Frants Shubert ijodi. (1797-1828)
Reja:
1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmuni.
2. Kompozitorning tarjimai holi.
3. Vokal tsikllari.
4.Hayot va ijodining so’nggi yillari.
5. Shubertning vokal ijodi.
1--:
1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmuni. Shubert jami o’ttiz bir yilgina
yashagan, xolos. U hayotiy muvaffaqiyatsizliklar iskanjasida, jismonan va ma’naviy
jihatdan qiynalgan holda vafot etgan. Uning to’qqizta simfoniyasidan birontasi ham
hayotligida ijro etilgan emas. Uning jami 600 ta qo’shig’i bor. 20 ga yaqin sonatasidan
faqat uchtasigina nashr etilgan edi.
Shubert dastlabki romantik-kompozitorlardan biri edi. Uning hayoti ziddiyatlarga
to’la bo’lgan. Bu holat aslida ijodiy intilishlari boshqacharoq bo’lgan san’atkorga
xosdir. Betxovendan farqli ravishda, Shubert san’atkor sifatida inqilobiy qo’zg’olonlar
davrida emas, balki ijtimoiy-siyosiy reaktsiyalar davrida yashab, ijod etdi. Betxoven
musiqasidagi buyuklik va qudrat, inqilobiy pafos va falsafiy teranlikka Shubert lirik
miniatyuralari, xalq hayoti manzaralarini qarshi qo’yadi. Shubert Venaning birinchi
romantik kompozitori edi. Venalik romantiklikning dahosi aynan halqona maishiy
janrlarda namoyon bo’ldi.
2--:
Kompozitorning tarjimai holi. Frants Shubert 1797-yilda Vena yaqinidagi
Lixtental degan joyda dunyoga kelgan. Otasi maktab o’qituvchisi bo’lib, dehqon
oilasidan kelib chiqqan edi. Onasi esa chilangarning qizi bo’lgan. Oilada musiqani
sevishardi, doimiy ravishda musiqa oqshomlarini tashkil etib turishgan. Otasi
violonchel, akalari turli-xil musiqa cholg’ularini chalishgan.
Yosh Frantsdagi musiqiy qobiliyatni sezgan ota va akasi Ignats unga skripka va
fortepiano chalishni o’rgatishadi. Tez orada bolakay alt partiyalari ijrosi bilan oilaviy
torli cholg’ular kvartetida ishtirok eta boshlaydi. Frantsning ovozi go’zal va yoqimli
edi. U cherkov xoriga qatnashar, u erda murakkab yakkaxon partiyalarni ijro etardi.
Ota o’g’lining muvaffaqiyatlaridan xursand bo’lardi. Frants 11 yoshga to’lganda, uni
konvikt – cherkov qo’shiqchilarini tayyorlovchi maktabga berishadi.
O’quv yurtidagi sharoit boladagi musiqiy qobiliyatning rivojlanishi uchun qo’l
keldi. Maktab o’quvchilari orkestrida u birinchi skripkachilar guruhida chalar, gohida
esa dirijyor vazifasini ham bajarar edi. Orkestrning repertuari juda hilma-hil edi.
Shubert turli janrlardagi simfonik asarlar (simfoniyalar, uvertyuralar), kvartetlar,
vokal asarlari bilan tanishadi. U do’stlariga Motsartning sol minor simfoniyasi
hayajonga solganini e’tirof qilgan. Unga Betxovenning musiqasi yuksak namuna
bo’lgan.
O’sha yillarning o’zidayoq Shubert ijod qila boshlagan edi. Uning dastlabki
asarlari – fortepiano uchun fantaziya, bir qator qo’shiqlar bo’lgan. Yosh kompozitor
ko’p ijod qilar, ularni zavq bilan, berilib yaratar, ko’pincha bu maktabdagi boshqa
o’quv fanlari hisobiga bo’lardi. Boladagi favqulodda qobiliyat saroy kompozitori
Salerining e’tiborini tortadi. Uning qo’lida Shubert bir yil davomida shug’ullanadi.
