Badiiy obraz va obrazlilik
Reja:
1. Badiiy obraz haqida tushuncha. Obrazlilik can’at va adabiyotning bosh
xususiyati.
2. Obrazning umumiy turlari: kishilar obrazlari, hayvonlar, narsa-predmetlar
va tabiat obrazi (peyzaj).
3. Asarda kishilar obrazi va ularning ifodalanish: personaj, qahramon,
xarakter, tip.
4. Tabiat, jonzod va o‘simliklar obrazlari. Majoziy obrazlar.
5. Narsa-predmetlar obrazi. Ramziy obrazlar.
6. Obrazlarning ifodaviyligi: portret, prototip, arxetip.
Tayanch tusunchalar: badiiy obraz, obrazlilik, umumiy turlar, kishilar
obrazlari, hayvonlar, narsa-predmetlar, tabiat obrazi (peyzaj), personaj, qahramon,
xarakter, tip, majoziy obrazlar, ramziy obrazlar, portret, prototip, arxetip.
Obraz lotincha so‘z bo‘lib, “manzara”, “ko‘rinish” ma’nolarini ifoalaydi. Obraz
badiiy asarning mavjudlik shakli bo‘lib, u aniq bir shaxs, voqea yoki hodisa va
tushunchani umumlashtirishi bilan birga tasvirdagi badiiy asarning mohiyatini
anglatadi.
Badiiy obraz1 – adabiyot va san’atning fikrlash shakli, olam va odamni badiiy
idrok etish vositasi, badiiyatning umumiy kategoriyasi. Lug‘aviy ma’nosida har
qanday aksni bildiruvchi “obraz” so‘zi turli fan sohalarida (falsafa, psixologiya)
muayyan
terminologik
ma’noda
qo‘llanadi.
Jumladan,
estetika
va
adabiyotshunoslikda u “badiiy obraz” ma’nosida tushuniladi. Badiiy obraz deganda,
1 Quronov D. va b. Adabiyotshunoslik lugʻati. T.: Akademnashr, 2010.
borliq (undagi inson, narsa, hodisa va h.)ning san’atkor ko‘zi bilan ko‘rilgan va ideal
asosida ijodiy qayta ishlangan aksi tushuniladi. Albatta, bu aksda borliqning ko‘plab
tanish izlari bor, biroq endi u biz bilgan borliqning ayni o‘zi emas, balki undan
shartlilik asosida ajralgan yangi mavjudlik – badiiy borliqdir. Xuddi shu hol badiiy
obrazni ob’ektiv va sub’ektiv ibtidolar birligiga aylantiradi. Ya’ni, bir tomondan,
borliqning aksi sifatida badiiy obraz makon va zamonda mavjud bo‘lgan konkret
narsadek his etiladi. Ikkinchi tomondan, u tushuncha, tasavvur, faraz va shu kabi
tafakkur unsurlariga xos xususiyatlarga ega: ijodkor badiiy obraz vositasida
fikrlaydi, borliqni oddiygina aks ettirmasdan, uni ijodiy qayta yaratadi. Shunga
ko‘ra, badiiy obrazning vujudga kelishini quyidagicha sxemada ko‘rsatish mumkin:
borliqning hislar orqali ongda akslanishi – tafakkur kuchi bilan o‘z ma’naviy-ruhiy
ehtiyojlariga mos ijodiy qayta ishlash va umumlashtirish – konkret his etiladigan
tarzda (badiiy obraz shaklida) ifodalash. Konkret his etiladigan tarzda ifodalangan
B.o. qator spetsifik xususiyatlarga ega. Avvalo, badiiy obraz individuallashtirilgan
umumlashma sifatida namoyon bo‘ladi. Voqelikdagi har bir narsa-hodisada turga
xos umumiy xususiyatlar bilan uning o‘zigagina xos xususiyatlar mujassamdir.
Narsa-hodisaning umumiy xususiyatlariga tayanuvchi abstrakt tafakkurdan farqli
o‘laroq, obrazli tafakkur uning individual xususiyatlariga tayangan holda fikrlaydi.
