GEOGRAFIK-EKOLOGIK EKSPERTIZA ASOSLARI
Reja:
1. Ekspertiza haqida tushuncha
2. Ekspertiza uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar
3. Ekspert xulosasining tayyorlanishi
4. O’zbekistonda geografik-ekologik ekspertiza o’tkazish
Ushbu mavzuda quyidagi mavzular bilan tanishasiz: ekspertiza, ekspertiza
muddatlari, ekspertiza xulosalari.
XX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran yirik korxonalarini qurish va boshqa
loyihali tadbirlar mutaxassislarning har tomonlama ko’rigidan o’tib, ularning ruxsati
bilangina amalga oshirila boshlandi. Bu jarayon umumiy ma’noda ekspertiza deb
ataladi. Mavzular bayonida ekspertiza tushunchasi, ularning turlari, ekspert
xulosalarini chiqarish va O’zbekiston hududida geografik-ekologik ekspertiza
o’tkazilishi bilan bog’liq masalalarni o’rganasiz.
1. Ekspertiza haqida tushuncha
Ekspertiza deb, yirik muhandislik inshootlarini qurish loyihalarining
mutaxassislar ko’rigidan o’tkazilishiga aytiladi.
“Ekspert” so’zi lotin tilida “tajribali” degan ma’noni bildiradi. Ekspert – biror
sohada ekspertiza o’tkazuvchi mutaxassisdir. Masalan, qurilish, geologiya, qishloq
xo’jaligi, suv xo’jaligi, atom energetikasi, mashinasozlik va h.k. sohalar bo’yicha
ekspertiza asosan loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-muhitga ta’sirini
baholash yuzasidan o’tkaziladi. Ekspertizalar geografik va ekologik ekspertizaga
bo’linadi.
Geografik ekspertiza deb, loyihalanayotgan muhandislik inshootining atrof-
muhit talablariga mos kelish-kelmasligini aniqlashga aytiladi.
Ekologik ekspertiza deb, inson faoliyatining geografik muhit biologic
(o’simlil, hayvonot dunyosi va mikroorganizmlar) qismiga ta’sirini baholashga
aytiladi.
Geografik va ekologik ekspertiza bir-biriga barcha jihatdan yaqin va bir-birini
taqozo qilishini e’tiborga olib, geografik-ekologik ekspertiza deb ataladi.
Ekspertiza – ilmiy tekshirish, loyihalash boshqa tashkilotlar tomonidan ishlab
chiqilgan loyihalar va ishlanmalarni o’rganish hamda ularni amalga oshirish
maqsadga muvofiq ekanligini aniqlab, chuqur asoslangan xulosa berishdan iboratdir.
Ekspertiza jarayonida muhandislik inshootining atrof-muhitga, aholi salomatligiga
qanday ta’sir qilishi e’tiborga olinadi.
Ekspertiza turli darajalarda amalga oshiriladi. Davlat ekspertizasi, vazirlik
ekspertizasi, Davlat fan va texnika qo’mitasi ekspertizasi, ilmiy va jamoatchilik
ekspertizasi
va
boshqalar.
Atrof-muhit
bo’yicha
ekspertiza
O’zbekiston
Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo’mitasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu tashkilotda ekologik-geografik ekspertiza boshqarmasi mavjud.
Loyihalarning mazmuniga binoan mazkur yo’nalish bo’yicha yetakchi
mutaxassislar u bilan tanishib chiqib, o’z mulohazalarini bildiradilar. Masalan,
ma’lum bir foydali qazilma konini ishga tushirish loyihasi ekspertizasini geologlar,
tog’-kon sanoati mutaxassislari, iqtisodchilar, ekologlar va boshqa mutaxassislar
o’tkazishadi.
Ekspertiza bir necha usulda amalga oshiriladi: shaxsiy ekspertiza usuli,
jamoa ekspertizasi usuli, ekspertlar komissiyasi usuli.
Bitta ekspert xulosasiga asoslangan ma’lumotlar asosiy manba sifatida qabul
qilinadigan ekspertiza – shaxsiy ekspertiza usuli deb ataladi.
