Globallashuv tushunchasi, mohiyati, jamiyat hayotida namoyon bo‘lish xususiyatlari
Yuklangan vaqt
2025-01-16
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
11
Faytl hajmi
42,0 KB
Globallashuv tushunchasi, mohiyati, jamiyat hayotida namoyon bo‘lish
xususiyatlari.
Reja:
1. Globallashuv tushunchasi. Globallashuvning asosiy xususiyatlari va
namoyon bo‘lish xususiyatlari.
2. Globallashuv amalga oshishining turli xil vositalari. Globallashuv yuz
berishida internet, badiiy adabiyot, OAV, ta’lim, hamkorlik va
boshqalar.
3. Dunyoning hozirgi mafkuraviy manzarasi.
O‘z davrida fransuz faylasufi Rene Dekart “Tushunchalar ma’nosini
aniqlashtiring va bu insoniyatning yarmini adashishdan saqlaydi” - deb yozgan
edi. Ayni shu ma’noda dastlab biz “globallashuv” tushunchasining istilohiy
ma’nosini izohlashga harakat qilamiz. “Globallashuv” atamasi dastlab
amerikalik olim T.Levitt tomonidan 1983 yili «Garvard biznes revyu» jurnalida
chop qilgan maqolasida qo‘llangan. T.Levitt yirik transmilliy korporatsiyalar
ishlab chiqaradigan turli-tuman mahsulot bozorlarining birlashuv jarayonlarini
“globallashuv” deb atagan1. Mazkur ta’rifda globallashuv jarayonining iqtisodiy
tamonlariga e’tibor berilgan. Vaholanki, globallashuv yaxlit jarayonlarni o‘z
ichiga qamrab oladi. A.Ochildievning ta’kidlashicha, “...eng umumiy ma’noda,
globallashuv, bir tomondan, muayyan hodisa, jarayonning barcha mintaqalar,
davlatlar va butun Er yuzini qamrab olganini, ikkinchi tomondan, ularning
insoniyat taqdiriga dahldor ekanini anglatadi”2. V.I.Danilov-Danilyan esa
“Globallashuv ko‘proq mantiqdan emas, balki tarixiy paradigmadan kelib
chiqqan so‘zdir. Globallashuv jihatlarining o‘zaro aloqadorligini aniq va ravshan
1 Умаров Б. Глобаллашув зиддиятлари. – Тошкент: Маънавият, 2006. – 8-б.
2 Очилдиев А. Глобаллашув ва мафкуравий жараёнлар. – Тошкент: Муҳаррир нашриёти, 2009. - 64 б.
tahlili mavjud emas”3, - deb yozgan edi. Yuqoridagi ta’riflardan ko‘rinadiki,
globallashuv jarayoni o‘zining murakkabligi va serqirraligi bilan alohida ajralib
turadi. SHuning uchun ham S.Otamuratov “...globallashuv tushunchasi haqidagi
qarashlar turli-tumanligicha davom etib kelmoqda. Bu tabiiy hol. CHunki uning
makon va zamonda sodir bo‘lish xususiyatlari turlicha bo‘lib dunyoning
o‘zgarishiga o‘tkazayotgan ta’sirida ham yangi-yangi imkoniyatlari namoyon
bo‘lmoqda”4.
Globallashuv sharoitida tashqi aloqalar, xalqaro iqtisodiy munosabatlar
rivojlanib, har bir shaxsning ma’naviyati va intellektual salohiyatiga yangicha
talablar qo‘ymoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro
munosabatlarning to‘laqonli a’zosi va uning ajralmas qismi hisoblanadi.
SHuning uchun ham bugungi kunda mamlakatimizda yuksak ma’naviyatli,
yuqori bilimli va xalqaro talablarga mos keladigan mutaxassislarni tayyorlashga
alohida e’tibor berilmoqda. Mamlakatimizda bunday mutaxassislarga bo‘lgan
talab kelajakda ham oshib boradi. SHu bois yuksak ma’naviyatli shaxsni
tarbiyalash, ularni xalqaro mezonlar asosida tayyorlash ustuvor vazifalardan
biriga aylanib bormoqda.
