BOSHQARISHNING TASHKILIY STRUKTURALARI
Reja
4.1. Boshqarish strukturasining mazmuni
4.2. Boshqarish strukturalarining tashkiliy turlari
4.3. Boshqarish strukturasini qayta tashkil qilish usullari, shakllari va yo’llari
4.4. Bozor munosabatlariga o’tish jarayonida vujudga kelgan yangi tipdagi korxona,
firmalarning mohiyati va mazmuni
Tayanch iboralar
Struktura. Ishlab chiqarish strukturasi. Boshqarish bo’gini. Boshqaruv tashkiliy
strukturasi. Chiziqli struktura. Funktsional struktura. CHiziqli shatabli struktura.
CHiziqli funktsional struktura. Norasmiy aloqalar. Korxona. Firma. Konglomerat.
Venchur.
4.1. Boshqarish strukturasining mazmuni
"Struktura" - lotincha so’z bo’lib, narsalar tarkibiy qismlarining o’zaro bog’liq,
ravishda joylashishi, tuzilishini bildiradi.
Boshqarish strukturasi deganda boshqaruv maqsadlarini amalga oshiruvchi va
funktsiyalarni bajaruvchi bir-biri bilan bog’langan turli boshqaruv organlari va
bo’g’inlarining majmui tushuniladi. Boshqarishning u yoki bu vazifalarini hal qilish
uchun muayyan organlar tuziladi. Boshqarish organlari tizimi, quyi organlarning
yuqori organlarga bo’ysunishi va ular o’rtasidagi o’zaro aloqa boshqarish strukturasi
tushunchasini tashkil qiladi. Bunday struktura odatda "boshqaruv apparati
strukturasi" deb yuritiladi. U biron-bir boshqaruv organining (vazirlikning
boshqaruv apparati, korxonaning boshqaruv apparati va h.k) bo’limlari tarkibini
bildiradi.
Boshqarish strukturasi ishlab chiqarish strukturasi bilan ham ifodalanadi. Bunda
boshqarishni tashkil etishning dastlabki va belgilovchi omili ishlab chiqarish
jarayoni bo’lib hisoblanadi. U o’zaro bog’langan asosiy, yordamchi va xizmat
ko’rsatuvchi jarayonlardan iborat bo’lib, bu jarayonlar bo’limlar va xodimlar
o’rtasida mehnat taqsimotini talab qiladi. SHu maqsadda ishlab chiqarish bo’limlari
va ularga xos bo’lgan boshqaruv apparati tuziladi.
Bo’linmalar yig’indisi, ularning tarkibi va o’zaro aloqa shakllari korxonalarning
ishlab chiqarish strukturasini tashkil etadi. Har bir korxona o’ziga xos ishlab
chiqarish strukturasiga egadir.
SHunday qilib, boshqarishning maqsadlari, funktsiyalari, vazifalari, ob’ektlari va
organlari uning tashkiliy strukturasini belgilab beradi.
Tashkiliy strukturalarni hosil qiladigan boshqarish organlari boshqaruv bo’g’inlari
va boshqaruv bosqichlari shaklida bo’ladi.
Boshqarish bo’g’ini - bu boshqarishning ayrim yoki qator funktsiyalarini bajaruvchi
mustaqil strukturasi bo’limlaridir. Bu bo’limlar o’rtasidagi bog’lanish va aloqalar
gorizontal harakterga ega: Vazirlik, birlashma, korxona, tsex, uchastka.
Boshqarish bosqichlari bir boshqarish bo’g’inining ikkinchisiga, odatda, quyi
bo’g’inning yuqori bo’g’inga izchillik bilan bo’ysinishini ko’rsatadi. Bu vertikal
bo’yicha bo’linishdir.
Barcha bo’g’in va bosqichlarning tarkibi va ularning o’zaro bo’ysunish tartibi, har
bir boshqaruv organi va bo’g’inning huquq va burchlari, shuningdek, ular o’rtasidagi
munosabatlar tartibi, axborot kabi boshqarishning tashkiliy unsurlari boshqarish
tizimini tashkil qiladi.
Boshqarish tizimi turli miqyoslarga ega bo’lishi mumkin. CHunonchi:
butun xalq xo’jaligini (tarmoklarni va mamlakat tumanlarini) boshqarish;
har bir tarmoq va tuman tasarrufidagi korxonalarni boshqarish;
korxonalar ichidagi bo’limlarni (tsexlar, uchastkalar va xokazolarni) boshqarish.
