LINGVISTIK TADQIQOT METODLARI
RЕJA:
1. Tilni o‘rganish metodlari va metodologiyasi
2. Tavsifiy metod
3. Qiyosiy-tarixiy metod
4. Chog‘ishtirish va tipologik metod
5. Struktur metod va uning yo‘nalishlari.
Funksional lingvistika;
Distributiv tahlil metodi lingvistika yo‘nalishi va uning metodlari;
Bevosita ishtirokchilar metodi;
Transformatsion tahlil metodi.
6. Matematik-statistik metodlar
Statistik tahlil metodi;
Avtomatik tahlil metodi.
2
Tayanch so’z va iboralar: metod, metodika, metodologiya, tasviriy metod,
qiyosiy-tarixiy metod, chog‘ishtirish metodi, tipologik metod, struktur metod,
distributiv tahlil, transformatsion tahlil, bevosita ishtirok etuvchilarga ajratish,
statistik tahlil, avtomatik tahlil metodlari.
1. Tilni o‘rganish metodlari va metodologiyasi
Metod grekcha methodos so‘zidan olingan bo‘lib, “tadqiqot”, “o‘rganish”
degan ma’noni anglatadi. U obyektiv borliqdagi predmet, hodisalarni, ya’ni tadqiqot
manbayini ilmiy tahlil qilish, o‘rganish orqali uning mohiyatini, tabiati, tarkibiy
qismlarini, muayyan o‘ziga xos xususiyatlarini topish, ochish, ular haqida ilmiy
xulosalar, umumlashmalar chiqarish usuli bo‘lib, muayyan fanga xizmat qiladi va
uning taraqqiyotini ta’minlaydi. Har bir fanning o‘z tadqiqot usullari mavjud.
Masalan, tabiiy fanlar, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, tilshunoslik fanlarining metodlari
bir-biridan katta farq qiladi. Tabiiy fanlar, tibbiyotda eksperiment, qishloq
xo‘jaligida amaliy tajriba ustuvorlik qilsa, tilshunoslikda tahlildan foydalaniladi.
Bir fan doirasida ham turlicha metodlar va ularni qo‘llash usullari mavjud.
Jumladan, tilshunoslik fani ham o‘zining qator ilmiy-tadqiqot metodlariga ega
bo‘lib, bu tilning ham ijtimoiy-tarixiy, ham ijtimoiy-psixik, ijtimoiy-fiziologik, ham
ijtimoiy-individual hodisa ekanligidan kelib chiqadi. Shunga ko‘ra , lisoniy tadqiqot
metodlari turli-tumandir.
Jumladan, ona tilini tahlil qilish metodlari bilan chet tillarini tahlil qilish
metodlari, tilning sotsiologik jihatlarni o‘rganish usullari bilan nutq tovushlarini
tahlil qilish usullari bir-biridan katta farq qiladi. Har bir fanga oid tadqiqot usullarini
qo‘llashning muayyan yo‘l-yo‘riqlari mavjud bo‘lib, ular shu fanning ish yuritish
metodikasini tashkil etadi.
Demak, metod – bu bilish usuli bo‘lsa, metodika – bilish usulida
qo‘llanadigan yo‘l-yo‘riqdir. Ya’ni: tadqiqot obyektini tekshirish usuli, individual
ish olib borish metodlari, faktlarni yig‘ish, tahlil qilishni umumlashtirish jarayonidir.
Shundan kelib chiqib, tilshunoslikda ona tili metodikasi, chet tili metodikasi, til
3
sathlari, til va nutq, til va tafakkur masalalariga, kommunikativ tilshunoslik yoki
tilga kompetensiyaviy( egallangan bilimlarni amalda qo’llay olish layoqati)
yondashuv metodlarini qo‘llashga o‘rgatuvchi metodikalar mavjud. Ayni vaqtda
ushbu metodlar bir-biridan farq qilsa-da, ularning barchasi bir maqsadga, ya’ni
mazkur lisoniy hodisalarning “sir”larini ochish va shu asosda ilmiy-nazariy va
ilmiy-metodik xulosalar, falsafiy-mantiqiy umumlashmalar chiqarishga qaratilgan
bo‘ladi.
