MOLIYAVIY NAZORAT
1.Moliyaviy nazorat: mazmuni, sohalari, ob’yekti, predmeti, tizimi, vazifalari, prinsiplari
2.Moliyaviy nazorat turlari, shakllari va metodlari
3.Davlat moliyaviy nazorati organlarining vazifalari va funksiyalari
4.Nodavlat moliyaviy nazorat
1.Moliyaviy nazorat: mazmuni, sohalari, ob’yekti, predmeti, tizimi, vazifalari,
prinsiplari
Moliyaviy nazorat iqtisodiy kategoriya sifatida moliyaga ob’yektiv xos bo‘lgan nazorat
xususiyatining amalda namoyon bo‘lishidir. Odatda, moliyaviy nazorat quyidagi ikki
yo‘nalishda (aspektda) qaraladi:
-barcha iqtisodiy sub’yektlarning moliyaviy qonunchilik va moliyaviy intizomga rioya
qilishi ustidan maxsus tashkil etilgan nazorat organlarining qattiq reglamentatsiya qilingan
(tartibga solingan) faoliyati;
-moliyaviy operatsiyalarning samaradorligini va maqsadga muvofiqligini ta’minlash
maqsadida makro - va mikrodarajada moliya hamda pul oqimlarini boshqarishning ajralmas
elenmenti.
Moliyaviy nazoratning har ikki yo‘nalishi (aspekti) bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq
bo‘lsada, nazoratning maqsadi, metodi va sub’yektlariga muvofiq ravishda farqlanadi ham.
Agar birinchi holda nazoratning huquqiy va miqdoriy tomonlari ustunlik qilsa, ikkinchi holda
moliyaviy nazoratning analitik tomoniga juda katta e’tibor beriladi.
Barcha iqtisodiy sub’yektlarning (davlat, korxona va tashkilotlarning) moliyaviy
faoliyati ustidan qonunchilik va ijroiya hokimiyati organlarining turli darajalari, shuningdek
maxsus tashkil etilgan muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan nazoratga moliyaviy
nazorat deyiladi.
Bu nazorat, eng avvalo, pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonida
moliyaviy-iqtisodiy qonunchilikka rioya etilishi, moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining
samaradorligini baholash va amalga oshirilgan xarajatlarning maqsadga muvofiqligi ustidan
nazoratni o‘z ichiga oladi. Boshqacha so‘zlar bilan aytganda, moliyaviy nazorat u yoki bu
moliyaviy harakat sodir bo‘lishining baholashni o‘z ichiga olish bilan cheklanmasdan, balki
u o‘zining analitik yo‘nalishiga (aspektiga) egadir.
Moliyaviy nazorat qiymat shaklida amalga oshiriladigan nazorat bo‘lganligi uchun
ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonining barcha sohalarida amalga oshiriladi va pul
fondlari harakatining barcha jarayonlarida, shu jumladan, moliyaviy natijalarni idrok etish
jarayonida ham kuzatiladi. SHuning uchun ham moliyaviy nazoratning ob’yekti pul
munosabatlari hisoblanadi.
Moliyaviy nazoratning predmeti quyidagi moliyaviy ko‘rsatkichlardan iborat:
-turli darajadagi byudjetlarning daromadlari va xarajatlari;
-soliq to‘lovlarining hajmlari (miqdorlari, o‘lchamlari);
-xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning daromadlari;
-xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning muomala xarajatlari;
-tannarx va foyda;
-uy xo‘jaliklarining daromadlari va xarajatlari;
-va boshqalar.
Moliyaviy nazoratning predmeti hisoblangan yuqoridagi ko‘satkichlarning ko‘plari
hisobli ko‘rsatkichlar hisoblanadi va bu narsa, o‘z navbatida, ularning amaldagi normativ
hujjatlarga muvofiq ravishda hisoblanishining to‘g‘riligi va ishonchliligini tekshirishni
(nazorat qilishni) taqozo etadi.