O’z navbatida, butun xalq xo’jaligini boshqarish ham uni "tarmoq", "birlashma" va
"korxona" darajalaridagi iyerarxik bosqichlar miqyosida amalga oshiriladi.
Boshqarish strukturasi boshqarish apparatining operativ ishlashini ta’minlashi
lozim. Bu faoliyat joriy vazifalarni o’z vaqtida va mohirlik bilan tez hal etishda
namoyon bo’ladi. Bunga ishlab chiqarishning miqyosi, murakkabligi, boshqarish
ob’ektlarining joylashuvi ham ta’sir ko’rsatadi. Shunday qilib, boshqarish
strukturasi qanchalik mukammal bo’lsa, ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir o’tkazish
shunchalik samarali amalga oshiriladi.
4.2. Boshqarish strukturalarining tashkiliy turlari
Boshqarishning quyidagi asosiy tashkiliy strukturalari mavjud:
CHiziqli struktura;
CHiziqli-shtabli struktura;
Funktsional struktura;
CHiziqli-funktsional struktura;
Dasturli-maqsadli struktura;
Har bir strukturada rasmiy va norasmiy aloqalar mavjud. Rasmiy aloqalar, avvalo
vertikal aloqalardir. Ular rahbarlik va bo’sunish turlariga ko’ra bir-biridan farq
qiladi.
Agar rahbarlik to’laqonli bo’lib, quyi organ quyi faoliyatga doir barcha masalalarga
daxldor bo’lsa, bunday aloqa chiziqli rasmiy aloqa deb ataladi.
Agar rahbarlik cheklangan bo’lib, quyi organ quyi faoliyatga doir o’zining
masalalariga daxldor bo’lsa, bunday aloqa funktsional vazifaviy rasmiy aloqa deb
ataladi.
Organlar o’rtasidagi vertikal aloqadan tashqari gorizontal aloqalar ham mavjud
bo’lib, ular muvofiqlashtirish, uyg’unlashtirish va hamkorlik qilish tarzidagi
aloqalardir.
Boshqaruv strukturasida asosiy o’rinni hokimiyatga tayanadigan rasmiy aloqalar
egallaydi. Lekin norasmiy aloqalar muhimdir. Ba’zan ular tashkilotning ishini
yo’lga qo’yishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi.
Norasmiy aloqalar turli xilda bo’lishi mumkin. Bular jumlasiga korxonadagi
qarindoshlik aloqalari, unda tarkib topgan umumiy manfaatlar, masalan, kasblar,
qiziqishlar, sport bilan shug’ullanish yoki do’stona munosabatlar, birga o’qiganlik
va boshqalar kiradi.
Norasmiy aloqalar ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak. CHunki:
norasmiy aloqalar rasmiy strukturaning barcha bo’g’inlari bilan kesishadi; qator
munosabatlar ishdan tashqarida paydo bo’ladi va korxonaning barcha ishiga ta’sir
ko’rsatadi;
norasmiy tizim o’zining ko’pgina ko’rsatkichlari bo’yicha korxona faoliyatining
samarali tashkil qilishga imkon beradi.
Ammo norasmiy aloqalarning salbiy jihatlari ham yo’q emas. ehtiyotkorlik, sezgirlik
yo’q bo’lgan joyda guruhbozlik, mahalliychilik, qarindosh-urug’chilik va shunga
o’xshash ko’rinishlarning sodir bo’lishi hech gap emas.
Har bir rahbar o’ziga ishonib topshirilgan bo’linma faoliyatini yakkaboshchilik
asosida boshqaradi va barcha zarur qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi.
Bo’ysunuvchi xodimlar faqat o’zlarining bevosita rahbarlarining farmoyishlarini
bajaradilar. YUqori turuvchi rahbar xodimlarga ularning bevosita boshlig’ini
"chetlab" murojaat qilmasligi kerak. Masalan, korxona direktori tsex boshlig’ini
chetlab masterga buyruq bermasligi kerak. SHu tariqa rahbarlikning vertikal liniyasi
va bo’ysunuvchilarga ta’sir ko’rsatishning to’g’ridan-to’g’ri yo’li ochiladi.
CHiziqli stukturaning o’ziga xos ijobiy tomonlari va kamchiliklari bor.
