IOGANN SEBASTYAN BAX.( 1685-1750)
Reja:
1. XVIII asr musiqa madaniyati tarixida I.S.Bax musiqasining ahamiyati.
2. Bax ijodida dinning ahamiyati.
3. Kompozitorning tarjimai holi. Bolaligi, yoshlik yillari.
4. Veymar, Kyoten davri. Leyptsig davri.
XVIII asr musiqa madaniyati tarixida I.S.Bax musiqasining ahamiyati.
Iogann Sebastyan Bax –XVIII asrning buyuk nemis kompozitoridir. Vafotidan so’ng
260 yil o’tgan bo’lsada uning musiqasiga bo’lgan qiziqish o’sib bormoqda. I.S.
Baxning ijodi kompozitor vafotidan so’ng bir necha yil davomida unut bo’lib ketdi.
Mendelson, Shuman va Listning targ’ibot faoliyatlari tufayli XIX asrdan boshlab,
buyuk kompozitorning musiqasi hayot yuzini ko’rdi.
Kompozitorga bag’ishlangan birinchi tadqiqot 1802-yilda nemis tarixchisi I.N.
Forkel tomonidan yozilgan. 1829-yilda nemis kompozitori Mendelson rahbarligida
Baxning buyuk asari “ Matfey bo’yicha ehtiroslar” omma oldida ijro etildi. Bugungi
kunda butun jahon san’atkorlari Bax musiqasining go’zalligi va ilhomlantiruvchi
kuchi, mahorat darajasi xamda mukammalligiga tan bergan holda ijro etib
kelishmoqda.
Bax ijodining asl mohiyatini birinchi bo’lib Motsart va Betxoven ochib bera
olishdi. Bax asarlari bilan tanishgan Motsart shunday xitob qilgan:” Bu erda o’rganish
muhim bo’ladigan narsalar bor!”. Betxoven esa zavq va hayajon bilan Bax to’g’risida
shunday degan edi: “ U jilg’a emas, okean”.
1850 yilda Bax jamiyati tuzildi. Jamiyatning maqsadi kompozitor qalamiga
mansub barcha qo’lyozmalarni jamlab, ularni to’la asarlar to’plami sifatida nashr
qilish edi.
2--:
Bax ijodida dinning ahamiyati. Bax ijodini sharhlash va unga baho berishga
ko’plab qarama-qarshi fikrlar mavjud bo’lgan. Aksariyat tarixchilar Baxni betayin
musiqiy- matematik formulalarni ishlatuvchi kompozitor deyishsa, boshqalar uning
timsolida tarki dunyo qilgan darveshni ko’rishar, boshqalar e’tiqodli cherkov
musiqachisi sifatida qabul qilishardi.
Bax turli janr va shakllar ustida ishladi. Bular -- yirik kantatalar, “Yaxshi
temperatsiyalangan klavir”ning kamer prelyudi va fugalari, sodda va kichik hajmli
erkin prelyudiya va inventsiyalar, Branderburg kontsertlari edi.
Bax o’zining musiqasida insonda bo’lgan barcha ezgulik va go’zallikni ko’rsatib
bera olgan dahodir. Uning ijodi asosida yuksak ahloqiy g’oya yotadi. Baxning diniy
va dunyoviy musiqasi o’rtasida katta tavofut sezilmaydi. Musiqiy timsollar tavsifi,
ifodaviy vositalar, rivojlov usullari umumiydir. Kantatalar, oratoriyalar, organ
fantaziyalar va fugalar, klavir va skripka uchun sonatalarda turli-tuman mavzular
qamrab olingan: qayg’u va iztirob, quvonch va shodlik, falsafiy fikrlar va hokazo.
Bax xalq musiqa san’atini o’rganib, ommabop qo’shiqlarning xazinasi bo’lgan
protestant xorallari to’plamlariga alohida e’tiborni qaratdi.
Kompozitor ijodiyotida maishiy musiqa katta ta’sir o’tkazdi. Bax dunyoviy va
diniy asarlarida xalq musiqasidagi qo’shiq-raqs kuylari ohanglaridan keng foydalandi.
