MIKROBIOLOGIYANING PAYDO BO’LISHI VA RIVOJLANISHI
Reja:
1. Mikrobiologiya fanining ahamiyati.
2. Mikrobiologiya fanining maqsadi va vazifalari.
3. Mikrobiologiya fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
4. Mikrobiologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi
Mayda ko’zga (ko’rinmaydigan) organizmlar – mikroblar ularning tuzilishi va
hayot faoliyatini o’rganadigan fan mikrobiologiya deyiladi. Mikrobiologiya grekcha
so’zdan olingan bo’lib, micros - mayda, bios - hayot va logos - fan demakdir.
Mikrobiologiya mikroorganizmlar morfologiyasini (tsitologiyasi bilan birga),
sistematikasi va fiziologiyasini o’rganadi. Ularning hayot faoliyatida kechadigan
umumiy sharoitni tekshiradi hamda bizni o’rab turgan tabiatda turli xil moddalarning
o’zgarishida mikroorganizmlarning rolini tushuntirib beradi. Tuproqda va tabiatda
boradigan bioximiyaviy o’zgarishlarni ko’p qismi umuman mana shu mayda
organizmlar ishtirokida bo’ladi. Mikroorganizmlar tabiiy tuproq hosil qilish
jarayonida, ekin ekiladigan yerlarda, yerni ishlash va o’g’it solish yoki boshqa
hamma agrotexnika tadbirlari (sug’orish, zah yerlar suvini qochirish va boshqalar)
bilan bog’liq jarayonlarda va organik o’g’itlar tayyorlash, ularni saqlash hamda
ishlatish jarayonlarida ham juda katta ahamiyatga ega. Hozir tuproq holati va uning
mikroflorasi o’rtasidagi mustahkam aloqa qat’iy belgilangan. Shuning uchun
tuproqni o’rganayotganda undagi mikroorganizmlarning hayot faoliyatini e’tiborga
olish kerak. Chunki tuproq mikroorganizmlarini xususiyatini ularning tuproqdagi
hayot faoliyatini hisobga olmagan holda o’rganib bo’lmaydi. Shuning uchun
mikrobiologiya tuproqshunoslik fani bilan chambarchas bog’langan. Bundan
tashqari mikrobiologiya agroximiya fanlari bilan ham aloqadordir. Yerga solingan
organik o’g’itlar tuproq mikroblari tufayli sodir bo’ladigan jarayonlar natijasida
o’zgargandan keyingina o’simliklar o’zlashtira oladigan holga kelishi hammaga
ma’lum. Yerga solingan mineral o’g’itlar ayni vaqtning o’zida vujudga kelgan
sharoitda mikroorganizmlar tomonidan dastlab o’zlashtirilmagan va ular hosil
qiladigan organik birikmalarga aylantirilgandagina bu mineral o’g’itlar o’simliklar
ildizi orqali singdirilishi mumkinligi ham hammaga ma’lum edi.
Bundan tashqari, o’simliklarning ildiz sistemasi juda hilma - xil mikroflora
bilan to’liq qoplangan bo’lib, bular o’simliklar ildizi ajratgan mahsulotni
o’zlashtiradi va ildiz atrofida turli hil organik hamda mineral moddalarni o’zlashtirib
o’simliklarning o’sishi va oziqlanishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Bu mikroorganizmlar
asosan bakteriyalar va mikroskopik zambrug’lar “rizosfera mikroflorasi“ deb ataladi.
Ayrim rizosfera mikroflorasi o’simlik ildiziga kirib olib aloqada bo’lishi mumkin.
Rizosfera zambrug’lar o’rtasida SIMBIOZ organizmlar ham, PARAZIT
organizmlar ham bor. Simbioz zambrug’lar - o’simlikning ildizi bilan birga
(zamburug’ ildiz) hosil qiladi. Bu zamburug’ ildiz o’simlikning oziqlanishiga
yordam beradi. Parazit fitopatogen zamburug’lar o’simliklarda turli xil kasalliklarni
hosil qiladi.