Ijobiy tomonlari:
bunday struktura bir-biriga zid, chalkash topshiriqlar berilish hollarini kamaytiradi;
yakkaboshchilikni va shaxsiy javobgarlikni mustahkamlaydi;
bu struktura oddiy, puxta va tejamlidir;
bosqichlar soni kam bo’lganda boshqariluvchi ob’ekt ishiga kam kishi aralashadi;
vazifalar tezkor hal etiladi butun tizim samarali ishlaydi;
xodimlar faqat o’z rahbariga hisobot beradilar, natijada ijrochilik va intizom
darajasi ancha oshadi.
Salbiy tomonlari:
bunday struktura oddiy, barqaror masalalarni echishga mo’ljallanganligi sababli
uning doirasida kompleks masalalarni hal qilish ancha qiyin kechadi, bunday
sharoitda rahbarlar ko’proq tezkor ishlar bilan band bo’lib, strategik kompleks
muammolarni e’tibordan chetda qoldiradilar.
bunday boshqarishda teng huquqli struktura birliklari negizida gorizontal bog’lanish
bo’lmaydi, bunday boshqarish sharoitida buyruqbozlik va rasmiyatchilikning paydo
bo’lish xavfi kuchli chunki, strukturaning har bir bo’g’inida rahbar o’z lavozimi
bo’yicha farmoyish berish uchun barcha huquqlarga ega bo’ladi.
CHiziqli-shtabli struktura har bir rahbar huzurida ixtisoslashgan xizmatlar,
maslahatchilar kengashi, ya’ni shtablar tuzish orqali tashkil etiladi. Bu struktura
quyidagi ko’rinishga ega:
Maslahatchilar, referentlar, yuridik xizmat bo’limi va boshqaruvchi.
Marketing tadqiqoti bo’yicha marketologlar guruhi, mehnatni muhofaza qilish
xizmati, audit guruhi va boshqaruv.
SHtablarning vazifasi har xil muammolarni o’rganish orqali rahbarga qaror qabul
qilishda yordam berishdan iborat. Bunday shtablarga ehtiyojning paydo bo’lishiga
asosiy sabab - bu tashkilotlardagi funktsiyalarning murakkablashuvidir. Bu erda
mehnat taqsimoti ikki turdagi maqsad va vazifalar bilan belgilanadi.
CHiziqli rahbarlar korxonaning bosh maqsadiga erishish yo’lidagi birlamchi
vazifalarning bajarilishiga javobgar bo’lsalar, shtabdagilar esa birlamchi vazifalarga
tobe bo’lgan ikkilamchi vazifalarning bajarilishiga javobgardirlar. Ular maslahat
berish funktsiyasini bajaradilar. CHiziqli rahbarlarning asosiy vazifasi taklif etilgan
ijobiy va salbiy maslahatlar ichidan maqsadga muvofig’ini aniqlash va uni uzil-kesil
qabul qilishdan iborat.
SHtablarning tashkil qilinishi va bunday yordamchilarga ega bo’lgani uchun
korxona faoliyatini boshqarish bir tomondan engillashadi, boshqa tomondan esa
berilgan maslahatlar qarama-qarshi bo’lganligi sababli murakkablashadi.
SHunday hollarda har ikkala tomon o’zinikini ma’qullashga, o’z obro’larini
saqlashga harakat qiladi. Natijada o’rtada nizo chiqadi.
Bu strukturaning afzalligi shundan iboratki, chiziqli rahbarlar o’z diqqatlarini ilmiy-
tadqiqot ishlarga emas, balki asosan, korxonaning joriy faoliyatiga qaratadilar.
Kamchiligi esa boshqaruv tizimida ortiqcha bo’g’inlarning paydo bo’lishi,
boshqarish tezkorligining susayishi, boshqarish harajatlarining o’sishidadir.
CHiziqli-shtabli strukturadan farqli o’laroq boshqaruvning funktsional strukturasi
rahbarlar va struktura bo’g’inlarining boshqaruv faoliyatini ixtisoslashtirishga
qaratilgandir. Bunda har bir boshqaruv bo’g’iniga muayyan funktsiyalar biriktirib
qo’yiladi. Masalan, biri marketingni, ikkinchisi ishlab chiqarishni, uchinchisi esa
moliyani boshqarish bilan shug’ullanadi.
