DAVLAT KUCH-QUDRATI VA GEOSIYOSAT
Reja:
1. Siyosat va geografiya fani o’rtasidagi aloqadorlik
2. Fridrix Ratsel va geosiyosat
3. Geosiyosatning fan sifatida shakllanishida R.Chellen va K.Xausxofer
ishlarining ahamiyati
4. X.Makinder va A.Mexenning geosiyosiy qarashlari
5. N. Spaykmen va klassik “Atlantizm”
Geosiyosiy tahlilning muhim elememti davlatning kuch-qudrati hisoblanadi.
Davlatning kuch-qudrati deganda ikki narsa tushuniladi: birinchidan, davlatning o’z
maqsadiga boshqa davlat siyosatiga tashqi siyosat orqali ta’sir ko’rsatish yo’li bilan
erishishi; ikkinchidan, uning o’z manfaatlarini o’zining imkoniyatlari vositasida
himoya qila olish imkoniyatlari tushuniladi.
Har qanday davlatning kuch-qudratini quyidagi omillar belgilab beradi:
davlatning geografik o’rni; tabiiy resurslar; sanoat salohiyati; qurolli kuchlarning
miqdor va sifat ko’rsatkichlari; inson resurslari; milliy xususiyat; milliy ma’naviyati;
diplomatiya sifati; davlat boshqaruvi darajasi.
Davlatni kuch-qudratini aniqlab beruvchi bunday yondashuv atributli
yondashuv deb ataladi. Chunki mazkur yondashuvda asosiy e’tibor kuch-qudratning
eng muhim jihatlarini o’rganishga qaratiladi.
Qadimdan kuchli hisoblangan davlatlar nisbatan bo’sh (kuchsiz) davlatlarni
bo’ysundira olmaganligi gaqida juda ko’p misollar mavjud. Masalan, milotdan
avvalgi V asrda benihoya qudratli Fors davlati yarim asrlik urush natijasida erksevar
Yunon shaharlari-polislari tomonidan nag’lub qilingan. XX asrning ikki buyuk
davlati – AQSH va sobiq Ittifoq ham maqsadiga erisha olmadi. AQSH Vyetnam
urushida, sobiq Ittifoq qurolli kuchlari Afg’onistonda mag’lub bo’ldi.
Shu munosabat bilan hozirgi geosiyosat nazariyasi davlatlar o’rtasidagi
kuchlar nisbatini baholash masalasiga e’tibor bermoqda. Ushbu muammo xalqaro
hamjamiyatda kuchlar muvozanatini aniqlash bilan bog’langan.
Geosiyosiy raqobat gorizontal (yuzalama) va vertikal (bo’ylama) xususiyatga
ega. Gorizontal raqobat quruqlik va dengiz yuzasida vujudga kelib, suvdagi va
quruqlikdagi raqobatga bo’linadi. XX asrning 60-90-yillari va hozirgi paytda harbiy
havo kuchlarining kuchayishi bilan vertikal raqobat ham vujudga keldi.
Raqobat cheklangan xususiyatga ham ega bo’lishi mumkin. Bunday raqobat
cheklangan hududda vujudga kelishi va chuqurlashishi mumkin. Masalan, Kuba,
Yaqin Sharq bunga misol bo’la oladi.
Raqobatda geosiyosiy yo’nalishlar muhim vazifani bajaradi. Ular juda muhim
quruqlik, dengiz va havo yo’llari hamda komunikatsiyalar bilab bog’langandir.
Mazkur yo’nalishlarga neft va neft mahsulotlarini Yaqin Sharqdan Yevropa va
AQSHga yetkazib beruvchi asosiy yo’llar va quvurlar kiradi.
Geosiyosiy yo’nalishlar jahon geosiyosiy xaritasini shakllantiruvchi, unda
mintaqalarni birlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Shu vaqtning o’zida davlatlar
hamda ularning o’zaro aloqadorligi va ta’sirini tartibga solib turadi.
Shunday qilib, geosiyosiy yo’nalishlar (chiziqlar) – bu geosiyosiy makonni
tashkil etuvchi jarayonlarning elementlaridir. Geosiyosiy makon (siyosiy makon)
deyilganda davlay yoki davlatlar ittifoqi tomonidan nazorat qilib turiladigan makon
tushuniladi.