Globallashuv – bu butun jahon iqtisodiy siyosiy, madaniy integratsiya va
unifikatsiyalashuv (bir-birga yaqinlashuv) jarayonidir. Asosiy xususiyatlari
xalqaro mehnat taqsimoti, kapital, ishchi kuchi va ishlab chiqarish resurslarining
erkin
harakati,
qonunchilik,
iqtisodiy
va
texnologik
jarayonlarni
standartlashtirish, shuningdek, turli mamlakatlarning madaniyatining qo‘shilish
va yaqinlashuvidir. Bu ob’ektiv jarayon bo‘lib jamiyatning barcha sohalarini
qamrab oluvchi tizimli xususiyatga ega. Zero biz A.Toynbi ta’biri bilan
aytganda, insoniyat,”umumiy uy”, “umumiy taqdir» va umumiy tashvishlar
bilan yashashga kiririshayotgan5, bir so‘z bilan aytganda globallashuv deb
atalayotgan jarayonlar sodir bo‘layotgan zamonda yashamoqdamiz.
SHunday ekan, milliy mafkurani takomillashtirish masalasi ham
endilikda nafaqat milliy, balki global xarakter ham kasb etadi. Lekin,
3 Данилов-Данилян В.И. Устойчивое развитие – проблема выжывания человека//.Наука.Общество.Человек. -
М., 2004. – 143 с.
4 Отамуратов С. Глобаллашув ва миллат. – Тошкент, Янги аср авлоди, 2008. – 13 б.
5 Қаранг: Жураев Н. Тарих фалсафасининг назарий асослари. – Тошкент: Маънавият, 2008. – Б.221.
globallashuv jarayoni N.Jo‘raev6 to‘g‘ri qayd etganiday, hozircha faqat
qandaydir mavhum ijobiy jihatlari bilangina emas, balki ko‘proq “hozirgi davr
global muammolari”ni vujudga keltirgani bilan xarakterlidir. Ko‘pchilik
mutafakkirlar bu davrni xatto global kriziz (buxron) davri deb atamoqdalar.
“XX asr krizisni kuchli his etish bilan boshlangan edi va shu hissiyot bilan
poyoniga etdi”,7 - deb yozadi, masalan, rus faylasufi S.I.Dudnik. Darhaqiqat,
globallashuv zamonaviy jamiyatga ko‘plab ijobiy jihatlar olib kirish bilan birga,
insoniyat taraqqiyotidagi shunday pallani ham o‘zida aks ettiryaptiki, endilikda
dunyo xalqlari vujudga kelayotgan muammolarga qarshi yolg‘iz kurasha
olmaydi, ularni birgalikda hal qilish mumkin.
Globallashuvning salbiy oqibatlari asosan, quyidagi sohalarda namoyon
bo‘lmoqda: ekologiya, sog‘liqni saqlash, demografik, resurslar, axloq, oila,
ta’lim-tarbiya, ma’naviy, dunyoqarash va boshqalar shular jumlasidandir. Ayni
shu ma’noda bugungi kunda eng yangi fani sinergetika ham shu krizis holatini
ifodalash uchun “global bifurkatsiya nuqtasi” degan maxsus yangi tushunchani
kiritgani, “katastrofalar nazariyasi”ni ishlab chiqqani bejiz emas. CHunki
S.P.Kapitsa, S.P.Kurdyumov, G.G.Malinetskiy ta’kidlaganlaridek, “Olimlar
siyosatchilarning qo‘liga butun Planetadagi hayotni bir emas, birnecha necha bor
yo‘q qilish quvvatiga ega bo‘la oladigan qurollarni tutqazdilar, vaholanki,
kelajakda ularni qanday yo‘qotish va nima qilish mumkinligini aniqlashga
harakat qilmadilar..., ular energiyaning yangi manba’larini kashf etdilar va
emoqdalar, shuning bilan birga radioaktiv chiqindilar va yadroviy terrorizmdan
qutulishday juda jiddiy muammolarini ham vujudga keltirdilar..., ular odamlarga
antibiotiklarni sovg‘a qildilar, ayni paytda, zararli mikroorganizmlarning tabiiy
tanlanish jarayonini kuchaytirdilar.”8
Oksford universiteti direktori, professor Nik Bostrom bu ishlarning salbiy
oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rilmayotgani haqida shunday deydi: “Texnologik
progressning tezlashuvi tufayli insoniyat hozir o‘z taraqqiyotining keskin
6 Қаранг: Жўраев Н. Тарих фалсафасининг назарий асослари. – Тошкент: Маънавият, 2008. – Б.459.
