Badiiy tahlilni turlarga ajratishning ilmiy asoslari va xususiyatlari
Yuklangan vaqt
2024-12-11
Yuklab olishlar soni
3
Sahifalar soni
9
Faytl hajmi
21,6 KB
BADIIY TAHLIL TURLARI
REJA:
1. Badiiy tahlil tushunchasining mohiyati, mazmun-mundarijasi.
2. Badiiy tahlilni turlarga ajratishning ilmiy asoslari va xususiyatlari.
3. Badiiy tahlilning shakliga ko‘ra turlari va xillari.
4. Badiiy tahlilning maqsadiga ko’ra turlari.
5. Tahlil turlarining o’zaro mutanosibligi va aloqadorligi.
Tayanch tushunchalar:
Badiiy tahlil , Tahlil turlari , Tahlilni turlarga ajratish sabablari , Tahlilning yetakchi
belgilari , Ilmiy tahlil , O’quv tahlili , Talqin va tahlil.
Foydalaniladigan adabiyotlar ro’yxati
1. Adabiy tur va janrlar.Uch jildlik. – Toshkent: Fan, 1991- 1992 yil
2. Q. Yo‘ldoshev, M. Yo‘ldosheva. Badiiy tahlil asoslari. O‘quv qo‘llanma. T.
Kamalak. 2016.
3. Q. Yo’ldoshev. Yoniq so’z. – Toshkent:”Yangi asr avlodi”, 2006 yil
4.N. Ivanov. Osobennosti analiza xudajestvennogo proizvedenie.-M., 2001g.
5. U.Jo’raqulov.Hududsiz jilva. – Toshkend: Fan, 2006 yil.
Badiiy tahlil tushunchasi ko’p asrlar mobaynida o’z ta'rifiga ega bo’lmay
keldi. Tahlilga dastlabki ta'rif Ovrupo adabiyotshunosligida XIX asr ikkinchi
yarmidan berila boshlandi. Lekin Botishda badiiy tahlilni interpretatsiya (talqin)
tarzida tushunishga moyillik kuchli edi. Bunday yondashuv badiiy asarlardan
ko’proq ijtimoiy ma'no qidirishga olib kelardi. Adabiyotshunoslik ilmida hozirga
qadar badiiy tahlil nima, u qanday maqsadlarni ko’zda tutgan holda amalga
oshirilishi kerak degan savolga qat'iy javob berilgani yuq. Garchi, Botish filologlari
tomonidan "Hermenevtika", "Interpretatsiya" nomlari bilan katta-katta bir qator
kitoblar chop etilgan bo’lsa-da, tushunchaga aniq ta'rif berilgan emas. Har bir olim
badiiy asar tahlilini o‘zicha izohlaydi. Metodist olim B. Bobilev "Milliy oliy o’quv
yurtlarida badiiy matnni filologik tahlillashning nazariy asoslari" mavzuidagi
doktorlik dissertatsiyasida badiiy tahlilning maqsadini shunday tushuntiradi: "Badiiy
matnning filologik tahlilidan asosiy maqsad muallif obrazini idrok etishdir, unga
yetishishdir. Ayni shu holat badiiy matnni filologik tahlil qilishning asosiga
qo‘yilishi lozim". Mazkur qarash ko’p jihatdan, tahlilga oid xususiyatlarni qamrab
olgan. Darhaqiqat, kitobxon yoki tadqiqotchining muallifga yetishishi, uning
tajallisiga aylanishi adabiy asarni butun serqirraligi bilan anglab yetganligini
bildiradi. Badiiy asarni muallif darajasida idrok etish san'at namunasiga xos deyarli
barcha jihatlarni his etish, asar zamiridagi mantiqiy va badiiy ma'noni to’liq anglash
imkonini beradi. Adabiyotshunoslik uchun muallif darajasiga yetib, uning holatiga
tushib tahlil qilish badiiy asarni tushunishning oliy bosqichidir. Ayni vaqtda, badiiy
adabiyot namunalari orasida muallif istagidan tashqari ma'nolarni tashiydigan, uning
muljalidan ko’ra og‘irroq ijtimoiy-estetik "yuk"ni zimmasiga olgan, muallifning o’zi
kutmagan yoki bilmagan holda badiiy kashfiyotlarga aylangan ko’plab asarlar
borligiga adabiyot tarixi guvoh. Chunki muallif tasvirlagan badiiy manzara bilan
o’quvchi tomonidan idrok etilgan badiiy manzara hamisha ham bir xil
bo’lavermaydi. Ba'zan o’quvchi adib mutlaqo ko’zda tutmagan, xayoliga
keltirmagan, hatto muallifning qarashlariga zid, ammo o’quvchi tug‘ri deb
hisoblaydigan badiiy xulosaga kelinishi ham mumkin. Chunki hayotiy vaziyatning
o’zgarishi, ijtimoiy voqelikdagi yangicha holat ba'zan ijodkorning oddiy izhori
dilidan chuqur sotsial ma'no keltirib chiqaradi. Haqiqiy badiiy asarning umri uzun
va u faqat yaratilgan dam uchungina mansub bo’la olmaydi. Taniqli rus psixologi
L.S.Vigotskiyning: "San'atni ko’proq darajada kechikkan munosobat deyish
mumkin, negaki, uning dunyoga kelishi bilan ta'sir ko’rsata boshlashi o’rtasida
hamisha ozdir ko’pdir zamoniy oraliq bo’ladi",- degan fikri bunga dalil bo’la oladi.
