LOKAL MAHALLIY USLUBLAR
Reja:
1. Qashqadaryo-Surxondaryo mahalliy uslubi.
2. Buxoro-Samarqand mahalliy uslubi.
3. Xorazm mahalliy uslubi.
4. Farg’ona-Toshkent mahalliy uslubi.
O’zbek xalqining musiqa merosida asosan to’rtta mahalliy uslub doiralari ---
Xorazm, Buxoro-Samarqand, Farg’ona-Toshkent, Surxondaryo-Qashqadaryoni
ko’rsatish mumkin. Bu vohalarda mahalliy uslublarning bunyodga kelishi
ma’lum etnik birlik hamda umumijtimoiy-iqtisodiy sharoit natijasidir.
1.Qashqadaryo-Surxondaryo mahalliy uslubi.O’zbekistonning janubiy
viloyatlari Surxondaryo va Qashqadaryo aholisining katta qismi respublikaning
boshqa o’lkalaridan farqli o’laroq yaqin o’tmishda ham, asosan, chorvachilik
faqat bir qismigina dehqochilik bilan shug’ullanib, ko’chmanchi holda hayot
kechirar edi. Bu viloyatlar musiqa folklorida chorvadorlar mehnat xaqidagi,
o’tmishda esa ko’chmanchilik hayoti xaqidagi qo’shiqlarnig xarakterli o’rin
egallashi ham shundandir.
Bu o’lka musiqa hayotida doston ijrochilari -- baxshilar muhim o’rin tutgan.
O’lkada cholg’u asboblari turi juda ham chegaralangan bo’lib, do’mbira etakchi
asbob sifatida keng tarqalgan.(Boshqa viloyatlarda do’mbira juda kam uchraydi).
2.Buxoro-Samarqand mahalliy uslubi. Surxondaryo va Qashqadaryodan
farqli o’laroq, O’rta Osiyoning madaniyat markazi bo’lgan Buxoro va
Samarqandda o’zbek musiqa san’atining xususiyatlari deyarli boshqachadir.Bu
xususiyatlar meros mavzusi va janrlari hamda musiqa hayoti xarakteriga
taalluqlidir.Buxoro va Samarqand mahalliy uslubi xususiyatlarining muhim farqi
musiqa merosi va ijrochiligining ikki turga -- og’zaki an’anadagi professional
san’at va folklorga bo’linishida, ya’ni musiqali merosda qadim davrlardan
boshlab professional
musiqaning shakllanib rivoj topganidadir.Musiqa
folklorining mohir namoyondalari bilan bir qatorda bu erda professional
san’atkorlar --sozanda va hofizlar katta o’rin tutib, ular maqom va boshqa
professional musiqa janrlarining bilimdon ijrochilari sifatida tanilgan.Kichik
shakldagi ma’lum tsiklni tashkil etuvchi xilma-xil mazmunga ega bo’lgan raqs-
o’yin qo’shiqlarining ijrochilari -- sozandalar ham keng e’tibor topgan.
Bu qadimiy shaharlarda cholg’u asboblari turlarining boyligi, marosim
qo’shiq-kuylarining xilma-xilligi xarakterli bo’lishi bilan birga, eng yaxshi
ijrochi xonanda va sozandalar ishtirokida musiqa va she’riyat kechalarining
muntazam o’tkazilib turishi ham odat bo’lgan edi. Maishat, turmushning
shaharcha tarzi ashulachilar, raqqos va raqqosalar hamda sozandalar
ansambllarining o’ziga xos tusda keng rivojlanishiga ham imkon bergan edi.
Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi o’zbek musiqa folklori esa ko’p
jihatdan tojik musiqasi bilan ma’lum darajada umumiylikka ega bo’lib, tarixiy
taqdiri deyarli o’xshash bo’lgan har ikkala qardosh xalq -- o’zbeklar va
tojiklarning bab-baravar darajadagi musiqa merosidir.Jumladan Shashmaqom
bunga yorqin misol bo’la oladi.