7 Дудник С. И. Парадигмы исторического мышления ХХ века: очерки по современной философии культуры.
СПб.: Санкт-Петербургское философское общество, 2001.Б.132.
8 Капица С.П., Курдюмов С.П., Малинецкий Г.Г. Синергетика и прогнозы будущего Изд. 2-ое. М.: Эдиториал
УРСС 2001. - Б.3 – 5.
burilish nuqtasga katta tezlik bilan yaqinlashib kelayotgan bo‘lishining ehtimoli
katta. Insoniyatga yaxshi tanish bo‘lib qolgan yadroviy xavfu xatar yoniga
endilikda nanotizimlar va mashina intellekti kabi sohalarning jadal rivojlana
boshlagan texnologiyalari misli ko‘rilmagan o‘z imkoniyatlari va xatarlari bilan
qo‘shilmoqda. Bizning kelajagimiz, agar u bor bo‘lsa, bizning ana shu
jarayonlarga munosabatimizga bog‘liq. Hamon biz jadal rivojlanayotgan
texnologiyalarga bog‘liq ekanmiz, insoniyat jamiyatidan “post-insoniyat”
(keyingi insoniyat) jamiyatiga o‘tish dinamikasini yaxshi anglab etishimiz
kerak. Ayniqsa tuzoq qaerda joylashganini, muqarrar o‘limga olib borishi
mumkin bo‘lgan yo‘llarni payqay bilishimiz zarur.”9
Bir necha yillik tadqiqotlari natijasida A.CHumakov “Globallashuv
ijtimoiy hayotning barcha sohalarning, ma’naviy qadriyatlar, dunyoqarash
yo‘nalishlarini universallashuviga olib kelishi bilan birga, an’anaviylik, o‘ziga
xoslik va madaniy xilma-xillikni saqlashni istisno qilmaydi”10, - degan xulosaga
keladi. Bunday davrda shaxs murakkab ijtimoiy muhit sharoitida faoliyat
ko‘rsatishga majburdir. Inson yashayotgan zaminining, tinch va barqaror
kechirayotgan hayotining mohiyatini to‘la anglashi, qadrlashi, ya’ni ijtimoiy
muhitning ob’ekti sifatida namoyon bo‘lishi kerak. Globallashuv jarayonining
hayotimizga tobora tez va chuqur kirib kelayotganining asosiy sabablari
xususida Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganlaridek “...shuni ob’ektiv tan olish
kerak – bugungi kunda har qaysi davlatning taraqqiyoti va ravnaqi nafaqat yaqin
va uzoq qo‘shnilar, balki jahon miqyosida boshqa mintaqa va hududlar bilan
shunday chambarchas bog‘lanib borayaptiki, biron mamlakatning bu jarayondan
chetda turishi ijobiy natijalarga olib kelmasligini tushunish, anglash qiyin
emas”11.
Global miqyosdagi muammolar ilmiy munozaralar predmeti sifatida XX
asrning 60-70 yillarida jahon hamjamiyatida jiddiy qiziqish uyg‘otgan. 1930
yillarda E.Lerua, Teyyar de SHarden va V.I.Vernadskiylarning nazariyalarida
insoniyat hamjamiyatning global mohiyati va uning Erdagi yashash tarixi uchun
9 Ник Бостром - Ph.D., is Director of Oxford University's new Future of Humanity Institute.Угрозы существованию
человечества. Анализ сценариев вымирания. //2007. http://www.nickbostrom.com/
10 Чумаков А.Н. Глобализация. Контуры целостного мира. - М., Проспект, 2005.С.259.