Zamoniy oraliq o’quvchiga adabiy asardan o’zi yashayotgan zamonga muvofiq
xulosa chiqarish, asarning badiiy tizimidan ham davriga mos zavq ola bilish
imkonini beradi. Usmon Nosirning faxriya xarakteridagi iqrori shoir shaxsga
sig‘inish qurboni bo’lib ketganidan s‘ng mutlaqo o’zgacha ma'no kasb etdi,
san'atkorni bashoratchi maqomiga ko’tardi:
Ilhomimning vaqti yo‘q, selday keladi,
Jalloddek rahm etmay, dilni tiladi.
Ayondir bir kuni aylaydi xarob...
satrlari bitilgan fursatda shoir o’zining qatag‘on qurboni bo’lishini xayoliga ham
keltirmaganligi ayon. Shuning uchun ham bu satrlar Usmon Nosir uchun o’zgacha
ma'noga ega bo’lgan, ammo bugungi o’quvchi uchun tamomila bo’lakcha mazmun
tashiyajagi tushunarli. Shoir Mirtemirning"Betobligimda" she'ridagi:
Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Men uchun yig‘lasin, men yig‘lab bo’ldim.
misralari, aslida, bemor san'atkorning tushkun ruhiy holati ifodasi bo’lgan. Bugungi
o’quvchilarning
tushunchalari
tufayli,
mustamlaka
zanjirlaridan
qutulgan
zamondoshlarimizning dunyoqarashlari, didlari sababli esa adolatsiz zamondan
norozi isyonkorning nolasi darajasiga ko’tarilgan. Badiiy ijod tarixida
yuqoridagilardan ham ta'sirliroq misollarni juda ko’p keltirish mumkin. Bu holat
ko’rsatadiki, adabiy asarning badiiy tahlili uchun ijodkor obrazini idrok etish,
muallifning jilvasiga aylanish yagona asos sifatida qaralishi haqiqiy holatga unchalik
ham mos kelmas, badiiy asar tahlili mohiyatini tuligicha idrok qilish imkonini
bermas ekan. Tanishgan badiiy asardan xulosa chiqarish, uni tadqiq qilish tahlil
etuvchining saviyasi, didi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasi va boshqa bir qator
omillarga bog‘liq ekanligi ma'lum haqiqatdir. Rauf Parfi va unga izdosh bo’lgan
ijodkorlarning asarlari aksariyat o’zbek tanqidchilari tomonidan mutlaqo bir-biriga
zid tarzda tahlil etib kelinganligi, ularning har biri shoirlarning badiiy niyati,
san'atkorlik mahoratini o’zicha anglaganligi ham shuni ko’rsatadi. Badiiy tahlilni
asarning estetik unsurlarini qidiradigan faoliyat deb qaraydigan mutaxassislar ham
bor. Chunonchi, G.N.Taranosova nazarida: "..tahlil adabiy asarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri
va jun tushunish o‘rniga fikran ma'noli qism va unsurlarga bo’lib qabul etishni
ko’zda tutadigan ilmiy faoliyatdir". Bu xilda fikrlaydigan mutaxassislarning
qarashlarida asosli o‘rinlar juda ko’p.