Boshqarish apparatini funktsional ixtisoslashtirish uning samaradorligini ancha
oshiradi. Boshqarishning barcha funktsiyalarini bajarishi lozim bo’lgan universal
rahbarlar o’rniga o’z sohasini puxta biladigan, o’z shtatiga ega bo’lgan, o’ziga
topshirilgan ish uchastkasi uchun javob beradigan mutaxassislar apparati paydo
bo’ladi.
Albatta, funktsional xizmatlar rahbarlari va mutaxassislari:
o’z sohasini chuqur va puxta biladigan;
jarayonlar va hodisalarni tahlil qilish va baholash qobiliyatiga ega bo’lgan;
o’z xulosa va tavsiyalarini himoya qila oladigan;
chiziqli struktura rahbarlarini shu tavsiyalarni amalga oshirish maqsadga
muvofiqligiga ishontira oladigan kishilar bo’lishi kerak.
Funktsional bo’linmalar bevosita barcha quyi struktura bo’linmalarining faoliyatini
boshqaradi. Funktsional boshqarish u yoki bu funktsiya vakolatiga taalluqli tor
doiradagi masalalar bo’yicha quyi bosqich organlari va bo’linmalari faoliyatiga
rahbarlikni ta’minlaydi. Masalan, korxonaning reja bo’limi tsexlarning reja
byurolariga rahbarlik qiladi.
Bunda ham funktsional bo’limlar rahbarlarining vertikal bo’yicha iyerarxiyasi va
bo’ysunishi mavjud. Ammo chiziqli strukturadan farqli o’laroq bunday bo’ysinish
ma’muriy emas, balki sof uslubiy maslahatli bo’ysinishdir. Funktsional struktura
ham o’zining ijobiy va salbiy tomonlariga ega.
Salbiy tomonlari: bunda boshqaruv faoliyati chuqur ixtisoslashadi. Bu esa
boshqaruv samaradorligining, kasb mahorati darajasining o’sishini ta’minlaydi,
funktsional sohada muvofiqlashtirish ishini yaxshilashga erishiladi. Xizmatchilar
bunga yaxshi va tez ko’nikma hosil qiladilar, moddiy harajatlarni kamaytiradi va
boshqarishdagi takrorlanishlarga chek qo’yadi va hokazo.
Ijobiy tomonlari: Funktsional organlar o’ziga topshirilgan funktsiyalarni sifatli
bajarishdan manfaatdor bo’lib, "begona" funktsiyalar uchun ham, butun
korxonaning umumiy faoliyati uchun ham javob bermaydi. Bunda har bir rahbar
o’z funktsiyalari bo’yicha farmoyish berish huquqiga ega bo’ladi. Binobarin, bu
narsa: yakkaboshchilik tamoyillarining buzilishiga, ijrochilar mas’uliyatining
susayishiga olib keladi, chunki ijrochi bir boshliqqa emas, bir necha boshliqqa
bo’ysinadi, ko’pincha ulardan bir-biriga zid ko’rsatmalar oladi.
Funktsional strukturadagi qayd qilingan kamchiliklar, ya’ni:
funktsional bo’limlar ishlashlarini muvofiqlashtirish darajasining yuqori emasligi;
rahbarlar vazifalari va huquqlarining etarli darajada muvofiqlashmaganligi;
ishning pirovard natijalari uchun aniq va mas’ul xodimlarning yo’qligi;
funktsional bo’linmalar o’rtasida ish yuzasidan nizolarning mavjudligi;
boshqaruv apparatida ishga turalarcha munosabatda bo’lish hollarining mavjudligi
kabilarni bartaraf etish uchun chiziqli-funktsional (aralash) turdagi boshqaruv
strukturasi tuziladi.
CHiziqli-funktsional boshqaruv strukturasida asosiy boshqaruv chiziqli boshqaruv
bo’lib hisoblanadi. Barcha boshqaruv bosqichlari va mustaqil uchastkalar o’z
rahbariga ega bo’ladi. Rahbar ishlab chiqarish xo’jalik faoliyatini yakkaboshchilik
asosida boshqarish huquqiga ega bo’ladi va faoliyat natijalari uchun to’la javobgar
hisoblanadi.
Boshqaruvning chiziqli struktura sharoitida ishlaydigan rahbarlarga malakali
yordam ko’rsatish uchun funktsional va idoraviy tashkilotlar tashkil etiladi va bu
tashkilotlarning vazifasi boshqaruv qarorlarini tayyorlash va rahbarlarga malakali
yordam berishdan iborat.