Moliyaviy nazorat moliya funksiyalarining amalga oshirilish shakli bo‘lib xizmat
qiladi. U ham davlatning va ham boshqa barcha iqtisodiy sub’yektlarning manfaatlari va
huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat, bir tomondan,
o‘zaro ta’sirchan va ikkinchi tomondan, alohidalashgan (mustaqil bo‘lgan) ikki sohaga
bo‘linadi:
-davlat moliyaviy nazorati;
-nodavlat moliyaviy nazorati.
Davlat moliyaviy nazorati bu davlatning asosiy qonunlariga tayanadigan va hokimiyat
hamda boshqaruv aniq organlari iqtisodiy-huquqiy harakatining kompleksli va maqsadga
yo‘naltirilgan tizimidir. Moliyaviy nazoratni tashkil etishda mamlakatning Konstitutsiyasi
hal qiluvchi rolni o‘ynaydi. Uning huquqiy reglamenti davlatning tipiga, uning ijtimoiy -
siyosiy yo‘naltirilganligiga, iqtisodiy tarqqiyot darajasiga, mulkchilik shakllarining nisbatiga
bog‘liq.
Davlat moliyaviy nazorati YAIM taqsimlanishining qiymat proporsiyalarini
kuzatishga qaratilgan. Bu nazorat davlat moliyaviy resurslarini shakllantirish, ularning to‘liq
va o‘z vaqtida tushib turishi va ulardan maqsadli foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan pul
resurslari harakatining barcha kanallariga (tarqatiladi) tegishli hisoblanadi.
Davlat moliyaviy nazorati davlatning moliya siyosatini amalga oshirishga va
moliyaviy barqarorlik uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Bu narsa, eng avvalo, barcha
darajalardagi byudjetlar va maqsadli fondlarni ishlab chiqish, muhokama qilish, tasdiqlash va
ijro etish, korxona va tashkilotlar, banklar va moliyaviy korporatsiyalarning moliyaviy
faoliyati ustidan nazoratni anglatadi.
Agar umummilliy iqtisodiy manfaatlar bilan belgilangan (aniqlangan) bo‘lsa, davlat
moliyaviy nazoratchilari ham davlat sektorida va ham xususiy hamda korporativ biznes
sektorida taftish va tekshirishlarni amalga oshirish huquqiga egadir.
Biroq iqtisodiyotning nodavlat sektorida davlat tomonidan amalga oshiriladigan
moliyaviy nazorat faqat soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ham qo‘shib olgan holda
davlat oldidagi pul majburiyatlarining bajarilishi sohalarini, ularga ajratilgan byudjet
subsidiyalari va kreditlarini sarflashda maqsadga muvofiqlilik va qonuniylikning rioya
qilinishi va shuningdek, hukumat tomonidan o‘rnatilgan (belgilangan) pul hisob -kitoblarini
tashkil qilish, buxgalteriya hisobi va hisobotni yuritish qoidalariga rioya etilishini qamrab
oladi.
Nodavlat moliyaviy nazorati ikkiga bo‘linadi: ichki (firma ichidagi, korporativ) va
tashqi (auditorlik).
Moliyaviy nazoratning davlat va nodavlat sohalari (ko‘rinishlari, turlari) nazoratni
amalga oshirish metodlarining o‘xshashligiga qaramasdan, o‘zlarining pirovard maqsadlari
bo‘yicha bir-biridan tubdan farq ham qiladi.
Davlat moliyaviy nazoratining bosh maqsadi davlat xazinasiga resurslarni tushurishni
maksimallashtirish va davlat boshqaruv xarajatlarini minimallashtirish bo‘lsa, bunga
qarama-qarshi ravishda nodavlat moliyaviy nazoratning (ayniqsa, firma ichidagi moliyaviy
nazoratning) bosh maqsadi joylashtirilgan kapitaldagi foyda normasini oshirish maqsadida
davlat foydasidagi ajratmalar va boshqa xarajatlarni minimallashtirishdan iborat. Bir
vaqtning o‘zida moliyaviy nazoratning har ikki sohasi amaldagi qonunlarning huquqiy
ramkasi bilan cheklab qo‘yilgan.