Vaqt o’tishi bilan Frantsdagi musiqiy qobiliyatning shiddat bilan rivojlanib borishi
otasini ko’proq bezovta qila boshlaydi. Hatto butun dunyoga mashhur bo’lgan
musiqachilarning ijodiy yo’llari juda qiyin kechganligini yaxshi bilgan ota
farzandining bunday taqdirga duchor bo’lishidan saqlab qolmoqchi bo’ladi.
Musiqa bilan haddan tashqari ko’p mashg’ul bo’lishiga nisbatan jazo tariqasida u
o’g’lining bayram kunlarida ham uyga kelishini ta’qiqlab qo’yadi. Biroq xech qanday
ta’qiqlar boladagi iste’dodning rivojiga to’siq bo’la olmaydi. Shubert konvikt bilan
aloqani uzishga, zerikarli va keraksiz darslardan qutilish, foydasiz, insonning qalbi va
aqliga ta’sir qilmaydigan qoidalarni unutishga, erkinlikka chiqishga qaror qiladi. U
butunlay o’zini musiqaga bag’ishlaydi, faqat u bilan yashashga intiladi.
1813-yil 28-oktyabrda u o’zinig Birinchi simfoniyasini yozib tugatadi.
Shubert partituraning oxirgi sahifasiga shunday so’zlarni yozib qo’ygan edi: “Xotima
va tugatish”. Bu simfoniyaning xotimasini hamda konviktning tugallanganligini
anglatardi. Uch yil u o’qituvchiga yordamchi bo’lib ishladi, bolalarga savod va boshqa
dastlabki o’quv fanlaridan dars berdi. Shunga qaramay, uning musiqaga havasi, ijod
qilish istagi tobora kuchayib borar edi. Uning o’ziga xos ijodkorlik tabiatiga hayrat
bilan boqishga to’g’ri keladi. 1814-yiladn 1817-yilgacha hamma narsa unga qarshi
qaratilganday ko’rinsa-da, u hayratlanarli darajadagi ko’p asarlarini yaratadi. Faqat
1815-yilning o’zidagina Shubert 144 ta qo’shiq, 4 ta opera, 2 ta simfoniya, 2 ta messa,
2 ta fortepiano sonatasi, torli kvartet yaratadi.
Otasining barqaror oylikka ega bo’lgan o’qituvchi qilish orzusi chippakka
chiqadi. Yosh kompozitor o’zini musiqaga bag’ishlash haqida uzil-kesil qaror qabul
qildi hamda maktabdagi o’qituvchilik ishini tashladi. Shubertning shundan keyingi
unchalik uzoq bo’lmagan hayoti ijodiy jasoratlaridangina iborat. Katta moddiy
qiyinchiliklarni boshidan kechirishiga qaramay, u tinimsiz ijod qilar, bir asar ketidan
ikkinchisini yaratar edi. Moddiy qiyinchiliklar baxtiga qarshi, uning yaxshi ko’rgan
qiziga uylanishiga mo’nelik qiladi. Tereza Grob cherkov xorida qo’shiq aytardi.
Dastlabki repetitsiyadayoq Shubert uni payqab qoladi, vaholanki, bu qiz boshqalardan
keskin ajralib turmasdi. Musiqa boshlanishi bilanoq, Terezaning rangsiz yuzlari
jonlanib ketardi.
Shubert taqdir nayranglariga qanchalik ko’nikmasin, o’ziga nisbatan uning
bunchalik shafqatsiz bo’lishini tasavvur ham qilmagan edi. U o’z kundaliklarida:
“Haqiqiy do’stni topgan kishi baxtlidir. Agar bu do’stni o’z xotini qiyofasida topgan
kishi yanada baxtliroqdir”, - deb yozgan edi. Afsuski, uning orzular amalga oshmadi.
Bir necha yillar (1817-yildan 1822-yilgacha) davomida Shubert navbat bilan
goh u, goh bu do’stlarinikida yashab yurdi. Ularning ayrimlari (Shpaun va Shtadler)
kompozitorga konvikt davridan do’st edi.
