Mehnat xonasida ishlash talablari. Ish joyini tashkil etish talablari. Texnika xavfsizligi qoidalari.
Yuklangan vaqt
2025-01-26
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
4
Faytl hajmi
17,5 KB
Ish joyini tashkil etish talablari. Texnika xavfsizligi qoidalari.
Reja:
1. Mehnat xonasidaishlash talablari.
2. Ish o’rnini tashkil qilish talablari.
3. Ish qurollaridan foydalanish qoidalari.
Mavzuga oid tayanch tushunchalar: Ta’lim, ta’lim-tarbiya, mehnat tarbiyasi,
qog’oz, qaychi, ustaxona, nina bilan ishlash qoidalari.
Ish xonasida ishlash talablari
1. Ish xonasiga faqat o‘qituvchi ruxsati bilan kiriladi.
2. Har bir o‘quvchi faqat o‘z ish joyida ishlaydi. Agarda ish jamoa bo‘lib
bajariladigan bo‘lsa, o‘quvchilar o‘z majburiyatlarini yaxshi biladilar.
3. Ish faqat o‘qituvchining ruxsati bilan boshlanadi.
4. Ishni boshlashdan oldin ish joyini tayyorlab, asboblarni to‘g‘ri va qulay
joylashtirish: O‘ng qo‘l bilan ushlanadigan asboblarni o‘ng tomonga, chap qo‘l bilan
ushlanadiganini chap tomonga qo‘y, sanchiladigan, kesadigan asboblarni hech
qachon ikkita asbob orasiga qo‘yma, ularni doimo o‘z joyiga, o‘tkir tomonini narigi,
dastasini o‘zing tomonga qilib qo‘y. Asboblarni o‘ynama, ular o‘yinchoq emas.
5.I sh vaqtida ish joyingizni tartibli saqlang.
6. O‘tmas yoki buzuq asbob bilan ishlamang.
7. Asbobni ishlatganda, uni o‘qituvchi ko‘rsatganidek ishlating.
8. Asboblarni asrang, ularni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlating, so‘ng ularni tozalab
qo‘ying.
9. Har bir detalni oldingi safargidan sifatli, chiroyli va tartibli qilishga harakat qiling.
10. Ishni tugatdingizmi, ish joyingizni tezda tozalab, tartibli qilib qo‘ying.
Ish joyini to‘g‘ri tashkil etish: O‘qituvchi stolning ustiga dasturxon yozib, o‘ng
tomoniga qaychi, yelim uchun cho‘tka, chizg‘ich, qalam, o‘chirg‘ich joylashtiradi.
O‘quvchining old tomoniga yelim, qiyqimlar uchun quticha va sochiq joylashtiriladi.
O‘quvchining chap tomoniga, ish vaqtida halaqit bermaydigan qilib rangli qog‘oz
to‘plami, qog‘oz to‘plami va kerakli materiallar joylashtiriladi.
Sanitariya-gigiyena talablari: O‘quvchi ish stolida ishlayotganda kiyimlarini kir
qilmaslik uchun maxsus ish fartuklari va yenglar kiyib olinadi. Ish qurollaridan
foydalanishda har bir asbobni yoki ish qurolini tartib bilan ishlatishni, ya’ni bitta ish
qurolidan foydalanib bo‘lib o‘z joyiga qo‘yib, keyin ikkinchisini qo‘lga olish talab
etiladi. Bunda o‘quvchini ish stoli batartib bo‘ladi. Ish vaqtida o‘quvchi qo‘lini
kiyimlariga, boshiga, yuziga tekkizmaslik, zarur bo‘lganda qo‘lini sochiqqa artib
keyin qo‘lini harakatlantirishi mumkin. Ishni tugatgandan so‘ng ish qurollari va
asboblarini o‘z g‘ilof yoki idishlariga solib tartib bilan sumkasiga yoki maxsus
javonga joylashtirib qo‘yishi kerak.
