AGROMETEOROLOGIYANING PREDMETI, OB’EKTI MAQSAD VAZIFALARI
Yuklangan vaqt
2024-12-18
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
22
Faytl hajmi
35,6 KB
AGROMETEOROLOGIYANING PREDMETI, OB’EKTI MAQSAD
VAZIFALARI
Reja:
1. Agrometeorologiya predmeti
2. Agrometeorologiyaning tadqiqot usullari
3. Agrometeorologiyaning asosiy vazifalari
4. O‘zbekistonda agrometeorologiya fani rivojlanishining qisqacha tarixi
5. O‘rta Osiyoda hozirgi zamon agrometerologiya fanini va uning rivojlanishida
O‘zbekiston olimlarining hissasi
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi tar-moqlari istalgan hududning
tabiiy, shu jumladan, iqlim sharoiti bilan bevosita uzviy bog‘langan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy qismi tabiiy sharoitlarda etishtiriladi.
O‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi ularga tushuvchi quyosh
radiatsiyasi
issiqligiga,
quyosh
radiatsiyasi
vujudga
keltiradigan
tabiiy
yoritilganlikka, havo va tuproq harorati va namligiga, ob-havo sharoitining
o‘zgarishlariga va hudud iqlimining xususiyatlariga kuchli darajada bog‘liq.
Bu fikrimizni tushunish uchun ushbu misolni keltiramiz.
O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqa-rishida paxtachilik
etakchi tarmoq bo‘lib hisoblanadi. Paxta tolasi olinadigan g‘o‘za o‘simligi quyosh
nuri hamda havo harorati uzoq muddat davomida o‘sish va rivojlanishga etarli
bo‘lgan hududlardagina etishtiriladi. Xuddi shunday talablarga O‘zbekiston
Respublikasining iqlim sharoiti mos bo‘lgani uchun ham bizning mamlakatimizda
paxtachilik taraqqiy etgan.
G‘o‘zaning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun (chigitning unib chiqishini ham
e’tiborga olganda) eng qulay havo harorati 25-30°C hisoblanadi. Havo harorati 25°C
dan pasayib ketsa g‘o‘zaning rivojlanishi sustlashadi, havo harorati 12°C dan
pasayganida esa o‘sish g‘oyat sekinlashib ketadi, nihoyat, havo haro-rati 0°C dan
pasayganida esa o‘simlikni sovuq uradi.
G‘o‘zani parvarish qilishda, garchi ilg‘or texnologiyalar qo‘llanilgan bo‘lsa-da,
yoz faslida havo harorati pastroq bo‘lgan yillarda ko‘saklarning ochilishi va pishishi
keyinga surilib ketadi va yoppasiga paxta terimiga kirishish muddati kechikib
boshlanadi, dalalardagi paxtani to‘la yig‘ib-terib olish ishi kuzgi sovuqlar va
yog‘inlar boshlanishigacha davom etadi, natijada terib olinadigan paxtaning sifati
pasayadi va hosilning qisman nobudgarchiligiga yo‘l qo‘yiladi.
Don ekinlaridan olinadigan hosil miqdori ham ob-havo sharoitlariga bevosita
bog‘liqligini ko‘pchilik biladi.
Agar lalmikor erlardagi bug‘doy (yoki arpa) donlari pishib etilayotgan davrda
uzoq vaqt havo jazirama issiq va nisbiy namligi 30% dan kam bo‘lib tursa, pishgan
donlarning ancha qismi puch bo‘lib qoladi.
Don ekinlarining hosili pishishi davrida tez-tez kuchli shamollarning esishi va
yomg‘irlarning yog‘ishi, havoning past haro-rati pirovard natijada hosil miqdorini
kamaytirib yuboradi.
Dalalarda erlarni ekin ekishga tayyorlash, ekinlarni ekish (yoki sepish), turli xil
agrotadbirlarni o‘tkazish, hosilni yig‘ib-terib olish muddatlarini tanlash, joyning ob-
havo sharoitini hisobga olib bajariladi.
SHunday qilib, qishloq xo‘jaligi xodimlari turli xil ekinlarni parvarish qilishda,
ulardan yuqori hosil olish uchun deh-qonchilikning umumiy qonuniyatlari va uning
ayrim sohalariga doir bilimlardan tashqari, quyosh radiatsiyasi va uning oqim turlari,
tabiiy yoritilganlik, fotosintetik faol radiatsiya (FFR), havo va tuproq haroratining
o‘zgarishi, havo va tuproq namligi, turli xil yog‘inlar, shamollar, havo massalarining
harakati, siklonlar va antitsiklonlar paytidagi ob-havo, qish-loq xo‘jaligi uchun
xavfli bo‘lgan meteorologik hodisalar, umuman olganda ob-havo o‘zgarishlarining
o‘simlikka ta’siri haqi-dagi bilimlarga ega bo‘lishlari hamda ob-havoni
belgilaydigan element(unsur)larning har birini u yoki bu meteorologik asbob
yordamida o‘lchay olishlari va o‘lchash natijalarini baholash malakasiga ega
bo‘lishlari kerak.
Qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtlarida bu kabi ma’lumotlarni talabalar
agrometeorologiya fanini o‘rganish jarayonida o‘zlashtiradilar.
1. Agrometeorologiya predmeti
Qishloq xo‘jaligi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan meteorologik, iqlim,
gidrologik va tuproq sharoitlarining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish ob’ektlari
va jarayonlari bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan fan qishloq xo‘jaligi
meteorologiyasi deb ataladi.
Hozirgi
zamon
qishloq
xo‘jaligi
meteorologiyasi
agrometeorologiya,
agroiqlimshunoslik, agrogidrologiya va zoometeorologiya kabi sohalar bilan uzviy
bog‘liq. Agrometeorologiyani qishloq xo‘jaligi meteorologiyasining asosiy,
yetakchi bo‘limi deb aytish mumkin.