Pul munosabatlari, moliyaviy resurslarni shakllantirish va ulardan foydalanishdagi
qayta taqsimlash jarayonlari, shu jumladan, barcha darajalardagi va xo‘jalikning barcha
bo‘g‘inlaridagi pul fondlari shaklidagi moliyaviy resurslar moliyaviy nazoratning ob’yekti
hisoblanadi.
Tekshiruvlarning bevosita predmeti sifatida foyda, daromadlar, rentabellik, tannarx,
muomala xarajatlari kabi qiymat ko‘rsatkichlari maydonga chiqadi. Puldan foydalanish
orqali va ayrim hollarda pulsiz amalga oshiriladigan operatsiyalarning barchasi moliyaviy
nazoratning sohasi hisoblanadi.
Moliyaviy nazorat o‘z ichiga quyidagi tekshiruvlarni oladi:
-iqtisodiy qonunlarning talablariga rioya etish (MDni taqsimlash va qayta taqsimlash
porporsiyalarining optimalligi);
-byudjet rejasini tuzish va ijro etish (byudjet nazorati);
-korxona va tashkilotlar, byudjet muassasalariga tegishli bo‘lgan mehnat, moddiy va
moliyaviy resurslardan samarali foydalanish;
-o‘zaro soliq munosabatlari.
Taraqqiy etgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat tizimi, asosan, bir tipda bo‘lib,
quyidagi elementlardan tashkil topadi:
- bevosita mamlakatning parlamenti yoki prezidentiga bo‘ysunuvchi hisob palatasi. Bu
tashkilotning bosh maqsadi davlat mablag‘larining sarflanishi ustidan umumiy nazoratni
o‘rnatishdir;
- asosan soliqli daromadlarning davlat xazinasiga kelib tushishini nazorat qiluvchi va
mamlakat prezidenti, hukumati yoki moliya vazirligiga bo‘ysunuvchi soliq muassasi;
- quyi tashkilotlarini tekshiruvchi va taftish qiluvchi davlat tashkilotlarining tarkibidagi
nazorat qiluvchi organlar;
- hisobot hujjatlarining ishonchliligini va moliyaviy operatsiyalarning qonuniyligini
tijorat asosida tekshiruvchi nodavlat nazorat xizmatlari;
- asosiy vazifasi xarajatlarni qisqartirish, moliyaviy oqimlarni optimallashtirish va foydani
oshirish bo‘lgan ichki nazorat xizmatlari.
O‘tish iqtisodiyotiga ega bo‘lgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat tizimi ba’zi bir
maxsus organlarni ham qamrab oladi. Ana shunday organlar qatoriga Markaziy bank, Davlat
bojxona qo‘mitasi va boshqalarni kiritish mumkin.
Bozor xo‘jaligi asoslarining mustahkamlanib borishi bilan moliyaviy nazoratni tashkil
etish masalalari yanada huquqiyroq xarakterga ega bo‘lib, sekin-astalik bilan g‘arb modeliga
yaqinlashadi. Bu model amaliyotda o‘zining samaradorligini yaqqol ko‘rsatgan.
Moliyaviy nazoratning oldida turgan eng asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
- pul fondlarining o‘lchami va moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasidagi
mutanosiblikka (balanslilikka) ta’sir ko‘rsatish;
- davlat byudjeti oldidagi majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash;
- moliyaviy resurslarni ko‘paytirishning ichki xo‘jalik rezervlarini qidirib topish;
- va boshqalar.
Jahon hamjamiyati ko‘p yillik tajriba asosida moliyaviy nazoratni tashkil etishning
asosiy prinsiplarini ishlab chiqqanki, hozirgi paytda ularga rioya qilishga dunyoning har
birssivilizatsiyalashgan davlati intiladi. Bu prinsiplar INTOSAI1ning Lima deklaratsiyasida
o‘z aksini topgan. Ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:
- mustaqillik;
- ob’yektivlik;
- kompetentlik (layoqatlilik, qodirlik);
- oshkoralik.