Demak, har bir fanning umumiy metodologiyasi ham mavjud bo‘lib,
metodologiya yunoncha methodos “tadqiqot usuli” va logos “ta’limot” so‘zlaridan
olingan hamda fanning tadqiqot usullari haqidagi ta’limotdir. Metodologiya bilish
faoliyati yo‘llari haqidagi ta’limot sifatida har qanday fan nazariyasi va amaliyotida
katta ahamiyatga ega. U tadqiqot manbayini qanday tushunish, uni o‘rganishga
qanday yondashish, qaysi usullarni qo‘llash, tadqiqot obyekti yuzasidan umumiy
nazariy, amaliy, mantiqiy yoki tavsifiy bilimlar hosil qilish haqidagi ta’limot bo‘lib,
umumilmiy va xususiy fanlar metodlari o‘rtasidagi uzviy munosabatni ko‘rsatadi.
Shundan kelib chiqqan holda, bilish usullari ham umumiy va xususiy bo‘ladi.
Umuman bilish usuli falsafiy tizimga xos bilish tamoyillarini ifodalab, tabiat,
jamiyat, tafakkurning umumiy qonuniyatlari haqidagi ta’limot sanaladi. Umumiy
metodologiya falsafiy bilish metodining muayyan fan doirasida aniq qo‘llanishi,
xususiy metodologiya esa u yoki bu fan tarmog‘iga xos tadqiqot metodlari haqidagi
ta’limotdir. Umummetodologik tamoyillar turli fanlar bergan ma’lumotlarni
umumlashtirish asosida vujudga keladi. Aytib o‘tilganidek, har bir fanning o‘z
maxsus tadqiqot usullari va ularga asoslangan umumilmiy metodologiyasi ham
mavjud (ijtimoiy fanlarning tahlilga asoslangan umumilmiy metodologiyasi, tabiiy
fanlarning tajribaga asoslangan umumilmiy metodologiyasi kabi). Lekin ularning
barchasi asosida kuzatish, idrok qilish, o‘rganish, tushunish, anglash kabi bilish
usullari yotadi.
Har bir tadqiqot ishi, albatta, dunyoni bilishga qaratiladi, biroq u fan tarmog‘i
xususiyatidan kelib chiqadigan umumilmiy metodologiyaga asoslanadi. Shu bois
har bir tadqiqotchi, avvalo, o‘z tadqiqot ishining umumilmiy metodologiyasini va
4
undan kelib chiqadigan tadqiqot metodlari belgilab olishi kerak bo‘ladi. Buni
quyidagi iyerarxik bosqichlarda ko‘rsatish mumkin:
tadqiqot maqsadi – farazi – kutiladigan yangilik;
tadqiqot predmeti va obyektini tanlash;
tadqiqot metodologiyasi va metodlarini tanlash.
Har bir metod esa o‘z ichida kuzatish, dalillarni to‘plash, ularni o‘rganish,
qiyoslash, chog‘ishtirish, fikrlarni umumlashtirish, anketa so‘rovnoma va tajriba-
sinov o‘tkazish, natijalarni statistik tahlil qilish, xulosalash kabi usullarni qamrab
oladi.
Demak, tadqiqot ishi tadqiqot maqsadini aniqlash va fan yo‘nalishiga mos
umumilmiy metodologiyani tanlashdan boshlanadi. Jumladan, tilshunoslik sohasida
ham tadqiqot ishining nazariy (filologik) yoki amaliy (metodik) yo‘nalishda olib
borilishi maqsadi tadqiqot ishining keyingi barcha bosqichlarini belgilab beradi.
Tadqiqot metodlarni tanlashda ham yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish zarur.
Ma’lumki, til ijtimoiy-tarixiy hodisa, shundan kelib chiqib, tadqiqot ishi diaxron
yoki sinxron planda o‘rganilishi mumkin. Ularning har biri esa o‘z tadqiqot
metodlariga ega. Tilshunoslikning diaxron tadqiqot metodlari vaqt, zamon belgisi,
ya’ni qo‘llanishiga ko‘ra uzoq o‘tmish bilan bog‘lanishi bilan tavsiflanadi. Ularga
tasviriy, qiyosiy-tarixiy, chog‘ishtirish, tarixiy-qiyosiy, tipologik metodlari kiradi.