Deylik, fan umuman odam haqida (mas., biolog umuman odamning fiziologik
xususiyatlari haqida) so‘z yuritishi mumkin, biroq san’at hech vaqt umuman odam
obrazini yarata olmaydi. Shu ma’noda konkretlilik – badiiy obrazning muhim
spetsifik xususiyatidir. Misol uchun, A.Oripovning “Ayol” she’ridagi ayol obrazi
o‘zida katta badiiy umumlashmani tashiydi va shu bilan birga u o‘quvchi tasavvurida
konkret bir inson sifatida gavdalanadi. San’at konkret narsa-hodisaning individual
xususiyatlarini bo‘rttirish orqali umumlashtirishga erishadi. Mas., A.Qahhor
“O’g‘ri” hikoyasida amin haqida: “og‘zini ochmasdan qattiq kekirdi, keyin
baqbaqasini osiltirib kuldi”, “chinchalog‘ini ikkinchi bo‘g‘inigacha burniga tiqib
kuldi” qabilidagi individual belgilarni bo‘rttiradi. Shu individual belgilarni
bo‘rttirish bilan adib zamona amaldorlariga xos umumiy xususiyatni – qo‘l ostidagi
fuqaro taqdiriga befarqlikni ko‘rsatadi. Ya’ni individuallashtirish hisobiga, bir
tomondan, amin obrazi ko‘z oldimizda konkret inson sifatida gavdalanadi, ikkinchi
tomondan, obraz badiiy umumlashmalilik kasb etadi. Shu tariqa badiiy obrazda bir-
biriga zid ikki jihat (individuallik va umumiylik) uyg‘un birikadi. Shunga o‘xshash,
badiiy obraz o‘zida aql bilan hisni ham birlashtiradi, shu bois uni ratsional va
emotsional birlik sifatida tushuniladi. Badiiy obrazdagi ratsional jihat shuki, uning
yordamida ijodkor o‘zini qiynagan muammolarni badiiy idrok etadi. Mas., “Kecha”
romanidagi qator obrazlar yordamida Cho‘lpon Turkistonning tarixiy taraqqiyoti
masalalari, yurtining ertasi bilan bog‘liq muammolarni badiiy tadqiq etadi, obrazlar
tizimi vositasida bu boradagi fikr-qarashlarini shakllantiradi va o‘zi anglagan
haqiqatni badiiy kontseptsiya (tugal bir qarash, tizim holidagi badiiy xulosa) tarzida
ifoda etadi. Ayni paytda, asardagi obrazlarda adibning hissiy munosabati ham o‘z
aksini topgan. Hissiy munosabat badiiy kontseptsiyani shakllantirishda, asar
mazmunining o‘quvchiga yetkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir konkret
obrazning hissiy tonalligi turlicha bo‘lib, bu, birinchi galda, ijodiy niyat bilan
bog‘liqdir. “Kecha”ning boshlanishidayoq Cho‘lpon Zebiga bir turli, Razzoq so‘figa
yana bir turli, Akbaraliga esa boshqa bir turli munosabatda bo‘ladi. Voqealar rivoji
davomida hissiy munosabatda ham ma’lum o‘zgarishlar kuzatiladi. Jumladan, asar
boshlanishidagi Zebiga shaydolik to‘la mehr susayib (adib xarakter mohiyatini xolis
idrok etadi), Razzoq so‘fi yoki Akbaraliga nisbatan mazaxli nafrat qisman
achinishga (adib ularning taqdiridagi fojelikni kashf etadi) aylanib boradi. Ya’ni
xarakter mohiyatiga kirilgani sari hissiy munosabatda o‘zgarish yuzaga keladi.
Hissiy munosabatdagi o‘zgarish o‘qish jarayonida kitobxonga ham o‘tadi va ayni
shu narsa uni asar mazmunini adib istagandek tushunishiga yo‘naltiradi. Demak,
B.o.dagi ratsional va emotsional jihatlar uyg‘unligi badiiy kontseptsiyaning
shakllantirilishida ham, ifodalanishida ham birdek muhim ekan.