Moliyaviy nazoratning mustaqilligi nazorat organining moliyaviy jihatdan
mustaqilligi,
nazorat
organlari
rahbarlarining
vakolat
muddatlarining
parlament
muddatlaridan uzoqligi, shuningdek ularning konstitutsion xarakteri bilan ta’minlanishi
kerak.
1 ИНТОСАИ – дунёнинг 178 мамлакати олий назорат органларининг Халқаро ташкилоти. Унинг
доирасида минтақавий ташкилотлар ҳам амал қилади. Улардан бири ЕВРОСАИ бўлиб, у олий
назорат органларининг Европа ташкилотидир.
Ob’yektivlik va kompetentlik (layoqatlilik, qodirlik) nazoratchilar tomonidan
amaldagi qonunchilikka so‘zsiz itoat etilishini, taftish ishlarini amalga oshirishning
belgilangan (o‘rnatilgan) standartlariga (andozalariga) qattiq rioya etish asosida nazoratchilar
ishining yuqori kasbiy darajada bo‘lishini taqoza etadi. Oshkoralik davlat nazoratchi-larining
jamotchilik va ommaviy axborot vositalari bilan doimiy aloqada bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Ana shu asosiy prinsiplardan amaliy xarakter kasb etuvchi moliyaviy nazoratning
quyidagi boshqa prinsiplari kelib chiqishi mumkin:
- natijalilik;
- nazoratchilar tomonidan talab qilinadigan talablarning aniqligi va mantiqiyligi;
- nazorat sub’yektlarining sotib oluvchanmasligi;
tekshirish va taftish aktlarida keltirilgan ma’lumotlarning asoslanganligi va isbotlanganligi;
- preventivlik (moliyaviy buzilmalar ehtimolining ogohlantiriluvchanligi);
- moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha shubhalanilayotgan shaxslarning aybsizlik (sudgacha)
prezumpsiyasi;
-turli nazorat organlari faoliyatlarining muvofiq-lashtiruvchanligi;
va boshqalar.
Moliyaviy nazoratni tashkil qilish tizimiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi
qonunlar qabul qila turib, har bir davlat, odatda, yuqoridagi prinsiplarga tayanadi
(asoslanadi). Bir vaqtning o‘zida, har bir davlatda nazorat harakatlarining o‘z reglamenti
(tartibi va ketma-ketligi) mavjud bo‘lib, bu narsa pirovardida moliyaviy nazoratning
natijalariga o‘z ta’sirini, albatta, ko‘rsatadi.
2. Moliyaviy nazorat turlari, shakllari va metodlari
Moliyaviy nazoratning muvaffaqiyatli va samarali o‘tkazilishi uning tashkil etilish
darajasiga va nazoratning turlari, shakllari va uni o‘tkazishning metodlariga bog‘liq.
Moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi sub’yektlarga ko‘ra uning quyidagi turlari
mavjud:
-umumdavlat moliyaviy nazorati;
-idoraviy moliyaviy nazorat;
-xo‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat;
-jamoatchilik moliyaviy nazorati;
-mustaqil moliyaviy nazorat.
Umumdavlat moliyaviy nazorati davlat hokimiyat organlari (prezident, hukumat, Oliy
majlis, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqalar)
tomonidan amalga oshiriladi. Bu turdagi moliyaviy nazoratning bosh maqsadi
daromadlarning tushib turishi va davlat xarajatlarining sarflanishi bo‘yicha davlat va
jamiyatning manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
Idoraviy moliyaviy nazorat vazirliklarning nazorat-taftish boshqarmalari va boshqa
tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshirilib, shu idoraga bo‘ysunuvchi korxona, tashkilot
va muassasalarning faoliyatini qamrab oladi.
Xo‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat korxona va tashkilotlarning iqtisodiy va moliyaviy
xizmatlari tomonidan o‘tkaziladi. Bu erda moliyaviy nazoratning ob’yekti sifatida korxona,
tashkilot va muassasalarning xo‘jalik va moliyaviy faoliyati maydonga chiqadi.
