Badiiy tahlilda adabiy tanqidchi shaxsiyatining o‘rni
Yuklangan vaqt
2024-12-11
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
6
Faytl hajmi
22,8 KB
Badiiy tahlilda adabiy tanqidchi shaxsiyatining o‘rni
REJA:
1. Badiiy asar, badiiy tahlil, munaqqid
2. Badiiy asar tekshirishda uslubiy o’ziga xoslik
3. G‘oyaviylik va badiiylik muammosi
4. Adabiy tanqidchi qomusiy bilimga ega bolishi kerak.
5. Obyektiv yondashuv – eng to‘g‘ri yondashuv
Badiiy asar tahlili to‘laligi, aniqligi va chuqurligiga erishishda sinchi shaxsi hal
qiluvchi ahamiyatga ega. Bu yerda gap sinchi-adabiyotshunosning bilim darajasi,
kasbiy tayyorgarligi va intellektual salohiyati haqidagina emas, balki shaxsiyatiga
xos ma’naviy-axloqiy sifatlar to‘g‘risida hamdir. Ma’lumki, badiiy asar o‘zga bir
iste’dodli subyektning fikru tuyg‘ulari mahsuli. Demak, uni tuyish, tushunish
izohlashi kerak bo‘lgan shaxsdan, birinchi navbatda, o‘zgani to‘g‘ri anglay bilish
ko‘nikmasiga ega bo‘lish talab qilinadi. Bunday ko‘nikmaga esa faqat bilim-u mashq
natijasida erishib bo‘lmaydi. Bunga yetishmoq uchun kishi shaxsiyatida o‘ziga xos
yuksak ma’naviy sifatlar ham bo‘lishi taqozo etiladi. Ayni xususiyatlarga ega sinchi-
tahlilchining tadqiqotlari badiiy asar mohiyatini teran ochishga qaratilgan bo‘ladi.
Uslub badiiy ijod uchun qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lsa, adabiy asarni ilmiy
tekshirishda ham o‘shanchalik muhimdir. Uslubda hamisha ijrochi - subyekt
bo‘lmish shaxsga xos xususiyatlar aks etadi. Demak, adabiyotshunos - sinchining
individual xususiyatlari u qilgan tahlilda namoyon bo‘ladi. Badiiy tahlilni amalga
oshirishda har bir tahlilchi o‘ziga xos ifoda tarziga ilmiy masala qo‘yish va uni hal
etishning o‘zigagina maxsus yo‘siniga ega bo‘lishi lozim. Ayrim adabiyotshunoslar
oldin tekshirilayotgan asar yuzasidan muayyan savollar qo‘yib tahlil asnosida o‘sha
savollarga javob topishga urinsalar boshqalari o‘z fikrini mashhur mutafakkirlarning
qarashlariga tayangan holda isbotlashga harakat qilishadi.
Ba’zilari esa mavjud badiiy faktni o‘zga ilmiy-estetik dalillar bilan bilan
solishtirish, qiyoslash orqali tekshirilayotgan adabiy yaratiq to‘g‘risida muayyan
to‘xtamga kelishni ma’qul ko‘rishadi.
Bilim saviyasi baland, qarashlari xolis va teran, xulosalari takrorlanmas va
original chiqishi uchun sinchi o‘ta puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishi zarur.
Yetarlicha hozirlik ko‘rmay turib, biror adabiy yaratiq haqida original fikr aytish
mumkin emas. Adabiyotshunos-sinchi-tahlilchining po‘xta tayyorgarligi deganda
nima ko‘zda tutiladi? Sinchi adabiyotshunoslikdagi asosiy ilmiy yo‘nalishlar, badiiy
asarni tekshirish va talqin etishga doir yetakchi nazariy to‘xtamlar| bilan tanishib,
ulardagi muhim qarashlarni o‘zlashtirish va ularga tayangan holda har qanday badiiy
matn yuzasidv o‘z mustaqil fikrini ayta oladigan bo‘lishi kerak. Bunday mustaqil
qarash egasi bo‘lish uchun badiiy taxlilga qo‘l urgan mutaxassisdan atroflicha bilim
talab etiladi. Buning uchun filolog sobit ilmiy bilim va dunyoqarashdan tashqari ham
Kunbotishga mansub falsafiy-estetik maktablardagi asosiy oqimlardan, ham
Kunchiqishda qaror topgan ilmiy badiiy qarashlar tizimidan yaxshi xabardor bo‘lib,
o‘z ilmiy qarashlar tizimini shakllantirishi joiz.