Badiiy obrazning muhim xususiyatlaridan yana biri uning ko‘p ma’noliligi
bo‘lib, bu uning metaforikligi va assotsiativligi bilan belgilanadi. Badiiy obrazga xos
“metaforiklik”ni “o‘xshashlik” bilangina bog‘lab qo‘ymaslik lozim. Ya’ni
“metaforiklik” deganda, badiiy obrazning bir narsa mohiyatini boshqa bir narsa
orqali ochishga intilishi, san’atga xos fikrlash yo‘sini tushuniladi. Chinakam
san’atkor nigohi mohiyatga qaratiladi, u narsa-hodisalar orasidagi tashqi
o‘xshashlikka emas, nigohimizdan yashirin ichki o‘xshashligiga tayanib fikrlaydi. U
biz kutmagan ichki o‘xshashlikni kashf etadi, natijada o‘sha biz bilgan narsa-hodisa
ko‘z oldimizda butkul yangicha bir tarzda gavdalanadi, o‘zining bizga noayon
qirralarini namoyon qiladi. Mas., shoir (X.Davron) rangtasvir san’ati haqida yozadi:
“Musavvir bo‘lmoq ersang, Tilingni sug‘urib ol Va yaradan to‘kilgan qon rangiga
quloq sol”. Albatta, rangtasvirda ranglar “gapirishi” hammaga ma’lum, biroq ayni
shu fikrni “gapirayotgan qon rangi” obrazi orqali berilgani – kashfiyot, metaforik
fikrlash natijasi va xuddi shu narsa bizni hayratga soladi, shuurimizda muqim
o‘rnashadi. Mohiyatga qaragan san’atkor qobig‘iga o‘ralib yashayotgan odam bilan
sassiq ko‘lmakdagi tilla baliqcha yoxud o‘zida cheksiz kuch-qudrat sezgani holda
maqsadsiz yashayotgan odam bilan bemaqsad uchib yurgan burgut orasida
(A.Oripov), turg‘unlikning biqiq muhitida yashayotgan ziyoli bilan bir izdan
beto‘xtov yurayotgan tramvay (A.A’zam) yoki qatag‘on sharoitida ijod qilayotgan
shoir bilan vahshiy qoyalar orasida quyoshga oppoq gul uzatgancha nafis
chayqalayotgan na’matak (Oybek) orasida o‘xshashliklar topadi, birining mohiyatini
ikkinchisi orqali ochib beradi. Keltirilgan misollar obrazli tafakkurda yuksak
darajadagi assotsiativlik bo‘lishini ko‘rsatadi. Ma’lumki, asssotsiativlik umuman
inson tafakkuriga xos, tashqi olam ta’sirida ongimizda biror narsaning aksi paydo
bo‘lishi hamono u bilan bog‘liq assotsiatsiyalar ham uyg‘onadi. Mas., “qish”
deyilishi bilan xayolimizda assotsiativ tarzda “qor”, “sovuq”, “po‘stin”, “chana”
kabi u bilan bog‘liq tushunchalar ham uyg‘onadi. Obrazli tafakkur yuksak darajada
assotsiativ sanalishiga sabab shuki, reallikda ko‘rilgan bir narsa san’atkor xayolida
butunlay boshqa bir narsani, u bilan mutlaqo aloqasi bo‘lmagan narsani uyg‘otishi
mumkin. Shu bois ham san’atkor yuqoridagicha o‘xshashliklarni topadi va B.o.da
aks etiradiki, natijada obraz yuksak darajadagi assotsiativlik kasb etadi, shu asosda
u ko‘p ma’nolilik xususiyatiga ega bo‘ladi. Buni, ayniqsa, assotsiativlik darajasi
yuqori bo‘lgan ramziy obrazlar misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Mas.,
Oybekning “Na’matak” she’ridagi tabiat manzarasini badiiy obraz deb olsak,
tabiiyki, uning birinchi ma’nosi tabiat manzarasining o‘zi. Holbuki, o‘z vaqtida shoir
assotsiativ ravishda shu manzarada istibdod tuzumi sharoitidagi ijodkor taqdirini
ko‘rgan va shu ma’noni ifodalagan. Shu bilan birga, obrazning ma’no ko‘lami shular
bilangina cheklanmaydi: o‘quvchi o‘z hayotiy tajribasi, she’rni o‘qish paytidagi
ruhiy holati bilan bog‘liq ravishda unda tamom boshqa mazmunni, o‘z mazmunini
ham topishi mumkin. Ko‘p ma’nolilik nafaqat ramziy, balki tom ma’nodagi realistik
obrazlarga ham xos, faqat bunda ko‘p ma’nolilikning yuzaga kelish mexanizmi
o‘zgacha, u badiiy obrazning yaxshi ma’nodagi notugalligi bilan bog‘liqdir.