11 Каримов И.А. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Тошкент: Маънавият, 2008. – 111 б.
mas’uldir, degan fikrlar ilgari surilgan. Keyinchalik bu masalaga e’tibor bir
muncha susaygani tashlanadi. 1970-80 yillarga kelib mazkur masalaga oid
tadqiqotlar jonlanganligi bizga ma’lum. Bugungi kunda globallashuv
jaryonining jadallashuvi o‘zaro aloqadorlik va o‘zaro ta’sir dialektikasi
qonunlari asosida ilm-fan, madaniyat taraqqiyotiga ta’sir o‘tkazmoqdaki, bu o‘z
navbatida yoshlardagi ijtimoiy mas’ullik jarayoni zamonaviy ilm-fan yutuqlari,
texnika-texnologiya, xalqaro axborot almashinuvining jadal rivoji bilan o‘zaro
aloqadorlikda yuzaga keladi.
Hozirgi kunda “globalistika” termini zamonaviy fan tilining ajralmas
qismidir, ammo uning ma’nosi haqida hanuz turlicha fikrlar bildirilmoqda.
Ba’zilar bu yangi fan, u hali shakllanish jarayonida, deb aytsalar, boshqalar ilmiy
bilish integratsiyasi natijasi, deb bilib, o‘ziga xos fanlararo tadqiqotlar sohasi,
deb tan olmoqda12.
Globallashuv jarayoni kuchayib borayotgan hozirgi dunyoda davlatning
raqobat shartlariga tez moslashuvi uning muvaffaqiyatli va barqaror
rivojlanishining asosiy ustunligi – ta’lim tizimining holati bilan aniqlanadigan,
shaxsni ma’naviy rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligi bilan bog‘liq.
Davlatning bugungi va istiqbolidagi barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlovchi
omillar aynan ta’lim sohasi rivojlanishiga bevosita bog‘liq. SHu sababli
mustaqillikning ilk yillaridanoq iqtisodiyotni tubdan isloh qilish jarayonida
ta’lim sohasida jahonda munosib o‘rinni egallashga qaratilgan yangi uzluksiz
ta’lim tizimini yaratish va rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu
borada alohida ahamiyat kasb etadigan siyosiy globallashuv davlatlarning
siyosiy tuzilishini, xalqlar va mintaqalar o‘rtasidagi siyosiy aloqalarning
kengayishini, o‘zaro bog‘liqligini ifodalaydi va oxir-oqibat, ularning
unifikatsiyalashuviga olib keladi. Bunda o‘ziga xos siyosiy munosabatlar
ko‘lamiga ko‘ra global va barcha davlatlarning ichki tuzilishi bir tarmoqqa
ulanib ketishi kuzatiladi. Bu jarayonda milliy davlatchilik suverenitetiga xavf
tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bir qancha holatlar mavjud. Ular qatoriga
quyidagilarni kiritish mumkin:
12 Қаранг: Чумаков А.Н.Философия глобальнқх проблем. - М.: Знание, 1994. С.77-80.
Birinchidan, jahon siyosiy sahnasida transmilliy korporatsiyalar, nodavlat
hamda xalqaro tashkilotlar, xalqaro kapital kabi yangi qudratli siyosiy sub’ektlar
shakllanmoqda. Ular siyosatning an’anaviy sub’ekti — milliy davlatchilik
suverenitetining ikkinchi darajaga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, globallashuv xalqaro huquq asoslariga sezilarli ravishda
ta’sir etyapti. Bu esa davlatlarning o‘z hududida huquqiy suverenitetidan qisman
ayrilishiga olib kelmoqda. Natijada milliy davlatlarning nafaqat tashqi, balki
ichki siyosiy masalalarini mustaqil echish imkoniyatlari chegaralanmoqda.
Ma’lum bir davlatning ichki siyosatini tashkil etadigan muammo (ichki ixtilof,
siyosiy kurash, saylov jarayonlari va boshqalar) bugungi kunga kelib, global
ahamiyat kasb etib boshqa davlatlarning manfaatlariga ham daxldor bo‘lib
qolmoqda.