Agar bir gektar yerdan tarkibida 80 ming tonna atmosfera azotni tutgan havo
ko’tarilib turishini hisobga olsak, bu azot o’simliklarga kam deganda million yilga
yetadi. Buni o’simliklarga ko’pincha azot yetishmaslik fakti bilan solishtirsak,
mikroorganizmlar qishloq ho’jaligi ishida naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi
ravshan bo’lib qoladi.
Atmosferadagi azot molekulyar holda bo’lganligidan o’simlik uni oziq sifatida
o’zlashtirishga qodir emas. Buning oqibatida atmosferadagi azot miqdori bilan
o’simliklar o’zlashtira oladigan azot miqdori o’rtasida farq vujudga keldi. Faqat
ba’zi bir tuproq mikroorganizmlarigina bunday hususiyatga ega. Mikroorganizmlar
nobud bo’lgandan keyin tuproqda bog’langan azot birikmalarini qoldirib, yerni
o’simliklar uchun muhim bo’lgan elementga boyitadi. Agar bog’langan azot zahirasi
chimli-podzal tuproqli erlarda gektariga 5-6 tonna va qora tuproqli (30sm
chuqurlikda haydalgan) yerlarda gektariga 18-20 tonna borligini hisobga olsak,
chimli-podzol tuproqli yerlarda o’suvchi qishloq ho’jaligi ekinlarining ko’pi azot
yetishmaganligidan kam hosil beradi. Mo’l hosil olish uchun esa har gektar yerga
100 kg. ga yetkazib azot solish kerak. Bundan ma’lumki bog’langan azotning barcha
formalarini o’simliklar o’zlashtira olmas ekan. O’simliklar tuproq chirindisi
tarkibiga kiruvchi tuproqdagi bog’langan azot zapasining 99% ga yaqinini o’zida
tutuvchi murakkab azot birikmalarini umuman o’zlashtirmaydi. A.A.Timiryazev
o’simliklar quyosh energiyasi hisobiga karbonat angidritni o’zlashtirib va o’z
tanasining moddalarini sintezlab, kosmik funksiyani bajarishini o’z vaqtida aniq
isbotlab berdi. Saprofit mikroorganizmlar ham nobud bo’lgan o’simlik va hayvon
qoldiqlarini parchalab, o’simliklar o’zlashtira oladigan karbonat angidrit va azot
birikmalari hosil qilib juda muhim funksiyani bajarishi aniqlangan. Mana shu
mikroskopik organizmlarsiz biologik jihatdan eng muhim bo’lgan elementlar yer
yuzida aylanib yurmagan va yerda hayot rivojlanish tomonga qarab taraqqiy
etmagan bo’lar edi.
Mikrobiologiya biologiyaning nisbatan yosh tarmog’i bo’lib, u kun sayin rivoj
topmoqda. Bioximiya, molekulyar biologiya, biotexnologiya, agroximiya,
veterinariya, meditsina, epidemiologiya, qishloq xo’jaligi, sanoat, geologiya,
genetika, kosmik mikrobiologiya va boshqa fanlar bilan chambarchas bog’liqdir.
Ko’pgina foydali qazilmalarning (torf, toshko’mir, neft, temir, oltingugurt
rudalarining) hosil bo’lishi ham bakteriyalar faoliyati bilan bog’liqdir.
Tuproqda uchraydigan azot to’plovchi mikroorganizmlarni o’rganish
atmosfera azotidan foydalanish masalasini hal etishda muhim ahamiyatga ega.
Akademik V.L.Omelyanskiy mikroblarni shunday xarakterlaydi: «Ular (mikroblar)
hamma joyda bor... Ular ko’zga ko’rinmasdan, odamning hayot yo’lida hamroh
bo’ladi». Lekin ba’zi bir mikroorganizmlar oziq-ovqat mahsulotlarni (go’sht, baliq,
don, kartoshka va rezavor mevalarni) buzadi yoki turli-tuman yuqumli kasalliklarni
keltirib chiqaradi. Bu to’g’rida V. L. Omelyanskiy shunday degan: «Mana shu
mikroskopik, lekin shafqatsiz dushman tufayli butun-butun bir oblast xalqlarini qirib
bitiradigan va qisqa muddat ichida yuzlab, minglab odamlarning yostig’ini
quritadigan xavfli epidemiya paydo bo’ladi». Masalan, vabo, sil, gonoreya, difteriya,
kuydirgi, qoqshol va boshqa kasalliklar shular orqali tarqaladi. Amerika Qo’shma
Shtatlarida 200 turdan ortiq bakteriyalar, o’simliklarni zararlaganligi aniqlangan.