To‘g‘ri o‘tirish qoidalari: O‘quvchilar ish vaqtida to‘g‘ri o‘tirish qoidalariga amal
qilishlari kerak. Har bir asbob yoki ish qurolidan foydalanayotgan vaqtida qo‘llarni
keskin harakatlantirmaslik, o‘rnidan turmaslik, orqasiga qaramaslik, yoniga
o‘girilmaslik, o‘rtog‘iga gapirmaslik kerak. Ish vaqtida gavdani to‘g‘ri tutish, bir
tomonga qiyshaymaslik, oyoqlarini to‘g‘ri joylashtirish, qo‘llarni stol ustida
harakatlantirish, asbob va ish qurollarni gavdasiga yaqin olib kelmaslik, ish stolida
to‘g‘ri o‘tirish kerak. Shunda o‘quvchi charchab yoki toliqib qolmaydi.
Ustaxonadagi asbob-uskunalar. O‘quvchilar ustaxonada ishlayotganlarida har xil
asboblar va moslamalardan foydalanishadi. Qaychi, qalam, chizg‘ich, igna,
angishvona, yelim, yelim cho‘tkasi, bigiz, taglik taxtachalar, pichoq, gazlama, rangli
qog‘oz to‘plami, plastilin, turli urug‘lar, barglar, mato bo‘laklari, karton to‘plami,
sochiq, chiqindilar uchun quticha, stol ustiga klyonka.
Turli asboblardan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari:
Qaychidan foydalanish qoidalari
1. Qaychini belgilangan joyda, belgilangan holatda saqlang.
2. Qaychini uchini yuqoriga qilib ushlamang.
3. Qaychini ochiq holda qoldirmang.
4. Qaychini yurib turganingizda ishlatmang.
5. Qaychini faqat yopilgan holda uchidan ushlab o‘rtog‘ingizga uzating.
6. Qaychini ishlatayotganda kesilishning yo‘nalishini va materialni ushlab turgan
chap qo‘l barmoqlarini kuzatib turing.
7. Yaroqsiz qaychini ishlatmang, uni o‘qituvchiga topshiring.
Bigizdan foydalanish qoidalari
1. Bigizni o‘rinsiz ishlatmang.
2. Sirti silliq, sirg‘anchiq qattiq predmetlarni bigiz bilan teshmang.
3. Teshiladigan predmetni qo‘lingizda ushlamang, uni stol, taglik ustiga qo‘yib
teshing.
Pichoq bilan ishlash qoidalari
1. Uchi yumaloq pichoqdan foydalaning.
2. Pichoqni o‘qituvchi ko‘rsatganidek ishlating, kesganda qattiq bosmang.
Nina bilan ishlash qoidalari.
1. Ninani ishlatib bo‘lgach, maxsus nina yostiqchaga sanchib qo‘- ying.
2. Ninanni hech qachon og‘zingizga olmang.
3. Ortiqcha ninalarni ignadonda quruq holatda saqlang.
4. Ishdan oldin va ishdan keyin ninalarni sanab ko‘ring, yetishmagan ninalarni
albatta toping.
5. Qog‘oz va kartondan narsalarni yasaganda birinchi teshikni albatta bigiz bilan
teshib oling.
Ko‘rilgan choralarga qaramay sinfda baxtsiz hodisa ro‘y bersa, o‘qituvchi birinchi
yordamni ko‘rsatishi va maktab shifokorini chaqirishi lozim. Ish xonasida yod, bint
solingan aptechka bo‘lishi shart.
Mavzuga oid savol va topshiriqlar:
1. Ish joyini tashkil etishda nimalarga e’tibor berish kerak?
2. Mashg‘ulotga kerakli ish asboblari va materiallari qanday joylashtiriladi?
3. Qanday asboblar bilan ishlaganda texnika xafvsizligi qoidalaridan foydalaniladi?
4. Sanitarik-gigienik talablar nimalardan iborat?
5. Mehnat xonalarini jihozlashdagi talablar?
Mustaqil ta’lim doirasidagi vazifalar:
1.Mavlonova R. A., Sanaqulov X.R., Xodiyeva D.P. Mehnat va uni o‘qitish
metodikasi. 0 ‘quv qo‘llanma. Т.; TDPU. 2007-yil.
2.Sanaqulov X.R., Xodiyeva D.P. Satbayeva «Mehnat va uni o‘qitish metodikasi».
Darslik. Т.: TDPU.2015-yil.