Jamoatchilik moliyaviy nazorati nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Nazoratning ob’yekti uning oldiga quyilgan vazifalarga muvofiq ravishda aniqlanadi.
Mustaqil moliyaviy nazorat maxsus organlar: auditorlik firmalari va boshqa xizmatlar
tomonidan o‘tkaziladi.
Moliyaviy nazoratning shakllarini quyidagi mezonlar bo‘yicha klassifikatsiya qilish
qabul qilingan:
-amalga oshirilish reglamenti;
-o‘tkazilish vaqti;
-nazoratning sub’yektlari;
-nazoratning ob’yektlari.
Amalga
oshirilish
reglamenti
bo‘yicha
moliyaviy
nazoratning
shakllari
quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
-majburiy (tashqi);
-tashabbuskorli (ichki).
Yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy faoliyati ustidan majburiy (tashqi) nazorat
qonun asosida amalga oshiriladi. Bular, masalan, asosan tashqi, mustaqil nazoratchilar
tomonidan amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlariga, byudjet resurslaridan maqsadli
foydalanish ustidan nazoratga, korxona va tashkilotlarning moliya - buxgalteriya hisobotlari
ma’lumotlarini majburiy auditorlik tasdiqlanishiga va xokazolarga tegishli bo‘lishi mumkin.
Tashabbuskorli (ichki) moliyaviy nazorat moliyaviy qonunchilikdan kelib chiqmasada,
taktik va strategik maqsadlarga erishishda moliyaviy boshqaruvning ajralmas qismi
hisoblanadi.
O‘tkazilish vaqti bo‘yicha moliyaviy nazoratning shakllari quyidagilarni o‘z ichiga
oladi:
- dastlabki;
- joriy (operativ);
- navbatdagi (kelgusi, so‘nggi).
Dastlabki moliyaviy nazorat moliyaviy operatsiyalarning sodir bo‘lishidan oldin
amalga oshiriladi va moliyaviy xatoliklarning (buzilmalarning) oldini olish yoki ularni
ogohlantirishda muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy nazoratning bu shakli mablag‘larning
tejamli va samarasiz sarflanishining oldini olish uchun xarajatlarning moliyaviy jihatdan
asoslangan bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Makrodarajada bunday nazoratga misol sifatida mamlakat iqtisodiy tarqqiyotining
makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari bashoratlari asosida barcha darajadagi byudjetlarni va
maqsadli fondlarining moliyaviy rejalarini tuzish va tasdiqlash jarayonini ko‘rsatish mumkin.
Mikrodarajada esa ular moliyaviy rejalar va smetalar, kredit va kassa arizalari, biznes-
rejalarning moliyaviy bo‘limlari, bashorat balanslarini tuzish, hamkorlikdagi faoliyat
to‘g‘risida shartnoma va xokazolardan iborat bo‘lishi mumkin.
Joriy (operativ) moliyaviy nazorat pul bitimlari, moliyaviy operatsiyalar, ssuda va
subsidiyalarni berish va xokazolarning sodir bo‘lish vaqtida amalga oshiriladi. Moliyaviy
nazoratning bu shakli mablag‘larni olish va ularni sarflash jarayonida vujudga kelishi
mumkin
bo‘lgan
qonunbuzarliklardan
ogohlantiradi,
moliyaviy
intizomning
mustahkamlanishiga va pul hisob - kitoblarining o‘z vaqtida amalga oshirilishiga o‘z ta’sirini
ko‘rsatadi.
Navbatdagi (kelgusi, so‘nggi) moliyaviy nazorat moliyaviy hisobot va buxgalteriya
hujjatlarini tahlil va taftish qilish yo‘li bilan amalga oshirilib, uning bu shakli iqtisodiy
sub’yektlar moliyaviy faoliyatining natijalarini, taklif etilgan moliyaviy strategiya amalga
oshirilganligining samaradorligini, moliyaviy xarajatlarni ularning bashoratlari bilan
qiyoslanishini va xokazolarni baholashga mo‘ljallangan.