Agrometeorologiya qishloq xo‘jaligi meteorologiyasining meteorologik
sharoitlarini, qishloq xo‘jalik o‘simliklarining o‘sish, rivojlanish va hosilining
shakllanish jarayonlari va agrotexnik tadbirlar bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganadigan
sohasidir.
Agrometeorologiya bo‘yicha ayrim darsliklarda agrometeorologiya predmetiga
quyidagicha ta’rif berilgan: “Agrometeorologiya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi
uchun ahamiyatga ega bo‘lgan meteorologik, iqlim, gidrologik va tuproq
sharoitlarini qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ob’ektlari va jarayonlari bilan o‘zaro
ta’sirini o‘rganadigan fandir”. Agrometeorologiyaga berilgan bu ta’rifning mazmuni
qishloq xo‘jaligi meteorologiyasiga berilgan ta’rif bilan deyarli mos tushadi.
Bu yerda qayd etilgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ob’ektlari tushunchasiga
qishloq xo‘jalik ekinlari va hayvonlari kiradi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi
jarayonlariga esa dehqonchilikda yerni ekin ekishga tayyorlash, ekinlarni ekish (yoki
sepish, ko‘chat o‘tkazish) dan toki hosilini yig‘ib-terib olishgacha qo‘llaniladigan
agrotadbirlarni, chorvachilikda esa yem-xa-shak yetishtirish, hayvonlarni tabiiy
sharoitda oziqlantirish, saqlash va asrash texnologiyalarini tushuniladi.
Agrometeorologiyaning o‘rganish ob’ektlariga ob-havo, iqlim, tuproqning suv va
issiqlik rejimi, fizik va fizik-mexanik xossalari, qishloq xo‘jaligi ekinlari, yaylov
o‘simliklari va qishloq xo‘jalik hayvonlari hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chi-qarishi
jarayonlari kiradi. Agrometeorologiyada barcha ob’ekt-lar organizmning atrof-
muhit bilan o‘zaro ta’siri nuqtai nazaridan o‘rganiladi.
Shunday qilib, agrometeorologiya, bir tomondan, meteorologik kattaliklarning
o‘zgarishini o‘rgansa, ikkinchi tomondan, meteorologik kattaliklar ta’sirida madaniy
va cho‘l-yaylov o‘simliklarining o‘sishi va rivojlanishini bir vaqtda (paralel) kuzatib
boradi va bu kuzatishlar asosida ob-havo va iqlim sharoitlarining o‘simlikka ta’sirini
aniqlaydi.
Bu fan XIX asrning oxiridan boshlab meteorologiya fanining qishloq xo‘jaligi
ishlab chiqarishiga qo‘llanishini o‘rgana-digan bo‘limi sifatida rivojlana boshlagan.
Meteorologiya – Yer atmosferasi, uning tuzilishi va xossalari, atmosferada
ro‘y beradigan turli hodisalarni o‘rganadigan fandir.
Meteorologiya fanining asosiy vazifasi atmosferada ro‘y beradigan hodisalarni
fizika fani nuqtai nazaridan tushuntirishdir. Meteorologiya fani havo tarkibi, zichligi,
harorati va namligi, nuriy energiya va uning aylanishlari, bulutlar, yog‘inlar,
atmosferada havo massalarining vujudga kelishi va harakati, dovullar, qora sovuq
(sovuq urish) lar, qurg‘oqchilik, atmosfera holatini tavsiflaydigan boshqa juda ko‘p
kattaliklar va hodisalarni quruqlik hamda Dunyo okeani sirti bilan o‘zaro ta’sirda
o‘rganadi. Meteorologiya so‘zining o‘zi qadimgi yunon tilida «meteor» osmon
hodisasi, «logos» o‘rganish, bilish degan ma’noni bildiradi. Shunday qilib,
meteorologiya osmon hodisalarini o‘rganadigan fandir. Meteorologiyaning asosiy
vazifasi atmosfera jarayonlarini o‘rganish bilan cheklanmasdan, balki ularga faol
ta’sir etish – ob-havoning noqulay hodisalari zararini yo‘qotish yoki kamaytirish
masalalari bilan ham shug‘ullanadi. Masalan, do‘l yog‘adigan bulutlarga ta’sir etib
yirik do‘l yog‘ishiga yo‘l qo‘ymaslik va shu bilan ekinlarni do‘l urishdan saqlab
qolish usullarini ishlab chiqadi.
Atmosfera holatining keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan biror fizik
jarayonga atmosfera hodisasi deb yuritiladi. Biror joyda aniq bir vaqtdagi yoki vaqt
oralig‘idagi meteorologik kattaliklar va hodisalar-ning majmuasi bilan
tavsiflanadigan atmosfera holati ob-havo deyiladi.
Meteorologiya ba’zan ob-havo to‘g‘risidagi fan deb ham ataydilar. Sodda qilib
aytilgan bu ta’rif fanning hozirgi kundagi mazmunini to‘g‘ri ko‘rsatadi, deb ayta
olamiz.
Havo holati va ba’zi atmosfera hodisalarining turlicha tavsiflariga meteorologik
kattaliklar deyiladi.
Meteorologik kattaliklar tushunchasi atmosfera holatini miqdor jihatdan
tavsiflash uchun kiritiladi. Havo harorati va namligi, atmosfera bosimi, shamol
tezligi va yo‘nalishi, bulut miqdori, yog‘ingarchilik, ko‘rinuvchanlik uzoqligi asosiy
me-teorologik kattaliklar hisoblanadi. Har bir kattalikning qiymati u yoki bu o‘lchov
birligida ifoda qilinadi. Masalan, atmosfera bosimi asosan gPa (gektopaskal) birlikda
ifodalansada, ko‘pincha uning mm simob ustuni tarzida qo‘llanili-shini ham
uchratamiz.
Quyosh radiatsiyasi, Yer va atmosfera nurlanishi, quyosh shafag‘i (yog‘dusi)
ning davomiyligi kabi nur energiyaning ba’zi tavsiflarini ham meteorologik
kattaliklarga qo‘shish mumkin.