Kompozitor merosida turli-tuman janrdagi asarlar bor. Bular organ va klavesin
uchun cholg’u asarlar (uvertyuralar, kontsertlar), torli, puflama cholg’ular uchun
kamer asarlar va ansambllar (sonatalar, triolar, syuitalar), dunyoviy vokal-cholg’u
janrlar, diniy asarlar (messalar, oratoriyalar, motetlar, kantatalar). Baxning ko’pgina
asarlari yo’qolib ketganligi ma’lum. Chunonchi, uch yuzta kantatadan yuzdan ortig’i
yo’qolgan. Beshta passionlardan “Matfey bo’yicha ehtiroslar” va “Ioann bo’yicha
ehtiroslar” saqlanib qoldi.
Bax buyuk polifoniyachi sifatida o’zidan keyin polifonik musiqaning ajoyib
namunalarini qoldirdi. Bax uchun polifoniya musiqiy fikr ifodasining muhim
vositasiga aylandi. U o’z ijodida polifonik musiqaning eng muhim xususiyati -- kuy
yo’nalishi jarayonining rivojlanish dinamikasi va mantiqini kashf qildi. Bax
polifoniyaning asl shoiri edi.
3--:
Kompozitorning tarjimai holi. Bolaligi. Iogann Sebastyan Bax 1685-yil
Eyzenaxdagi nemis shaharchasi Tyuringiyada tug’ildi. Baxlar avlodi azaldan o’zining
musiqiy iqtidori bilan shuhrat qozonishgan edi. Ma’lumki, kompozitorning katta
bobosi Feyt Bax novvoylik hunari bilan bir qatorda, tsitra cholg’usini chalardi. Ikki
yuz yil mobaynida Tyuring bo’ylab Bax ajdodlari ichidan naychilar, trubachilar,
organchilar, skripkachilar chiqishgan. Pirovardida, Germaniyadagi har bir
musiqachini Bax deb, har bir Baxni esa musiqachi deb atay boshlashgandi. Nemis
musiqasi rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shgan, Baxlar qavmidan chiqqan
musiqachilarning soni 50 qiyofani gavdalantirsada, hech qaysi biri shon-sharaf va
mashhurlikka erishmagan. Avloddan avlodga o’tgan mahorat va ijodiy kuch
mashhurligi va nihoyat Iogann Sebastyan Baxda o’z aksini topdi.
Skripkada ilk ijro ko’nikmalarini u skripka va shahar musiqachisi sifatida tanilgan
otasidan o’rgandi. Bola ajoyib ovoz sohibi bo’lib, shahar maktabi xorida kuylardi. Bu
xor jamoasi kambag’al bolalardan tashkil topgan bo’lib, ular turli bayramlarda, dafn
etish marosimlarida, va to’ylarda chiqish qilar edilar.Uning kelajakdagi kasbiga hech
qanday shubha yo’q edi: kichkina Baxning musiqachi bo’lishi tayin. To’qqiz yoshida
u etim qoldi. Ordruf shahri cherkovining organchisi bo’lib ishlaydigan katta akasi uni
o’z tarbiyasiga oldi. Akasi bolani gimnaziyaga joylashtirdi va musiqadan ta’lim
berishni davom ettirdi.
O’n yoshli tirishqoq bola uchun bu bir xildagi zerikarli mashg’ulotlar
hisoblanardi. Shu sababli ham o’zi ham bilim olishga intilar edi. Akasining javonida
mashhur kompozitorlarning asarlari yozilgan daftar borligidan xabar topgach, bola
ularni tunlari xufiya ravishda olib, oyning shu’lasida notalarni ko’chirib yozar edi.
Odamni toliqtiruvchi bu mashg’ulot olti oy davom etdi, u bo’lajak kompozitorning
ko’rish qobiliyatiga beqiyos zarar ko’rsatdi. Akasi bir kuni uni bu ish ustida tutib,
ko’chirilgan hamma notalarni olib qo’yganida, u juda qattiq xafa bo’lgan edi.