Nazoratning sub’eklari bo‘yicha moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari bo‘lishi
mumkin:
- Prezident moliyaviy nazorati;
- hokimiyat qonunchilik organlari va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarining
moliyaviy nazorati;
- ijroiya hokimiyat organlari moliyaviy nazorati;
- moliya-kredit organlarining moliyaviy nazorati;
- firmaviy - ichki moliyaviy nazorat;
- auditorlik moliyaviy nazorati;
- va boshqalar.
Nazoratning ob’yektlariga muvofiq ravishda moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari
mavjud:
- byudjet moliyaviy nazorati;
- maqsadli fondlar ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
- soliqlar bo‘yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
- valyuta operatsiyalari ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
- kredit operatsiyalari bo‘yicha moliyaviy nazorat;
- sug‘urta faoliyati bo‘yicha moliyaviy nazorat;
- investitsion faoliyat bo‘yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
- pul massasi ustida amlga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
- va boshqalar.
Moliyaviy nazoratni amalga oshirish jarayonida uning quyidagi metodlaridan
foydalaniladi:
- tekshiruv;
- tadqiq etish;
- nadzor (nazorat);
- moliyaviy holat tahlili;
- kuzatish (monitoring);
- taftish.
Tekshiruv hisobot, balans va xarajat hujjatlari asosida moliyaviy-xo‘jalik faoliyatning
alohida masalalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Tekshiruv jarayonida moliyaviy intizomning
buzilganligi aniqlanadi va ularni barham berish borasida choralar belgilanadi.
Tadqiq etish korxona va tashkilotlar faoliyatining ayrim tomonlarini qamrab oladi.
Tadqiq etish jarayonida bajarilgan ishlar, material, yoqilg‘i va energiyalarning sarflanish
hajmlari nazorat tarzida o‘lchanadi. SHuningdek, tadqiq etish so‘rash, kuzatish va inspeksiya
qilish hollari orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Nazorat moliyaviy faoliyatning ma’lum bir turiga (masalan, sug‘urta, investitsion,
bank va boshqa faoliyatlar) litsenziya olgan iqtisodiy sub’yektlar ustidan nazorat organlari
tomonidan amalga oshiriladigan nazoratni anglatadi. U buzilishi litsenziyaning chaqirib
olinishiga olib keladigan o‘rnatilgan (belgilangan) qoidalar va normativlarga rioya qilinishi
ustidan nazoratni ko‘zda tutadi.
Iqtisodiy tahlil moliyaviy nazoratni amalga oshirish metodi sifatida xo‘jalik
faoliyatining natijalari, moliyaviy holatning ahvoliga umumiy baho berish va ulardan
samarali foydalanish imkoniyatlarini asoslash maqsadida davriy yoki yillik moliyaviy va
buxgalteriya hisobotlarini detallashtirilgan tarzda o‘rganishni ko‘zda tutadi.
Taftish moliyaviy nazoratning ancha keng tarqalgan metodi sanalib, nazoratning
haqiqiy va hujjatli usullarini qo‘llash yordamida amalga oshiriladigan korxona, tashkilot va
muassasalar moliya-xo‘jalik faoliyatini o‘zaro bog‘langan kompleks tekshiruvidan iboratdir.
Taftish taftish qilinayotgan ob’yekt faoliyatidagi kamchiliklar va buzilmalarni topish uchun,
ya’ni sodir etilgan xo‘jalik operatsiyalarining maqsadga muvofiqligi, asoslanganligi,
iqtisodiy samaradorligini, moliyaviy intizomga rioya etilganligini, buxgalteriya hisobi va
hisoboti ma’lumotlarining ishonchliligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Sub’yekt xo‘jalik faoliyatini qamrab olishning to‘liqligiga qarab taftishning quyidagi
turlari bo‘lishimumkin:
- to‘liq;
- qisman;
- mavzuli;
- kompleks.
To‘liq taftish nazorat ob’yekti moliya-xo‘jalik faoliyatining barcha tomonlarini
tekshirishni ko‘zda tutadi.