Meteorologik hodisalarga - tuman, yaxmalak, qor bo‘ronlari, chang va qum
bo‘ronlari, momaqaldiroq, quyun, shudring, qirov va boshqalar kiradi. Ularni sifat
jihatdan yoki meteorologik kattaliklar yordamida ifodalash mumkin. Masalan,
«quyuq tuman tushdi» yoki «10-15 m masofani ko‘rish mumkin bo‘lgan tuman
tushdi» va h.k.
Meteorologik kattaliklar va hodisalar o‘zaro bog‘liq, ulardan birining o‘zgarishi
boshqalarining o‘zgarishini yuzaga keltiradi. Masalan, atmosferadagi jarayonlarning
rivojlanishida bulutlik o‘zgarsa, uning o‘zgarishi o‘z navbatida havo harorati,
namligi, yog‘inlar, shamollarning o‘zgarishiga olib keladi. Natijada, ob-havo ham
o‘zgaradi. Shuning uchun ham ob-havo tez o‘zgaruvchan va turlicha bo‘ladi.
Meteorologik kattaliklarning biror vaqt oralig‘i uchun qiymatlari meteorologik
sharoitlar (ob-havo sharoitlari) deb yuritiladi. Ob-havo tushunchasi bilan iqlim
tushunchasi chambarchas bog‘langan. Har birimiz «ob-havo rejimi» degan so‘zlarni
ko‘p eshitganmiz, uning mazmunini yaxshi tushunish uchun dastavval, «rejim (yoki
tartibot)» so‘zining ma’nosini qaraylik.
Odatda, jarayon va hodisalarning vaqt o‘tishi bilan qonuniy ravishda almashib
turishi rejim deb yuritiladi. Ob-havo rejimi esa atmosferada ro‘y beradigan tabiiy
hodisalarning yil davomida qonuniyatli almashinib oldinma-keyin kelishini bildiradi.
Masalan, O‘zbekistonda yozda ob-havo juda isib ketadi, qishda esa sovuq bo‘lib
turadi, so‘ngra ob-havo bahorda yana isiy boshlaydi. Bunday almashinuv har yili
takrorlanib turadi. Ob-havoning bunday tartib bilan oldinma-keyin almashinuvida har
qaysi faslda katta chetlashishlar ro‘y bermaydi. Masalan, Toshkentda qishda yanvar
oyida +35S, +40°C issiq bo‘lmagan yoki yozda iyul oyida sovuq tushib qor
yog‘magan.
Shunday qilib, atmosferada ro‘y beradigan hodisalar va jarayonlarning bir-biriga
yaqin tarzda takrorlanib turishi ob-havo rejimi deyiladi.
Biror joyning geografik joylashuv o‘rni bilan bog‘liq holdayuzaga kelgan ko‘p
yillik ob-havo rejimiga yoki ma’lum bir joyga xos bo‘lgan ko‘p yillik ob-havo
rejimiga iqlim deyiladi.
Biror hududning har yilgi ob-havosi yuqorida aytganimizdek, bir xil tarzda
takrorlanavermaydi. Ba’zi yillari yoz juda issiq bo‘lib, qish esa sovuq bo‘lishi, boshqa
bir yillari esa yoz salqinroq, qish esa iliqroq kelishi va yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lishi
mumkin. Masalan, 2000-2001 yillarda O‘zbekistonda qish iliq va kam qorli bo‘ldi.
Bu ma’lumot O‘zbekiston iqlimini yumshoq, iliq deb tasdiqlashga yetarli bo‘lmaydi.
O‘zbekistonning 1956 yilgi iqlim ma’lumotlarida o‘sha yili respublikada qishda qor
juda ko‘p yog‘ib, kuchli sovuqlar bo‘lganligi ko‘rsatilgan. Bu ma’lumot bilan
cheklanib O‘zbekistonning iqlimini qishda qattiq sovuq va serqorli deb bo‘lmaydi.
Shuning uchun ma’lum bir hududning iqlimi deganda, ko‘p yillar davomida shu
hududda kuzatilgan ob-havo rejimining o‘rtacha qiymatiga asoslanishimiz kerak.
Ma’lumki, meteorologiya fani atmosferada ro‘y beradigan hodisalarning paydo
bo‘lishi va rivojlanishini (qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar) umumiy tarzda o‘rganadi,
iqlimshunoslik fani esa bu jarayonlarning ma’lum biror hududdagi ko‘p yillik o‘rtacha
holatini o‘rganadi.
Meteorologik kattaliklar va jarayonlar o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va
hosildorligiga, hayvonlarning holati va mahsuldorligiga oz yoki ko‘p darajada ta’sir
qiladi, shuning uchun ularni agrometeorologiya fanida ham o‘rganiladi. Bunda
meteoro-logik kattaliklar va hodisalarning ta’siri, tuproqning suv va issiqlik rejimi bilan
birgalikda tahlil qilinadi. Tuproqning suv rejimini esa gidrologik kattaliklar tavsiflaydi.
Ob-havo va iqlimning qishloq xo‘jaligi ob’ektlariga ta’-sirini tavsiflash uchun
agrometeorologik va agroiqlim sharoitlar tushunchalaridan foydalaniladi.
Qishloq xo‘jalik o‘simliklari va hayvonlari holati va mahsuldorligini
aniqlaydigan meteorologik va gidrologik kattaliklar majmuasi agrometeorologik
omillar, ularning biror vaqt davomidagi qiymatlari agrometeorologik sharoitlar,
olingan joydagi agrometeorologik sharoitlarning ko‘p yillik rejimi agroiqlimiy
sharoitlar deb yuritiladi.
Shunday qilib, agrometeorologiya ob-havo va iqlimning qish-loq xo‘jaligi ishlab
chiqarishida qo‘llanishini o‘rganadi.