Darhaqiqat, badiiy tahlilgina adabiy asarni jun, to’pori qabul etishdan, uni
hayot hodisasi bilan aralashtirib yuborishdan, "qahramonlarning keyingi taqdiri
nima bo’ladi, falonchi pistonchiga uylandimi?", "Falon asarlarning qahramonlari
hozir nima qilishmoqda?" singari asarning badiiy o’ziga xosligini, estetik hodisa
ekanini yo’qqa chiqaruvchi qarashlardan qutqaradi. Lekin masalaning boshqa
tomoni bor: Har qanday asl badiiy asar yaxlit poetik butunlik hisoblanadi va mazkur
yaxlitlikka daxl qilish uning jozibasini, sehrini yo’qqa chiqarishi aniq. G.Taranosova
ham asar tahlilining birinchi tamoyili unga yaxlit hodisa sifatida yondashish
ekanligini ta'kidlaydi. Lekin olimaning adabiy tahlil mohiyatini tushuntiruvchi
fikrida badiiy asarni "qismlar" va "unsurlar"ga ajratib o‘rganish asosiy tadbir
hisoblanadiki, bu hol amaliyotda uning qarashlariga zid keladi. Adabiyotshunoslar
J.Azizov va G. Usovalarining qalamiga mansub "Adabiy tahlil nazariyasi va
amaliyoti" risolasida " ..tahlil adabiy asarning badiiy mantig‘iga singishish maqsad
qilib qo’yilgan ilmiy izohdir" tarzida ta'rif beriladi. Badiiy tahlilning asl mantig‘ini
aks ettirish jihatidan J.Azizov hamda G.Usovalarning qarashlari haqiqatga yaqinroq.
Chindanda, "muallif obraziga yetishish" ham, "adabiy asarni fikran qism va
unsurlarga ajratish" ham o’z holicha badiiy tahlil mohiyatini aks ettira olmaydi.
Balki ular badiiy mantiqni kashf etish, unga yetishish yo’lidagi bosqichlardir. Biroq
yurtdosh olimlar juftligiga mansub mazkur xulosada ham, bizning nazarimizda,
kichik bir yoqlamalik borday. Chunonchi, unda hayotiy mantiqqa yetishish zarurligi
ko’zda tutilmaydi. To’gri, badiiy adabiyot uchun estetik mantiq birlamchi ahamiyat
kasb etadi, ammo bu holat asarlardan kelib chiqadigan hayotiy mantiqning
muhimligini aslo inkor etmaydi. Shuning uchun ham badiiy tahlil tushunchasini
xarakterlashda badiiy va hayotiy mantiq tushunchalari yonma yon qo’yilsa,
maqsadga muvofiq bo’ladi.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, badiiy asar tahlili tushunchasiga
quyidagicha ta'rif berish mumkin: Badiiy tahlil adabiy asarning hayotiy va badiiy
mantigi hamda estetik jozibasini anglashga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatdir. Adabiy
tahlilga ana shu tariqa ta'rif berilganda, hodisaga xos deyarli barcha asosiy
xususiyatlar qamrab olinadi deyish mumkin. Aslida "tahlil" atamasi arabcha bo’lib,
"halollash", "eritib yuborish", "murakkab butunni qismlarga ajratish"ma'nolarini
anglatadi. Ya'ni tahlil deyilganda, badiiy matnning ma'nosi va jozibasining halollab
berilishi, o’quvchiga begona bo’lgan matnni eritib, uning shuuriga joylashga
qaratilgan faoliyat ko’zda tutiladi. San'at asaridan kelib chiqadigan hayotiy ma'noni
topish, estetik unsurlarni kashf etish, o‘rganilayotgan asarning boshqa asarlardan
farqini aniqlash, muayyan millat yoki insoniyat estetik tafakkurini rivojlantirishga
qo’shgan hissasini ko‘rsatish g‘oyat muhim. Ayni vaqtda, badiiy zavq manbai
nimada ekanini, kitobxonni muayyan asardan ta'sirlanishga olib kelgan badiiy
omillar, ko’rkam so’zning mantiqiy tushunchalar doirasiga sig‘maydigan jozibasi
qayerdan kelib chiqayotganini aniqlash ham o’ta ahamiyatlidir.