Hozirgi zamon korxonalari faoliyatidagi ko’pgina muammolarni hal etish gorizontal
bo’yicha kelishib olishni va muvofiqlashni talab etadi.
Bularni mazmun va muddatlariga ko’ra kelishib olish, ishlab chiqarishning ko’pgina
unsurlarini tutashtirish ishlarini turli xizmatlar bajaradi. Goho funktsional xizmatlar
o’rtasidagi bu gorizontal aloqalar juda cho’zilib ketadi, baxs va nizolar bilan amalga
oshiriladi. CHiziqli struktura rahbari esa ko’p sonli bo’linmalar ishini
muvofiqlashtirishga juda qiynaladi.
Bu muammolarni yangi tashkiliy boshqaruv strukturalarini tuzish yo’li bilan,
aniqrog’i, chiziqli-funktsional boshqaruv strukturalariga tuzatishlar kiritish yo’li
bilan hal etiladi. Bunday struktura dasturli-maqsadli struktura deb ataladi. Bunday
struktura quyidagi uch ko’rinshda bo’ladi:
loyiha bo’yicha boshqaruv;
mahsulotga ko’ra boshqaruv;
matritsaviy struktura.
Loyiha bo’icha boshqaruvdan yangi texnika va texnologiyani qisqa muddatda joriy
qilish zaruriyati tug’ilgan hollarda foydalaniladi. Bunda vaqtinchalik maxsus xizmat
bo’limi tuzilib, unga resurslar beriladi. Bu bo’lim loyiha tayyorlaydi va uning ijro
etilishini nazorat qiladi.
Mahsulotga ko’ra boshqaruvning afzalligi axborotlarning kelish yo’llari va
oqimining qisqarishida, yakka boshchilik tamoyiliga to’la rioya qilinishida,
boshqarishning yuqori bosqichlarini mayda joriy vazifalardan xalos qilishda
namoyon bo’ladi. Bunday struktura bozorda talabning o’zgarishiga tezkor
munosabat bildirishga qodir.
Matritsaviy struktura bo’yicha boshqarish ancha murakkab bo’lib, u mahsuloti
nisbatan qisqa "umr" ko’radigan va tez-tez o’zgarib turadigan korxonalar tomonidan
qo’llaniladi. Bu struktura korxonada gorizontal aloqalarni yo’lga qo’yishga va ularni
murakkab buyurtmalarni bajaruvchi turli xil korxonalar faoliyati bilan kompyuterlar
yordamida bog’lashga, texnika sohasida yuqori malakali xizmat ko’rsatishga va
ekspertizani ta’minlashga qaratilgan.
Ushbu strukturani "To’r" ko’rinishida tasavvur etish mumkin. U ikki turdagi
strukturaning, ya’ni:
- funktsional struktura;
- mahsulot bo’yicha strukturalar kombinatsiyasini ifodalaydi.
4.3. Boshqarish strukturasini qayta tashkil qilish usullari, shakllari va yo’llari
G’arb adabiyotlarida "strukturani takomillashtirish" iborasi umuman qo’llanilmaydi.
Uning o’rniga:
"strukturaga o’zgartirish" kiritish;
strukturani almashtirish;
strukturani tanlash;
strukturani integratsiyalash kabi iboralar ishlatiladi.
Strukturaga o’zgartirish kiritish va uni almashtirish - bu jahon amaliyotidagi doimiy
jarayon bo’lib, har qanday tashkilotda menejer faoliyatini ifodalovchi asosiy
ko’rsatkichlardan hisoblanadi. Bunday o’zgarishlarning bosh omili - bu ilmiy-
texnika taraqqiyoti va kuchli raqobatdir. AQSH firmalarida, G’arbiy evropa va
rivojlangan SHarq davlatlarida boshqaruv strukturasi o’rtacha har 3-5 yilda
almashtirilib turiladi.
Boshqaruv strukturasini takomillashtirish yo’llari:
1. Amaldagi strukturani soddalashtirish usuli
Boshqaruv bo’g’inlari sonini qisqartirish va boshqaruvning quyi bo’g’iniga huquq
va vakolatni ko’prok berish (demarkazlashuv). Bunday usul inqilobiy usullar
qatoriga kiradi.
