MA’MURIY HUQUQBUZARLIK.
REJA:
1.Ma’muriy huquqbuzarlikning umumiy tavsifi
2. Ma’muriy huquqbuzarlik tushunchasi.
3. Ma’muriy hquqbuzarlikning umumiy xususiyatlari.
4. Ma’muriy huquqbuzarlikning o‘ziga xos xususiyatlari.
5. Ma’muriy huquqbuzarlikning yuridik tarkibi tushunchasi.
6. Ma’muriy huquqbuzarlikning obekti.
7. Ma’muriy huquqbuzarliknig obektiv tomoni.
8. Ma’muriy huquqbuzarlikning sub’ekti.
9. Ma’muriy huquqbuzarlikning sub’ektiv tomoni.
Aksariyat yuridik adabiyotlarda ma’muriy javobgarlikni qo‘llashning ikki
asosi ko‘rsatib o‘tilgan: birinchidan, qonun – huquqiy (normativ) asosi sifatida;
ikkinchidan, ma’muriy nojo‘ya xatti-harakat (huquqbuzarlik) - faktik asosi sifatida.
Ma’muriy javobgarlikning bu ikkala asosi ham O‘zbekiston Respublikasi
qonunchiligida o‘z ifodasini topgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1-moddasida ma’muriy javobgarlikning
huquqiy (normativ) asosi mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining
10-moddasiga binoan esa, ma’muriy huquqbuzarlik deganda (faktik asosi) - qonun
hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga,
fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga,
tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik
orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.
Davlat boshqaruvi sohasida sodir etiladigan va ko‘p uchraydigan
huquqbuzarlik ko‘rinishlaridan biri – bu ma’muriy huquqbuzarlikdir.
Ma’muriy huquqbuzarlikning mazmuni – amaldagi qonunchiligimizda aniq
ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, quyidagi umumiy xususiyatlarga egadir:
birinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik – ijtimoiy zararli hisoblanadi, ya’ni
ularning sodir etilishi bilan jamiyat va fuqarolarning huquqlari va qonuniy
manfaatlariga ma’lum bir moddiy va ma’naviy zarar yetkaziladi;
ikkinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik – ma’muriy huquqqa xilof hisoblanadi,
ya’ni bunday xatti-harakatlarni sodir etish qonun hujjatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri
taqiqlangan.
Ayrim hollarda, ma’muriy huquqbuzarlik ma’muriy -huquqiy normalarni
buzish ma’nosida talqin qilinadi. Lekin shu narsaga alohida e’tibor berish kerakki,
ma’muriy -huquqiy normalar turli ko‘rinishga ega, masalan, namunali xulq-atvor
qoidalarini o‘rnatuvchi – tartibga soluvchi ma’muriy -huquqiy normalar va bu
qoidalarning buzilishi uchun javobgarlikni o‘rnatuvchi – muhofaza etuvchi
ma’muriy -huquqiy normalar;
uchinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik – bu qilmishdir.
Ma’muriy huquqbuzarlik - bir yoki bir necha insonlarning ongli va irodali
harakati yoki harakatsizligida ifodalanadi;
to‘rtinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik – jismoniy shaxs tomonidan sodir
etiladigan qilmishdir. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi kodeksiga binoan ma’muriy huquqbuzarlikning sub’ekti sifatida
faqatgina jismoniy shaxslar namoyon bo‘lishi mumkin;
beshinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikda – aybning mavjudligi, ya’ni
ma’muriy huquqbuzarlik – qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasidan sodir etiladigan
ongli, irodali qilmish hisoblanadi;
oltinchidan, ma’muriy huquqbuzarlik – jazoga sazovor qilmishdir.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi
kodeksi 10-moddasining 1-qismiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik deganda –
qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan qilmish
tushuniladi.
Sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik nazarda
tutilgan taqdirdagina, bunday xatti-harakatlar huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilishi
mumkin. Javobgarlikka tortish - huquqbuzarlikning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Huquqqa xilof, aybli va jazoga sazovor qilmishning xususiyatini o‘zida ifoda
etgan barcha huquqbuzarlik ham, ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanmaydi. Gap
shundaki, aniq bir qilmishda ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud bo‘lmasligi
mumkin va bu holat qilmishni sodir etgan shaxsning javobgarlikka tortilishiga olib
kelmaydi.