San’atkor ifodalamoqchi bo‘lgan fikr badiiy obrazda tugal aytilmaydi (ya’ni
kitobxon og‘ziga chaynab solib qo‘yilmaydi), badiiy obrazning ayrim chizgilari
punktir (uzuk-uzuk chiziqlar) bilan tortiladi. Ya’ni san’atkor badiiy obrazda ma’lum
imkoniyatlar yaratadi-da, ularni ro‘yobga chiqarishni o‘quvchiga qoldiradi. Bu xil
imkoniyatlar, ayniqsa, “ob’ektiv tasvir” yo‘sinidan borilgan, yozuvchi xolis
kuzatuvchi mavqeida turgan asarlarda kuchli namoyon bo‘ladi. Garchi asarda
tasvirlangan narsa bitta bo‘lsa-da, o‘quvchilar (ijodiy tasavvur imkoniyati, xarakteri,
dunyoqarashi va b.ga ko‘ra) turlicha bo‘lgani uchun konkret badiiy obraz ularning
ongida turlicha akslanadi, turli xulosalarga olib keladi. Shu bois ham o‘quvchilar
tasavvurida minglab Otabegu Kumushlar, Qobil boboyu Saidalar, Zebiyu
Miryoqublar yashaydi. Badiiy obrazga xos shu xususiyat tufayli ham asarni turli
davrlarda turlicha tushunish, uning zamiridan yangi-yangi ma’nolarni ochish imkoni
yaratiladiki, ayni shu narsa chinakam san’at asarini boqiylikka daxldor etadi.
Badiiy obraz turlari2 – adabiyotshunoslikda badiiy obrazlar turlicha tasnif
etiladi, bu turlichalik tasnif uchun qaysi jihat asos qilib olingani bilan bog‘liqdir.
Jumladan, ijodkor estetik ideali bilan munosabatiga ko‘ra ijobiy va salbiy obrazlar,
ijodiy metodga ko‘ra realistik, romantik va b., yaratilish usuliga ko‘ra fantastik,
grotesk va b., xarakter xususiyati va estetik belgisiga ko‘ra tragik, satirik, yumoristik
obrazlar farqlanaveradi. Shuningdek, ba’zan badiiy obrazning tasvir planidan kelib
chiqib, inson obrazi, jonivorlar obrazi, narsa-buyumlar obrazi tarzidagi atamalar ham
qo‘llanadi. Albatta, ilmiy muomalada bu kabi tasniflar, atamalar ham o‘rni bilan
kerak. Biroq mavjud tasniflarning hech biri badiiy obrazlarni to‘la qamrab
ololmaydi. Qamrov ko‘lami kengroq tasniflardan biri badiiy obrazlarni 1)
predmetlilik darajasi; 2) umumlashtirish darajasi; 3) tasvir va ifoda qatlamlari
munosabati (strukturasi)ga ko‘ra guruhlashni (M.Epshteyn) ko‘zda tutadi.
Predmetlilik darajasi deyilganda, badiiy obraz tasvirlayotgan narsaning ko‘lami
nazarda tutilib, bu jihatdan badiiy reallik to‘rtta sathdan tarkib topadi: 1) detal
obrazlar; 2) voqea-hodisalar obrazi; 3) xarakter va sharoit; 4) dunyo va taqdir obrazi
(badiiy reallik). Detal obrazlar (tafsilotlar, narsa-buyumlar, portret, peyzaj)dan
2 Quronov D. va b. Adabiyotshunoslik lugʻati. T.: Akademnashr, 2010.
badiiy reallikning ikkinchi qatlami – ichki yoki tashqi harakatdan tarkib topuvchi
voqea-hodisalar obrazi o‘sib chiqadi. Shu harakat ortida turib uni yurgizayotgan
“xarakter va sharoit” uchinchi qatlamni tashkil qiladi va oldingilarini birlashtirgan
holda “dunyo va taqdir” obrazini yuzaga keltiradi. Ya’ni badiiy reallik
g‘ishtchalardan – butunni tashkil qiluvchi unsurlardan tashkil topadi, bu unsurlar
o‘zaro predmetlilik darajasi, tasvir ko‘lami jihatidan farqlanadi.