2.Tavsifiy metod
Bu metod jahon tilshunosligining eng qadimiy va dastlabki yetakchi metodi
hisoblanib, qadimgi arab, yunon, hind, xitoy, rim tillariga oid yaratilgan asarlar –
grammatikalar mazkur metod asosida yaratilgan. Tavsifiy metod sinxron analiz
metodi bo‘lib, obyektni (matnni) turgan holatida berilgan ma’lumotlar asosida
o‘rganadi. Tavsifiy metod tomonidan olingan ma’lumotlar barcha metodlar uchun
tayanch nuqta hisoblanadi. Struktur metod ushbu metod xulosalariga tayanib ish
ko‘radi, qiyosiy-tarixiy metod uchun ham qiyoslanayotgan obyekt haqidagi izohni
tavsifiy metod beradi. Shu bois tavsifiy metod turli davrlarda turli lingvistik
maktablar va yo‘nalishlarga xizmat qilgan. Hozir ham boshqa metodlar bilan ish olib
borayotgan mutaxassislar turli tillarga oid darslik, qo‘llanmalar, monografik
5
tadqiqotlarni shu metod asosida yaratmoqdalar. Tavsifiy metodda tadqiq qilish
jarayoni quyidagi 2 bosqichda olib boriladi:
I bosqich - Komponent tahlil bo‘lib, unda matn gaplarga, gaplar so‘zlarga,
so‘zlar morfemalarga, morfemalar esa fonemalarga ajratilib tahlil qilinadi.
Komponent tahlil metodi so‘z ma’nosini tarkibiy qismlarga – komponentlar
(semalar)ga ajratish, har bir semaning so‘z ma’nosi - semema tarkibidagi ahamiyati,
o‘rni, imkonini aniqlash, ishlatilish doirasini belgilash bilan shug‘ullanadi.
Komponent tahlil qilish metodi orqali so‘z ma’nosi mantiqan zaruriy bo‘laklarga –
komponentlarga ajratiladi, ajratilgan bo‘laklarning har biri alohida o‘rganilib,
ularning so‘z ma’nosi tarkibidagi “quvvati”, nutqda qanday vazifa bajarishi
o‘rganiladi. Sema va sememalarning o‘zaro bog‘liqligi butun va bo‘lak nuqtaiy
nazaridan baholanadi.
II bosqich - Kontekstual tahlilda komponent tahlil bosqichida olingan
ma’lumotlar muayyan guruhlarga umumlashtiriladi. Ushbu tahlillar til birliklarining
tildagi vazifasi, tuzilishi, qo‘llanishi kabilarni tavsiflashga, ilmiy izohlashga,
umumlashma xulosalar chiqarishga xizmat qiladi. Bunda ijtimoiy-sotsiologik,
talaffuz-akustik, fanlararo tahlil, distributiv tahlil usullaridan foydalaniladi.
1. Ijtimoiy-sotsiologik usul so‘zlarni mavzu bo’yicha guruhlash, lingvistik-
jug‘rofiy o‘rni, mavqeyi, me’yoriy-uslubiy xususiyatlarni o‘rganadi.
2. Talaffuz-akustik usul orqali nutq tovushlarining talaffuz-eshitilish
xususiyatlari, fonetik hodisalar tahlili o‘rganiladi. Bunda, ayniqsa, eksperimental-
fonetik tahlil metodi muhim o‘rin tutadi.
Ushbu metodda nutq tovushlari, intonatsiya, pauza, ritm kabi fonetik
hodisalarni maxsus texnik vositalar, asboblar yordamida tadqiq qilinadi. Ushbu
metodda quyidagi usullardan foydalaniladi:
Somatik usul – gapirish-so‘zlash jarayonida fiziologik jarayonlarning jismoniy
harakatlari ifodasini o‘rganadi. Artikulyatsiya a’zolarini suratga olish, nutq
apparatining rentgen tasvirini tushirish, nafas olish jarayonini o‘lchash – bu
metodning usullari hisoblanadi.
6
Pnevmatik usul – talaffuz jarayonidagi nutq a’zolari harakati, havo oqimining
og‘iz, burun va bo‘g‘iz bo‘shlig‘idagi harakati natijasida hosil bo‘luvchi og‘iz,
tovush va shovqinlarning o‘zgarishi aniqlanadi.
Elektroakustik usul – nutq faoliyatidagi tovushlarni, ularga xos turlicha
xususiyatlarni (masalan, cho‘ziqlik, qisqalik, baland-pastlik, ohangdorlik, shovqin
kabilarni) elektr tebranishlari nuqtayi nazaridan tahlil qiladi, ular asosida tavsiflaydi.