Keyinroq ularning safiga san’at sohasida ko’p qirrali iste’dod sohibi Frants
Shober, rassom Shvind, shoir Iogann Mayrxofer, qo’shiqchi Mixael Fogl va boshqalar
kelib qo’shildi. Bu davrning jon-u dili Shubert edi. Bo’yi kichkina, yag’rindor, uzoqni
yaxshi ko’ra olmaydigan Shubert nihoyatda kirishimli odam edi.
Uchrashuv paytlarida do’stlar badiiy adabiyot, o’tmish va zamonaviy poeziya
bilan tanishar edi. Duch kelgan muammolar ustida qizg’in bahslashishar, mavjud
ijtimoiy tartiblarni tanqid qilishar edi. Biroq, ba’zi paytlarda bunday uchrashuvlar
faqat Shubert musiqasiga bag’ishlanar, ular hatto, “shubertxonlik” degan nom ham
olgan edi. Bunday uchrashuvlarda kompozitor fortepianodan uzoq ketmas, shu erning
o’zidayoq ekosezlar, valslar, lendlerlar va boshqa raqslar uchun musiqa ijod qilardi.
Ularning ko’pchiligi qog’ozga tushirilmasdan shu taxlitda qolib ketgan. Shubertning
qo’shiqlari bundan xam ko’proq qiziqishni uyg’otar, ularni ko’pincha Shubertning
o’zi ijro etardi.
Maishiy hayotdagi parokandalik Shubertni qizg’in, uzluksiz, ehtirosli ijoddan
chalg’ita olmasdi. U izchil, muntazam ijod qilardi. “Men har kuni saharda ijod
qilardim. Bir p’esani tugatiboq boshqasini boshlardim”,- de e’tirof etgan edi
kompozitorning o’zi. Ayrim kunlarda u o’nlab qo’shiqlar yaratardi. Musiqiy g’oyalar
unda uzluksiz tarzda paydo bo’lardi. Kompozitor ularni arang qog’ozga tushirishga
ulgurardi. Musiqa uning tushlariga xam kirib chiqardi. Uyg’onishi bilanoq u tezda
ularni yozib olishga urinar, shuning uchun u ko’zoynagini, hatto uxlab yotganida xam
olib qo’ymasdi. Agar asar birdaniga takomillashgan va yakunlangan tarzda quyilib
kelmasa, to o’zi qanoat hosil qilmaguncha, ishni davom ettirar edi. Xuddi shuning
uchun ham Shubert ayrim she’riy matnlarni etti variantgacha yozgan! Shu davrda
Shubert o’zining mashhur ikki asari – “Tugallanmagan simfoniya” va “Go’zal
tegirmonchi qiz” qo’shiqlar turkumini yaratadi.
Shubertning “Tugallanmagan simfoniya” si (1822) yangi turdagi lirik-
drammatik simfoniya bo’lib, to’liq tugallangan asardir. Unda mujassamlashgan
obrazlar hamda ularnin rivoji ikki qismda o’z ifodasini topgan. Har ikki qism ham lirik
bo’lishiga qaramay, ularning xar biri o’ziga turfa ranglarga ega. Birinchi qismida lirik
kechinmalar fojiali chuqurlashuv bilan berilsa, ikkinchi qismidagi lirik bosiq, ma’rifiy
o’y-hayollarga to’yingan tarzda beriladi. Boshqa asarlarida bo’lgani kabi, bu
simfoniyasi ham Shubert markazga oddiy inson tuyg’ularini qo’yadi.
Shubert qalbidagi eng nodir tuyg’ular qo’shiqlarda mujassamlashgan edi.
Ularda kompozitor kutilmagan yuksakliklarga ko’tarilgan. Shubert qo’shiqlarini butun
umri davomida yaratdi. Uning musiqiy merosida 600 dan ortiqroq qo’shiqlari bor.
Vokal lirikasi tarixga Shubert Gyote she’rlariga yozgan qo’shiqlari bilan kirgan bo’lsa,
o’zining qisqa umrini, Geyne she’rlariga bastalagan qo’shiqlari bilan yakunladi.