3.Xorazm mahalliy uslubi. Buxoro va Samarqandga ancha yaqin bo’lgan
Xorazm mahalliy uslubi avvalo o’zining rang-barangligi bilan ajralib turadi.U
mahalliy qo’shiqlarning intonatsion-kuy tuzilishi hamda talqiniga o’z ta’sirini
ko’rsatadi. Xorazm uslubining turkman va ozarbayjon musiqasi bilan ma’lum
umumiylikka egaligi shubhasizdir.
Xorazm xalq musiqasining o’ziga xos mahalliy xususiyatlariga dostonlar
ijrosi ham taalluqlidir. Agar, O’zbeksitonning barcha viloyatlarida dostonlar
musiqasi odatda rechitativ-deklamatsion yoki ohangdor-rechitativ xarakterda
bo’lsa, Xorazmda ular yorqin ifodali qo’shiqlari bilan farq qiladi, hamda
O’zbeksitonning boshqa viloyatlarida bo’lganidek, do’mbira bilan emas, balki
dutor yoki an’anaviy ansambl—bulamon, g’ijjak va dutor (ba’zida doira
)jo’rligida aytiladi.
Xorazm cholg’u asboblari ham o’ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Masalan yuqorida eslatilgan bulamon cholg’u asbobi respublikamizning faqat
Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog’istonda uchraydi. Ayni vaqtda bu erda
do’mbira mutlaqo uchramaydi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab bugungi
kungacha Xorazmda keng foydalanib kelinayotgan garmon ham xuddi shu o’lka
mahalliy uslubining o’ziga xos xususiyatlaridan biri bo’lib qoldi. Ayrim musiqa
asboblarining mahalliy farqi o’z tuzilishi va tembr-akustik xususiyatlarida
ko’rinadi.Masalan, Xorazm dutori kosaxonasi hajmining nisbatan kichikligi,
dastasining ingichkaroq va kaltaroqligi, hamda o’z akustik-tembr xususiyatlariga
ko’ra O’zbekistonning boshqa mahalliy mintaqalari, xususan, Farg’ona
viloyatida rasm bo’lgan dutorlardan farq qiladi.
4. Farg’ona Toshkent mahalliy uslubi. Farg’ona musiqa folklori ham o’ziga
xos xarakterli belgilari bilan ajralib turadi. Bu erda ixcham hajmli oddiy ammo
jozibador va tematikasiga ko’ra xilma-xil qo’shiqlar muhim o’rin tutadi. Ayniqsa,
xotin-qizlar qo’shig’i mashhurdir. Farg’ona vodiysida ham Toshkent viloyatida
(Tojikistonda esa Xo’jandda)keng tarqalgan katta ashula janri esa aksincha, keng
hajmli rivojlangan kuyning rechitativ-deklamatsion xarakterdaligi bilan ajralib
turadi. Bu sof mahalliy janr yuqorida aytganimizdek ikki- uch va undan ortiq
hofizlar tomonidan an’anaviy uslubda cholg’u asboblari jo’rligisiz ijro etib
kelinmoqda.
Xalq hayotining ma’lum tarixiy sharoiti natijasi hisoblangan barcha mahalliy
uslublarda o’zbek xalq musiqasining umumiy belgilari yorqin ifodalangan.Bu
belgilar yuqorida ta’kidlaganidek, o’zbek xalqining, keyinchalik davrda o’zbek
millatining shakllanish jarayonida turli mahalliy uslublarning umummilliy
madaniyatga chatishib ketishi natijasida vujudga keladi.
Nazorat savollari:
1. Qashqadaryo-Surxondaryo mahalliy uslubi.
2. Buxoro-Samarqand mahalliy uslubi.
3. Xorazm mahalliy uslubi.
4. Farg’ona-Toshkent mahalliy uslubi.
Adabiyotlar:
1. O’zbek musiqasi tarixi. Tuzuvchi T.E. Solomonova T.”O’qituvchi”
1981.y.
2. Axmad Odilov.”O’zbek xalq cholg’ularida ijrochilik tarixi” T.
”O’qituvchi” 1995 y.
3. Yu. Rajabiy “Musiqa merosimizga bir nazar” T. 1970.
4. X. Xamidov “Avesto fayzlari” T.2001 y.
5. “O’zbekiston tarixi” T.1994 y.