Yoshlik yillari. Iogann Sebastyan Bax o’n besh yoshidan mustaqil hayot
boshlashga qaror qiladi va 1700-yilda Lyuneburg shahriga ko’chib o’tadi. 1702-yilda
gimnaziyani tugatib, universitetga kirish xuquqiga ega bo’ldi, lekin Bax bu xuquqdan
foydalana olmadi, chunki u tirikchilik uchun mablag’ topishi zarur edi. O’z hayoti
davomida, Bax ish joyini o’zgartirgan holda bir necha marta shahardan shaharga
ko’chib yurdi. Buning sababi deyarli har safar bir xil qoniqarsiz mehnat sharoiti,
kamsitishlar, uning tobelik holati edi.
Biroq vaziyat qanchalik yomon bo’lmasin uning yangi bilimlar, kamolot sari
intilishi so’nmadi. U g’ayrat bilan nafaqat nemis, shuningdek italyan va frantsuz
kompozitorlarining asarlarini muntazam o’rgandi. Bax atoqli san’atkorlar bilan
shaxsan tanishib, ularning ijrochilik uslublarini o’rganish imkoniyatidan ham umumli
foydalanar edi. Bir kuni, yo’l kiraga mablag’i bo’lmagan yosh Bax, mashhur organchi,
nemis kompozitori Ditrix Bukstexude ijrosini tinglash uchun Lyubeke shahariga
piyoda boradi.
Kompozitor o’zining ijodga bo’lgan munosabatini, musiqa san’atiga nisbatan
qarashlarini ham shunda qat’iylik bilan himoya qilardi. Saroy a’yonlari xorij
musiqasiga mukkasidan ketgan bir vaqtda, Bax alohida muxabbat bilan nemis xalq
qo’shiqlari va kuylarini o’rganib, ulardan o’z asarlarida foydalanar edi. Boshqa
mamlakatlar kompozitorlari musiqasini to’la egallagan Bax ularga ko’r-ko’rona taqlid
qilmadi. Egallagan keng va chuqur bilim uning kompozitorlik mahoratini
takomillashtirish va sayqallantirishga yordam berdi..
Sebatyan Baxning qobiliyati shu soha bilan chegaralanib qolmadi. U
zamondoshlari ichida eng yaxshi organ va klavesin ijrochisi edi. Bax hayotlik davrida
kompozitor sifatida e’tirof etilmagan bo’lsa ham, organ cholg’uchisi sifatida uning
oldiga tushadigan yo’q edi. Buni xatto uning raqiblari ham tan olishga majbur
bo’lishgan .
Bax o’sha davrning mashhur frantsuz organchisi va klavesinchisi Lyui Marshan
bilan musobaqalashish uchun Drezden shahriga taklif qilinadi. Oldinroq
musiqachilarning o’zaro tanishuvi bo’lib, ularning har ikkisi ham klavesinda ijro
mahoratlarini namoyish etishdi. Marshan o’sha kechaning o’zida Baxning so’zsiz
ustunligini tan olgan holda, shoshilinch ravishda shahardan jo’nab ketadi. Boshqa
safar, Kassel shahrida Bax organ pedaliga solo chalib, o’zining tinglovchilarini lol
qoldirdi. Bunday muvaffaqiyatlardan uning boshi aylanib qolmadi, u doimo juda
kamtarin va mehnatsevar inson bo’lib qoldi.
4--:
Veymar davri. 1703-yildan boshlab, Bax Veymar shahrida yashay boshladi. U
knyaz kapellasiga skripkachi sifatida ishga kirdi. O’zining qaram holatidan
qoniqmasdan Bax, Arnshtadt shahridagi yangi cherkov organchisi lavozimiga ishga
qabul qilinib, 1704-yildan o’sha erga ko’chib o’tdi. Arnshtadtda, Bax o’zining
kompozitorlik faoliyatini xor, yakkaxon va cholg’u uchun “ Sen mening qalbimni
do’zaxda qoldirmassan” pasxal kantatasidan boshladi. Shu erning o’zida
birinchilardan bo’lib bizgacha etib kelgan “ Sevimli og’aning jo’nab ketishiga
kaprichchio” klavir asari yaratildi. Bu asar klavir syuitasining bir turi bo’lib,
tugallangan miniatyuralardan tuzilgan. Butun asarni umumiy nomlanish birlashtirib,
uning ma’nosini har bir p’esaning alohida mazmunini batafsil tushuntirib beruvchi
dasturli kichik sarlavhalar aniqlab beradi.