Keyingi vaqtda o‘zbek adabiyotshunosligida fikr erkshiSh gi, badiiy matnga
yondashuv, tahlil va xulosa berish hurligi qaror topmokda. Hozirgi vaqtda badiiy
adabiyot davlat ishi bo‘lmagani kabi badiiy tahlil ham siyosiy yumush, mafkuraga
xizmat qilish yo‘li emas. Bu hol adabiy-estetik qarashlarpnj ilmiy jihatdan xolis,
erkin va ayni vaqtda, mantiqan asoslangan bo‘lishini talab qilmokda. Shuning uchun
ham milliy tahlilchilikda sof an’anaviy ilmiy-estetik hodisallr bilan birgalikda
shakliy va mundarijaviy jihatdap tamomila yangilik bo‘lgan ilmiy-adabiy tajribalar
ham paydo bo‘lmokda.
Estetik va badiiy plyuralizm sharoiti bu xil hodisalarni qabul qilish, tushunish va
tushuntirish imkonini berdi. Endilikda avval ko‘rilmagan badiiy tajribaga
dushmanlik bilan yondashish, uni mutlaqo qabul qilmaslik yoki muxolifat deb e’lon
qilish intellektual-estetik yovvoyilik ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ham
an’anaviy romanlar, she’rlar dramatik asarlarga bag‘ishlangan an’anaviy tadqiqotlar
bilan birgalikda hali ko‘rilmagan yo‘nalishdagi turli adabiy tajribalarning mahsuli
bo‘lmish badiiy matnlarning tadqiqiga bag‘ishlangan jiddiy yangicha ilmiy qarashlar
ham yueaga kelyapti. Unda estetik hodisalar tahlilchining nuqtai nazariga tayangan
holda baholanib, ularning milliy badiiyatga qo‘shgan hissasi tayin etiladi. Professor
D. Quronovning «Zavqimdan bir shingil» asari, I. G‘afurov, S. Meli, U Jo‘raqul, R.
Rahmat singari sinchilarning bir qator maqolalari ana shunday yangicha ilmiy-
tahliliy yondashuvning o‘ziga xos namunalaridir.
Ayrim tahlilchilar o‘z hulosalarini tipologik va komparavistik yondashuvlarga
tayanib chiqarayotirlar. Ular bunda o‘zbek adabiyotidagi ayrim badiiy asarlarni
milliy yoki qo‘shni adabiyotlarda mavjud bo‘lgan muvoziy estetik hodisalarga
solishtirgan holda o‘xshash va farkdi jihatlarini ko‘rsatish yo‘li bilan bunga
urinmoqdalar. Ikkinchi bir guruh tahdilchilar esa biror ijtimoiy qarashni maqsad
sifatida belgilab olib, tekshirilayotgan badiiy matnning ana pgu maqsadga kanchalik
xizmat qilish qilmasligini aniqlash orqali badiiy asarga baho berishga urinmoqdalar.
Yana shunday adabiyotshunoslar ham borki, ular tekshirilayotgan badiiy matnning
o‘zigagina tayangan holda asarning badiiy-estetik qimmatani ochish, shu orqali
uning milliy tafakkur taraqqiyotiga qushgan hissasini aniqlash yo‘lidan borishni
ma’qul ko‘radi.
Badiiy tahlilning sifati, uning badiiy-ilmiy ta’sirchanlik darajasi tahlilchining
shaxsiyati va kasbiy hozirligiga bog‘liqdir. Har qanday tahlilchi ham o‘z shaxsiyati
darajasida ish ko‘radi. Har bir sinchi o‘z shaxsiyati, e’tiqodi, estetik imkoniyatlari,
o‘qimishlilik darajasi, shaxsiy jasorati doirasida badiiy tahlilni amalga oshiradiki,
shularga tayanib turib, tahlilchining shaxsi badiiy taxlilning sifati va halolligini
belgilaydigan asosiy omil deb bemalol aytish mumkin. Atroflicha bilimdonlik badiiy
adabiyotga daxldor qarashlarning xolisligini ta’minshda hal qiluvchi ahamiyat kasb
etadi.
Ayni bir davrda yashagan, bir xil e’tiqodga amal qilgan holda badiiy didi, estetik
zavqi, iste’dodinig miqiyosi har xil bo‘lgan sinchi-adabiyotshunoslar ayni bir badiiy
hodisa to‘g‘risida tamomila qarama-qarshi fikrlarga kelishi mumkin va buni tabiiy
hol deb hisoblash lozim. Aytilganidek to‘lig‘icha individual mehnat samarasi
bo‘lmish badiiy asar mutlaqo individual tarzda qabul etiladi va istimolchiga ham
aynan ana shu yo‘sinda ta’sir qiladi. Binobarin, asarga berilgan ilmiy baho ham
sub’ektiv qarash maqomida bo‘ladi.