Badiiy tahlil shakliga ko’ra ikki turga bo’linadi:1) og‘zaki;2) yozma.
Badiiy asar og‘zaki shaklda ham tahlil qilinadi. Lekin bunday tahlilga yozma
ravishda tayyorgarlik ko’rilsa, samaraliroq bo’ladi. Badiiy tahlil orasida yozma shakl
keng yoyilgan. Bu tahlil turi faqat aytilgan vaqt uchungina daxldor bo’lmay,
keyinchalik, katta zamonaviy oraliqlardan so’ng ham odamlarga ta'sir ko’rsatishi,
millat badiiy tafakkurini shakllantira olishi, ajdodlardan avlodlarga meros bo’lib
o‘tishi bilan xarakterlanadi.
Badiiy asar tahlilini undan kuzatilgan maqsadga ko‘ra:
1) ilmiy (filologik);
2) o’quv (didaktik) singari ikki turga bo’lish mumkin.
Filologik (ilmiy) tahlil adabiy asarning mantig‘i va estetik xosligini anglashga
yo‘naltirilgan kuchli hissiy-intellektual faoliyatdir. Ilmiy tahlilda badiiy asardan
chiqarilgan xulosalarning adabiyotshunoslik ilmi erishgan darajalarga muvofiq
kelishi talab etiladi. Tahlil jarayonida bildirilayotgan har bir fikr ham mantiqiy
tushunchalar, ham estetik qonuniyatlar bilan asoslangan bo’lishi lozimdir.
Shuningdek, ilmiy tahlilda o‘rganilayotgan asarning umummilliy adabiyotdagi o‘rni
va milliy tafakkur taraqqiyotiga ta'siri darajasi ko’rsatilishi ko’zda tutilishi kerak.
Filologik tahlil ommaboplikdan yuqoriroq turishini va har qanday adabiy hodisaga
mutaxassis nazari bilan qaralishini taqozo qiladi. Ilmiy tahlildagi asosiy narsa badiiy
asarning badiiyligini, ta'sirchanligini, jozibasini, sehrini ta'minlagan jihatlarni
ko’rsata bilishdir. Filologik tahlil ilmiy, estetik faoliyat natijasidir. U, asosan, bir
kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy tahlil bilan shug‘ullanayotgan mutaxasis
vaqt jihatidan ham, imkoniyat jihatidan ham cheklanmagan bo’ladi. Ilmiy tahlilni
amalga oshirayotgan kishi faqat o’zi belgilab olgan bosh maqsadga qarab intiladi.
O’quv tahlili estetik-pedagogik faoliyat bo’lib, o’quvchilarni barkamol shaxs sifatida
shakllantirish kabi pedagogik maqsadga erishish uchun amalga oshiriladi. O‘quv
tahlili mobaynida o’qituvchi asarni tanlash imkoniga ega emas. Tahlil etiladigan asar
muayyan vaqt davomidagina tekshirilishi, bu jarayonda o’quvchilarning yosh va
intellektual darajasiga muvofiqlashtirilishi lozim bo’ladi. Shu jihatdan didaktik tahlil
filologik tahlilga nisbatan murakkabroqdir. Adabiy asarni didaktik tahlil etish
jarayonida o’qituvchi va o’quvchi faoliyati quyidagi uch yunalishda uyushtirilishi
mumkin:
A) muallifga yoki matnga ergashib yoxud yalpi tahlil;
B) asardagi obrazlarga tayanib tahlil qilish;
V) o’quv tahlilini muammoli tarzda amalga oshirish.
Birinchi yo‘nalishda adabiyot o’qituvchisi faqat badiiy matnga suyanadi va matn
matnigini, uning tartibini aslo o’zgartirmagan holda asar zamiridagi ma'noning
jozibani u o’quvchilarga ko’rsata boradi. Bu usulni tekstual tahlil usuli deyish
mumkin va bunda o’qituvchi ko’proq faoliyat ko’rsatadi.
Ikkinchi yo‘nalishda o’qituvchining e'tibori asardagi personajlarga qaratiladi
va obrazlar ruhiyatini anglab borish jarayonida asarning badiiy ma'nosi
o’zlashtiriladi. Adibning san'atkorlik mahorati ham badiiy obrazlarning qanchalik
jonli va ta'sirchan ishlanganligini tahlillash asnosida ochib boriladi. Bu yunalishni
timsoli tahlil yo‘li deyish mumkin va bu yo‘nalishda o’quvchilarning ham anchagina
faol ishtirok etishlariga imkoniyat bo’ladi.