Myulgauzen shahrida Bax “Tanlangan kantatani” yozdi. Ushbu kantata, Bax
hayotligi davrida nashr etilgan yagona asardir.
1708-yilda Bax, Veymar gertsogi huzurida organchi va saroy musiqachisi
xizmatini o’tay boshladi. Bax organ uchun juda ko’p asarlar yozar, klavesin va skripka
uchun p’esalar bastalar edi.
Veymar davrida, kompozitor o’zining organ cholg’usi uchun eng yaxshi asarlarni
yaratadi: re minor tokkata va fugasi, lya minor prelyudiya va fugasi, do minor
prelyudiya va fugasi, ommalashib ketgan do minor passakalyasi va boshqalar. Bu
asarlar mazmuni jihatidan ahamiyatli va chuqur ko’lami jihatidan beqiyosdir.
Veymarda frantsuz klavesinchilari, xususan Fransua Kuperen musiqasini
o’rganish jarayoni kechadi. Uning ijodi timsolida Bax klavir yozuvining uslublarini
o’rganadi. Shu davrda Bax “ Meni faqat quvnoq ov ovutar” deb nomlangan dunyoviy
kantatasini yozadi, bu asar 1716 yilda ijro etilgan.
Kyoten davri. 1717-yilda Bax oilasi bilan Kyotenga ko’chib o’tdi. Kyoten
shahzodasi saroyida Bax “ kamer musiqasi direktori” lavozimiga tayinlandi. Bax
asosan klavir va orkestr musiqasini yozardi. Kompozitorning zimmasiga uncha katta
bo’lmagan orkestrga rahbarlik qilish, shahzoda kuylaganda unga jo’r bo’lish va
klavesinda chalish orqali ko’nglini olish vazifalari yuklatilgandi. O’z vazifalarini
osonlikcha bajarib, Bax o’zining bo’sh vaqtini butunlay ijod qilish uchun sarflardi. Bu
vaqtda klavir uchun yaratilgan asarlar uning ijodida organ asarlaridan so’ng ikkinchi
cho’qqini tashkil qiladi.
Kyotenda ikki ovozli va uch ovozli inventsiyalar yaratildi ( uch ovozli
inventsiyalarni Bax “simfoniyalar” deb atardi”). Bu p’esalarni kompozitor o’zining
katta o’g’li Vilgelm Frideman bilan mashg’ulot o’tkazishga mo’ljallagan edi. Bax
frantsuzcha va inglizcha syuitalarni yaratishda ham o’z oldiga pedagogik maqsadlarni
qo’ygan. Kyotenda 1722-yilda Bax “ Yaxshi temperatsiyalangan klavir” deb
nomlangan katta ishning birinchi jildini tashkil qiluvchi 24 prelyudiya va fugalarni
yozib tugatdi. Shu davrda mashhur re minor “ Xromatik fantaziya va fuga” ham
yozildi.
Bizning davrga kelib, Baxning inventsiya va syuitalari musiqa maktablarining, “
Yaxshi temperatsiyalangan klavir”ning prelyudiya va fugalari esa, kollej xamda
konservatoriyada
majburiy
dasturga
aylandi.
Baxning
nisbatan
oddiy
inventsiyalaridan, to o’ta murakkab “ Xromatik fantaziya va fuga”gacha bo’lgan klavir
p’salarini jahonning mohir pianinochilari kontsertlarida tinglash mumkin.
1720-yilda Baxning rafiqasi Mariya Barbara vafot etdi. Universiteti bo’lgan katta
shaharda, farzandlariga yaxshi ma’lumot berishni istagan Bax, Gamburg shahridagi
Avliyo Yakov cherkovi organchisining bo’shab qolgan joyiga ishga kirmoqchi
bo’ladi. Baxning so’rovnomasi e’tiborsiz qoladi va bu joy boshqa organchiga beriladi.