Har qanday ishda bo‘lganidek, adabiy asarni ilmiy tadqiq etishda ham taxlilga
asqotadigan muayyan texnik usullar majmuini egallash g‘oyat zarur va busiz kishida
badiiy butunlikni tekshirish mahoratini shakllantirib bo‘lmaydi. Badiiy matn bilan
ishlashning asosiy fundamental tamoyil va usullarini egallab olmay turib, malakali
ilmiy tahlilni amalga oshirib bo‘lmaydi.
Tahlil texnikasini egallash adabiyotshunos-sinchiga xatolarga yo‘l qo‘ymaslik,
badiiy butunlikni to‘liq anglash, to‘g‘ri va teran talqin qilish, asarning estetik o‘ziga
xosligini tushunib yetish kafolatini beradiki, millat darajasida badiiy asarni idrok
etish, tushunish va ilmiy izohlashning hozirgi holatida bu ancha yuqori natija
hisoblanldi. Lekin bu hali hammasi emas, balki badiiy asar bilan samarali
ishlashning boshlanishiginadir, xolos.
Ayrim adabiyotshunoslarning muayyan badiiy asar yuzasidan qilgan tahlili
boshqasinikiga qaraganda, qiziqarli, asosli, ishonarli va chuqur ekaniga sabab nima?
Badiiy tahlil tajribasida bunday hol har qadamda uchraydi.
Chamasi, bu o‘rinda ushlab ko‘rish, birovga ko‘rsatish va mantiq bilan izohlab
berish mumkin bo‘lmagan «X omili» namayon bo‘ladi. Ma’lumki X (iks) noma’lum
kattalikni anglatadi, badiiy tahlildagi asosiy noma’lumlik esa sinchi-tahlilchining
shaxsiyati va tabiatidagi o‘ziga xoslikdan iboratdir. Har qanday asarning ilmiy
talqini va badiiy tahlilida ana shu noma’lum kattalikning ko‘lami ishning sifatiga
katta ta’sir ko‘rsatadi. Badiiy asarni tahlil etishday, subyektiv yumushda
tadqiqotchining shaxsi hal qiluvchi o‘rin tutmasligi mumkin emas. Yana shu ham
ayonki, sinchining shaxsiyati qanchalik boy va o‘ziga xos bo‘lsa, u amalga oshirgan
badiiy tahlil ham shunchalik teran va qiziqarli bo‘ladi. Adabiyottanuvchining
tayyorgarlik darajasi bilan birgalikda uning shaxsiyatiga xos shunday qirralari borki,
u badiiy tahlilning puxtaligi, aniqligi va chuqurligiga bevosita ta’sir qiladi.
Birinchidan, sinchi tekshirilayotgan badiiy olamni ham real hayotiy dunyo bilan,
ham o‘zga badiiy olamlar bilan solishtira olish salohiyatiga ega bo‘lishi kerak.
Adabiyottanuvchining bilimi va hayotiy hamda badiiy tajribasi qanchalik katta
bo‘lsa, serqirra badiiy obrazning ko‘zga tashlanmaydigan tomonlari shuncha ko‘p
ochiladi. Qayta-qayta o‘qilgani sari ayrim badiiy asarlardan yangidan-yangi
ma’nolar topilishi mana shu holatni ma’lum darajada izohlaydi. Ya’ni badiiy nazari
o‘tkir, hayotiy tajribasi mo‘l va bilimli sinchi muayyan asarni tahlil qilganda, undagi
boshqalar topolmaydigan ko‘plab jihatlarni idrok eta va ilmiy izohlay biladi. Albatta,
sinchining yoshi yoxud tajribasi o‘z-o‘zidan badiiy asarni to‘la va teran tushunish
kafolatini bermaydi, balki badiiy materialni hissiy idrok etish shiddati,
tekshirilayotgan asarni yurak va tafakkurdan o‘tkazib tadqiq qilish miqdorining
yillar davomida ortib borishi tahlil saviyasining yuksalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Yashagan yillari miqdorini ruhiyatidagi kechinmalarning tig‘izligi va shiddati
koeffitsentiga ko‘paytirish orqali muayyan sinchining tahlilchilik iste’dodi haqida
bir qadar to‘g‘ri tasavvur hosil qilish mumkin. Bu degani yosh, boshlovchi sinchi
badiiy mazmunni teran anglay olmaydi, asarning jozibasini ochib berolmaydi
deganimi? Mutlaqo unday emas, zero, yoshlikning ham o‘z afzalliklari bor va ular
ancha salmoqli. Adabiyottanuvchi shaxsiyati yetukligini anglatuvchi ikkinchi jihat,
ya’ni asar bilan muloqotning samimiyligi va tabiiyligi aynan yoshlarda yorqinroq
ko‘rinadi. Bu to‘g‘rida G. Belinskiy o‘xshatib aytgan: «Shoirning ijod namunalarini
yurakdan o‘tkazish bu ularning butun boyligi va barcha teranligini tuyish, ularning
dardlari bilan og‘rib iztiroblarini kechirish, quvonchidan rohatlanish, tantanasidan
zavqqa to‘lish, umididan umidlanish demakdir. Muayyan vaqt davomida uning
mutlaq ta’siriga berilmay, uning ko‘zi bilan ko‘rishni, qulog‘i bilan eshitishni tili
bilan so‘ylashni suymay turib, shoirni tushunish mumkin emas».