Qisman taftish xo‘jalik yurituvchi sub’yekt moliya-xo‘jalik faoliyatining ayrim
qismlari yoki tomonlarini tekshirish uchun o‘tkaziladi.
Mavzuli taftish bir tipdagi korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyati bo‘yicha
ma’lum bir mavzuga bag‘ishlab o‘tkaziladiki, bu narsa ularga xos bo‘lgan tipik kamchiliklar
va buzilmalarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarning
qo‘llanilishiga imkon beradi.
Kompleksli taftish tekshirilayotgan korxona, tashkilot va muassasa faoliyatining barcha
tomonlarini qamrab oladigan va eng to‘liq bo‘lgan taftish bo‘lib, u nazorat sub’yektining
xo‘jalik va moliya faoliyatini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarning butligi va ulardan
samarali foydalanish masalalari, buxgalteriya hisobi va hisobotining holati va sifati kabi
masalalarni o‘z ichiga oladi. Bunda tor texnikaviy va texnologik masalalarni tekshirish uchun
tegishli mutaxassislar jalb qilinadi. Bu esa, o‘z navbatida, kompleksli taftish natijalarining
to‘liqligi va samaradorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Moliyaviy va xo‘jalik operatsiyalarining qamralib olinishi darajasiga ko‘ra taftishlar
quyidagi uch guruhga bo‘linadi:
- yoppasiga taftish;
- tanlanma taftish;
- kombinatsiyalashtirilgan taftish.
YOppasiga taftish butun tekshiriladigan davr mobaynida faoliyatning ma’lum bir
qismidagi barcha operatsiyalarning tekshirilishini taqoza etadi.
Tanlanma taftish u yoki bu vaqt oralig‘ida birlamchi hujjatlar bir qismini tekshirishdan
iborat. Odatda, chorakdagi bir oyning natijalari tekshiriladi, kamchiliklar aniqlansa,
yoppasiga tekshiruvga o‘tiladi.
Kombinatsiyalashtirilgan taftish bir qismning yoppasiga, boshqa bir qismni esa
tanlanma metod bilan tekshirilishini nazarda tutadi. Bu narsa yuqori darajadagi hujjatlarning
aylanishi bilan xarakterlanadigan va yirik xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshiruvchi
sub’yektlar faoliyatini taftish qilishga imkon beradi.
O‘tkazilgan taftish asosida akt rasmiylashtiriladi. Unda kamchiliklarni bartaraf etish,
moddiy zararlarni qoplash va aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari belgilanadi.
3.Davlat moliyaviy nazorati organlarining vazifalari va funksiyalari
O‘zbekiston
Respublikasi
Konstitutsiyasida
mustahkamlangan
hokimiyatni
taqsimlanish prinsipi Prezident va vakolatli hukumat organlari tomonidan ijro hokimiyati
organlarining moliyaviy faoliyatini nazorat qilishni nazarda tutadi. Bunday nazorat,
avvalambor, respublika va mahalliy byudjetlarni, davlat maqsadli maqsadli fondlarining
loyihalarini ko‘rib chiqish va qabul qilishda hamda ularning ijrosi haqida hisobotlarni
tasdiqlashda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78 - moddasining 8 - bandiga muvofiq
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Vazirlar Mahkamasining taqdimoti bo‘yicha
mamlakat byudjetini qabul qiladi va uning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatadi. Xalq deputatlari
Kengashlari ayrim mintaqalarga ajratiladigan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish
hamda mahalliy byudjetlarning ijro etilishini nazorat qiladi. Bundan tashqari, vakolatli
organlar zimmasiga ayrim tarmoqlar va sohalarda byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan
nazoratni amalga oshirish yuklatilishi mumkin.
Moliyaviy nazoratni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga
davlat va ijroiya hokimiyat boshlig‘i sifatida katta vakolatlar berilgan. Respublika
Konstitutsiyasi 93-moddasining 8-bandiga muvofiq Prezident ijroiya hokimiyat apparati va
jumladan, davlat moliyaviy nazorati funksiyalarini amalga oshiruvchi organlar (Hisob
palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqalar)ni shakllantiradi.