Huquqbuzarlik tarkibini ifodalovchi xususiyatlar esa, bu – qonun hujjatlarida
mustahkamlangan va sodir etilgan qilmishni huquqbuzarlik sifatida ifodalash
mumkin bo‘lgan xususiyatlardir.
Huquqbuzarlik tarkibini ifodalovchi o‘zaro yaqin xususiyatlar birlashib,
huquqbuzarlik tarkibi elementlarini tashkil etadi.
Huquqshunos olim Yu.M.Kozlovning fikricha, ma’muriy huquqbuzarlikni
tavsiflashda
uning
yuridik
tarkibi
katta
ahamiyatga
egadir.
Ma’muriy
huquqbuzarlikning yuridik tarkibi – bu uning ichki tuzilishini anglatuvchi yuridik
xususiyatdagi elementlar yig‘indisidir.1
Ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi tushunchasini anglash va uni aniqlash -
ma’muriy
javobgarlikka
tortishning
qonuniyligini
ta’minlaydi,
ma’muriy
huquqbuzarlikning boshqa huquqbuzarliklardan farqini belgilab beradi.
Ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi – bu ma’muriy huquq normalari bilan
o‘rnatilgan xususiyatlarning yig‘indisi bo‘lib, ularning mavjud bo‘lishi bilan aniq
bir qilmishlar – ma’muriy huquqbuzarlik sifatida tan olinadi.
Har qanday huquqbuzarlik tarkibi singari, ma’muriy huquqbuzarlik ham:
huquqbuzarlikning obekti va obektiv tomoni, sub’ekti va sub’ektiv tomoni kabi
xususiyatlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
Ma’muriy huquqbuzarlikning obekti – bu ma’muriy huquq normalari bilan
o‘rnatilgan va muhofaza etiladigan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Bu, birinchi
navbatda davlat boshqaruvi sohasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlardir.
Davlat boshqaruvini tashkil etish va amalga oshirish jarayonida nafaqat ma’muriy
huquq normalari bilan, balki ma’muriy -huquqiy vositalar bilan muhofaza etiladigan
boshqa huquq tarmoqlari (Konstitutsiyaviy, moliya, yer, mehnat va h.k.lar)
normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar ham vujudga keladi. Shu
sababli, ma’muriy huquqbuzarlik obektiga - ma’muriy javobgarlik normalari bilan
himoya qilinadigan har qanday munosabatlarni kiritish mumkin.
Ma’muriy huquq nazariyasida huquqbuzarlik obekti, odatda. uch guruhga
bo‘linadi:
birinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikning umumiy obekti – davlat
boshqaruvi jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar. Masalan, O‘zR
MJtKning 10-moddasi 1-qismida ma’muriy huquqbuzarlik obekti umumiy holda -
“shaxs, fuqarolarning huquqlari va erkinliklari, mulkchilik, davlat va jamoat tartibi,
tabiiy muhit” ko‘rsatib o‘tilgan;
ikkinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikning turdosh obekti – mazmuni va
o‘zaro yaqin xususiyatlariga qarab yagona tizimga keltirilgan obektlardir. Masalan,
O‘zR MJtKning maxsus qismida ma’muriy huquqbuzarliklar quyidagi guruhlarga
birlashtirilgan:
fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar;
aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi huquqbuzarliklar;
mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;
tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi
huquqbuzarliklar;
sanoatdagi, qurilishdagi va issiqlik hamda elektr energiyasidan foydalanish
sohasidagi huquqbuzarliklar;
qishloq xo‘jaligidagi huquqbuzarlik, veterinariya-sanitariya qoidalarini
buzish;
transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar;
fuqarolarning turar joy huquqlariga taaluqli, kommunal xizmat va
obodonlashtirish sohasidagi huquqbuzarliklar;
savdo tadbirkorlik va moliya sohalaridagi huquqbuzarliklar;
odil sudlovga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;
jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;
boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar;
uchinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita obekti – huquqbuzarlik
oqibatida bevosita zarar yetkazilgan, aniq obekt hisoblanadi. Masalan, O‘zR
MJtKning 40-moddasida mustahkamlangan tuhmat huquqbuzarligining bevosita
obekti – fuqaroning sha’ni va qadr-qimmati hisoblanadi; yoki, 237-moddasiga
binoan harbiy xizmatga yoki muqobil xizmatga chaqirilishdan bosh tortishda
ifodalangan huquqbuzarlikning bevosita obekti bo‘lib – boshqaruv jarayonida
o‘rnatilgan tartib, ya’ni fuqarolarning harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tash
majburiyati hisoblanadi.
