HAYVONLARDA XIRURGIK OPERATSIYA ELEMENTLARI VA TO‘QIMALARNI AJRATISH. QON OQISHINI TO‘XTATISH.
Yuklangan vaqt
2025-01-16
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
5
Faytl hajmi
17,0 KB
XIRURGIK OPERATSIYA ELEMENTLARI VA TO‘QIMALARNI
AJRATISH. QON OQISHINI TO‘XTATISH.
MA’RUZA REJASI:
1. Yumshoq to‘qimalarni ajratish qoida va usullari. To‘qimalarni ajratish
uchun qo‘llaniladigan asboblar, qulay kesim haqida tushuncha.
2. To‘qimalarni ajratish shakliga, yo‘nalshiga va chuqurligiga qarab
3. Qon oqishi turlari. Qon oqishini oldini olish. Qon oqishini vaqtinchalik
to‘xtatish. Qon oqishini batamom to‘xtatish usullari.
4. Mexanik: burash, tomirlarni choklash, tomirlarni bog‘lash; Fzikaviy:
mahalliy gipotermiyani (sovuq suv, muz, xlor etil) va gipertermiyani
(termokauterezasiya, kuydirish) qo‘llash.
5. Kimyoviy: qon to‘xtatish maqsadida dori moddalarni umumiy va mahalliy
qo‘llash; Biologik: to‘qimalar, ketgut va qon to‘xtatish, gubkalar yordamida
tamponada qilish.
Tayanch iboralar: kesim, qatlamlarga ajratish, qulay kesim, kesim shakllari,
qon oqish turlari, qon oqishni to‘xtatish.
Xirurgik operasiyalarni bajarishda uchta asosiy element mavjud: to‘qimalarni
ajratish, qon oqishini to‘xtatish va to‘qimalarni biriktirish.
To‘qimalarni ajratish operativ yondoshishga va operasiyani o‘tkazish uchun
ishlatiladi.
Kesishga ko‘rsatma turli tuman, shuning uchun uni bajarish usullari ham xar
xil. U ikki usulda olib boriladi: kesish va qatlamlarga ajratish. Kesish yo‘li bilan
operasiya olib borish teri, shilliq va seroz pardalarda, teri osti yoki fassiya, aponevroz
va yo‘g‘on muskullarda qo‘llaniladi.
Yassi muskullar, to‘qima oralig‘ida joylashgan patologik yallig‘lanishlarda
o‘tkaziladigan operasiyalarda qatlamlarga ajratish usuli qo‘llaniladi. Bu usulda nerv
va qon tomirlar shikastlanishi bartaraf etiladi. Lekin barcha hollarda to‘qima va
butun organizmga ehtiyotkorlik bilan yondoshish kerak, operasiya vaqtida to‘qima
va organlarning funksiyalarini to‘liq saqlash imkoniyati bo‘lmasa, mumkin qadar
kamroq zararlantirishga harakat qilish kerak.
Xirurgik operasiyalarni o‘tkazishda shu holat uchun qulay kesish yo‘lini
topish muhimdir. Ular quyidagi asosiy manbalarga javob berishi kerak:
A) Shu operasiyani o‘tkazish uchun ular keng va qulay bo‘lishi kerak.
B) Jarohatni haddan tashqari ochilishini oldini olish kerak, chunki chok qo‘yib
yoki ochiq holda davolashga xalaqit beradi.
V) Operasiya qilinadigan joyda qon oqishini va innervasiyani buzmaslik
kerak.
G) Kesiladigan joydan o‘tadigan katta qon tomirlari, nerv va bezlarning
chiqish yo‘llarini shikastlantirmaslik kerak ( bu bilan organlar funksiyasi
buzilishining oldi olinadi).
D) Jarohatga to‘plangan suyuqlikni uzoq vaqt davomida oqishini ta’minlash.
Masalan: teri tarangligi chiziqlarining yo‘nalishini hisoblab olib tananing
yonbosh qismi yoki bo‘ynida vertikal va qiya kesimlar rasional hisoblanadi.
