. “Poetika”da adabiyot bilan bog‘liq juda ko‘p masalalar,
xususan, hozirgi zamonda ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelayotgan
“janr”ning mohiyati yoritiladi. Arastuning: “San’atkorlar muayyan shaxslarni
tasvirlaydilar. Ular esa yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin (Negaki shaxslarning
qandayligi shu bilan belgilanadi. Zero, hamma odamlar xarakterlaridagi illati yoki
fazilati jihatidan farqlanadilar). Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq yoki
hatto, bizdek bo‘ladilar” (O‘sha manba. 9-bet) degan fikri asarning janrini
belgilashda undagi qahramonlar obrazi tasviri muhim tayanch – asos bo‘lishini
bildiradi. V.F.Gegel, V.G.Belinskiy singari mutafakkirlar asarlarida ham Aristotel
qarashlari davom ettirilgan. Alisher Navoiy, Bobur kabi Sharq shoirlarining aruz
nazariyasi haqidagi asarlari ham mavjud qarashlarni rivojlantirish asosida vujudga
kelgan. Adabiyotshunoslikning o‘ziga xos xususiyati adabiyot davr hayotini, inson
dunyosini tushunishning eng ishonchli vositasi ekanligini, so‘z san’ati xalq
dunyoqarashi, ruhiyatini aks ettiruvchi oyna bo‘lib qolishini ilmiy sharhlashidadir.
Adabiyotning kishilik jamiyati ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishi barcha
davrlar mutafakkirlari tadqiqotlarida alohida ta’kidlangan. Ayniqsa, Aristotel,
Forobiy,
Ibn
Sino,
Navoiy,
Bualo,
Lessing,
Gyote,
Gegel
singari
donishmandlarning
adabiyot
va
uning
ahamiyati
haqidagi
mulohazalari
adabiyotshunoslikning fan sifatida ravnaq topishiga samarali ta’sir ko‘rsatgan.
Sharqda qadimda she’rshunoslik badiiy asar (doston, g‘azal, ruboiy, tuyuq va
hokazo) darajasida qadrlangan. Aytish mumkinki, Sharq adabiyotshunosligi asosan
she’rshunoslikdan iborat bo’lgan. She’ni tushunish, tahlil qilish, sharhlash
kishilarning intellektual darajasini belgilaydigan o‘ziga xos mezon hisoblangan.
Shuning uchun o‘z zamonining barcha peshqadam ijodkorlari she’rshunoslikka
doir maxsus asar yaratishga harakat qilishgan. Jahon tibbiyot fani tarixida yuksak
o‘rin tutgan Abu Ali ibn Sinodek mutafakkirning “Mu’tasamush-shuaro”
(“Shoirlar panohgohi”) asarini yozgani ham aynan shundan dalolat beradi. Yoki
Alisher Navoiy, Bobur singari siymolarning “Xamsa”, “Xazoyin ul maoniy”,
“Boburnoma”yu yuzlab go‘zal g‘azal, tuyuqlar yaratish bilan kifoyalanmasdan,
“Mezon ul avzon”(“Vaznlar o‘lchovi”), “Majolis un nafois”(“Go‘zallar majlisi”),
“Muxtasar”dek asar bitib, aruz she’r tizimini nuktadonlik bilan tadqiq qilgani
Sharqda
she’rshunoslik
azaldan
g‘oyat
qadrlanganini bildiradi.
Forobiy
Aristotelning “Poetika”sini sharhlab, eramizdan avval yashagan bu donishmand
o‘zining she’r satrlari haqidagi mulohazalarini to‘la bayon qilishga ulgurmagan,
deydi. U she’r san’ati haqida fikr bildirib: “Bu san’at biror maqsadni amalga
oshirayotgan paytda yo‘ldan chiqib ketmaslikka yordam beruvchi va inson xayolini
qog‘ozda namoyon etuvchi san’atdir. She’rning olti xili bor. Shundan uchtasi
yaxshi va uchtasi yomon xildir. Yaxshilaridan biri shuki, inson uning yordamida
aqliy quvvatini mukammallashtiradi, san’atga olib boruvchi fikri oydinlashadi,
yaxshi ishlarga, fazilatli bo‘lishga ilhomlanadi, xasislik, yomon va qabih ishlardan
saqlanadi. Ikkinchi yaxshi xili kishining ruhiy sezgilarini yuksaltiradi, haddan
tashqari ehtiyotkorlikdan xoli qiladi, izzat-nafsni saqlaydi, g‘azablanishdan, yomon
ishlardan ehtiyot bo‘lishga yordam beradi. Uchinchisi, ana shu yuqorida qayd
etilgan yaxshi xislatlarni namoyon etishga yordam beradi” deydi. Forobiy “aqliy
quvvatni mukammallashtiruvchi”, “fikrni oydinlashtiruvchi” ta’sirchan omillardan
biri deb e’tirof etgan adabiyot va uni o‘rganadigan fan, tabiiyki, xalq tarixi va
jamiyat hayotida alohida o‘rin tutadi. Shu boisdan adabiyotshunoslik xususida
ma’lum bir tushunchaga ega bo‘lish hayot hodisalari va inson dunyosi to’g’risidagi
tasavvurlarni oydinlashtirish demakdir.
Ingliz adabiyotshunosi Terri Igltonning qayd etishicha, “Zamon o‘zgaradi,
qadriyatlar o‘zgarmaydi” degan fikr har doim ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi.
Chunki ayrim asarlarga muayyan davrda adabiy asar, ma’lum bir zamonda esa
falsafiy asar sifatida qaraladi. Yoki bir davrda falsafiy asar sifatida qadrlangan asar
keyinchalik oddiy adabiy asarga aylanib qoladi. Umuman, narsalarning qadri
bo‘lgani singari adabiyot asarlarining ham qadri davr o‘tishi bilan o‘zgaradi. Hatto
Shekspir va boshqa daho ijodkorlarning asarlari ham bundan mustasno emas.