Shubert she’riy matnlardan o’zini to’lqinlantirgan fikr va tuyg’ularni izlardi. Shubert
qo’shiqlaridagi asosiy o’rinni vokal (yakkaxon) musiqasi tashkil etadi. Unda poeziya
va musiqa uyg’unligining yangicha romantik munosabatlari aks etgan bo’lib, ular o’z
o’rinlarini almashtirgandek tuyuladi, ya’ni go’yo so’zlar “kuylaydi”, musiqa
“gapiradi”.
3--:
Vokal tsikllari. Shubert ifodali vokal musiqaning yangi turini kashf etdi. Ular
XIX asr musiqasida etakchi o’rinni egallaydi. Ohanglar matnning istalgan burilish va
o’zgarishlariga moslashishi undagi nozik tomonlarni sayqallashtiradi. Shubert
qo’shiqlarida jo’rovozlikning o’rni va ahamiyati kattadir. Shubert fortepiano
partiyalarida badiiy tavsifni o’zining sehrli va yashirin ta’sirchanligiga ega bo’lgan
qudratli omil sifatida talqin qiladi. Vokal musiqa hamda jo’rovozlikdagi, qo’shiq
janrlari va shakllarida Shubert tomonidan kashf etilgan yangicha tamoyillar keyingi
taraqqiyot uchun zamin bo’ldi va vokal lirikaning rivoji uchun imkoniyatlar yaratdi.
O’n olti qo’shiqdan tashkil topgan birinchi to’plam “Urchuq yonidagi Gretxen”, “Dala
atirguli”, “O’rmon shoxi”, “Podachining shikoyati” kabi mukammal qo’shiqlarni o’z
ichiga olgan. “Urchuq yonidagi Gretxen” qo’shig’ini Serov iborasi bilan aytganda,
“buyuk dramatik dostonlar” qatoriga kiritish mumkin. U sevuvchi va iztirob chekuvchi
ayolning ichki dunyosini ochib beruvchi nozik psixologik etyuddir. Qo’shiq band
shaklida yozilgan bo’lib, keyingi rivojlangan vokal xamda fortepiano partiyalari bilan
ziynatlangan.
“O’rmon shoxi” balladasi kompozitorning fantastik obrazlarga, real hayot
voqealari uydirmalaridan ajratib bo’lmaydigan syujetlarga romantik qiziqishlari
namoyon bo’lgan asardir. Ballada erkin kompozitsiyaga tayangan bo’lib, uning
musiqiy qurilishi syujetning kengaytirilishiga bo’ysundirilgan. Balladani ot dukuriga
o’xshaydigan uzluksiz og’ir zarbalar bilan kuzatilib boruvchi ritm yagona butunlikka
birlashtiradi. Oktava va akkordlarning trioli repetitsiyalari yordamida Shubert to’la
ko’ruv-eshittiruv tasavvurini yuzaga keltiradi.
Shubertning vokal lirikasida qo’shiq turkumlari asosiy o’rinda turadi. Vokal
musiqasining bu janrida Shubertdan oldin ijod qilgan san’atkor Betxoven bo’lib, u
1816-yilda “Oldisdagi mahbubaga” turkumini yaratgan edi. Turkum vokal shaklining
paydo bo’lishi romantik musiqadagi o’zini namoyon qilish va tarjimai holga moyil
bo’lgan asosiy belgini ko’rsatuvchi hodisadir. Vilgelm Myullerning she’riy turkumlari
Shubert uchun ijodiy omil va poetik asos vazifasini bajardi. Shubertning ikkita
qo’shiqlar turkumi – “Go’zal tegirmonchi qiz” va “Qishki yo’l” vokal janrlari musiqa
tarixidagi yangi sahifalar. Turkum o’rtasida zich aloqadorlik mavjud: she’riy matn bir
shoirga – Vilgelm Myullerga tegishli, har ikki holatda xam bir shaxs – baxt va
muhabbat izlayotgan daydi xarakatlanadi. “Go’zal tegirmonchi qiz” asarining
qaxramoni hayotga shodiyona qadam tashlayotgan yigitcha. “Qishki yo’l”da u xamma
narsani orqada qolgan, barchasidan xafsalasi pir bo’lgan odam sifatida ko’rsatilgan.