1. Siyosat va geografiya fani o’rtasidagi aloqadorlik
Qadimgi davrlardanoq olimlar geografik muhitning inson siyosiy hayotiga
ta’sirini o’rganishga qiziqqanlar. Arastu o’zining “Siyosat” deb nomlangan asarida
quyidagi fikrni aytib o’tgan: “Iqlimi sovuq bo’lgan mamlakatlarda istiqomat qiluvchi
kishilar dovyurak bo’lishadi, ammo ularda xayoliy orzular va ixtirolar qilishga
moyillik yo’q. Shuning uchun ham ular boshqa xalqlarga nisbatan ko’proq vaqt
ozodlikni saqlab turishadi, biroq o’z qo’shinlariga boshchilik qilish va ularni
boshqarish qobiliyatiga ega emas, ular siyosiy rahbarlikka muhtojdirlar. Janubiy
xalqlar, aksincha, chuqur o’ylaydigan va qiyin holatlardan chiqib ketishga ustadirlar.
Ammo ular g’ayratli emaslar. Shuning uchun ham qullik va tobelik ularga xos “tabiiy
holatdir”. Oraliq mintaqalarda istiqomat qiluvchi yunonlar esa o’zlarida Shimol
hamda Janub xalqlariga xos bo’lgan eng yaxshi xislatlarni jo qilganlar”.
Bunday siyosiy nazariyada geografik determinizm an’analariga yo’l ochib
berilgan edi. Mazkur yondashuv Jan Boden tomonidan rivojlantirildi. U insonning
rivojlanishiga geografik muhit xalq xarakteri va ruhiyati orqali ta’sir ko’rsatadi,
degan xulosaga kelgan. Uning fikricha, inson hayoti uchun eng qulay va yaxshi
sharoitlar mo’tadil mintaqada, 40–50° shimoliy kengliklar oralig’ida mavjud. Aynan
mana shu hududlarda qudratli davlatlar vujudga kelganligini ko’rsatib o’tadi. Jan
Boden mustaqil davlatlarning kuch-qudrati va taraqqiyoti ularni o’rab turgan tabiiy
sharoitning ta’siriga bevosita bog’liq, deb hisoblagan.
Sh. Monteske ijtimoiy hayot shakllarining rivojlanishida iqlim hal qiluvchi
ahamiyatga ega, deb hisoblagan hamda mamlakat qonunlari uning geografik
sharoitlariga mos bo’lishi zarurligini asoslab bergan.
Geografik determinizm (lotincha “determino” – aniqlayman) g’oyasiga
binoan mamlikatning geografik joylashishi va tabiiy sharoiti belgilab beradi.
Geografik determinizm g’oyasi vakillarining fikricha, kishilik jamiyatining
rivojlanishini geografik sharoitning xususiyatlari belgilab beradi. Masalan, Ritter
dunyoni ikki qismga bo’ladi – suvlik (okeanlar) va quruqlikka. U quruqlik Shimoliy
yarimsharda, suvlik esa Janubiy yarimsharda asosiy maydonni tashkil qilishini
ta’kidlaydi. Shimolda joylashgan quruqlikni “Eski dunyo” (Yevropa, Osiyo) va
“Yangi dunyo” (Shimoliy va Janubiy Amerika)ga bo’ladi.
Uning fikricha, “Eski dunyo” ga’rbdan katta masofaga cho’zilganligi sababli
iqlimiy jihatdan bir xillikka ega. “Yangi dunyo” esa shimoldan janubga tomon katta
masofaga cho’zilganligi tufayli iqlimiy farqlari juda katta. Mazkur iqlimiy farqlar
Ritterning fikricha, mintaqada istiqomat qiluvchi xalqlar xarakteriga katta ta’sir
ko’rsatadi.
2. Fridrix Ratsel va geosiyosat
XIX asrning ikkinchi yarmida nemis olimi Fridrix Ratsel (1844 – 1904)
birinchi bo’lib dunyoga geosiyosiy nigohning (qarashning) asosiy yo’nalishlarini
ishlab chiqdi. Uning fikricha, makon – siyosiy resurs, taraqqiyot omili bo’lib
hisoblanadi. Ratsel o’zining asosiy geosiyosiy g’oyalarini “Antropogeografiya” va
“Siyosiy geografiya” nomli asarlarida yoritib beradi. Uning fikricha, mamlakatning
mustaqil davlat sifatida “oyoqqa” turishida tarixiy taraqqiyot nazariyasi geografik
sharoitning ahamiyatini hisobga olmagan. Shuning uchun ham u davlat tashqi va
ichki siyosatning geografik sharoitga bog’liq ekanligini isbotlash bo’yicha muhim
ilmiy ishlar olib bordi.