Uchinchidan, kishilar ongida davlatchilik suvereniteti asosini tashkil
etuvchi hududiy omil globallashuv samarasi o‘laroq, o‘zining an’anaviy
ahamiyatini yo‘qotmoqda va tabiiy ravishda davlat hokimiyati mavqeiga ham
putur etmoqda. Boshqacha aytganda, milliy chegaralar tobora shaffoflashib
bormoqda.
To‘rtinchidan, butun dunyo bo‘ylab bir qator g‘arb davlatlari
rahnamoligida "demokratiyalashuv" jarayoni jadallashmoqda va buning
natijasida ayrim davlatlarning o‘ziga xos demokratik taraqqiyotiga chetdan
kuchli ta’sir o‘tkazilyapti. YA’ni, bu jarayondan o‘z manfaatlari yo‘lida
foydalanishga
urinayotgan
globalizm
g‘oyasi
asoschilari
boshqa
mamlakatlarning
siyosiy
boshqaruv
tizimini
o‘z
qo‘llariga
olishga
urinmoqdalar. Misol uchun, MDHga a’zo bir qator davlatlarda 2005 yilda yuz
bergan "inqiloblar", siyosiy globallashuv mahsuli bo‘lib, ushbu jarayon
asoratlarining qanchalar xavfli ekanligidan darak beradi. Ushbu voqealar
shundan dalolat beradiki, yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar boshqa
davlatlarning suvereniteti va ichki ishlariga aralashmaslik prinsipini
pardalangan shaklda buzmoqda. Bunda siyosiy globallashuv jarayonining yana
bir mahsuli – nodavlat tashkilotlarning resurslari va nufuzidan tashkiliy niqob
sifatida foydalanish dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Ayni shu ma’noda
A.V.Buzgalin “Globallashuv siyosatga ta’siri kuchli bo‘lib, havfsizlik va iqtisod
sohasida davlatlarning bir-biriga tobeligini kuchaytirib, har birining jahon
sahnasidagi ustuvor jihatlarining chuqur o‘zgarishiga olib keladi. Tashqi siyosiy
vositalar arsenaliga boshqacha nuqtai nazardan qarashga majbur qilib, jahon
siyosatining tadrijiylashish jarayonining tezlashib ketishiga olib keladi”13, - deb
yozadi.
Globallashuv fenomeni ob’ektiv va ochiq ekanligini hisobga olinsa uning
turli muqobillarda namoyon bo‘lishi tabiiy tus oladi. SHunday ekan
globallashuv jarayonining biror-bir aspektini mutlaqlashtirib, unga mutlaq ijobiy
yoki mutlaq salbiy jarayon sifatida qarash nojoizdir. O‘z navbatida nemis
sotsiolog olimi U.Bek “SHubhasiz, globalizatsiya eng ko‘p qo‘llaniluvchi va eng
ko‘p suiste’mol qilinuvchi va eng kam o‘rganilgan, ehtimol tushunarsiz
mavhum, siyosiy jihatdan samarali so‘zdir (bahs-munozarada kuchli qurol,
shior)”14, - deb yozadi.
Globallashuv jarayonida axborot olishning tezlashuvi, shuningdek,
internet orqali uzatiladigan turli yangiliklarni ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil
qilish masalalarini e’tibordan chetda qoldirmaslikni taqozo etadi. Masalan,
globallashuv haqida 1998 yilda Nobel mukofotini olgan Portugaliyalik yozuvchi
J.Saramagu: “Men antiglobalistik harakatlar tarafdoriman. CHunki menga hozir
sayyoramizda keskin tezlikda shakllanayotgan tartib, nizom yoqmaydi” - degan
bo‘lsa, J.Soros “globallashuvning shuncha kamchiliklariga qaramay, men uning
rashkchi tarafdoriman. Men uni qo‘llab-quvvatlashim sababi nafaqat u
beradigan qo‘shimcha boyliklar, balki u odamlarga berishi mumkin bo‘lgan
erkinlik sababli hamdir”15, - deb yozadi.