Umumlashtirish darajasiga ko‘ra badiiy obrazning qator ko‘rinishlari
farqlanadi. Jumladan, inson obraziga tatbiqan individual obraz, xarakter va tip
ajratiladi. Biroq bularning orasidagi farq doim ham yaqqol emas, bu xil tasnifda
muayyan shartlilik saqlanib qoladi. Individual obraz deb o‘ziga xos fe’l-atvori, gap-
so‘zlari, betakror xarakter xususiyatlari bilan namoyon bo‘luvchi obraz tushuniladi
(mas., “O’tmishdan ertaklar”dagi Babar, “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasidagi
Roqiya bibi). Xarakter esa muayyan davr va muhit kishilariga xos eng muhim,
xarakterli umumiy xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos individual xususiyatlarni
o‘zida mujassam etgan obrazdir. Muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoit, davr va muhitga
xos muhim xarakterli xususiyatlarni o‘zida namoyon etgan obraz esa tip deb
yuritiladi. Umumlashtirish darajasiga ko‘ra badiiy obrazning yana adabiy-madaniy
an’analar doirasida muayyan turg‘un shaklga aylanib, asardan asarga ko‘chib yurish
xususiyatiga ega bo‘lgan motiv, topos, arxetip deb yuritiluvchi ko‘rinishlari ham
ajratiladi. Motiv (motiv obraz) shakliy va mazmuniy jihatlardan muayyan turg‘unlik
kasb etgan, bir yoki bir necha ijodkorning asarlarida qaytarilib turishi bilan ularning
ijodiy intilishlarini namoyon etib turuvchi obrazdir. Mas., Cho‘lpon ijodi uchun
“yo‘l” obrazi motiv sanalishi mumkin. Chunki bu obraz uning ham she’riy, ham
nasriy asarlarida tez-tez takrorlanadi. Yoki “yulduz”, “yo‘lchi” motivlari XX asr 20
– 30-yillari she’riyatida, xususan, A.Fitrat, Cho‘lpon, Oybek va U.Nosir asarlarida
ko‘p uchraydi. Topos motivga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, u milliy
madaniyatda katta bir adabiy davr mobaynida takrorlanuvchi obraz sanaladi. O’zbek
mumtoz she’riyatidagi payg‘ambarlar obrazlari, gul va bulbul, sham va parvona kabi
takrorlanuvchi obrazlar topos sanalishi mumkin. Arxetip deganda esa inson
tafakkuri, ijodiy tasavvuriga xos bo‘lgan turg‘un “sxema”lar, konstruktsiyalar,
qoliplar tushunilib, ularning izlarini eng qadimgi davrlardan boshlab to hozirgi
adabiyotgacha ko‘rish mumkin bo‘ladi. Arxetip konstruktsiya va sxemalardan o‘ziga
xos “syujet va syujet holatlari” jamg‘armasi hosil bo‘ladiki, ular asardan asarga,
davrdan davrga ko‘chib yuradi. Mas., “bulbul – gul – chaqirtikanak”.
Yuqorida aytilganidek, badiiy obraz voqelikdagi narsa-hodisaning ijodiy qayta
ishlangan aksi, shunga ko‘ra, u o‘sha narsa-hodisani konkret his etiladigan tarzda
tasvirlaydi. Ayni chog‘da, tasvirlangan narsa muayyan mazmunni ifodalashga
xizmat qiladi. Demak, strukturasiga ko‘ra badiiy obraz tasvir va ifoda planlaridan
iborat ekan. Badiiy obrazning tasvir va ifoda planlari bir-biri bilan turlicha
munosabatda bo‘ladi, shundan kelib chiqqan holda, avtologik, metalogik va
superlogik obrazlar ajratiladi. Avtologik obrazda tasvir va ifoda planlari bir-biriga
mos tushadi (mas., chinor tasvirlangan va chinor nazarda tutilgan). Metalogik
obrazda tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa mos bo‘lmasa-da, ularda
ko‘chimlardagi kabi mushtarak nuqta bor (mas., chinor tasvirlanadi – sobitlik,
ulug‘vorlik kabilar nazarda tutiladi), superlogik obrazda esa tasvir bilan ifoda mos
emas, ularni bog‘lovchi mushtarak nuqta ham yo‘q: tasvir muayyan shartlilik asosida
va kontekst doirasidagina ko‘zlangan mazmunni ifodalaydi (chinor tasvirlanadi –
butun bir xalq nazarda tutiladi).