F. Ratsel davlatning asosiy xususiyatlari qatoriga quyidagilarni kiritgan:
mamlakat hududining kattaligi; geografik o’rni va chegaralari; o’simlik dunyosi;
boshqa hududlarga bo’lgan munosabati.
F. Ratsel tomonidan geosiyosat sohasida juda muhim bo’lgan quyidagi
qonuniyatlar ishlab chiqilgan:
- davlat makoni (madaniyat rivojlangan sari kengayib, o’sib boradi);
- davlat siyosati (g’oyalar, savdo, diniy targ’ibot va boshqalarning rivojlanishi
bilan bir paytda amalga oshadi);
- davlatning taraqqiyoti va kengayishi kichik davlatlarni qo’shib olish va bosib
olish hisobiga amalga oshadi;
- davlat chegarasi uning o’sishini ta’minlashi, qudrati yoki zaif tomonlari
o’zgarishining asosiy sbabchisi bo’lishi mumkin;
- davlat rivojlanishi davomida o’zini o’rab turgan eng muhim tabiat
elementlari – qirg’oq chiziqlari, daryo vodiylari, tog’lar, tekisliklar va resurslarga
boy mintaqalarni qo’shib olishga doimo harakat qiladi;
- sodda (kuchsiz) davlatlarga hududini kengaytirish haqidagi dastlabki turtki
tashqaridan, yuqori darajali madaniyat markazlaridan keladi.
Davlatlar vujudga keladi, o’sadi, taraqqiy etadi, vaqti-soati kelganda tirik
jonzotlar kabi barham topadi.
Davlatning kengayishi yoki torayishi uning ichki hayotida ro’y beradigan
jarayonlar bilan bog’liq bo’ladi. F. Ratsel katta davlatlarda geografik ekspansiya
(bosib olishga intilish)ga moyillik mavjudligini va bu xususiyat asta-sekin
sayyoraviy (plnetalar) miqyosda kengayib borishini aniqlagan. Bundan tashqari, u
har bir xalq va davlat o’zining hududiy taraqqiyot konsepsiyasiga ega ekanligini
asoslab berdi.
F. Ratsel tadqiqotlarining asosiy va eng muhim jihatlaridan biri – uning
“Geografik makon siyosiy kuch sifatida geosiyosatning asosini tashkil etadi”, degan
xulosasidir.
3. Geosiyosatning fan sifatida shakllanishida R.Chellen va K.Xausxofer
ishlarining ahamiyati
Geosiyosat fanining rivojlanishiga R.Chellen va K.Xausxofer juda katta
hissa qo’shgan.
R.Chellen birinchi bo’lib davlat inson kabi sezuvchi, his qiluvchi va o’ylovchi
mavjudoddir, degan fikrni aytgan. Davlat Yer yuzasida o’zining kuchiga bog’liq
holda mavjuddir. U kurash holatida bo’lib, tirik mavjudodlarga o’xshab so’ladi va
halok bo’ladi, deb ta’kidlaydi R.Chellen.
Yashash uchun kurash, R.Chellen fikriga ko’ra, har qanday davlat
organizmining mohiyatini tashkil etadi. Urush geografik makonni egallash
maqsadida olib borilayotgan ushbu kurashning aniq bir shaklidir.
Kuch-qudrat davlatni ushlab turish va qo’llab-quvvatlash bo’yicha qonunga
nisbatan muhimroq asosdir. Chunki qonunning o’zi faqat kuch orqali ushlab turiladi.
Qonun davlatga ma’naviy-axloqiy elementlarni olib kirsa, kuch-qudrat uning
faoliyatini ta’minlaydi, deb ta’kidlaydi. R.Chellen davlat o’z nomi bilan maqsaddir,
u fuqarolari faravonligini yaxshilashga xizmat qiluvchi organism emas, degan
xulosaga kelgan.
K.Xausxofer (1896-1946) jahonda birinchi geosiyosatchilar maktabining
asoschisi va tashkilotchisi hisoblanadi. Uning ilmiy izlanishlari “hayotiy makon”
kategoriyasiga katta e’tibor berilgan.