Shuni yana takrorlab o‘tamizki, agrometeorologiyaning fan sifatidagi xususiyati
shundaki, u bir necha fanlar: meteorologiya, agronomiya, biologiya, biofizika,
tuproqshunoslik, tuproq iqlimi, iqlimshunoslik, ekologiya, o‘simliklar fiziologiyasi,
fizika, geografiya va boshqa fanlarning o‘zaro oralig‘ida vujudga kelgan va ularning
har biri bilan uzviy bog‘lanishga ega. Biroq agrometeorologiya predmeti bu fanlar
predmetlaridan farq qiladi.
Agrometeorologiya fani, shuningdek, meteorologiyaning atmosferada ro‘y
beradigan hodisalarning fizik qonuniyatlarini o‘rganadigan va ob-havoni oldindan
aytish usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan bo‘limi – sinoptik
meteorologiya, iqlim hosil qiluvchi omillarni, turli hududlarning iqlim resurslarini
va iqlim o‘zgarishini o‘rganadigan bo‘limi iqlimshunoslik fanlari bilan ham uzviy
bog‘langan.
2. Agrometeorologiyaning tadqiqot usullari
Agrometeorologiyada ham boshqa tabiiy fanlar, jumladan, fizika fanidagi kabi
tadqiqotlarning uchta: kuzatish, tajriba va nazariy tahlil kabi umumiy usullaridan
foydalaniladi:
1. Kuzatish usuli. Bu usulda Yer sharining turli joylaridagi meteorologik
observatoriyalar, meteorologik stansiyalar va postlar, turli maqsadlarda uyushtirilgan
ekspeditsiyalarda asboblar yordamida aniq dasturlarga amal qilib kuzatish ishlari olib
boriladi va kuzatish natijalari tahlil qilinadi.
2. Tajriba usuli. Bu usulning mohiyati shundaki, unda qishloq xo‘jaligi ishlab
chiqarishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan jarayon (yoki hodisa) ni sun’iy ravishda
amalga oshirish uchun tajribalar o‘tkaziladi. Hozirgi vaqtda bu usul juda kam
rivojlanganligini ta’kidlab o‘tamiz.
3. Nazariy tahlil qilish usuli. Bu usul agrometeorologik jarayon (hodisa) larning
nazariy ravishda aniqlangan umumiy qonuniyatlarini fizika, biologiya, o‘simliklar
fiziologiyasi, termodinamika
va boshqa
fanlar qonunlaridan foydalanib,
matematikani jalb qilgan holda miqdoriy shaklda ifodalashga asoslangan.
Yuqorida
biz
tadqiqotlarning
umumiy
usullarini
ko‘rsatib
o‘tdik.
Agrometeorologiyada bu usullarga asoslanib ishlab chiqil-gan quyidagi xususiy
tadqiqot usullari ham keng rivojlangan:
1. Meteorologik hodisalar va o‘simliklarni parallel ravishda kuzatishlar olib
borish usuli.
Agrometeorologiyada tadqiqotlarning eng asosiysi bo‘lgan bu usulda
o‘simliklarning holati, o‘sishi, rivojlanishi va meteorologik sharoitlar ayni bir vaqtda
parallel ravishda kuzatib boriladi. Bu usul yordamida dala kuzatishlari davrida
olingan materiallarga asoslanib, kuzatishlar o‘tkazilayotgan joydagi ob-havo
sharoitlari bilan o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosilining shakllanishi orasida
sifat va miqdoriy bog‘lanishlar o‘rganiladi, o‘simliklarning asosiy hayot omillari -
yorug‘lik, issiqlik, namlik va oziq moddalar miqdorlariga talabi, turli xil o‘simliklar
uchun bu omillarning eng oz va ko‘p miqdorlari, qora sovuq (sovuq urish),
qurg‘oqchilik va boshqa hodisalarning o‘simlikka ta’siri aniqlanadi. Shuningdek,
kuzatish materiallari asosida turli xil o‘simliklarda rivojlanish fazalarining
boshlanishi uchun kerak bo‘lgan havoning samarali haroratlari yig‘indisi
hisoblanadi.
2. Ekinlarni turli muddatlarda ekish usuli. O‘simliklarning turlicha ob-havo
sharoitlarida o‘sish va rivojlanish qonuniyatlarini aniqlash uchun ko‘p yillik
agrometeorologik kuzatishlar olib borish kerak. Tadqiqotlar o‘tkazish muddatini
tezlashtirish uchun ekinlarni oldinma-keyingi muddatlarda ekish usuli qo‘llaniladi.
Bu usulda ekinlarni daladagi o‘zaro teng maydonlarga har xil muddatlarda ekiladi,
ularning o‘sish va rivojlanishi hamda olingan joyning ob-havo sharoitlariga doir
parallel kuzatishlar olib boriladi. Bu usul qo‘llanganda o‘rganilayotgan ekin navini
bahordan boshlab vegetatsiya davrining oxirigacha har 5-10 kun o‘tgandan keyin
ekib boriladi. Bunda turli muddatlarda ekilgan ekinlarning rivojlanishi har xil
meteorologik sharoitlarda o‘tadi. Masalan, erta bahor paytida ekilgan urug‘lardan
unib chiqqan o‘simliklarning dastlabki rivojlanish fazalari tuproq va havo
haroratining pastroq bo‘lgan davrida o‘tsa, yozda ekilgan ekinlarning dastlabki
rivojlanish fazalari issiq va quruq ob-havo sharoitida o‘tadi. Ekinlarni oldinma-
keyingi muddatlarda ekish bo‘yicha tajribalar natijasida olingan joyda hattoki bir
yilning o‘zidayoq u yoki bu meteorologik sharoitning o‘simlikka qanday ta’sir
ko‘rsatishi haqida ma’lumotlar olish mumkin.