Jamoa ekspertiza usuli jamoaga kiradigan ekspertlarning mustaqil xulosalari
tahlili asosida umumlashgan ekspertiza xulosalarini ishlab chiqishga asoslangan.
Ekspertlar komissiyasi usuli tegishli ekspertiza guruhlari tomonidan ma’lum
bir hudud yoki obyektning alohida jihatlari (qismlari) bo’yicha ishlab chiqilgan
ekspertiza xulosalarining yagona ekspertiza xulosasiga birlashtirilishiga asoslanadi.
2. Ekspertiza uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar
Ekspertiza ma’lum bir ma’lumotlar jamlangan loyihalarning yahlili natijasida
amalga oshiriladi.
Ma’lum bir obyekt yoki muhandislik inshootining loyihasini o’tkazish uchun
ekspertga yoki ekspertlar guruhiga quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim:
1.
Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to’g’risidagi tabiiy
geografik ma’lumotlar. U quyidagilarni o’z ichiga oladi: obyekt yoki
muhandislik inshooti hududining geografik joylashishi; hududning geologik
tuzilishi, ya’ni mazkur joyda tarqalgan tog’ jinslari; hudud yer yuzasining
tuzilishi, asosiy relyef shakllarining joylashishi; yer osti suvlari, ularning
sathi va sho’rligi; yer usti suvlari (daryo, ko’l, botqoq), ularning suv sarfi,
me’yori, minerallashish darajasi, hududning iqlimi, hududda tarqalgan
asosiy tuproq turlari, ularning sho’rlanish darajasi; o’simlik qoplami va
ularning turlari, hayvonot dunyosi, asosiy landshaft turlari.
2.
Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to’g’risida iqtisodiy
geografik ma’lumotlar. Bu turdagi ma’lumotlar quyidagilarni oz’a ichiga
oladi: hududning iqtisodiy geografik joylashishi, ya’ni yirik transport
yo’llariga yaqin yoki uzoqligi; hudud aholisining soni, joylashishi;
hududning tabiiy resurslari va ulardan foydalanish darajasi; hududda
joylashgan sanoat korxonalari; hudud qishloq xo’jaligi, asosiy dehqonchilik
ekinlari, yaylovlar, hudud transporti, hududning yoqilg’i va elektroenergiya
hamda suv ta’minoti.
3.
Hudud to’grisidagi ekologik ma’lumotlar. U quyidagilarni o’z ichiga oladi:
hudud tabiiy muhitining ifloslanishiga ta’sir etadigan manbalar; tabiiy
manbalar (shamol, surilma, zilzila, sel, suv toshqinlari va h.k.), sun’iy
omillar (zavod, fabrika, kommunal xo’jalik korxonalari, qishloq xo’jaligida
qo’llaniladigan o’g’it, pestidsidlar va h.k.); atmosferaga chiqariladigan
chiqindilar; suvning ifloslanish darajasi; tuproq, o’simlik va hayvonot
dunyosining o’zgarishi; aholi salomatligi, keng tarqalgan kasalliklar va
ularning sabablari.
4.
Obyekt yoki inshoot to’g’risidagi ma’lumotlar. Bu ma’lumotlar
quyidagilarni o’z ichiga oladi: obyekt yoki inshootning maydoni, balandligi,
chuqurligi, qismlari, qurilish muddatlari, faoliyati, mahsuloti, xomashyosi.
Masalan, obyekt foydali qazilma koni bo’ladigan bo’lsa, quyidagi
ma’lumotlar taqdim etiladi: foydali qazilma turi, zaxirasi, maydoni,
chuqurligi, qazib olish usuli (ochiq yoki yopiq); chiqindilar hajmi va ular
egallaydigan maydon, yordamchi inshootlarning joylashishi, shaxtaning
yillik quvvati (mln t); shaxtaning ishlash muddati (50, 100 yil va h.k.).
3. Ekspert xulosasining tayyorlanishi
Taqdim etilgan geografik, iqtisodiy geografik, ekologik va muhandislik
(inshoot yoki obyekt to’g’risida) ma’lumotlarning tahlili asosida ekspert xulosasi
tayyorlanadi.