Sinchi shaxsiyatini yuksaltiruvchi uchinchi sifat uni o‘z ustida tinimsiz ishlab,
tahliliy mahorat pichog‘i po‘latnida qirqadigan darajada keskir qilib qayray olishidan
iboratdir. Sinchining faqat kasb nuqtai nazaridangina emas, balki sof odamiylik
jihatidan ham tinimsiz kamolotga intilishi tahlilning sifatini oshirib, ilm fikrini
ko‘pchilikka ma’qul tushadigan qilishning muhim bir omilidir.
Nihoyat, sinchining tahliliga ilmiy salmoq, xolislik baxsh etuvchi to‘rtinchi omil
bu halollikdir. Adabiyottanuvchi har qanday badiiy asarni insof bilan halol o‘qiy
bilishi va baholay olishi kerak. Bu kechimda uni badiiy matnning mohiyati va badiiy
fazilatlari yoxud nuqsonlari borasidagi haq fikrni aytishdan na guruh manfaatlari, na
siyosiy vaziyat talabi, na obro‘li kimsalarning fikri to‘xtatib qololmasligi kerak.
Shunday adabiyottanuvchilar borki, ular asar tadqiqi kechimida o‘z shaxsi
qudrati, ichki sezgilari kuchi, ilhomiy holat quvvatiga ortiqcha mahliyo bo‘lib, tahlil
texnikasiga mensimay qaraydilar. Bunday sinchi-tahlilchilar tomonidan ko‘pincha
juda bilimdonlik bilan yozilgan, o‘z holicha yorqin, lekin tekshirilayotgan matn
mohiyatini ochishga deyarli aloqasi bo‘lmagan adabiy-tanqidiy ish yuzaga
keltiriladi. Bunday hollarda ilmiy tahlil muayyan asarning tadqiqi emas, balki
muallif aqidasining izhoriga aylanib, bosh vazifa - asarni tushunish va tuyish amalga
oshmay qolib ketadi. Bu va bunga o‘xshash holatlarda tekshirilishi kerak bo‘lgan
asar qanchalik bilimdon ekanliklarini ko‘rsatish bilan andarmon bo‘lgan
sinchilarning o‘ziga mahliyoliklari soyasida qolib ketadi. Bunday «tahlil»ning
samarasi qanchaligini tasavvur qilish mumkin. Ko‘rinadiki, badiiy matn bilan
samarali ishlash uchun intilish, qobiliyat, bi- limdonlikdan tashqari tahlil
texnikasidan xabardorlik ham muhim o‘rin tutar ekan.
Shunday qilib, adabiyottanuv ishida, badiiy butunlikning mazmuni va o‘rnini
ishonarli va ilmiy asosli tayin etish ish kechimida sinchining tahlil texnikasini
egallaganligi ham, adabiyotshunos shaxsiyatining butunligi ham birday ahamiyatga
ega ekan. Bu jihatlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan sinchigina badiiy yaratiqqa asosli va
halol baho bera ola- di, o‘zga ijodkorni tuyish, tushunish va izohlashday foydali
missiyani uddalay biladi. Shu tariqa turli davrlarda yashaydigan yurtdosh va
elatdoshlarining ma’naviy-badiiy va intellektual kamolotiga munosib ta’sir
ko‘rsatib, badiiy yaratiqni uning iste’molchisiga yaqinlashtira oladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Yo‘ldoshev Q., Yo‘ldosheva M. Badiiy tahlil asoslari. T., Kamalak. 20016.
2. Nazarov B., Qahramonov Q… O‘zbek adabiy tanqidi tarixi. T., Tafakkur
qanoti. 2012.
3. O‘zbek adabiy tanqidi. Antologiya. T., Sharq. 1911.
4. Yo‘ldoshev Q. So‘z yolqini. T., G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy
uyi. T., 2018.
5. D. Quronov. Mutolaa va idrok mashqlari. T., Yangi asr avlodi. 2015.