Mikrobiologiya fanining bir qancha tarmoqlari mavjud:
Umumiy mikrobiologiya;
Tibbiyot mikrobiologiyasi:
Qishloq ho’jalik mikrobiologiyasi ;
Veterinariya mikrobiologiyasi;
Sanoat mikrobiologiyasi ;
Suv mikrobiologiyasi;
Kosmik mikrobiologiya va boshqalar.
Mikrobiologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi
Mikrobiologiyaning
rivojlanishida
A.Levengukning
roli
va
uning
mikrobiologiyaning rivojlanish tarixida «morfologiya davriga» qo’shgan hissasi.
Mikrobiologiya rivojlanishining «fiziologiya» va «biokimyo» davrlari. Paster,
Vinogradskiy va boshqalar ishlarining ahamiyati.
Mikroorganizmlar kashf etilmasdan oldin ham inson qatiq, vino tayyorlashda,
novvoychilikda mikrobiologiya jarayonlaridan keng ko’lamda foydalanib kelgan.
Qadim
zamonlardanoq shifokorlar
va
tabiatshunoslar
ko’pgina
yuqumli
kasalliklarning kelib chiqish sabablarini izlay boshlagan edi. Masalan, Gippokrat
(eramizdan oldingi 460-377 yillar), Lukretsiy (95-50 yillarda) va o’sha davrning
boshqa yirik olimlarining ishlarida, turli-tuman yuqumli kasalliklarning sababchisi
tirik tabiatga bog’liq ekanligi ko’rsatilgan. O’rta Osiyo xalqlari avvaldanoq chechak,
moxov va boshqa kasalliklar to’g’risida ma’lumotlarga ega edi. Abu Ali ibn Sino
(900-1037) bu kasalliklarning sababchilari tirik mavjudotlar ekanligini va ularning
suv, havo orqali tarqalishini aytgan.
Mikroorganizmlarning ochilishi mikroskopning ixtiro etilishi bilan bevosita
bog’liq bo’ldi. Birinchilar qatori Gans va Zaxariy Yansenlar, so’ngra G. Galiley va
K. Drebbel tomonidan mikroskoplar yaratildi va takomillashtirildi.
XVII-asrning
40
yillarida
rimlik
professor
A.Kirxer
(1601-1680)
kattalashtiruvchi qurilma orqali har xil ob’ektlarni kuzatadi va o’ta mayda
«chuvalchanglarni» ko’radi. Bular mikroorganizmlar edi. Ammo bu tajribalar
tasodifiy kashfiyotlar edi.
Mikroorganizmlar haqida yanada ko’proq ma’lumotlar to’plagan shaxs
mikrobiologiya tarixining «morfologiya davri» ni boshlab bergan Gollandiyalik
Antoni van Levenguk (1632-1723) bo’ldi.
U o’zi yasagan mikroskop yordamida iflos suv, har xil moddalar qaynatmalari,
tish kiri kabi namunalarni tekshirib, ulardagi mikroorganizmlarni kuzatdi. U
“TABIAT SIRLARI” (1965) degan kitobida mikroorganizmlarning shakllarini
tasvirlab bergan. Rossiyada birinchi mikroskop Ivan Belyaev va Ivan Kulibinlar
tomonidan yaratildi.
Rus olimi, xarbiy vrach D.S.Samoylovich (1724-1810)mikroskop yordamida
chuma (bezgak) kasalligining qo’zg’atuvchisining tekshirib, odamlarni bu kasallikka
qarshi emlash usulini taklif etgan. Uning bu kashfiyoti boshqa yuqumli
kasalliklarning sababchisini o’rganish uchun asos bo’ldi. Angliyalik vrach E.
Djenner (1749-1823) 1798- yilda chechakka qarshi emlash muhim ahamiyatga ega
ekanligini ko’rsatib bergan edi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab ancha
takomillashtirilgan mikroskoplar yaratildi. Bu esa mikroorganizmlarning faqat
morfologik tuzilishinigina emas, balki fiziologiyasini o’rganishga ham imkon berdi.