1721-yilda Bax Veysenfels shahrida yashovchi trubachining qizi Anna
Magdalena Vilkenga uylandi, ayol buyuk ijodkorga vafoli do’st va yordamchi bo’ldi.
Kyotendan jo’nab ketish hayoli Baxni tinch qo’ymasdi. Ioann Kunau vafotidan so’ng,
Leyptsigdagi Avliyo Foma kantorining o’rni bo’shaydi.
Leyptsig davri. 1723-yilda Bax Leyptsigga ko’chib o’tdi, u shu erda umrining
oxirigacha qoldi. Bu erda, u Avliyo Foma cherkovi qoshidagi qo’shiqchilar maktabi
kantorligi ( xor rahbari) lavozimini egalladi. Bax maktab kuchi bilan shahardagi asosiy
cherkovlarga xizmat qilishni, xamda cherkov musiqasi va uning sifatiga javob berishi
kerak edi. U o’zi uchun noqulay bo’lgan shartlarga ko’nishga majbur bo’ldi.
O’qituvchi, tarbiyachi va kompozitorlik majburiyatlari bilan bilan bir qatorda,
shunday ko’rsatma ham bor edi: “ Janob burgomistr( shahar hokimi) ruxsatisiz
shahardan chiqib ketish mumkin emas”. Ilgarigidek uning ijodiy imkoniyatlari
chegaralangan edi. Bax cherkov uchun, “uncha davomli bo’lmagan, shuningdek
operaga o’xshamaydigan, biroq tinglovchilarga itoatgo’ylik hissini uyg’otuvchi “
musiqa yozishi kerak edi. Lekin, Bax har doimgidek ko’p narsalarni qurbon qilib, hech
qachon o’zi uchun muhim bo’lgan badiiy aqidalardan voz kechmasdi. Butun hayoti
davomida u o’zining chuqur mazmuni va ichki boy tuyg’ulari bilan kishini lol
qoldiruvchi asarlar yaratdi. Bu safar ham shunday bo’ldi. Leyptsigda Bax o’zining eng
yaxshi vokal-cholg’u asarlari: ko’pgina kantatalar ( Bax tomonidan jami 250 ga yaqin
kantatalar yozilgan ), “Ioann bo’yicha iztiroblar”, “Matfey bo’yicha iztiroblar” (1729),
“ Motam odasi”(1727), minor messasi (1738) ni yaratadi. Ioann va “ Matfey bo’yicha
iztiroblar” yoki “ Passionlar” --- bu Iso payg’ambarning chekkan azoblari va o’limi
to’g’risidagi, Injil kitobi bo’yicha Ioann va Matfey yozgan qissadir. Messa mazmuni
bo’yicha “Iztiroblarga” yaqin turadi. Avvallari messa ham, “Iztiroblar” ham katolik
cherkovida xor tomonidan ijro etilar edi. Baxning ushbu asarlari cherkov mavzulari
doirasidan chetga chiqib ketgan edi. Baxning messa va “Iztiroblar” -- kontsert
xarakterdagi mahobatli asarlar bo’lib, ularni ijro etishda yakkaxonlar, xor, orkestr,
organ cholg’usi ishtirok etadi. O’zining badiiy mohiyati bo’yicha “ Iztiroblar “ va
messa kompozitor ijodining uchinchi, eng yuqori cho’qqisini tashkil etadi.
Cherkov rahbariyatining Bax musiqasidan qoniqmayotganligi yaqqol sezilib
turardi. Avvalgidek, uning musiqasini o’ta yorqin, bezaklarga boy, “dunyoviy” deb
baholashardi. Darhaqiqat, Baxning musiqasi cherkovning qat’iy qonunlariga javob
bermasdi, aksincha unga qarama-qarshi edi.