Tikka kesimni bo‘yin va tananing dorzal va ventral yuzasida o‘rta sagital
chiziq bo‘ylab yoki shuning atrofida o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bosh qismidagi kesishni shunday olib borish kerakki, yuz nervi va quloq oldi
so‘lak bez yo‘llarini shikastlantirmaslik kerak.
Tuyoq qismida esa shox paydo bo‘lish jarayonini buzmaslikka harakat qilib
kesish kerak. Kesishdan oldin uning kattaligini, shaklini, yo‘nalishini aniq tasavvur
qilish kerak. Kesim uzunligi patologik jarayonning kattaligiga va uni to‘qimalar
orasidagi chuqurligiga ham bog‘liq, ya’ni operasiya qilinadigan organ qanchalik
chuqur joylashgan bo‘lsa, teri to‘qimasining kesimi shuncha uzun bo‘ladi. Kesishga
kirishishdan oldin har doim kesim o‘tkazish qoidasini esda tutish zarur: kesim
kerakligicha katta va mumkin qadar kichik bo‘lishi lozim.
Kesim shakli – ko‘pincha to‘g‘ri chiziqli, urchuqsimon va quroqsimon
kesimlar qo‘llaniladi.
To‘g‘ri chiziqli kesim o‘tkazish texnikasi sodda va jarohatning bitishiga
yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.
Urchuqsimon kesim operasiya qilinadigan joyda terining ortiqligida, yaralar,
o‘smalarni kesishda qo‘llaniladi.
Ekssudatlarning yaxshi oqishini ta’minlash va chuqur joylashgan to‘qimalarga
keng yo‘l ochish maqsadida turli shakldagi quroqsimon kesim ishlatiladi:
burchaksimon, taqasimon, T-simon, krest shaklida.
Kesim yo‘nalishida – teri qatlami, jun o‘sish yo‘nalishi bilan va chuqur
joylashgan nerv-tomir tolalarini etiborga olinishi kerak.
Bo‘sh va qattiq to‘qimalarni ajratish uchun turli asboblar qo‘llaniladi: qaychi,
arra, qisqichlar, trepanlar.
Kesish hamma vaqt qon tomirlarining shikastlanishiga olib keladi va natijada
qon oqishi kuzatiladi.
Qon oqishining kelib chiqish sabablariga ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:
arterial-qirmiz rangda qon pulsasiyalovchi oqim bilan chiqadi. Bu hollarda tezlikda
o‘tkir anemiya vujudga keladi. Venoz-qon sekinlik bilan oqib chiqadi va to‘q qizil
rangga ega bo‘ladi, bunda qon oqimida pulsasiya bo‘lmaydi. Kapillar-yara yuzasidan
bir tekisda qon oqadi. Parenximatoz-parenximali organlar jarohatlanganda oqadi,
ko‘p va aralash qon ketishi kuzatiladi.
Klinik ko‘rinishlarni hisobga olib qon ketishi:
a) tashqi;
b) ichkilarga bo‘linadi.
Tashqi qon ketishda qon tashqi muhitga oqib chiqadi. Qon tananing biror
bo‘shlig‘iga (plevra, qorin va boshqalar) yoki kovak organga oqsa ichki qon ketish
deyiladi.
Qon ketishning paydo bo‘lish vaqtiga ko‘ra quyidagi turlarga farqlanadi:
A) Shikastlanish, travma sodir bo‘lishi bilan boshlanuvchi birlamchi qon
ketish.
B) Erta ikkilamchi qon ketish. Bu yarador bo‘lgan birinchi soat yoki
sutkalarda vujudga keladi.
V) Yarada infeksiya rivojlangan turli muddatda vujudga keluvchi kechikkan
ikkilamchi qon ketish. Bunday qon ketishlar jarohatlangan tomirdagi trombning
yiringli yemirilishi, erroziya, tomir devorining yallig‘lanish jarayoni natijasida
yemirilishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Xirurgik operasiyalar o‘tkazish vaqtida qon oqishining oldini olish katta
ahamiyatga ega. Buning uchun butun organizmga va mahalliy ta’sir etuvchi qon
to‘xtatuvchi moddalarni ishlatish kerak.