SHtablar yoki ulardagi xodimlar sonini kamaytirish, matritsali strukturadan chiziqli
funktsional strukturaga o’tish boshqaruvchilar sonini har 3-7 kishiga bitta rahbar
emas, balki 10-12 kishiga bitta rahbar to’g’ri kelishiga erishish lozim, ya’ni
boshqaruv normasiga erishishga intilish kerak.
2. Mexanik tarzda tashkil etilgan strukturani ko’nikma hosil qilingan struktura bilan
almashtirish.
Mexanik tarzda tashkil etilgan strukturaga quyidagi salbiy tomonlar xos: gorizontal
tabaqalanishdagi keskinlik iyerarxik aloqalardagi qat’iylik me’yorlashtirilgan
mas’uliyat yuqori darajadagi rasmiyatchilik qarorlar qabul qilinishidagi o’ta
markazlashuv va unda ko’pchilik boshqaruvchilarning qatnasha olmasligi.
Bu strukturani ko’nikma hosil qilingan, sinovdan o’tib o’zini oqlagan struktura bilan
almashtirish ma’quldir.
3. Mexanik tarzda tashkil etilgan struktura ichida turli shakllardagi uzviy strukturani
tashkil qilish.
Bu degan so’z korxona tarkibiga:
venchur va innovatsiya, ya’ni "biznesga tavakkalchilik "bo’limlari
biznes-markazlar
ekspert guruhlari
ishchi, brigadalar guruhlarini tashkil qilishni bildiradi.
Venchur va innovatsiya bo’limlaridagi tadbirkorlar yangi texnologiya uchun
o’zlarining kapitalini yoki olgan qarz mablag’larini tavakkal qiladilar. "Venchur"
iborasi tadbirkor, rahbar yoki menejerning tavakkalchilikdagi:
uddaburonligi, epchilligi
serharakatliligini
quntli, matonatliligini
dadilligi, jasoratliligini
jo’shqin, biznesga berilib ketishini bildiradi.
4. Konglomerat, modulli va "atomistik" strukturani barpo etish.
"Konglomerat" - bu turli strukturalarni birgalikda qo’shib olib borilishini anglatadi.
Bunday strukturani yirik korporatsiyalarda, ya’ni chiziqli, funktsional, dasturli
maqsadli strukturalarning birgalikda amal qilishida ko’rishimiz mumkin.
Axborot inqilobi byurokratiyaga bolta uruvchi modulli strukturaning, to’g’ridan-
to’g’ri ma’muriy buysunuvchanlikka chek qo’yuvchi "atomistik" strukturalarning
tashkil topishini taqozo etadi.
4.4. Bozor munosabatlariga o’tish jarayonida vujudga kelgan yangi tipdagi
korxona, firmalarning mohiyati va mazmuni
Korxona - bu har qanday iqtisodiy tizimda asosiy va birlamchi bo’g’in bo’lib
hisoblanadi. Korxona to’g’risidagi qonunda korxona yuridik shaxs huquqlariga ega
bo’lgan xo’jalik sub’ekti bo’lib, o’ziga tegishli yoki to’liq xo’jalik hisobidagi
mulkdan foydalanish asosida mahsulot ishlab chiqaradi, sotadi yoki almashadi,
ishlar bajaradi, xizmatlar ko’rsatadi, deb ta’kidlangan.
Ular o’z faoliyatlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda o’zaro raqobat va
mulkchilikning barcha shakllari va ularning teng huquqliligi sharoitlarida amalga
oshiradi.
Har bir ayrim korxona yuqori boshqaruv organlari tomonidangina emas, balki
korxonaning o’zidagi boshqaruvchi kichik tizim tomonidan ham boshqariladi.
Korxonalar yakkaxokimlik tamoyili asosida va ayni zamonda ularning operativ-
xo’jalik jihatdan mustaqil ish ko’rishi va tashabbus ko’rsatishi asosida boshqariladi.
SHu sababli:
Korxona boshqaruv tizimida shunchalik ijrochi sifatidagina emas, balki
boshqaruvchi tizimning ishtirokchisi sifatida maydonga chiqadi.
Korxonaga davlat vakili hisoblangan direktor (boshliq, boshqaruvchi) rahbarlik
qiladi.