Mikroskopning ixtiro etilishidan boshlab mikroorganizmlar to’g’risida qilingan
ishlar
mikrobiologiya
tarixida
1-davr
«Mikrobiologiyaning
rivojlanishi
morfologiya davri» deb yuritiladi.
Shved olimi K.Linney (1707-1778) hamma tirik mavjudotlarni bir sistemaga
solgan bo’lsa ham, mikroorganizmlarni bir avlodga kiritib, ularni «tartibsiz» deb
atadi.
Mikroorganizmlarning birinchi sistematikasi Daniyalik Myullerga (1786)ga
taalluqlidir. U suv va tuproqdagi “animolekulalar”ni sistemaga soladi va ularning
“infuzoriyalar” deb atadi. Sekin asta mikroorganizmlarni o’rganish boshlandi.
Keyinchalik M.M.Terexovskiy ham mikroorganizmlar ustida ishlab
«TSarstvo infuzoriy Linneya» degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqladi
(1770). U o’z ishida har xil qaynatmalardagi mikroorganizmlarini o’rganib,
temperatura, elektr toki va zahar ta’sirida mikroorganizmlarning halok bo’lishini
aniqladi. 1835 yil Erenburg «Infuzoriyalar mukammal organizmlardir» degan
mavzuda ilmiy asar yozdi va hamma tuban jonzotlarni 22 ta sinfga bo’ldi. Kitobga
infuzoriyalar atlasini kiritdi va ularga tavsiflar berdi, mikroorganizmlarni binar
nomenklaturada atadi va barcha bakteriyalarni 3 sinfga bo’ldi.
XIX-asr o’rtalarida, P.F.Goryaninov tomonidan yozilgan «Zoologiya» asarida
mikroorganizmlarga ayrim bo’lim ajratildi va bo’lim «Infuzoriyalar bo’limi» deb
ataldi. Shu vaqtlar F. Kon (1828-1898) va K. Negelilar (1817-1891) bakteriyalardan
ba’zilarining tabiatini o’rgana boshladilar.
Mikroorganizmlarni o’rganishning ikkinchi davri -«Fiziologiya davri» Lui
Paster (1822-1895) ishlaridan boshlandi. U ko’pgina bijg’ish jarayonlarining, ya’ni
spirtli, sut va sirka kislotali bijg’ish hamda boshqa tur bijg’ishlarning biologik
mohiyatini aniqladi. Har bir bijg’ish jarayonining o’z mikroorganizmlari borligini
tajribalar bilan isbotladi. U yana chirish jarayonlarining ham alohida
mikroorganizmlar ta’sirida borishini ko’rsatdi. Bu buyuk frantsuz olimi kuydirgi,
qutirish, pasterellez, gazli gangrena, tut ipak qurtining (pebrina) kasalligini, vino va
pivoning buzilishini o’rgandi va ularga qarshi kurash choralarini aniqlab berdi.
Kislorodsiz muhitda yashaydigan anaerob bakteriyalarni aniqladi. Laboratoriya
amaliyotiga sterillash - (mikroblarni nobud qilish) usullarini kiritdi. Aristotel va
Vergiliylarning «o’z-o’zidan tug’ilish» nazariyalarining asossizligini ko’rsatdi.
Oziqa muhit yaxshilab sterillansa, unda hech qanday mikroorganizmning paydo
bo’lmasligini asoslab berdi. Paster tovuqlar xolerasini o’rganish jarayonida sog’lom
tovuqqa kuchsizlantirilgan bakteriya kulturasi yuborilganda tovuqlarning kasallikka
chalinmasligini kuzatdi. Xuddi shu ishni u kuydirgi kasalligi bilan kasallangan
mollarda ham qaytardi va ijobiy natijalar olishga muvaffaq bo’ldi. Hayvonlarni
kuchsizlantirilgan (42-430C temperaturada o’stirilgan) kuydirgi tayoqchalari bilan
kasallantiradi. Kuchsizlantirilgan bakteriya kulturasi bilan emlaganda hayvonlarda
kuydirgi bakteriyasiga qarshi immunitet hosil bo’lishini aniqladi.