“Hayotiy makon” tushunchasi (kategoriyasi) ning shakllanishida F. Maltus
ishlari va g’oyalari muhim o’rin tutadi. F. Maltus aholi o’sishi biologik qonunlar
asosida geometrik progressiya bo’yicha, ozuq-ovqat mahsulotlari esa arifmetik
progressiya bo’yicha o’sadi, degan g’oyani olg’a surgan. Shuning uchun aholining
ko’payishi oziq-ovqat mahsulotlarining ko’payishiga nisbatan tezroq bo’ladi.
Demak, u aholisi eng zich va eng ko’p mamlakat – Germaniyada urushlarning oldini
olib bo’lmaydi, shunday sharoitda tirik qolish uchun “Hayotiy makon”ni
kengaytirish zarur, degan xulosaga kelgan.
K.Xausxofer boshqa milliy g’oya tarafdorlari kabi, nemis davlatining kuch-
qudratini kuchaytirishga harakat qildi. Bu maqsadga esa o’z-o’zidan, mamlakat
industrial qudrati va madaniyatini ko’tarmasdan geosiyosiy ekspansiya qilmasdan
erishish mumkin emas edi. Germaniyaning Yevropa qoq markazida joylashganligi
uni tabiiy holda g’arbiy dengiz mamlakatlari – Angliya, Fransiya va kelajakda
AQSHga qarshi qilib qo’ymoqda edi.
Shuning uchun ham Germaniyaning “Atlantika mamlakatlari” bilan siyosiy
ittifoq tuzishi xomxayol hisoblanar edi. Bunda Fransiya va Angliyaning hududiy
e’tirozlari ham muhim o’rin egalladi.
Mana shunday fikr-mulohazalar K.Xausxofer geosiyosiy qarashlarining asosi
bo’lib xizmat qildi.
Katta davlatlarning kichik davlatlar oldidagi yutuqli jihatlari to’g’risidagi
Ratsel g’oyasini o’ziga asos qilib olib, K.Xausxofer Germaniyaning qo’shni kichik
davlatlar ustidan hech qanday gap-so’zsiz hukumronlik qilishini mutloq haqiqat deb,
Germaniyaning iqtisodiy jihatdan Rossiyani o’ziga tobe qilib olishini esa asosiy
vazifalardan biri deb hisoblardi.
4. X.Makinder va A.Mexenning geosiyosiy qarashlari
Geosiyosiy g’oyalarning rivojlanishida ikki yo’nalish muhim o’rin egallaydi.
Birinchi yo’nalish Angliya-Amerika yo’nalishi deb ataladi. Mazkur yo’nalishda
asosiy e’tibor dunyoviy (global) geostrategik konsepsiyalar tuzishga qaratiladi.
Mazkur konsepsiyada dengiz va quruqlik hududlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar
va aloqalar, ularning tarkibi va imkoniyatlari tahlil qilinadi.
Ikkinchi yo’nalish – kontinental (quruqlik) yo’nalishi deb ataladi. XX asrning
40-50-yillarida Germaniya va Fransiya o’zining eng yuqori darajadagi rivojlanihs
nuqtasiga yetdi. Mazkur yo’nalish Yevropa-sentrizm, regional (mintaqaviylik)
xususiyatlari bilan ajralib turadi va Yevropa davlatlari ichidagi integratsiya
muammolarini o’rganishga alohida e’tibor beradi.
Birinchi dunyoviy (global) model Angliyada X.Makinder (1861-1947)
yomonidan ishlab chiqilgan. U 1914-yilda Buyuk Britaniya Qirollik geografiya
jamiyatida “Tarixning geografik o’qi” deb nomlangan ma’ruzasida “Jahon
siyosatining o’q mintaqalari” g’oyasini ilgari surdi.
Davlat uchun eng qulay geografik o’rin o’rtada, markazda, planetar nuqtayi
nazaridan esa dunyo markazida joylashganligi bilan asoslanadi. Dunyo markazida
Yevrosiyo kontinenti mavjudligi ilmiy jihatdan isbotlab berilgan. Yevrosiyo jami
dunyo ustidan nazorat qilish uchun juda qulay kontinentdir.
Makinder o’zining 1919-yilda nashr qilingan “Demokratik ideal va reallik”
nomli kitobida “O’q-mintaqa”ni Xardled deb atadi. Bu “O’q-mintaqa”ga Rossiyani,
g’arbda Sharqiy Markaziy Yevropa, sharqda esa Tibet va Mo’g’ulistonni kiritdi.
Makinder fikriga ko’ra, dengizning kuch-qudrati jahondagi kuchlar balansida
juda katta ahamiyatga ega bo’lsa ham, quruqlik va havodagi komunikatsiyalarning
rivojlantirilishi dengiz kuch-qudrati samaradorligining pasayishiga sabab bo’ladi.