Ekspert xulosasi quyidagi qismlarni o’z ichiga oladi:
1. Loyiha amalga oshirilganidan so’ng, ya’ni obyekt yoki korxona ishga
tushirilganidan keyin uning faoliyati davomida tabiiy muhitda qanday o’zgarishlar
sodir bo’lishiga baho beriladi.
Agar foydali qazilma koni ishga tushiriladigan bo’lsa, uning tabiatga ta’siri
quyidagi yo’nalishlarda baholanishi mumkin: a) kon ochiq usulda qazib olinadigan
bo’lsa, uning chuqurligi va maydoni, ishdan chiqadigan qishloq xo’jalik yerlari,
aholi manzilgohlari va ularni ko’chirish masalalari, tuproq, o’simlik qoplamining
o’zgarishi, ularni qayta tiklash muammosi; b) yer osyi suvlari sathining pasayishi va
uning atrofidagi landshaftlarning o’zgarishga ta’siri, yer osti va yer usti suvlarining
ifloslanishi, ularga qarshi kurash choralari, atmosferaning ifloslanishi, tabiiy va
tabiiy-texnogen jarayonlarning rivojlanishi hamda ularning oldini olish choralarini
ishlab chiqish, kon to’la qazib bo’linganidan so’ng undan foydalanish va buzilgan
yerlarni qayta tiklash (rekultivatsiya) masalalari; d) aholi salomatligi va unga tabiiy
muhit ifloslanishining ta’siri.
2. Tabiiy sharoit yoki tabiiy geografik jarayonlarning obyekt yoki inshoot
faoliyatiga ta’siri.
Tabiiy sharoit murakkab bo’lgan baland tog’larda foydali qazilmalar yopiq
usulda qazib olinadi. Chunki bunday sharoitda konlarni ochiq usulda qazib olish
katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Konlarning maydoni aniq va to’g’ri o’lchangan bo’lmog’i lozim. Bu maydon
doirasida aholi manzilgohlari va yirik muhandislik inshootlarini qurish man etiladi.
Masalan, Angren ko’mir konida tabiiy sharoitni hisobga olmaslik natijasida Angren
shahri ikki marta ko’chirilgan. Hozirda ko’mir tarqalgan maydondan tashqarida
yangi Angren shahri qurilgan.
3. Ekspertlar guruhiga jalb qilingan mutaxassislarning to’liq xulosalari
olingandan so’ng, umumiy xulosalar ishlab chiqiladi. Qulay va mahsuldor yer,
yaylov resurslari kamroq o’zgarishini e’tiborga olib konni qazib olishning optimal
usuli tanlanishi mumkin (yopiq, ochiq yoki maxsus usulda). Tabiatga bo’ladigan
ta’sirni kamytirish maqsadida ekologik chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish, uni
loyihaga kiritish tavsiya etiladi.
Ekspertlar guruhi olingan ma’lumotlar asosida umumiy asoslangan xulosaga
keladi. Ekspertiza natijasiga qarab, loyiha qaytarilishi ham mumkin, bu holda u qayta
ishlashga yuboriladi yoki korxona qurilishiga umuman ruxsat berilmaydi.
4. O’zbekistonda geografik-ekologik ekspertiza o’tkazish
Hozirgi
kunga
kelib
dunyoda
geografik-ekologik
ekspertiza
keng
tarqalmoqda. Ayrim yirik muhandislik inshootlarining loyihalari hatto xalqaro
ekspertlar guruhlari tomonidan ekspertizadan o’tkazilmoqda. Masalan, Xitoyning
Yanszi daryosidagi eng yirik “Uch daryo” GESi ekspertizasi amerikalik
mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan.
Dunyo bo’yicha juda ko’p inshootlarning tabiiy sharoitini hisobga olmasdan
qurilishi natijasida bir qancha falokatlarning ro’y berishi, ayrim inshootlarning esa
tabiatga kuchli salbiy ta’siri oqibatida qator ekologik muammolarning yuzaga kelishi
loyihalarni geografik-ekologik ekspertizadan o’tkazishni shart qilib qo’ydi.
Shu maqsadda O’zbekistonda o’tgan asrning 90-yillaridan boshlab yirik
inshoot va obyektlarning loyihalari geografik-ekologik erspertizadan o’tkazila
boshlandi.