Pasterning qutirish kasalligini o’rganish borasidagi ishlari ham o’ta katta
ahamiyatga molikdir. U qutirgan itlar so’lagini mikroskop ostida tadqiq qilganda
mikroorganizmlarini ko’rishga muyassar bo’la olmadi. Ammo u kasallikni yuzaga
keltiruvchi qutirishni «sababi»- hayvonning bosh va orqa miyasida joylashishini
aniqladi. Kasallangan quyon miyasini sekin-asta quritib, kuchsizlantirilgan kasal,
qo’zg’atuvchini oldi va u bilan hayvonlarni emlab sog’lom hayvonlarni kasallikdan
saqlab qolish yo’llarini topdi. Bunday emlashlar, antirabik-qutirishga qarshi
emlashlar deyilib, juda keng ko’lamda tarqaldi. Bu ishlar yangi fan
immunologiyaning paydo bo’lishiga asos soldi. Lui Paster Fransiya meditsina
akademiyasiga akademik, Sankt-Peterburg akademiyasiga muxbir a’zo va
keyinchalik faxriy akademigi qilib saylandi.
Parijda 1888-yili Paster instituti ochildi. Unda, keyinchalik ko’zga ko’ringan
mikrobiologlar Mechnikov, Vinogradskiy, Gamaleya, Xavkin, Sklifasovskiy va
boshqalar ta’lim oldi.
XIX-asrda ko’p mamlakatlarda meditsina mikrobiologiyasi rivojlandi.
Meditsina mikrobiologiyasining rivojlanishga nemis olimi Robert Kox (1843-1910)
ko’p hissa qo’shgan. U sof mikroorganizm kulturasini ajratish uchun qattiq (quyuq)
oziqa muhitdan foydalanishni taklif etdi. Odam va qoramollarda sil kasalligining
qo’zg’atuvchisini va vabo vibrionini ajratib oldi. (VABO (cholera) — ingichka
ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning og’irlaShuvi va
organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan o’tkir infektsion kasallik; o’ta
xavfli ichak kasalliklaridan. V. dastlab (1816) Hindistonda — Gang daryosi
vodiysida paydo bo’lgan; u yerda turmush sharoiti og’ir bo’lganligi uchun aholining
bir qismi boshqa davlatlarga keta boshlaydi. Natijada V. Yevropaga, keyinchalik
butun dunyoga, chunonchi Birma (1819), Yava va Borneo orollari,) vaboning klassik
vabo va Elь-Tor vabosi degan 2 turi bor. Shunga ko’ra, vabo mikrobi (vibrion deb
ataladi) klassik vabo vibrioni va Elь-Tor vibrioni deb ataladigan ikki xilga ajratiladi.
Klassik vabo vibrionini 1883 y. R Kox, El-Tor vabo vibrionini esa 1906 y. Sinay ya.
o. da Gotshlix topgan.)
Mikroskopik metodlarni takomillashtirdi, mikroskopiyaga immertsion tizimni
qo’llashdi va mikrofotografiyani kiritdi.
I.I.Mechnikov (1845-1916) fagotsitoz va uning immunitetdagi ahamiyati
haqida to’liq ta’limot yaratdi. Chirituvchi va sut kislotali bijg’ish bakteriyalari
orasidagi antogonizmni aniqladi va vabo kasalligini aniqlashga o’z hissasini qo’shdi.
Rossiyada birinchi bakteriologik stantsiya tashkil etdi. Uning rahbarligida yirik
mikrobiologlar:
G.N.Gabrichevskiy,
A.M.Bezredka,
I.G.Savchenko,
L.A.Tarasevich, N.F.Gamaleya, D.K.Zabolotniy va boshqa olimlar yetishib chiqdi.
Tuproq mikrobiologiyasi bo’yicha ham ancha ishlar qilindi. Shlezing va
Myunts kabi frantsuz olimlari nitrifikatsiya jarayonini o’rgandi. S.N. Vinogradskiy
bu jarayonni chuqur o’rganib «Tuproq mikrobiologiyasi» degan asarni yaratdi.
«Xemosintez» (kimyoviy energiya ishtirokida suv va CO2 dan organik moddalar
hosil bo’lishi) jarayonini ochish sharafiga muyassar bo’ldi. U xemosintez jarayonini
nitrifikatorlar, oltingugurt va temir bakteriyalar misolida aniq ko’rsatib berdi.