Har ikki turkumda xam hayot va inson kechinmalari tabiat bilan zich qo’shilib ketgan
“Go’zal tegirmonchi qiz” turkumi syujeti bahorgi tabiat qo’ynida rivojlanadi. “Qishki
yo’l” turkumi esa ayovsiz qish manzarasi tasvirlanadi. Yoshlikning barcha orzu-
umidlari hamda sarobli hayollari bilan gullayotgan bahorga, yolg’izlik izg’irini esa
qorlar qoplagan qish tabiatiga qiyoslanadi.
Shubert hayotining oxirgi o’n yilligidagi asarlari janri turli –tumandir. U
simfoniyalar, fortepiano uchun sonatalar, kvartetlar, kintetlar, trio, messalar, operalar,
ko’plab qo’shiqlar va boshqa musiqalarni yaratadi. Biroq kompozitorning tirkligida
uning asarlari juda kam ijro etilgan. Shuning uchun ham ularnin ko’p qisim
qo’lyozmalarda qolib ketgan. Na mablag’, na homiylarga ega bo’lgan Shubertda o’z
asarlarini nashr qilish imkoni deyarli bo’lmadi. Shubertning bironta operasi
sahnalashtirish uchun qabul qilinmagan, vaxolanki, u “Shaytonning quvnoq uyi”
(1814), “Alfons va Estrella” (1822) operalarini, “Fernando” (1815), “Egizaklar”
(1819), “To’rt yillik ro’za” (1815) zingshpillarin yozgan edi. Uning simfoniyalaridan
birontasi ham orkestr bilan ijro etilmagan. Bugina emas, uning eng yaxshi –
Sakkizinchi xamda To’qqizinchi simfoniyalari kompozitor vafotidan bir necha yil
o’tgach topilgan. Gyotening she’rlariga bastalangan qo’shiqlar garchi ularni
Shubertning o’zi shoirga yuborgan bo’lishiga qaramasdan, e’tibor qozonmagan.
4--:
.Hayot va ijodining so’nggi yillari. Tortinchoqlik, o’z ishlarini yo’lga qo’ya
olmaslik, odamlardan biron nima so’rashni istamaslik, ular oldida past ketishdan
tiyilish ham Shubertning doimiy moddiy qiyinchiliklariga sabab bo’lgan. Doimiy
umidsizlik, ba’zan xatto, ochlikka qaramasdan kompozitor na knyaz Estergazi
xizmatiga kirishni hohlar, na saroy organchilari oldiga borardi. Vaxolanki, ular uni xar
doim saroyga taklif qilishar edi. Ba’zi paytlarda Shubertning, xatto fortepianosi xam
bo’lmas, u cholg’usiz ijod qilar edi. Moddiy qiyinchiliklar uning musiqa yaratishiga
halal bera olmasdi.
Shunga qaramasdan venaliklar Shubertning asarlarini yaxshi ko’rishardi. Og’izdan
og’izga o’tib kelayotgan qadimgi xalq qo’shiqlariga o’xshab, uning asarlari xam asta-
sekin o’z muhlislarini topa bordi. Bular go’zal saroy salonlarining doimiy
ishtirokchilari, oliy tabaqa vakillari emas edi. Bunda o’sha davrning mashxur
qo’shiqchisi Iogann Mixael Fogl Shubert qo’shiqlarini kompozitorning o’zi jo’r
bo’lgan
holda
ijro
etardi.
Moddiy
ta’minlanmaganlik,
uzluksiz
hayotiy
muvaffaqiyatsizliklar Shubertning sog’ligiga sal’biy ta’sir ko’rsatdi. U juda oriqlab
ketgan edi. Umrining oxirgi yillarida otasi bilan yarashib, nisbatan osoyishta,
me’yordagi maishiy hayot ham endilikda xech narsani o’zgartira olmasdi. Shubert
musiqa yaratishni to’xtata olmasdi, zero, uning xayotidagi mazmun shunda edi.