Uchinchi yo‘nalishda esa tahlil asosan o’quvchilar tomonidan olib borilishi
ko’zda tutiladi. O’qituvchi talabalar oldiga muammo qo’yadi va ularga bu
muammoni yechish yo‘llarini ko’rsatadi. Asar tahlili jarayonida o’quvchilar faqat
bilgan tushunchalaridangina foydalanib qolmay, bir qator yangi estetik-mantiqiy
tushunchalarni o’zlashtirib ham olishadi. Negaki, ular jamoa bo’lib ishlaydilar.
O‘zaro fikr almashadilar, bahslashadilar. Tabiiyki, bu jarayonda o’quvchilarning
ma'naviy olamida ham, aqliy dunyosida ham muayyan o’zgarishlar sodir bo’ladi.
O’quv tahlilning bu usuli muammoli tahlil deyiladi. Alohida ta'kidlash kerakki,
tahlilning aytilgan usullari bir-birini inkor qiluvchi alohida yo‘nalishlar emas.
Adabiy ta'lim amaliyotida tahlilning har uch usuli deyarli hamisha aralash, qorishiq
holda keladi. Tekstual tahlilni obrazlarga tayanmay turib amalga oshirib bo’lmaydi.
Muammoli tahlilni ham badiiy matnga asoslanmay bajarish mumkin emas. Har
qanday muammo matndan kelib chiqishi, har qanday mustaqil fikr ham matnning
sehru jozibasini ochishga xizmat qilishi joiz. Tekstual tahlilda matnning maromini
buzmaslik, muallif yurgan yo‘lga, u o‘rnatgan badiiy tartibga rioya qilish ustovor
bo’ladi, lekin tahlilning qolgan ikki turida ham badiiy matn asosiy o’rin tutadi. Shu
ma'noda, har qanday tahlil mohiyat e'tibori bilan tekstual tahlildir. Tekstual tahlil
ko’proq 6-7-sinf o’quvchilari bilan olib boriladigan mashg‘ulotlarda qo’llaniladi.
Ayniqsa, kichikroq hajmli nasriy asarlarni didaktik tahlil etishda bu usul juda qo’l
keladi. Ta'kidlash joizki, asar yuzasidan amalga oshiriladigan har qanday faoliyat
faqat matnga tayanishi, matndan kelib chiqishi, matnning jozibasini ochishga xizmat
qilishi lozim. Shuning uchun ham har qanday usulda o’quv tahlilini amalga
oshirishdan oldin, albatta, o’quvchilar badiiy matn bilan yaxshi tanish bo’lishlari
shart. Aks holda tahlildan kuzatilgan maqsadga erishib bo’lmaydi. Katta hajmli epik
asarlar ko’proq yo‘qori sinflarda o’rganiladi. Ularni o’rgatishda timsolli tahlil
usulidan foydalanish yaxshi samara beradi. Chunki o’rganiladigan asar hajman katta,
ajratilgan vaqt esa qisqa bo’lgani uchun ularni tekstual tahlil qilishning imkoni yo’q.
Bunday vaqtlarda asosiy e’tibor o’rganilayotgan asardagi obrazlarga qaratiladi.