Tuproqda erkin holda yashovchi anaerob bakteriya klostridium pasterianum,
tsellyuloza parchalovchi bakteriyalarni ham Vinogradskiy topdi va u ko’pgina
mikrobiologik metodlarni yaratdi.
M. Beerink tuproqda uchraydigan erkin azot o’zlashtiruvchi bakteriyalardan
azotobakterni aniqladi. G.Gelrigel, G.Vilforlar tuproq mikrobiologiyasi ustida ish
olib borib, dukkakli o’simliklarning azot o’zlashtirishi, ular ildizidagi tuganaklarga
bog’liq ekanligini ko’rsatib berishdi.
Sekin-asta to’plangan materiallar, ayniqsa nafas olish va bijg’ish jarayonlari
ximizmini aniqlash ishlari mikrobiologiya rivojlanishidagi uchinchi davr
«mikrobiologiyaning bioximiya yo’nalishi» ga turtki bo’ldi. Bu borada
S.P.Kostichev, V.S.Butkevich, V.N.Shaposhnikov va N.D.Ierusalimskiylarni ishlari
alohida ahamiyatga ega .
Chirindi moddalar va tuproq strukturasining hosil bo’lishida tuproq
mikroorganizmlarning rolini tushuntirishda I.V.Tyurin, M.I.Kononova va boshqalar,
mikroorganizmlar ekologiyasini o’rganish sohasida B.L.Isachenko, Ye.N.Mishustin,
N.M.Lazerevlar, tuproq va rizosferadagi turli xil mikroorganizmlarning aktivligini
aniqlashda N.N.Xudyakov, N.G.Xolodniy, V.S.Butkevich, N.A.Krasilnikov,
Ye.F.Berezova, Ya.N.Xudyakov va boshqalarning ishlari muhim ahamiyatga egadir.
B.F.Perfilev va D.R.Gabellar keyingi vaqtda mikrobiologiya texnikasini
rivojlantirishga o’z hissalarni qo’shgan olimlardir. Ular yaratgan kapillyar
mikroskopiya metodi cho’kindilarda uchraydigan yirtqich bakteriyalarni topishga
yordam berdi.
O’tgan asrning oxiridan boshlab, mikrobiologiyaning bir tormog’i bo’lgan suv
va geologiya mikrobiologiyasi rivoj topa boshladi. G.A.Nadson, B.L.Isachenko,
M.A.Egunov, V.O.Tauson, V.S.Butkevich, A.E.Kriss, A.S.Razumov va boshqalar
bu tarmoqni rivojlanishiga katta hissa qo’shdilar. G.A.Nadson va uning shogirdi
G.S.Fillipov 1925-yilda achitqi zamburug’lariga turli nurlar ta’sir etib, ulardan
mutantlar oldi.
Mikrobiologiyadagi ana Shunday katta kashfiyotlar mikroskopik texnikaning
rivoj topishi bilan chambarchas bog’liqdir. 1873-yilda Ernest Abbe mikroskoplar
uchun linzalar tizimini takomillashtirdi. 1903-yilda Zidentorf va Jigmondi
ulьtramikroskopni, 1908-yilda A. Keller va Zidentorf birinchi lyuminestsent
mikroskopni kashf etdilar. Nihoyat 1928-1931- yillarda birinchi elektron mikroskop
yaratildi. Elektron mikroskopda 0,02 nm dan to 7 A gacha va undan ham mayda
o’lchamli buyumlarni ko’rish mumkin bo’ldi. 1934-yili F. Chernike fazo-kontrast
printsipini takomillashtirdi.