Chunki odamlar o‘ziga naf yetkazadigan narsalarni qadrlaydi. Foydasi
tegmaydigan narsalarga esa e’tiborsiz qaraydi. Keskin o‘zgarishlar kechayotgan
zamonamizda ajdodlarimiz ardoqlab kelgan ko‘pgina asarlar e’tibordan qolib
ketayotgani, kishilarni qiziqtirmay qolgani, keraksiz narsa bo‘lib tuyulayotganiga
ajablanmasa ham bo‘ladi, (o‘sha manba. 31-bet). Sharq adabiyotshunosligida ilmi
aruz, ilmi bade’, ilmi qofiya alohida o‘rin tutadi. Ilmi aruz – aruz she’r tizimining
o‘ziga xos qonuniyatlarini, ilmi bade’ – nutqqa bezak beruvchi san’atlar, ularning
o‘ziga xos jihatlari, fikrni chiroyli, ta’sirchan ifodalashdagi o‘rni, ilmi qofiya –
qofiya va uning turlari, tuzilishi, badiiy san’atlar va vazn bilan munosabati,
she’rning ohangdorligini ta’minlashga ta’siri kabilarni o‘rganadi. Tazkira Sharq
adabiyotshunosligining muhim manbasi bo‘lib, u taqriz, adabiy portret, adabiy-
tanqidiy maqola, obzor maqola singari o‘ziga xos adabiy-tanqidiy janrdir.
Navoiyning
“Majolis
unnafois”,
“Nasoyim
ul
muhabbat”,
Davlatshoh
Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarlarida ko‘pgina shoirlar ijodiga
umumiy tarzda baho beriladi. Terri Igltonning ta’kidlashicha, qadimgi yunonlar
ham hozir bizni hayratga solayotgan tragediyalarining buyuk asar ekanligini
bilishmagan. Bunga qo‘shimcha sifatida Mixail Baxtinning “Antik davrning o‘zi
hozir biz biladigan antikdavrni bilgan emas. Shunday bir maktab hazili bor edi:
qadimgi yunonlar o‘zlari haqidagi eng asosiy narsani bilmagan edilar; ya’ni ular
qadimgi yunon ekanliklarini bilmagan va o‘zlarini hech qachon qadimgi yunon deb
atamagan edilar. Zero, amalda ham yunonlarni qadimgi yunonlarga aylantirgan
vaqt masofasi ulkan o‘zgartiruvchilik ahamiyatiga ega bo‘ladi: u antik davr
madaniyatida shunday yangi va yangi ma’naviy qadriyatlar kashf etdiki, yunonlar,
shu madaniyatni o‘zlari yaratgan bo‘lsalar-da, ular haqida bilmagan edilar;
aytishimiz mumkinki, Shekspirning o‘zi ham, uning zamondoshlari ham hozir biz
bilgan “buyuk Shekspir”ni bilmagan edilar” (Бахтин M.M. Литературно-
критический статье. – M.: Худож. лит., 1986.– 504 – 506-betlar.) degan
mulohazalarini keltirish mumkin. Ingliz adabiyotshunosining fikrlaridan shu
anglashiladiki, g‘oyat shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonamizda Shekspir
singari daholarning asarlaridan ko‘ra maishiy hayot mavzusida jo‘n asarlar yozib,
to‘xtovsiz chop ettiradigan grafomanlarning bitiklari ko‘proq qadrlanadi. (Iglton T.
Teoрия литературы. 31-bet.) Adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, adabiy tanqid
g‘azal, tuyuq, ruboiy, hikoya, roman, doston, chiston, tragediya kabi adabiy
janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida tasavvur bersa, adabiyotshunoslik
tarixi ularning har bir davrda tutgan o‘rnini bilib olish imkonini hosil qiladi.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Adabiyot nazariyasi. Ikki jildlik. – Toshkent: “Fan”, 1978, 1979.
2. Arastu. Poetika. Axloqi kabir.– Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2016.
3. Baxtin M.M. Проблемы поэтики Достоевского. – Москва: Сов.Россия, 1979.
4. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – Toshkent:, “O‘zbekiston”, 2000.
5. Boltaboyev H., Mahmudov M. Adabiy-estetik tafakkur tarixi. 1-jild: qadimgi
davr. Toshkent: “Mumtoz so‘z”, 2013.
6. Jahon adiblari adabiyot haqida – Toshkent: “Ma’naviyat”, 2010.
7. Is’hoqov Y. So‘z san’ati so‘zligi. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2014.
8. Karimov B. Adabiyotshunoslik metodologiyasi. – Toshkent: “Muharrir”, 2011.
9. Nazarov B., Rasulov A., Ahmedova Sh., Qahramonov Q. O‘zbek adabiy tanqidi
tarixi. – Toshkent: “Tafakkur qanoti”, 2012.
10. Sulton I. Adabiyot nazariyasi. – Toshkent: “O‘qituvchi” 2005.
11. Tерри Иглтон. Теория литературы. – Москва: “Территория будущего”.
2010.
12. Ulug‘ov A. Adabiyotshunoslikka kirish. – Toshkent: “Universitet”, 2005.
13. Xalizev V. Теория литературы. – Москва: “Высшая школа”, 2006.
14. Shelli Bishi Persi. G‘arb shamoli. – Toshkent: “O‘zbekiston”, 2014.
15. Quronov D., Rahmonov B. G‘arb adabiy-tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari. –
Toshkent: “Fan”, 2008.
16. Quronov D., Mamajonov Z., Sheraliyeva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. –
Toshkent: “Akademnashr”, 2013.