Ushbu metod nutq tovushlarini nafaqat akustik, balki artikulyatsion jihatdan ham
aniq tavsiflash imkonini beradi.
3. Distributiv tahlil usulida til va nutq birliklari (fonema, morfema, leksema,
so‘z va so‘z birikmalari)ning joylashish o‘rni, oldinma-ketin kelishi, o‘zaro
bog‘lanishi va semantik-stilistik munosabatga kirishuvi o‘rganiladi. Bunday tahlil
tilshunoslikda deskriptiv yo‘nalish deb atalib, uning asosini distributsiya yoki
distributiv metod tashkil etadi.
Unda tillarni o‘rganish 2 bosqichda amalga oshiriladi:1) lingvistik birliklar
aniqlanadi; 2) ushbu birliklarning bir-biriga nisbatan distributsiyasi, joylashuvi
belgilanadi. Distributsiya lisoniy birliklarning nutqda qo‘llanish, joylashish o‘rni,
boshqa unsurlar bilan birika olish qobiliyati, ya’ni potensialdagi qurshovi bo‘lib,
uning morfologik, leksik-semantik, sintaktik turlari bor.
Morfologik distributsiya – bu bir so‘z turkumini boshqa so‘z turkumlari bilan
munosobatga kira olishidir (sifat va ot, ravish va fe’l, artikllar va ot va
hakozo). Bunda morfemalar aniqlanib, ularning aloqalari talqin qilinadi,
izohlanadi.
Leksik-semantik distributsiya – til elementlarining ma’no jihatidan o‘zaro
aloqa qilish qobiliyatidir.
Sintaktik distributsiya – gap bo‘lakarining bir-biriga nisbatan joylashuvi va
munosabatidir.
Tilda birliklarni qismlarga, ma’noli qismlarga ajratish segmentatsiya deyiladi.
4. Valentlik tahlil usulida so‘zning nutq faoliyatidagi semantik-sintaktik,
funksional faolligini o‘rganish, uning ma’noga bog‘liq imkoniyatlarini yoritish
masalalari o‘rganiladi. Bunda so‘zning o‘z ma’nosi asosida boshqa so‘zlar bilan
7
semantik munosabatga kirishuvi, ularni o‘ziga biriktirish xususiyatlari o‘rganiladi,
so‘zlar orasidagi semantik munosabat bevosita sintaktik munosabatni yuzaga
keltirishi, ya’ni semantik sintagmalar, sintaktik konstruksiyalarni hosil qilishi
aniqlanadi. Ushbu metod har bir so‘zda valentlik imkoni mavjud bo‘lishi va u
sintaktik aloqada yuzaga chiqishi, valentlikning nutqda – so‘zlar orasidagi turlicha
bog‘lanishlarda, ya’ni xususiyliklarda namoyon bo‘lishi tahlil qilinadi.
3.Qiyosiy-tarixiy metod
XIX asrning 1-choragida yuzaga kelgan mazkur metod lingvistik metodlar
ichida eng faoli hisoblanib, unda o‘zaro qarindoshlik munosabatidagi tillarning
birliklari (tovush, qo‘shimcha va so‘zlar) tarixiy jihatdan qiyoslanadi, ular orasidagi
o‘xshashliklar aniqlanib, ularning dastlabki tarixiy shakllarini tiklashga harakat
qilinadi. Bu vazifalar quyidagi usullar vositasida amalga oshiriladi:
qiyoslash uchun material to‘plash;
qiyoslanadigan birliklarni belgilash;
birliklar tarkibidagi o‘zgarishlar xronologiyasini aniqlash;
so‘z va morfemalarning qadimgi shakli va ma’nolarini tiklash.
tillarni qiyosiy o‘rganish va ularning bir-biriga qarindosh va qarindosh
emasligini aniqlash;
qarindosh deb tanilgan tillarni bir-biri bilan qiyoslab, ularning bobo tilini
tiklash.