Qonning ivish xususiyatini oshirish uchun operasiyadan oldin qon quyish
tavsiya qilinadi: yirik hayvonlarga 500-1000 ml, maydalariga esa 300 ml. qon
tomirlarning devoriga ta’sir etuvchi 10 % kalsiy xlorid, yirik hayvonlrga 30-40 ml,
maydlariga 2-4 ml. Qon ketishini mayda va o‘rta tomirlarda o‘z-o‘zidan to‘xtatish
mumkin, ya’ni tromb hosil qilish orqali.
Qon ketishining vaqtincha va batamom to‘xtatilishi farqlanadi.
Qon ketishini vaqtincha to‘xtatish usullariga quyidagilar kiradi: qisuvchi
bog‘lam (povyazka) qo‘yish, tampon yoki barmoq, qo‘l yordamida bosish,
gemostatik pinsetlar yordamida qisish, jgut qo‘yish. Shundan so‘ng qon oqishini
batamom to‘xtatishga kirishish kerak. Qon oqishini batamom to‘xtatuvchi barcha
usullarni 4 guruhga bo‘lish mumkin: mexanik, fizik, kimyoviy va biologik.
Mexanik usul – qon ketishini mexanik to‘xtatish usullariga tomirni yarada
yoki undan yuqorida bog‘lash, tomir choki qo‘yish, bog‘lam va tamponadalar kiradi,
tomirning uchini qon to‘xtatuvchi qisqich bilan burash yo‘li bilan qon ketishni
to‘xtatishning mexanik usullaridan biridir. Qon to‘xtatuvchi tamponlarni 48 soatdan
keyin olib tashalash tavsiya etiladi.
Fizik usuli – bu usul sovuqni va issiqlikni qo‘llashga asoslangan. Ya’ni past
haroratning tomirlar spazmasini (torayishini) paydo qilishiga, yuqori harorat esa
oqsillarni koagulyasiya qilishga va qon ivishini tezlatishga asoslangan. Buning
uchun sovuq suv, qor, muz, qizdirilgan temir, issiq 55-600 suv ishlatiladi.
Kimyoviy usuli – bu usulda tomirlarning toraytiruvchi va qon ivishini
oshiruvchi preparatlar qo‘llaniladi. Ularga quyidagilar kiradi: 3 % li vodorod
peroksidi, 1:1000 adrenalin suyuqligi, efidrin teri ostiga otlarga va Y.Sh.X larga
0,05-0,5 gr, itlarga 0,01-0,05 gr, mahalliy 2-5 %; Ergetin 10 % suyuqlik teri ostiga
otlarga 5-10 ml, itlarga 0,5-1 ml; vitamin K (vikasol) Y.Sh.X. 0,1-0,3 gr, itlarg 0,01-
0,03 gr muskul orasiga; 10 % kalsiy xlorid yirik hayvonlarga 30-40 ml, maydalariga
2-4 ml vena qon tomiriga.
Biologik usul – qonning ivish xususiyatini oshiradigan moddalar ishlatiladi.
Ularni bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin:
1. Qonayotgan yarani hayvon to‘qimalari bilan tamponada (charvi, muskul,
yog‘ xujayrasi, fassiya) qilish.
2. Qon, yangi plazma, zardob qo‘yish.
3. Vitaminlar yuborish.
4. Qondan tayyorlangan moddalarni mahalliy ishlatish.
Masalan: Otlarning zardobini teri ostiga 100-150 ml, vena tomiriga 80 ml
yuborish mumkin; qon quyish miqdori otlarga 400-500 ml, itlarga 40-50 ml.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Operativ xirurgiya – X.K. Rustamov, Ya.A.Axbutayev, B.D.Narziyev –
1997.
2. Operativnaya xirurgiya – Magda I.I. – 1990.
3. Teoriya i praktika xirurgicheskogo shva. A.N. Tolikov. 1951.