Firma - bu korxonadan farqli o’laroq, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish
sohalarida turli-tuman tadbirkorlik faoliyatini bildiradi. Bunday nomni sanoat
korxonasi, davolash muassasasi uchun ham, qurilish tresti va vositachilik tashkiloti
uchun ham, savdo va konsullik faoliyati uchun ham, xodimlar tayyorlash va
malakasini oshirish, sayyohlik va boshqa tashkilotlar uchun ham nisbatan ishlatish
mumkin.
Bozor munosabatlariga o’tish jarayonida butunlay yangi tipdagi firmalar vujudga
keladi.
Firmalar turlari:
1. Lizing firmalar - bunda salohiyati qudratli xo’jalik tizimi etarlicha moliyaviy
vositalari bo’lmagan boshqa bir korxonaga mashina-uskunalar va boshqa mulklarni
shartnoma asosida muayyan muddatga berib turadi. Muddat tugagandan so’ng
ijarachi bu mulkni qoldiq qiymati bo’yicha sotib olish huquqiga ega bo’ladi.
2. Injiniring firmalari - ular turli inshootlar va tuzilmalarni loyihalash, qurish,
foydalanishga topshirish bilan shug’ullanadi. eksport injiniring firmalari boshqa
mamlakatlarga xizmat ko’rsatadi, chet eldagi ilmiy g’oyalar va texnik ishlanmalar
bozorida litsenziyalar sotadi. Texnik yangiliklarni xorijda joriy etadi, murakkab va
ulkan loyihalarni amalga oshiradi, injiniring bilan birga mashina va uskunalarni
eksport qilib, etkazib turadi.
3. Konsalting firmalar - ular ishlab chiqarishning turli muammolari yuzasidan
maslahatlar beradi, loyihalash bilan shug’ullanadi, xo’jalik yuritishning yangi
shakllariga o’tish, boshqaruv tizimlarini takomillashtirish va shunga o’xshash
faoliyat turlariga ko’maklashadi.
4. Venchur firmalari - bu firmalarni tavakkalchilik firmalari deb ham atashadi. Ular
kichik biznesning bir turi bo’lib: ilmiy-muhandislik ishlari; yangi texnika,
texnologiya, tovar namunalarini yaratish; tijorat ishini tashkil etish usullarini ishlab
chiqish va amaliyotga joriy etish; yirik firmalar va davlat ijara kontrakti
buyurtmalarini bajarish; ishlab chiqarishni boshqarish bilan shug’ullanadi.
6. Seleng firmalari - ular jismoniy va yuridik shaxslarning mulklarini jalb etish va
bu mulklardan o’z ehtiyojlari bo’yicha erkin foydalanish masalalari bilan
shug’ullanadilar. Bu mulklarga er maydonlari, binolar, mashina-uskunalar, pul,
qimmatli qog’ozlar kiradi.
7. Trast firmalari - bu xususiy shaxslar va tashkilotlar uchun sir saqlanadigan
(ishonchli) xizmatlarni bajaradi Ular ishonchli vakil sifatida faoliyat ko’rsatadi.
Trast firmalar shartnoma shartlariga binoan ishonchli vakil sifatida quyidagi
xizmatlarni bajaradi:
- korxona bankrotlikka uchragan paytda mulkni sotish;
- nomli aktsiyalardan foydalanish huquqlarini boshqa shaxsga berish;
- moliyaviy mablag’lar, xususiylashtirish cheklari, qimmatli qog’ozlar va
hokazolardan foydalanish.
Nazorat savollari
1. "Struktura" nima? Boshqarish strukturasichi?
2. Boshqarish bo’g’ini va bosqichi deganda nimalar deya olasiz?
3. Boshqarish strukturasini belgilash nimalarga bog’liq?
4. Boshqarish strukturasining qanday tashkiliy turlarini bilasiz?
6. CHiziqli pog’onali strukturaning mohiyati nimada? Uning qanday avfzalliklari va
kamchiliklari bor?
7. CHiziqli-shtabli struktura to’g’risida nimalar deya olasiz?
8. Funktsional strukturaning o’ziga xos xususiyati nimada? Buning ham
kamchiliklari bormi?
9. Dasturli-maqsadli strukturaning mohiyati nimada? Uning qanday turlarini bilasiz?
10. Matritsaviy struktura deganda nimani tushunasiz? Uning afzalliklari nimada?
11.
Boshqarishning
tashkiliy
strukturasini
takomillashtirishning
qaysi
yo’nalishlarini bilasiz?