Yirik vokal-cholg’u asarlar bilan bir qatorda, Bax klavir uchun musiqa yozishni
davom ettirdi. Si minor messasi bilan deyarli bir vaqtda mashhur “Italyancha kontsert”
yozildi. Keyinroq Bax “ Yaxshi temperatsiyalangan klavir”ning ikkinchi jildini
tugatdi, unga 24 ta yangi prelyudiya va fugalar kritilgan.
Ulkan ijodiy ish va cherkov maktabidagi xizmatidan tashqari Bax shaharning “
Musiqa kollegiyasi” ishlarida faol ishtirok etdi. Bu shahar aholisi uchun cherkov
musiqasi emas, balki dunyoviy musiqa kontsertlarini tashkil qiluvchi musiqa
havaskorlari jamiyati edi. “Musiqa kollegiyasi”ning kontsertlarida Bax yakka ijrochi
dirijyor sifatida muvaffaqiyatli chiqishlar qilgan. U jamiyatning kontsertlari uchun
“dunyoviy” xarakterdagi orkestr, klavir va vokal asarlarini ko’plab yozdi. Lekin
Baxning asosiy ishi --- qo’shiqchilik maktabining rahbarligi bo’lib, unga faqat
ko’ngilsizliklar keltirar edi. Cherkov tomonidan maktab uchun ajratiladigan mablag’
arzimas darajada bo’lardi. Qo’shiq ijro etuvchi bolalar och qolar, kiyimlari ham
ayanchli holda edi. Ularning musiqiy qobiliyat darajasi ham yuqori emasdi.
Qo’shiqchi bolalarni Bax bilan maslahat qilmasdan maktabga qabul qilishar, maktab
orkestrining tarkibi ham kamtarona edi. Unda to’rtta truba va to’rtta skripka ishtirok
etardi ,xolos.
Maktabga yordam ko’rsatish to’g’risida Bax tomonidan shahar ho’jayinlariga
qilingan barcha murojaatlari e’tiborsiz qolardi. Ma’suliyat esa baribir kantor
zimmasida bo’lib, u hamma narsa uchun javob berishi lozim edi.
Yagona quvonchi ---ijod va oilasi edi. Voyaga etib qolgan o’g’illari ---Vilgelm
Frideman, Filipp Emanuel, Iogann Xristianlar qobiliyatli musiqachi bo’lib etishishdi.
Otalari hayotlik vaqtidayoq ular kompozitor sifatida nom chiqarishdi. Kompozitorning
ikkinchi rafiqasi Anna Magdalena Bax zo’r musiqiy qobiliyati bilan ajralib turardi. U
ajoyib eshitish qobiliyatiga va chiroyli, kuchli soprano ovozga ega edi. Baxning katta
qizi ham yaxshigina qo’shiq aytardi. Bax o’z oilasi uchun vokal-cholg’u ansambllar
ijod qilardi.
Kompozitor hayotining so’nggi yillarida ko’zlari jiddiy kasallanib qoldi.
Muvaffaqiyatsiz operatsiyadan keyin Baxning ko’zlari ojizlashdi. Biroq, shu ahvolda
ham u ijod qilishni davom ettirdi. O’z asarlarini yozib olish uchun aytib turardi.
Polifonik p’esalarning ikki turkumi – “Musiqiy hadya” va “ Fuga san’ati”
Baxning oxirgi, so’nggi asarlari bo’ldi, ularda polifonik mahorat muammosiga yuqori
darajadagi echimlar topilgan.
1750-yil 28 iyulda Bax vafot etdi. Uning o’limi musiqiy jamoatchilik tomonidan
deyarli e’tiborsiz qoldi. U ko’p o’tmay unutilib ketdi. Baxning rafiqasi va kichik
qizining hayoti ayanchli kechdi. Anna Magdalena o’n yildan so’ng qashshoqlar uyida
vafot etdi. Kichik qizi Regina muhtojlikda hayot kechirdi. Uning og’ir hayotining
oxirgi yillarida Betxoven yordam berib turdi. Avliyo Foma cherkovida qabr toshi
bo’lib, u erga buyuk kompozitorning hoki dafn etilgan. Hozir bu joy Baxning qudratli
salohiyati muxlislarining doimiy ziyoratgohiga aylangan.