Ushbu metod XIX asrning boshlarida paydo bo‘lgan deyilishiga qaramay, bu
yo‘nalish bilan olimlar oldinroq shug‘ullanishga kirishganlar. Unda qiyoslash uchun
dalillar faqat qarindosh tillardan - genetik tenglikka ega bo‘lgan tillardangina
olinadi. Masalan: ruscha svetok, polyakcha kwiatok “gul”; forscha now, ruscha
nov(ыy), nemischa neu, inglizcha new “yangi”; grekcha pater, patras, lotincha pater,
sanskritcha pitar, nemischa vater, forscha padar, ruscha papa, hindcha “bobo”,”ota”
demakdir.
4.Chog‘ishtirish va tipologik metod
8
Ikki yoki undan ortiq qarindosh yoki qarindosh bo‘lmagan tillarni qiyoslash
chog‘ishtirish yoki qiyosiy-chog‘ishtirish metodi deb nomlanadi. Ushbu metodda
lingvistik hodisalarning tillararo o‘xshashliklari, umumiy va farqli jihatlari
tavsiflanadi, biroq bunda ularning tarixiga, kelib chiqishi, ya’ni genetik jihatlariga,
taraqqiyotiga asoslanilmaydi. Chog‘ishtirish metodi ayniqsa chet tillarini
o‘rganishda keng qo‘llaniladi va nafaqat nazariy, balki amaliy maqsadlar uchun ham
xizmat qiladi. XVII-XVIII asrlardayoq yuzaga kelgan 2 tilli lug‘atlar, tillar uchun
umumiy grammatikalar, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish texnikasi va
nazariyasining yaratilishi ushbu metod asosida olib borilgan tadqiqotlar natijalaridir.
Bu metod bir tilda oddiy tasvirlash metodidan foydalanilganda yuzaga chiqmagan
xususiyatlarni ochib berishga yordam beradi.
Bu esa tillarning tarkibini chuqurroq o‘rganish va bilishga imkoniyat yaratadi.
Ikkinchi tomondan, chog‘ishtirish metodi lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratish kabi sof
amaliy maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu metodni qo‘llash usullari quyidagilardir:
so‘z va qo‘shimchalarni farqlash, qo‘shimchalarning birikishini tavsiflash;
shevalar va tillar orasidagi tovush almashinuvi va mos kelishlikni aniqlash;
adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ularga o‘rgatish metodikasini
shakllantirish;
bir tilda ifodalangan ma’no yoki vazifa boshqa tilda qanday usul va vosita
bilan berilishini aniqlash;
bir tilli (izohli) va ko‘p tilli tarjima lug‘atlari tuzish.
Hozirgi kunda chet tillarni o‘rganish, tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha
olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, asosan, mazkur metod usullarini qo‘llash
vositasida amalga oshirilmoqda, shu bois bugungi kunda uning nazariy va amaliy
ahamiyati yanada ortdi.
Tipologik metod esa o‘zaro genetik bog‘liq va genetik bog‘liq bo‘lmagan til
oilalariga tegishli tillarni qiyoslash asosida o‘rganadi. Shu xususiyati bilan ushbu
metod faqat bir til oilasiga kiruvchi tillarni tadqiq qiluvchi qiyosiy-tarixiy metoddan
farq qiladi. Ushbu metodning mohiyati shundan iboratki, bunda tillar genetik
jihatdan qaysi oilaga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar tuzilishidagi o‘xshash va farqli
9
jihatlariga ko‘ra qiyoslanadi, tillarning struktur-qurilish xususiyatlari aniqlanadi,
muayyan xulosalar chiqariladi. Tillarni tipologik o‘rganishning quyidagi
yondashuvlari mavjud: klassifikatsion-tasnifiy, xarakterologik, belgili va ichki
sistem yondashuvlar.
Klassifikatsion yondashuv tillarga tasnifiy yondashuv morfologik tasnif
sifatida asos va qo‘shimchalar o‘zaro zid holda qiyoslab o‘rganiladi.
Xarakterologik yondashuv orqali qiyoslanayotgan har bir tilning tuzilishiga,
ya’ni o‘ziga xos muhim, xarakterli xususiyatlari, jihatlari aniqlanadi hamda
shu orqali tilga baho beriladi.
Belgili yondashuv tillarga muayyan belgi-xususiyatlar (masalan, fonetik,
morfologik kabi) jihatidan yondashuv bo‘lib, bunda til sathlari tipologiyasi
(fonetik tipologiya, leksik tipologiya kabilar) yaratiladi.