Timsollarning ruhiyati, o’ylari, kechinmalari, xatti- harakatlari, sa'jiyalari ham
hayotiylik, ham badiiylik nuqtai nazaridan tahlil qilinadi va shu yo’sinda muallifning
badiiy mahorati namoyon etiladi. O’quvchilar timsollarni jonli odamlar, o’z
taqdiriga, o’ziga xos insoniy tabiatga ega tirik kishilar tarzida qabul qilishlariga
erishish kerak. Shundagina, bu timsollar tuygan tuyg‘ular o’quvchilarga ham yuqadi,
ta'sirlantiradi, binobarin, tarbiyalaydi. Shuningdek, badiiy timsollarning ijobiy va
salbiy guruhlarga ajratilishiga yo’l qo’ymaslik, har bir badiiy timsolning qarama-
qarshi tabiatli kishi nuqtai nazaridan qanday baholanishi mumkinligiga e'tibor
qaratilishi lozim. Atrofimizdagi odamlarni jo’ngina yaxshi va yomonga ajratish
noto’gri bo’lganidek, badiiy timsollarni ham ijobiy va salbiyga ajratib tashlash to’gri
emasligini o’quvchilar ongiga quyi sinflardanoq singdirib borish zarur. Olam
cheksiz va o’ta murakkab bo’lgani kabi, odam ham g‘oyat murakkab va tabiatning
qirralari adadsiz tovlanishlarga ega bo’lgan mavjudotdir. Shuning uchun ham
murakkab insonning timsolini qandaydir tavsifiy qolipga tushirib qo‘yish uning
qiyofasini nursizlantiradi. Hayotdagi har bir alohida odam to‘liq yechimi hech
qachon topilmaydigan muammodir. Badiiy adabiyot ana shu adoqsiz muammoning
qirralarini butun murakkabligi, jilvalari, soyalari va tovlanishlari bilan tasvir etish
orqali u o’quvchini o’zgani his etishga, begona kishining dardini anglashga
odatlantiradi. Timsoliy tahlil natijasida har bir o’quvchida tabiati, yo‘nalishi va
qiziqishlari xarakteriga qarab, bola ruhiyatida muayyan sifatlar hosil qilinadi.
Qandaydir shaxslik fazilatlari shakllantiriladi. Adabiy asarni muammoli tahlil qilish
yo‘li milliy metodika ilmida juda kam o’rganilgan bo‘lib, adabiy ta'lim amaliyotida
ham uning qo’llanilish doirasi ancha tor. Bu usulning nazariy jihatlari ishlab
chiqilmaganligi uchun ham adabiyot o’qituvchilarining ko’pchiligi uni qay yusinda
tadbiq etishni bilishmaydi. Ayrim novator, o’z ustida ishlaydigan va izlanadigan
o’qituvchilargina muammoli usul bilan badiiy tahlil qilishga qo’l uradilar. Badiiy
asar muammoli tahlil etilganda, o’quvchilarning fikri chegara bilmaydi, xayoloti
erkin parvoz qiladi, badiiy va hayotiy muammoni o’z tushunchasi hamda tajribasidan
kelib chiqib hal etishga urinadi. O’quvchilar puxta muammoli tahlil qila olishlari
uchun badiiy matn bilan yaxshi tanishibgina qolmay, uni to’liq hazm qilgan
bo’lishlari ham kerak. Chunki o’zlashtirilgan fikr fikr uygotadi, singdirilgan hissiyot
tuyg‘u qo’zgatadi.
Muammoli usul bilan tahlil etishda o’quvchilarni shunchaki bahsga tortish
kerak emas, balki ularning butun kuchi badiiy matnning mag‘zini ochishga
yo‘naltirilgan bo’lishi lozim. Muammoli tahlil samara berishi uchun matnga
o’quvchilar hayotiy tajribalari va egallagan bilimlari darajasidan kelib chiqib erkin
yondasha olishlari zarur. Misol uchun, Sofoklning "Shoh Edip" asari o‘rganiladi.
Agar mazkur asar muammoli yo’l bilan tahlil etiladigan bo’lsa, o’qituvchi bolalar
oldiga: "Edip aybdormi yoki gunohkor?" tarzida savol qo’yish va o’quvchilardan o’z
fikrlarini badiiy matnga tayangan holda asoslashlarini talab etishi mumkin. Gunoh,
gunohkorlik, ayb, aybdorlik, qismat, unga ishonish, kibr, inson ma'naviyati singari
tushunchalar atrofida fikr yuritish jarayonida o’quvchilar Edip shaxsining ulkan
fojiasini yaqindan bevosita his etadilar. O’zlarining hayotiy va ma'naviy-axloqiy
tajribalaridan kelib chiqib Edip va atrofidagilarning xatti harakatlariga baho
beradilar.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1. Badiiy tahlilning shakl va mazmuniga ko’ra turlari haqida ma’lumot.
2. Asarning ogzaki va yozma tahlili orasidagi tafovud qanday?
3. Muammoli tahlilning ahamyati to’grisida fikr yuriting?
4. Sharq va Garb tahlil san’atlari aro farq hamda uyg‘unlik nimada?
5. Filologik va didaktik tahlil mazmunini tushuntiring?