Demak, badiiy asarda obraz bir necha turli bo‘ladi:
1. Kishilar obrazi
2. Hayvonlar obrazi
3. Tabiat yoki osimliklar obrazi
4. Narsa-predmet obrazlari
Kishilar obrazlari badiiy asarda personaj, qahramon harakter tip kabi istilohlar
bilan ifodalanadi.
Personaj – asardagi har qanday ishtirokchi yoki nofaol ishtirokchi.
Qahramon – asarda faol qatnashuvchi personaj.
Xarakter – boshqa qahramonllardan fe’l-atvori, harakati oy hayollari bilan
farqlanadi. Ko‘pincha bosh qahramonlar bo‘lishi mumkin. Epik harakter-harakat
orqali shakllanadi. Asar boshidagi personaj oxirida mutlaqo boshqacha bo‘lish
mumkin.
Tip – so‘zi ayrim evropa tillarida, xususan, turk tilida ham obraz ma’nosida
qo‘llaniladi. Lekin sho‘ro adabiyotshunosligida ko‘proq umumlashtiruvchi
harakterga ega obrazlar nazarda tutiladi.
Obraz so‘zi XVII asrda Skoligerning “Poetika” sida qo‘llanilgan. XIX asrdan tip
so‘zi ishlatila boshlagan. O‘zbek adabiyotiga XIX asrda obraz atamasi kirib
kelgunga qadar timsol atamasi ishlatilgan. Obraz – ramz, simvol ma’nolariga
ajratiladi. Ilmiy adabiyotda obraz peysaj deyiladi. Agar tabiat manzarasi keltirilib,
unga qandaydir detal qo‘shilsa, u predmetli detal deyiladi. Obraz ifodalash
usullaridan biri portret. Masalan, “Mehrobdan chayon”da Ra’no gulining suvi
bobida tasvirini keltiradi.
Detall, detallash – ifodalashning yana bir usuli, biror predmet orqali qahramon
harakterini ochib berish. Masalan, “sinchalak”da raisning xotini bug‘i chiqib turgan
choynak olib keladi, stol ustida joy yo‘q, shunda u choynakni ishlab turgan televizor
ustiga qo‘yib chiqib ketadi. SHu detal bilan uning kimligini ko‘rsatadi.
An’anaviy obrazlar – badiiy, ayniqsa, mumtoz adabiyotdagi an’anaviy obraz
deyilganda, payg‘ambar, hukmdor, amaldor, avvaldan tanish bolgan asar
qahramonlari; gul, bulbul, tikon, lola singari o‘simliklar, may, qadah singari
predmetlar timsollari nazarda tutiladi.
Savol va topshiriqlar
1. Badiiy obraz haqida tushuncha bering, ta’riflashga harakat qiling.
2. Obrazlilik san’at va adabiyotning bosh xususiyati ekanini izohlang.
3. Obrazning umumiy turlari: kishilar obrazlari, hayvonlar, narsa-predmetlar
va tabiat obrazi (peyzaj)ni anglating.
4. Asarda kishilar obrazi va ularning ifodalanish: personaj, qahramon,
xarakter, tipxususida ma’lumot bering.
5. Tabiat, jonzod va o‘simliklar obrazlari qaysilar?
6. Majoziy obrazlar deganda nimani tishunasiz.
7. Narsa-predmetlar obrazi haqida ma’lumot bering.
8. Ramziy obrazlar deganda nimani tishunasiz.
9. Obrazlarning ifodaviyligi: portret, prototip, arxetipda aks etishini asoslang.