Mamlakatimizda mikrobiologiyaning rivojlanishi uchun qulay sharoit
mavjudligi tufayli, uning nazariy va amaliy masalalari bilan bog’liq bo’lgan sohalari:
oziq-ovqat sanoati, konserva sanoati, sut mahsulotlarini qayta ishlash sanoati, pivo
pishirish sanoati, turli aminokislotalar, oqsillar, antibiotiklar va vitaminlar ishlab
chiqarish sanoatlari yanada rivoj topmoqda. O’zbekiston Fanlar Akademiyasining
mikrobiologiya va botanika institutlarining xodimlari akademik A.M.Muzaffarov,
M.I.Mavloni, A.G’.Xolmurodov, S. A.Askarova, professor va doktorlar
I.J.Jumaniyozov, Q.D.Davronov, S.S.Ramazonova, S.M.Xojiboeva, J.Safiyazov,
J.Qutliev, A.S.Rasulov, X.O.Berdiqulov, R.Shoyoqubov, J.Toshpo’latov va
boshqalar shular jumlasidandir. Mirzo Ulug’bek nomidagi Toshkent davlat
universitetidagi
olimlar
O.G.Yolkina,
K.Yu.Musaev.
F.G.Axmedova,
Ya.F.Nizametdinova,
M.L.Mansurova.
I.A.Muzafarova,
Toshkent
texnika
universitetidan Abdurazzoqova S.H., Hakimova Sh.I., va Kil M. va boshqalar
mikrobiologiya fanining rivojlanishida o’z hissalarini qo’shib kelmoqdalar.
Nazorat uchun savollar
1. Mikrobiologiya qanday ob’ektlarni o’rganadigan fan?
2. Mikrobiologiyaning inson, hayvon va o’simliklar hayotidagi ahamiyati.
3. Mikroorganizmlarning qishloq xo’jaligi, sanoat va tibbiyotdagi roli va ishlatilishi.
4. Mikrobiologiyaning rivojlanish tarixida Gippokrat, Lukretsiy, Ibn Sino, Galliley
va boshqalar ishlarini ahamiyati.
5. Mikrobiologiya rivojlanish tarixining davrlari-bosqichlari haqida nimalarni
bilasiz?
Glossariy
1. Agroximiya, Агрохимия - Agronomik kimyo (agrokimyo) — yuqori hosil olish
va qishloq xo’jaligining yuqori sifatli mahsulotlarini olish uchun bioklimatik
salohiyatni hisobga olgan holda, o’simliklarni oziqlantirishni optimallashtirish,
o’g’itlar va tuproq unumdorligini qo’llashni o’rganadigan fan.
2. Fitopatogen, фитопатоген –O’simliklarga zarar yetkazuvchi mikroorganizm-
lar.
3. Mikrobiologiya, Микробиология - grekcha so’zdan olingan bo’lib, micros
- mayda, bios - hayot va logos - fan demakdir.
4. Mikroorganizmlar, Микроорганизмы – grekcha so’zdan olingan bo’lib,
micros - mayda, kichik organizm demakdir.
5. Morfologiya, Морфология - (yun. morphe — shakl va... logiya),organizmlarni
tashqi tuzilishini o’rganadi.
6. Parazit, Паразит – Bir organizmni boshqa organizm hisobiga yashashi va
kasallik keltirib chiqarishiga aytiladi.
7. Rizosfera, Ризосфера - o’simlikning ildizlariga ulashgan va ildiz sekretsiyasi va
tuproq mikroorganizmlarining to’g’ridan-to’g’ri ta’siri ostida bo’lgan tor tuproq
qatlami, qalinligi 2-5 mm. rizosferaning bir qismi bo’lmagan tuproq asosiy tuproq
deb ataladi.
8. Simbioz, Симбиоз - (Symbiosis — birgalikda yashash) — ikki va undan ortiq
turlarning birbiriga foyda keltirib birga yashashi. Simbiotik munosabatlar o’simlik
bilan o’simlik, o’simlik bilan hayvon, hayvon bilan hayvon, o’simlik va hayvonlar
bilan mikroorganizmlar, mikroorganizmlar bilan mikroorganizmlar o’rtasida
bo’lishi mumkin.
Adabiyotlar
1. John W. Foster. Joan L. Slonczewski Microbiology: An Evolving Science. New
York, United States: WW Norton&Co. 2012
2. Мирхамидова Р., Вахабов А.Х., Давранов К., Турсунбоева Г.С.
Микробиология ва биотехнология асослари. Тошкент: Илм Зиё. 2014.
3. Лысак В.В.Микробиология. Минск: БГУ.2007
4. M.Inog’omova, A.H.Vahobov. Mikrobiologiya va virusologiya asoslari.
“Universitet” nashriyoti, 2010 yil.