Shuning uchun ham Makinder: “Dunyoga hukmronlik qilishda kontinental
(quruqlik) davlatlarning imkoniyatlari behisobdir”, - deb ta’kidlagan.
AQSHning qudratli davlatga aylanishi Makinder konsepsiyasini qayti ko’rib
chiqishga va “Atlantizm” geosiyosat g’oyasining shakllanishiga sabab bo’ldi. Bunda
A.Mexen (1840-1914) g’oyalari hal qiluvchi ahamiyatga egadir. U “Tarixda dengiz
kuchlari” va boshqa qator asarlarida “dengiz kuchlari” tushunchasi asosida
geosiyosat konsepsiyasini ishlab chiqdi. Bunda erkin dengiz savdosi bilan
shug’ullanish A.Mexen g’oyasining asosini tashkil qiladi, deb hisoblangan.
A.Mexenning geosiyosiy g’oyalari to’liq holda XX asr mobaynida AQSHda
hayotga tatbiq etildi va yuqori darajada o’zining samarasini berdi.
5. N. Spaykmen va klassik “Atlantizm”
N.Spaykmen (1893-1943) geosiyosat nazariyasi va amaliyotiga ulkan hissa
qo’shgan amerikalik tadqiqotchidir. U Xartlend potensial makon bo’lib, mustaqil
g’oyalarni hal qila olmaydi, bu vazifalarni, shu jumladan, dunyoga hukmronlik qilish
vazifasini Rimlend bajarishi mumkin, deb hisoblaydi.
N.Spaykmen dunyoni uch qismga, ya’ni Xartlend, Rimlend va olisda
joylashgan Afrika va Avstraliya qit’alariga bo’ladi. Rimlend tarkibiga G’arbiy va
Markaziy Yevropa, Turkiya, Eron, Saudiya Arabistoni, Uzoq Sharq mamlakatlari va
Xitoy kiritilgan.
N.Spaykmenning g’oyasiga ko’ra, kim Rimlendni nazorat qilsa, u Yevropada
hukmronlik qiladi, kim Yevrosiyoni nazorat qilsa, u jahon taqdirini hal qiladi.
N.Spaykmen AQSHni Xartlendga nisbatan ham, Rimlendga nisbatan ham
juda qulay o’ringa ega deb hisoblaydi. U “O’rta okean tushunchasi”ni muomalaga
kiritdi va Atlantika dunyosi tomonidan Rimlend ustidan o’rnatilgan nazorat quruqlik
kuchlarini mag’lub bo’lishiga va Atlantika dunyosi tobe holatga tushishiga sabab
bo’ldi, degan xulosaga kelgan.
N.Spaykmen davlat geosiyosiy qudratini ta’minlovchi 10-ta mezonni alohida
ajratib ko’rsatadi. Ular quyidagidan iborat :
1) hudud yuzasining tuzilishi ;
2) chegaralarining tabiatini ;
3) aholi soni ;
4) foydali qazilmalarning mavjudligi yoli yo’qligi ;
5) iqtisodiy va texnologik taraqqiyot ;
6) davlat moliyaviy quvvati ;
7) etnik birligi ;
8) sotsial integratsiyalashish darajasi ;
9) siyosiy barqarorlik ;
10) millat ruhi.
Yuqorida keltirilgan baholash shkalasidan foydalangan holda davlatning
umumiy geosiyosiy kuch-qudratini aniqlash mumkin. Agar umumiy baho uncha
yuqori bo’lmasa, bunday holat o’z-o’zidan uchbu davlatni boshqa davlatlar bilan
stratetik ittifoqlar tuzishga majbur qiladi. Bu esa mazkur davlat suverenitetiga
ma’lum darajada putur yetkazadi.
N.Spaykmen
Ikkinchi
jahon
urushidan
so’ng
Yevropa
davlatlari
mustaqilligining pasayishini, AQSH mustaqilligining esa oshishini bashorat qilgan
edi. Bu bashorat hozirda, XXI asrda o’zining aniq ifodasini topmoqda. Kuchlar
nisbati borgan sari AQSH foydasiga hal bo’lmoqda. Afg’oniston, Iroq, Bosniya,
Gersogovina, Kosovo va boshqa davlatlarda bo’lib o’tgan voqealar buni to’la-to’kis
tasdiqlamoqda.