3. Ekinlarni turli geografik joylarda ekish usuli. Bu usulda tekshirilayotgan
o‘simlik navi urug‘larini turli qit’alardagi mamlakatlarda yoki biror mamlakatning
turli geografik joylari (har xil tuproq va iqlim sharoitlari) da bir vaqtda ekiladi. Bu
usulda ham oldinma-keyingi ekish usuldagi vazifalar hal qilinadi, chunki har xil
tuproq-iqlim sharoitiga ekilgan navlar turlicha - namlik, harorat, kun uzunligida
o‘sadi va rivojlanadi. Bu usul tanlangan joylarga aynan bir xil navlarni bir vaqtda
ekish, bir xil agrotexnik tadbirlarni qo‘llash va bir xil dasturdagi agrometeorologik
kuzatishlar o‘tkazishni talab qiladi.
O‘z-o‘zidan
ayonki,
turlicha
tuproq-iqlim
sharoitidagi
farq-lar
tekshirilayotgan o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga har xil ta’sir
qiladi. Bu usul nisbatan kam qo‘llaniladi, chunki bir mamlakatning turlicha tuproq-
iqlim sharoitlarida yoki turli mamlakatlarda olingan ekinni bir vaqtda ekish tashkiliy
jihatdan juda qiyin.
4. Dala-tajriba usuli. Bu usulda dala tajribalarida maxsus qurilmalar va tadbirlar
yordamida o‘simliklarni parvarish qilishning agrometeorologik sharoitlari sun’iy
ravishda o‘zgartiladi (tajriba dasturiga muvofiq tuproq harorati va namligi,
yoritilganlik jadalligi va davomiyligi va boshqalar boshqariladi).
5. Fitotron usuli. Fitotron sun’iy iqlim hosil qiladigan qurilma bo‘lib,
o‘simliklar uning ichida sun’iy iqlim sharoitida parvarish qilinadi.
Ularda o‘simliklarni yorug‘lik, issiqlik, namlik, gaz tarkibi va oziq moddalarning
har xil qiymatlarida parvarish qilinadi va turlicha agrometeorologik sharoitlarning
o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri o‘rganiladi.
6. Masofadan turib o‘lchash usuli. Bu usulda vertolyotlar, samolyotlar va Yer
sun’iy yo‘ldoshlarida o‘rnatilgan asboblar yordamida katta maydonlardagi
ekinlarning holati, harorat rejimi, namligi va boshqalar o‘rganiladi.
7. Matematik modellash usuli. Keyingi yillarda agrometeorologiyada bu usul
tez rivojlanmoqda va u agrometeorologik sharoitlarning o‘simlik o‘sishi, rivojlanishi
va mahsuldorligiga ta’sirini matematik qonun va qoidalar yordamida matematik
modellarini tuzish imkoniyatini beradi.
Masalan, «tuproqo‘simlikatmosfera» tizimida issiqlik, namlik, energiya
almashinishi jarayonlarining matematik qonun va qoidalar yordamida matematik
modeli tuziladi va yechiladi.
8. Matematik statistika usuli. Bu usulda o‘simliklar o‘sishi, rivojlanishi va
mahsuldorligining shakllanishiga ob-havo sharoitlarining ta’sirini aniqlash uchun juda
ko‘p kuzatishlar o‘tkaziladi. So‘ngra bunday kuzatishlar natijalarini ishlab chiqish
asosida o‘simliklar o‘sishi, rivojlanishi va mahsuldorligining ob-havo sharoitlariga
bog‘liqligi xususiyati o‘rganiladi.
Yuqorida bayon qilingan agrometeorologik tadqiqot usullarining birinchisi
hozirgi vaqtda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘st-ligi (MDH) dagi gidrometeorologiya va
tabiiy muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga qarashli 2300 dan ortiq
meteorologik stansiyalardagi kuzatishlar dasturiga asos qilib olingan.
Bu tadqiqot usullari dehqonchilik va o‘simlikshunoslikning quyidagi asosiy
qonunlariga asoslangan:
1. O‘simlik uchun asosiy hayot omillarining teng ahamiyatlilik va almashtirib
bo‘lmaslik qonuni. O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun yorug‘lik, issiqlik,
havo, suv va oziq elementlar zarur. O‘simlik uchun asosiy hayot omillarining har biri
o‘zaro teng ahamiyatga ega. Ularning birini ikkinchisi bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Masalan, o‘simlik vegetatsiyasi davrida suv ko‘p bo‘lgani bilan yorug‘lik yetishmasa,
o‘simlikda generativ organlar shakllanmaydi, azot miqdori yetarli bo‘lsada, fosfor
yetishmasa, o‘simlik yaxshi rivojlanmaydi.
O‘simlik
barcha
asosiy
hayot
omillari
bilan
birgalikda
yetarlicha
ta’minlanganidagina normal o‘sadi va rivojlanadi.
2. O‘simlik uchun muhit omillarining teng ahamiyatga ega emaslik qonuni.
O‘simliklarning butun hayot faoliyati muhit ta’sirida o‘tadi. O‘simlikka ta’siri
bo‘yicha muhit omillari asosiy-birinchi darajali va asosiy bo‘lmagan ikkinchi
darajali omillarga ajratiladi. Asosiy hayot omillari yorug‘lik, issiqlik, namlik, havo
va oziq moddalar o‘simlikka bevosita kuchli ta’sir ko‘rsatadi. O‘simlikka asosiy
omillar birgalikda ta’sir qiladi va har biri yetarli bo‘lgandagina o‘simlik normal
rivojlanadi. Asosiy omillar o‘simlikning butun hayoti davrida va o‘simlik o‘sayotgan
barcha yerlarda ta’sir etadi. Asosiy bo‘lmagan omillarga - shamol, bulutlik, tuman
va boshqalarni qo‘shish mumkin. Asosiy bo‘lmagan muhit omillari o‘simlik
hayotining ayrim davrlarida va kichik hududlarda ta’sir qiladi. Asosiy bo‘lmagan
muhit omillari asosiy omillarning ta’sirini kuchaytiradi yoki zaiflashtiradi.