Kompozitor 27 yoshida do’sti Shoberga: “....men o’zimni dunyodagi eng baxtsiz,
abgor kishi deb bilaman....”, - deb yozgan edi. Bu kayfiyat so’nggi davr musiqasida
xam o’z ifodasini topgan. Agar oldinlari Shubert, asosan, yorqin, quvnoq asarlar
yaratgan bo’lsa, o’limidan bir yil oldin u “Qishki yo’l” turkumini yaratadi. Bu asarida
u iztiroblar, chorasiz sog’inch, ruhning azobli og’riqlarini ifoda etgan.
1828-yilda do’stlarining sa’y-xarakatlari bilan Shubertning xayotligida uning
o’z asarlaridan iborat bo’lgan yagona kontsert tashkil etiladi. Kontsert katta
muvaffaqiyat qozonadi, u kompozitorga katta quvonch bag’ishlaydi. Uning kelajak
rejalari yanada ko’paydi. Sog’lig’ining yomonlashishiga qaramay, u ijod qilishda
davom etadi. O’lim kutilmaganda keldi. Shubert tif bilan kasallangan edi.
Darmonsizlangan organizm og’ir kasallikni ko’tara olmadi. Shubert 1828-yil 19-
noyabrda vafot etdi. Qolgan mol-mulk arzimagan pulga baholandi. Ko’plab asarlar
yo’q bo’lib ketdi.
O’sha davrdagi mashhur shoir Grilpartser bir yil oldin Betxovenning qabr toshiga
she’r yozgan edi. U Shubertning Vena qabristonidagi oddiygina yodgorligiga shunday
yozuvlarni bitgandi: “Bu erda musiqaning boy xazinasigina emas, amalga oshmagan
umidlari ham ko’milgan”.
5--:
Shubertning vokal ijodi. Shubertning musiqa merosini 600 dan ortiq qo’shiqlar
tashkil etadi. Nazmiy matnlarida u o’ziga yaqin bo’lgan o’y-fikr, hissiyotlarga javob
izlagan. U, ayniqsa, she’rning va musiqa mutanosibligiga diqqatni jalb qilgan.
Chunonchi, Shubert yozgan qo’shiq turkumlari she’rlarining muallifi Vilgelm
Myullerning o’z asarlarini qo’shiq qilib kuylashga mo’ljallangan va bu Shubertni
qiziqtirib qo’ydi.
Vokal lirika tarixiga Shubert Gyote qo’shiqlari bilan kirib keldi va o’zining qisqa
hayotini Geyne she’rlariga yozilgan qo’shiqlari bilan yakunladi. Shubert qo’shiqlarida
vokal lirikasi asosiy o’rin egallaydi, ularda she’riyat va musiqaning uyg’unlashuviga
yangi romantik munosabat o’z aksini topdi, unda so’z “kuylaydi”, ohang esa
“gapiradi”.
Shubert kuychan, ohanglari deklamatsiyali, nutq intonnatsiyalari bilan birlashtirib,
XIX asr musiqasida asosiy o’rin egallagan ifodaviy vokal melodikasining yangi turini
yaratdi. Vokal melodikasining ushbu turi musiqaning cholg’u sohasini qamrab olib,
kelajakda Shuman, Brams vokal lirikasida, Shopen ijodida yangidan o’zgarishlar bilan
rivojlandi.
Shubert qo’shiqlarida vokal melodikasi matning turli burilishlariga, uning
xususiyatlarini bo’rttirgan xolda moslasha olish xususiyatlariga ega. Badiiy tavsifning
qudratli omili bo’lgan va uningsiz badiiy yaxlitlikning o’zi mavjudligi mumkin
bo’lmagan jo’rlik (akkompaniment) ning xam ahamiyati kattadir.
Shubert vokal asarlarining shakli musiqiy-shoirona obrazning xarakteri va
xarakatidan kelib chiqadi. U kuplet shakliga murojaat qiladi. Shubert tomonidan
topilgan vokal melodikasi, fortepiano partiyasi, qo’shiq janrlari va shakllarining
tamoyillari kelajak rivojlanishiga asos soldi va vokal lirikasining butun kelajak
evolyutsiyasiga turtki bo’ldi.