M’amuriy huquqbuzarlikning obektiv tomoni – bu huquqqa xilof qilmishdir,
ya’ni ma’muriy huquqbuzarlik obektiga qaratilgan harakat yoki harakatsizlik, uning
xususiyatlari, shuningdek, uni sodir etish (yoki sodir etmaganlik) sharoitlari
hisoblanadi.
Ma’muriy huquqbuzarlik obektiv tomondan ikki ko‘rinishga ega:
birinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikni harakat natijasida sodir etish. Harakat
– insonning faol xulq-atvori hisoblanadi. Aksariyat ma’muriy huquqbuzarliklar,
obektiv tomondan shaxslarning harakati orqali sodir etiladi. Masalan, tuhmat,
haqorat qilish, yengil tan jarohati yetkazish, o‘rnatilgan turli umummajburiy
qoidalarni buzishda ifodalangan huquqbuzarliklar - harakatlar natijasida sodir
etiladi;
ikkinchidan, ma’muriy huquqbuzarlikning harakatsizlik natijasida kelib
chiqishi. Harakatsizlik – insonning passiv xulq-atvori bo‘lib, odatda, belgilangan
vazifani, majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlikda
ifodalanadi. Masalan, mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning murojaatlarini
o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaganlik, ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va ularga
ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik, hokimiyat vakilining qonuniy
talablarini bajarmaganlikda ifodalangan huquqbuzarliklar – harakatsizlik natijasida
kelib chiqadi.
D.N.Baxraxning ko‘rsatib o‘tishicha, ma’muriy huquqbuzarlikning obektiv
tomoni – huquq normalari bilan nazarda tutilgan, mazkur huquqbuzarlikning tashqi
ko‘rinishini ifodalaydigan xususiyatlar yig‘indisidir. Obektiv tomon – qilmishni
huquqbuzar tashqi xulq-atvorining ko‘rinishi sifatida ifodalaydi. Obektiv tomon
xususiyatlariga: huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik va ularning sodir etilishi
bilan vujudga kelgan zararli oqibat kiradi. Masalan, transport vositalari
haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish – harakat tezligini oshirish
(harakat), yo‘l belgilariga rioya etmaslik (harakatsizlik)da ifodalanuvchi turli xatti-
harakatlarda namoyon bo‘ladi. Bunday qilmishlar natijasida: yo‘l harakati
xavfsizligiga
xavf
solinishi,
boshqa
yo‘l
harakati
ishtirokchilarining
harakatlanishiga halaqit berish, avariya holatini vujudga keltirish yoki yo‘l-transport
hodisalarini sodir etilishiga olib kelishi mumkin.1
O‘zbekiston
Respublikasining
ma’muriy
javobgarlik
to‘g‘risidagi
kodeksining 13-moddasiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n
olti yoshga to‘lgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladilar.
O‘zR MJtKning 20-moddasiga binoan esa, g‘ayrihuquqiy harakat yoki
harakatsizlik sodir etgan vaqtida aqli norasolik holatida bo‘lgan shaxs, ya’ni
surunkali ruhiy kasallik, ruhiy faoliyati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud
boshqa xil kasallik oqibatida o‘z harakatining (harakatsizligining) ahamiyatini idrok
eta olmagan yoki boshqara olmagan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi
mumkin emas.
Demak, umumiy qoidagi ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlikning sub’ekti - bu 16
yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxsdir.
Ma’muriy
javobgarlik
to‘g‘risidagi
qonun
hujjatlarida
ma’muriy
javobgarlikning sub’ektlari uch guruhga bo‘lingan:
1) umumiy sub’ekt – har qanday 16 yoshga to‘lgan jismoniy shaxs. Jumladan,
O‘zR MJtKning 13-moddasida ma’muriy javobgarlik sub’ekti umumiy holda
ko‘rsatib o‘tilgan;
2) maxsus sub’ekt – umumiy sub’ektlarga qaraganda o‘ziga xos
xususiyatlarga (qo‘shimcha belgilarga) ega bo‘lgan sub’ektlardir. M’amuriy
huquqbuzarlikning maxsus sub’ektiga - mansabdor shaxslarni, haydovchilarni,
voyaga yetmaganlarni va boshqalarni kiritish mumkin. Mazkur shaxslar tomonidan
sodir etiladigan huquqbuzarliklar va ularga nisbatan qo‘llaniladigan javobgarlik
o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Masalan, mansabdor shaxslar tomonidan sodir
etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar ularning egallab turgan lavozimi yoki
mansabi bilan yoxud ular zimmasiga yuklangan vazifalar (majburiyatlar)ning
bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi bilan bog‘liq holda sodir
etiladi. Mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligi fuqarolarga (umumiy
sub’ekt) qaraganda yuqori bo‘ladi.