Masalan, osmonni to‘la qoplagan bulutlik tuproqning kechasi sovishini
kamaytiradi, qora sovuqlar paytida esgan shamol sovuq havo massalarini ekinlar
ustidan haydab, qora sovuqlar-ning o‘simlikka zararli ta’sirini kamaytiradi. Bahor
oxiri yoki kuz boshlarida tuman tushgan bo‘lsa, suv bug‘ining kondensatsiyasida
ajralgan issiqlik, tuproqning nur chiqarib sovishidan vujudga keladigan qora sovuq
hodisasini butunlay yo‘qotadi yoki birmuncha zaiflashtiradi. Natijada qora
sovuqning ekinlarga zararli ta’siri qisman kamayadi yoki butunlay ro‘y bermaydi.
3. Minimumlik qonuni. Bu qonunga muvofiq ekinlardan olinadigan hosil
miqdori minimumdagi omilga bog‘liq. Masalan, tuproqda oziq moddalar yetarli
bo‘lsada, namlik yetishmasa ho-sil namlik miqdori bilan cheklanadi. Bunday
sharoitda minimumdagi omilning zararli ta’sirini kamaytirish uchun ekinni sug‘orish
yoki suv kamchil bo‘lsa tuproqda nam to‘plash yoki nam saqlashga qaratilgan
agrotexnik tadbirlarni qo‘llash zarur.
Dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan fermerlar ekinlarning vegetatsiya davrida
birinchi, ikkinchi yoki keyinchalik minimum bo‘lib qoladigan omillarni bilishlari va
ularning cheklovchi ta’sirini agrotexnik hamda boshqa tadbirlar qo‘llab, bartaraf
qilib borishlari lozim.
4. Optimumlik qonuni. Bu qonunga muvofiq o‘simliklar barcha hayot omillari
bilan yetarli miqdorda ta’minlanganidagina eng yuqori hosil beradi. O‘simliklar
hayoti uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar bir vaqtda optimal darajada yaratilgan
va o‘simlikning barcha rivojlanish fazalarida hayot omillarining hammasiga talabi
yetarli darajada qondirilib borilganda ulardan har doim yuqori hosil olinadi.
5. Maksimumlik qonuni. Dehqonchilikda yuqorida bayon qi-lingan
qonunlardan tashqari maksimumlik qonuni ham mavjud.
Asosiy hayot omillaridan birortasi maksimal bo‘lib ketsa, u o‘simlikning o‘sishi
va rivojlanishiga salbiy ta’sir etib, hosilning kamayishiga va sifatining pasayishiga
olib keladi. Masalan, g‘o‘zaga o‘g‘itni optimal miqdordan ko‘p solinsa g‘ovlab
ketadi, ko‘saklari kech ochiladi, paxta tolasi kalta va sifatsiz bo‘lib qoladi. Ortiqcha
o‘g‘itlashning salbiy ta’siri hosil beradigan boshqa ekinlarda ham ro‘y beradi.
Qishda issiqxonalar-da havo haroratini har doim 25°C dan yuqori qilib saqlash, u
yerda yetishtirilayotgan pomidor yoki bodring ekinlari hosili-ning kamayishiga olib
keladi. Shuning uchun issiqxonalarda maksimal omil-havoning ortiqcha isishiga yo‘l
qo‘ymaslik (kechasi isitishni pasaytirish) kerak.
6. O‘simlik hayotida kritik davrlar qonuni. Bu qonunning mohiyati shundaki,
har qanday o‘simlik turi hayotining turli davrida u yoki bu asosiy hayot omiliga o‘ta
talabchan bo‘ladi.
Masalan, kuzgi bug‘doy nay o‘rash davridan boshoqlanishgacha jadal o‘sganligi
uchun suvga juda talabchan bo‘ladi. Gullash davridan pishishgacha esa issiqlikka
talabi kuchayadi. Ammo gullash davridagi 40°C dan oshiq havo harorati hosilning
kamayishiga olib keladi.
O‘simlik hayotidagi kritik davrlarda o‘simlikning eng ko‘p talab qiladigan u yoki
bu asosiy hayot omilining miqdori aniq-lanib, ekinlarni parvarishlashda unga rioya
qilish kerak.
7. Ekinlarni navbatlab ekish qonuni. Bu qonunning mohiyati shundaki, bir
maydonga har yili bir ekinni takrorlab ekavermasdan, balki 1-2 yil ekilgandan keyin
boshqa turdagi ekin bilan almashtirib (navbatlab) ekiladi. Masalan, bu qonunga amal
qilinganda, donli ekinlar biror maydonga surunkasiga 1-2 yildan ortiq ekilmay, qator
oralari ishlanadigan yoki yem-xashak ekinlari, ya’ni makkajo‘xori, beda va
boshqalar bilan almashtiriladi.
Ekin turlarini to‘g‘ri navbatlab ekilganda ularning hosil-dorligi, bir ekinni har
yili takrorlab ekishga qaraganda (boshqa shartlar hammasi bir xil bo‘lganda) yuqori
bo‘ladi.
3. Agrometeorologiyaning asosiy vazifalari
Biz avval agrometeorologiyaning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan
chambarchas
bog‘liq
ekanligini
ta’kidlaganmiz.