Umuman olganda, globallashuv murakkab va serqirra jarayon bo‘lib, uni
turli mamlakatlar hayotiga o‘tkazayotgan ta’siri ham turlicha. Bu hol dunyo
mamlakatlarining iqtisodiy, ma’naviy salohiyatlari va siyosati qanday ekani
bilan bog‘liq. Dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlarning har bir
mamlakatga o‘tkazayotgan salbiy ta’sirini kamaytirish va ijobiy ta’sirini
kuchaytirish, davlatlar kelajagini belgilab beruvchi asosiy omil bulib qolmoqda.
13 Қаранг: Бузгалин А.В. Альтерглобализм: к теории феномена// Наука. Общество.Человек. - М., 2004.
14 Бек У.Что такое глобализация? М., 2001.Б.40.
15 Сарамагу Ж. Почему я поддерживаю антиглобалистов//Росси в глобальной политике. 2003.№1.С.176.
Сорос Дж. О глобализации.М., 2002.С.22.
Globallashuvning asosiy ko‘rinishlari, tendensiyalari va oqibatlari
tevaragidagi munozaralar so‘ngi yillarda nafaqat jonlandi, balki qizg‘in tus
olmoqda. Bugun nafaqat bir davlatda, balki butun dunyoda bir-biriga qarshi
kurash olib borayotgan "globalistlar" va "anti globalistlar"ga ajraldi. Ayrim
olimlar globalizatsiyani farovon turmush, tanlash huquqi va yanada ko‘prok
erkinlik, ya’ni ko‘chib yurish, to‘liq axborot olish, ko‘proq xaq to‘lanadigan
joyda ishlash, eng yaxshi universitetlarda ta’lim olish erkinligi bilan bog‘lasalar,
boshqalar uchun esa globallashuv insoniyatga tahdid soluvchi, global isish, atrof
muhitning ifloslanishi, nazoratsiz migratsiya omillarining vujudga kelishi,
ishsizlarning ko‘payishi, an’anaviy qadriyatlarga putur etishi kabi muammolarni
tug‘diruvchi
jarayon
sifatida
baholamoqdalar.
Bizning
nazarimizda,
globallashuv, eng avvalo, taraqqiyot sur’atlarining tezlashuvi orqali butun
insoniyat yalpi Er shari taqdirini birlashtirayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy,
ma’naviy-axloqiy, madaniy-ruhiy hodisa sifatida o‘zini namoyon etayotgan bir
paytda, uning yaxlit mohiyatining ijtimoiy-falsafiy jihatdan tadqiq etishni
taqozo etmoqda. Ayni shu nuqtai-nazardan qaraganda, globallashuv odamlar
orasida ma’lum bir universal va umumhajmli aloqani o‘rnatishni nazarda tutadi.
Globallashuv tushunchasi uning ma’no mazmuni va insoniyat
taraqqiyotdagi o‘rni masalasiga qiziqish ortib bormoqda. Globallashuv jarayoni
er yuzidagi mamlakat va xalqlarni shu darajada uzviy bog‘lab qo‘ymoqdaki bu
ni bashariyat tarixida shu paytga qadar hech qaysi vosita amalga oshira olmagan.
Bu jarayon shunchalik kuchayib bormoqdaki hozirdanoq dunyoning biron bir
hududi uning ta’siridan hali qolayotgani yo‘q. O‘tgan asrning oxirlarida paydo
bo‘lgan globallashuv atamasi jahon mamlakatlari iqtisodiy va ma’naviy
hayotining yalpi umumlashib borayotganini ifoda etar edi. Globallashuv
shunday jarayonni undan chetga turaman degan mamlakatlar uning ta’siriga
ko‘proq uchrab qolishi mumkin. Bunday g‘ayri ixtiyoriy ta’sir esa ko‘pincha
salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Mustaqillik davrida mamlakatlarimiz olimlari
o‘tkazgan va o‘tkazayotgan tadqiqotlar tahlili bu sohadagi ishlar endigina
boshlanayotganidan darak beradi.