Ichki sistem yondashuvda muayyan tildagi muayyan hodisalar (fonetik,
leksik va b.) orasidagi o‘zaro munosabatlar, aloqalar o‘rganiladi va tadqiq
qilinadi.
5.Struktural tahlil metodlari
Strukturalizm (ingl. structural so‘zidan olingan) bo‘lib, tilni o‘zaro
bog‘langan va nisbatlangan til birliklaridan iborat butun bir tahlil metodi
hisoblanadi. Ushbu metod til va nutq birliklari, ushbu birliklarning o‘xshash va
noo‘xshash jihatlari, joylashish tartibi va boshqa nisbiy aloqalarni aniqlash bilan
shug‘ullanadi. Struktual tilshunoslik uchun tilning ichki qurilishi, til tarkibini tashkil
etuvchi tarkibiy qismlar orasidagi munosabatlar, oppozitsiyalar, ya’ni tilning
struktural tomonlari tilning asosiy aspekti hisoblanadi. XX asrning 30-yillarida
Amerika tilshunosligida yuzaga kelgan struktural yo‘nalish juda ko‘p yangi
metodlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Distributiv tahlil, bevosita
ishtirokchilarga ajratish va transformatsion tahlil metodlari hozirgi kunda butun
jahon tilshunosligida ham keng qo‘llanib kelayotgan metodlar hisoblanadi.
Bevosita ishtirokchilar metodi
10
Ushbu metodda nutq birliklari (so‘z birikmasi va gaplar) tuzilishi, qanday
qismlardan tashkil topishi, ular orasidagi munosabat, aloqalarni o‘rganadi. Bevosita
ishtirokchilar – BI metodiga muvofiq avval gapdagi tayanch nuqta – konstruksiya,
so‘ngra mazkur konstruksiya tarkibidan ishtirokchilar va bevosita ishtirokchilar
ajratiladi. Konstruksiya bu ma’noli qismlarning ketma-ket munosabatidan tashkil
topgan butunlik bo‘lib, kattaroq konstuksiya tarkibiga kirgan barcha so‘z va
morfemalar ishtirokchilar, mazkur konstuksiyaning bevosita shakllanishida ishtirok
etgan bir yoki bir nechta ishtirokchilar esa bevosita ishtirokchilar deyiladi.
Masalan, Shabboda qurg‘ur ilk sahar olib ketdi gulning totini misrasida olib
ketdi gulning totini BI (bevosita ishtirokchilar), qolgan so‘zlar esa ishtirokchilar
sanaladi. Bu gapda bir nechta konstruksiya mavjud bo‘lib, har bir konstruksiya
qismlarga bo‘linadi va bu bo‘linish o‘zaro graduallik –darajalanish xususiyatiga ega
bo‘ladi. Demak, BI tahlilida, avvalo, so‘z birikmalari ajratiladi va ular quyidagi
qoidalarga amal qilgan holda birlashtiriladi:
bir vaqtning o‘zida 2tadan ortiq bo‘lmagan elementlar birlashtiriladi;
o‘zaro bog‘lanmaydigan elementlarni birlashtirish mumkin emas;
BI tahlilini qo‘llash tartibi qat’iy belgilangan bo‘ladi. Shu
xususiyatlardan kelib chiqib, ushbu metod birlashtirish metodi deb ham
ataladi.
Transformatsion tahlil metodi
Transformatsion tahlil metodida sintaktik qurilmalar - konstruksiyalarning
muayyan qoidalar asosida boshqa shaklga, ko‘rinishga ega bo‘lishi – ya’ni
transformatsiyalanishi tushuniladi. Transformatsiya – qayta tuzish, o‘zgartirish
ma’nosini bildirib,
“transformatsion
tahlil”
va
“transformatsion
metod”
tushunchalarini sinonim sifatida ishlatish mumkin. Ushbu metod yordamida
transformatsiyaga uchragan har bir sintaktik qurilmaning tarkibi, bunda namoyon
bo‘lgan o‘ziga xos semantik jihatlari ham chuqur o‘rganiladi. Demak,
transformatsion tahlil metodi til sistemasining ichki mikrosistemalarni – yadro
gaplar va ulardan hosil bo‘lgan transformalarni, to‘g‘rirog‘i, yadro gaplardan
transformalarning hosil bo‘lish jarayonini o‘rganadi.