Shuning
uchun
ham
agrometeorologiyaning asosiy vazifalari quyidagi-lardan iborat:
1) mamlakatimizning turli geografik joylarida qishloq xo‘jaligi ishlab
chiqarishining meteorologik va iqlim sharoitlari shakllanishi qonuniyatlarini
o‘rganish;
2) meteorologik omillarning o‘simlik va hayvonlarning holati, o‘sishi,
rivojlanishi va mahsuldorligiga ta’sirini miqdor jihatdan baholash usullarini ishlab
chiqish va takomillashtirish;
3) meteorologik omillarning qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalari va
kasalliklarining rivojlanishi va tarqalishiga ta’sirini miqdor jihatdan baholash
usullarini ishlab chiqish;
4) qishloq xo‘jalik ekinlarining rivojlanishi, o‘sishi, hosil miqdori va sifati
bashoratlari usullarini ishlab chiqish. O‘zbekiston Respublikasida paxtachilik
rivojlanganligi uchun g‘o‘zaning turli navlari, duragaylarining o‘sish, rivojlanish va
paxta hosilining miqdori hamda sifati bashoratlarini ishlab chiqish va
takomillashtirish;
5) qishloq xo‘jalik ekinlarining yangi navlari va duragaylarini geografik
joylashtirishni asoslash;
6) ob-havo va iqlimning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun xavfli
hodisalariga qarshi kurash usullarini ishlab chiqish va agrometeorologik asoslash;
7) ekinlarni parvarishlashda agrotexnikani ob-havoning mavjud va kutilayotgan
sharoitlariga moslab tanlash (tabaqalash) ni asoslash;
8) yerlar melioratsiyasi va dehqonchilikdagi jadal texnologiyalarni agroiqlimiy
jihatdan asoslash;
9) qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini agrometeorologik axborotlar bilan
ta’minlash usullarini takomillashtirish.
4. O‘zbekistonda agrometeorologiya fani rivojlanishining qisqacha tarixi
Ma’lumki, biz qishloq xo‘jalik ekinlari bo‘lgan joylardan biri - chorvachilik
mahsulotlari bilan oziqlanamiz, kiyinamiz. Tabiiyki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari
asosan ochiq yerlarda yetishtiriladi.
Yer yuzida insonlarning yashashi uchun tabiiy geografik qulay sharoitlar, ikki
daryo - Sirdaryo va Amudaryo oralig‘ida joylashgan hudud bo‘lgan. Bu hududda
dehqonchilik, chorvachilik va mayda hunarmandchilik qadimdan rivojlangan.
Tog‘lar oralig‘idagi vodiylarning sersuvligi, bog‘lar, yer osti boyliklari, tabiiy
yaylovlar, insonlarning yashashiga tabiiy sharoitlar mavjudligi, chorvachilik,
dehqonchilik, mayda hunarmandchilik rivojlanganligi fanda isbotlangan. Bu
hududda miloddan avval davlat shakllanganligi va fan taraqqiy etganligini
isbotlovchi dalillar yetarlidir. Har xil tarixiy davrlarda bu yerlar Baqtriya,
Movarounnahr, Turkiston, O‘rta Osiyo va hozirda Markaziy Osiyo deb atalayotgan
bu hudud Yevrosiyo qit’asining ichkarisidagi, Atlantika va Tinch okeanlaridan 4500
km uzoqlikda bo‘lib, qurg‘oqchil iqlimga ega. Ammo Markaziy Osiyo mintaqasi
tarqoq
dehqon
xo‘jaligi
shakllanganligi
bilan
farqlanib,
XX
asrgacha
agrometeorologiya taraqqiyoti mustaqil fan sifatida juda sekin rivojlangan. Turli
tarixiy-ilmiy hujjatlar asosida O‘rta Osiyoning olimlari tahlillari natijasida qishloq
xo‘jaligi ishlab chiqarishining ob-havo va iqlimga mosligini, havo, suv, tuproq
muqaddasligini isbotlanishi qadimgi zamonda agrometeorologiya fanining kurtaklari
paydo bo‘lishiga imkoniyat yaratdi. Masalan, 2700 yil oldin yozilgan «Avesto»
kitobida agrometeorologik elementlar: havo, suv, tuproq tabiatning ajralmas qismi
bo‘lib, ilohiy sanalar edi. Kimki suvni, havoni, tuproqni ifloslantirsa, o‘sha davrdagi
qabul qilingan qonun bo‘yicha jazolangan. «Avesto» kitobi hozirgi paytda ham boy
tarixiy-diniy ma’naviyatga ega xalqimizning katta ahamiyatli kitobi hisoblanadi.
Bu kitob hozir ham yosh avlodni tarbiyalashda ularning o‘z ona yerini sevib
asrashga undaydi, Orol muammosi paydo bo‘lgan hozirgi vaqtda xalqni tabiatga
alohida e’tibor berishga chorlaydi.
Qadimiy tarixdan ma’lumki, kundalik hayotda insonlar faoliyati sonlar va
o‘lchashlarga juda bog‘liq bo‘lgan. Ko‘p sonlilar va o‘lchashlar natijasini aniq bir
qolipga solish kerakligini tushunib yetganlar, chunki inson aqli juda ko‘p
o‘lchashlarni, sonlarni miyasida saqlamaydi.
Hozirgi vaqtda agrometeorologik masalalarni yechishda matematik va elektron
hisoblash mashinalaridan keng ko‘lamda foydalaniladi. Matematikani qo‘llashdan
har xil hisob-kitoblar yechimini topishda shaxsiy elektron hisoblash mashinalari
(SHEHM) uchun maxsus dastur - hisoblash algoritmini tayyorlashga to‘g‘ri keladi.
«Algoritm» lotincha so‘z bo‘lib, u buyuk matematik, geograf Muso al-Xorazmiy
ismidan olingan. Al-Xorazmiy birinchi bo‘lib, Yerning quruq qismini
obodonlashtirilgan hududga bo‘lishda o‘sha davrdagi iqlim nazariyasidan to‘g‘ri
foydalangan va uning yozgan asarlari hozir ham o‘zining ilmiy qimmatini
yo‘qotmagan.
Ahmad al-Farg‘oniy Farg‘ona vodiysining Quva qishlog‘ida tug‘ilgan (taxminan
797 dan 865 yilgacha yashagan). Xalifa al-Mutavakkil qaroriga binoan 861 yilda Fustot
(Misr) shahriga kelgan. Kelishdan maqsad Nil daryosining suvini o‘lchash asbobi
nilomerni tuzatish bo‘lgan va Nil daryosining suvini o‘lchash bilan shug‘ullangan. Nil
daryosining sersuvlik sathini aniqlab, ekinlardan qancha hosil olish mumkinligini
bashoratlagan va shunga qarab aholidan qancha miqdorda soliq olishga oid tavsiyalar
bergan.
Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay, 1394-1449 y) buyuk o‘zbek astronomi
va matematigi. Samarqandga ko‘zga ko‘ringan olimlarni taklif qilib ular yordamida
observatoriya qurgan. Ulug‘bek va uning shogirdlari astronomiyaga oid juda muhim
ilmiy ishlarni bajardilar. Jumladan, ular turli joylarning geografik kengligi va
uzunligini, quyoshning chiqishi va botishi aniq vaqtlarini ko‘rsatib berdilar. Bu esa
agrometeorologiyaning muhim omili bo‘lgan quyosh yog‘dusining davomiyligini
hisoblab chiqish imkoniyatini yaratadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1550 y) Hindistonda uch asr hukmronlik
qilgan Boburiylar sulolasining asoschisidir. Uning «Boburnoma» kitobida O‘rta
Osiyoning iqlimiy sharoiti, qishloq xo‘jaligi bayoni keltirilgan. Bu kitobda tevarak
atrofdagi tabiat: daryolar, tog‘lar, o‘simliklar va yaylovlar shakllanishi,
o‘simliklarning hosildorligi, har xil iqlimiy sharoitga bog‘liqligi haqida yozilgan.
O‘rta Osiyoning qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligi, uning iqlimi, tabiati XI-
XII asrlarda O‘rta Osiyo olimlari Beruniy, Al Umariy, Mahmud Qoshg‘ariy,
Muhammad Ibn Najib Bekon kitoblarida ham qayd qilingan. Ayniqsa bundan 500-
550 yil ilgari yozilgan qo‘lyozma «Ziratnoma» - «Dehqonchilik ilmi» kitobi alohida
tarixiy ahamiyatga ega. Bu kitobda XV-XVI asrlarda Markaziy Osiyo sharoitida
dehqonchilik bilan shug‘ullanishda ko‘p yillik ekinlarni ekish muddati, agrotexnik
tadbirlar, hosilni yig‘ib olish davri kabi ma’lumotlar jamlangan. Bundan tashqari,
o‘simliklarni qora sovuqlardan saqlab qolish haqida ham yozilgan. Qish mavsumida
o‘simliklarni sovuqdan asrash va ularni ustini yopish, masalan, anjirni qish
mavsumida -6°C haroratda sovuq urishi mumkinligi yozilgan, lekin achinarlisi
shuki, qanday qilib harorat o‘lchanganligi va qanday qilib muhim agrometeorologik
ko‘rsatkich o‘rnatilganligi haqida yozilmagan. Har xil zararkunandalar bilan
kurashish
haqida
ham
keng
ma’lumot
berilgan.
O‘zbekiston
Fanlar
Akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondida bu kitobning asl nusxasi № 565
raqami bilan saqlanadi.
O‘zbekiston Mustaqillikga erishgandan keyin tarixiy hujjatlar, ilmiy
kitoblarimizni izlab topish, jamlash va chet el kutubxonalarida saqlanayotgan asl
nusxalarini qaytarib olib kelish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kelajakda
agrometeorologiyaga oid tarixiy ilmiy ishlar topilishi shubhasizdir.
5. O‘rta Osiyoda hozirgi zamon agrometerologiyafanini va uning
rivojlanishida
O‘zbekiston olimlarining hissasi
Hozirgi zamon agrometeorologiyasi XIX asr oxirlarida meteorologiya fanining
amaliy bo‘limi hisoblanib, keyinchalik mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Uning
dastlabki asoschilari rus olimlari A.I. Voyeykov va P.I. Brounov agrometeorologik
izlanishlarning tamoyillarini ishlab chiqdilar. Keyinchalik bu izlanishlar,
tamoyillardan G‘arb davlatlarining barchasi va Amerikada foydalanishdi.
Hozirgi zamon nuqtai nazaridan O‘zbekistonda agrometeorologiya bo‘yicha XX
asrning boshlarida birmuncha fenologik kuzatishlar tashkil etilgan. Lekin o‘sha davrda
o‘simlikning
o‘sishi,
rivojlanishini
kuzatishda
yagona
uslub
bo‘lmagan.
Agrometeorologik kuzatishlarning yillik qatori asosan qisqa, tadqiqot ob’ektlari tez-tez
o‘zgarib turgan. Turkistonda iqlimni tizimli o‘rganish XIX asrning ikkinchi yarmidan
boshlangan.
Bunga isbot sifatida 1993 yili Sankt-Peterburgda chop etilgan «O‘rta Osiyoda
gidrometeorologiyaning rivojlanishi bayoni» kitobini keltiramiz. XIX asrning o‘rtalari
va XX asrning 60-yillariga qadar O‘zbekistonda agrometeorologiyaning rivojlanishi
L.N. Babushkinning «O‘zbekistonda agrometeorologiya asoslari» (2004) kitobida
yoritilgan. Bu kitoblar asosida gidrometeorologiya sohasida xizmat etgan olim va
mutaxassislarning agrometeorologiyaga oid asosiy ishlari bilan tanishtirib o‘tamiz.
1921 yili maxsus «Hosilga xizmat» va Turkiston meteorologiya instituti
(Turkmet) tashkil etilgan, keyinchalik 1925 yildan boshlab uning nomi o‘zgartirilib
O‘rta Osiyo meteorologiya instituti (O‘OMI) deb atalgan. Uning vazifasiga
respublikada qishloq xo‘jalik ekinlari holatini, rivojlanishini agrometeorologik
ma’lumotlar bilan ta’minlash, noqulay iqlimiy sharoitlardan qishloq xo‘jaligini
muhofaza etish kabi va O‘rta Osiyoda gidrometeorologiya xizmatini tashkillashtirish
vazifasi yuklatilgan. 1920 yillarning o‘rtalarida agrometeorologik xizmat faqat
manfaatdor qishloq xo‘jaligi idoralarida yo‘lga qo‘yilgan va iqlimiy sharoitlarning