Misol № 1. O‘zR MJtKning 175-4-moddasiga binoan ish haqini taqiqlangan
shakllarda to‘lash uchun faqatgina mansabdor shaxslargina javobgarlikka tortilishi
mumkin. Chunki xodimlarga ish haqini berish majburiyati korxona, muassasa va
tashkilotning mansabdor shaxsi zimmasiga yuklangan.
Misol № 2. O‘zR MJtKning 125-moddasiga binoan foydalanish man
etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan transport vositalarini boshqarish uchun
faqatgina haydovchilar javobgarlikka tortilishi mumkin. Chunki, haydovchigina -
transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik 16 yoshga to‘lgan fuqarolarga nisbatan qo‘llanilishi
belgilangan. Lekin 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar - voyaga
yetmaganlar toifasiga kirishini ham unutmaslik kerak. Ularning ma’muriy
javobgarligi, odatda maxsus qoidalar bilan tartibga solinadi;
3) alohida sub’ekt – intizom Ustavlvri yoki xizmat to‘g‘risidagi nizomlar
tatbiq qilinadigan shaxslar, masalan, harbiy xizmatchilar va yig‘inga chaqirilgan
harbiy xizmatga majburlar, ichki ishlar organlarining oddiy askarlar va boshliqlar
tarkibiga mansub shaxslar. Ma’muriy huquqbuzarlikning alohida sub’ektlari –
maxsus sub’ektlarning alohida guruhini tashkil etadi. Alohida sub’ektlar ham,
maxsus sub’ektlar singari o‘ziga xos xususiyatlarga egadir.
Qonun hujjatlarida ma’muriy huquqbuzarlikning u yoki bu sub’ektlari
doirasiga qaratilgan javobgarlikning qo‘shimcha asoslari yoki uning yuqori hajmi,
boshqalariga nisbatan esa ma’muriy javobgarlikni qo‘llashda cheklanishlar ko‘rsatib
o‘tiladi. Masalan, O‘zR MJtKning 53-moddasiga binoan sanitariya qonun
hujjatlarini, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiena normativlarini buzish, -
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor
shaxslarga esa - besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab
bo‘ladi. O‘zR MJtKning 16-moddasiga binoan muddatli xizmatdagi harbiy
xizmatchilarga jarima solinishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun
hujjatlarida xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ma’muriy
javobgarligi ham nazarda tutilgan. Bu toifadagi shaxslar ma’muriy huquqbuzarlik
sub’ektlarining qaysi guruhiga kiradi, degan savol vujudga kelishi mumkin. Agar,
xorijiy fuqarolar diplomatik immunitet huquqidan foydalanmasa, O‘zbekiston
Respublikasi fuqarolari singari umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi. Agar,
bunday huquqqa ega bo‘lsa, ularning javobgarlik masalasi xalqaro shartnomalarda
(yoki davlatlar o‘rtasida tuzilgan xalqaro bitimlarda) nazarda tutilgan tartibda hal
qilinadi. Demak, ular ma’muriy huquqbuzarlikning ham umumiy sub’ekti, ham
maxsus sub’ekti sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Har qanday huquqbuzarlik singari, ma’muriy huquqbuzarlik ham – huquqqa
xilof aybli sodir etilgan qilmish hisoblanadi. Huquqbuzarning huquqqa xilof
qilmishni sodir etishda aybi mavjud bo‘lganida, uni javobgarlikka tortish mumkin
bo‘ladi. Ayb – bu sodir etilgan qilmishga nisbatan shaxsning ruhiy munosabatidir.
Ayb ikki shaklda: qasd va ehtiyotsizlikda ifodalangan bo‘lishi mumkin. Ayb -
ma’muriy huquqbuzarlik sub’ektiv tomonining majburiy xususiyati hisoblanadi.
Ma’muriy huquqbuzarlikning sub’ektiv tomoni – bu huquqbuzarlik sub’ekti
(jismoniy shaxs)ning huquqqa xilof harakat yoki harakatsizlik hamda uning
oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabati hisoblanadi.