Davlat moliyaviy nazorati tizimida Hisob palatasiga katta rol ajratilgan2. U mustaqil
va ob’yektiv organ bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisiga hisob beradi.
Hisob palatasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq uning zimmasiga nazorat, monitoring va
tahliliy ishlar hamda quyidagi funksiyalarni bajarish yuklatilgan:
-makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, byudjet-soliq va pul-kredit parametrlarining shakllanish
jarayonlarini tizimli o‘rganib, ularning qonunchilik talablariga muvofiqligini kuzatib borish;
-davlat byudjeti, uning daromad va xarajatlar qismlari asosiy parametrlari va
moddalarining ijro etilishi ustidan nazorat o‘rnatish;
-davlat byudjetini ijro etish, soliq tushumlari va pul ko‘rsatkichlari bo‘yicha
tasdiqlangan parametrlarni tuzatish bo‘yicha takliflarning asoslanganligi va ularning
makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini ko‘rib chiqish;
-mintaqalar va umuman jamiyat rivojlanishida mahalliy boshqaruv organlari va
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari rolini oshirish maqsadida respublika byudjeti
2 Бу палата Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2002 йил 21 июндаги Фармони билан ташкил этилган.
bilan mahalliy byudjetlar o‘rtasidagi o‘zaro nisbatlarning maqbulligiga erishish bo‘yicha
takliflarni tahlil qilish va baholash;
-mintaqalar, tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha tasdiqlangan parametrlar hisobidan davlat
mablag‘larini xarajat qilish bo‘yicha chetga chiqishlar aniqlangan hollarda tekshiruvlar
o‘tkazish, ulardan foydalanishda tartibbuzarliklar va suiste’mol-liklarning oldini olish
yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
-umuman byudjet daromad qismining ijrosi ustidan hamda mintaqalar bo‘yicha
manbalar, soliq va bojxona organlaridan to‘lovlarning kelib tushishi to‘liqligi yuzasidan
monitoringni amalga oshirish;
-byudjet jarayonida chetga chiqishlarni tahlil qilish va o‘rganish, ularni bartaraf etish va
byudjet qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
-milliy valyutani mustahkamlash, inflyasiyani pasaytirish hamda iqtisodiy o‘sish va
narxlar barqarorligi ko‘rsatkichlarining optimal birligiga erishish bo‘yicha takliflarni ko‘rib
chiqish va baholash;
-oltin - valyuta zahiralari, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni
ishlab chiqarish va ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni nazorat etish, yo‘qotishlar
va suiste’molliklar kanallari va imkoniyatlarini yo‘qotish maqsadida davlat oltin - valyuta
zahiralarining butun harakati tiniqligini ta’minlash;
-tashqi aktivlarni boshqarish bo‘yicha hisobot va balans hisob-kitoblarini tahlil etish,
oltin-valyuta zahiralarini chet el banklarida joylashtirish va qayta joylashtirish asoslanganligi
va samaraliligini nazorat qilish;
-davlat tashqi qarzlarini boshqarish ustidan monitoring o‘rnatish va ularga birinchi
navbatda, Hukumat tomonidan va uning kafolati ostida olingan kreditlar bo‘yicha o‘z vaqtida
xizmat ko‘rsatilishini nazorat etish;
-eksportni rivojlantirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) ekporti prognozlarini bajarish,
mahsulot import qilishni maqbullashtirish, tashqi savdo va to‘lov balanslari ijobiy qoldig‘ini
ta’minlash bo‘yicha chora - tadbirlar amalga oshirilishini nazorat etish;
- chet davlatlarda davlat mulkini realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar
bo‘yicha tahlil o‘tkazish va ularning nazorat etilishini ta’minlash;
- respublikada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar konlarini qazish va ulardan
foydalanish yuzasidan chet el kompaniyalarining takliflarini ko‘rib chiqish;
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki uning kafolati ostida chet el kreditlari va
qarzlarini jalb etish va ulardan foydalanish samaradorligi, xalqaro moliya bozorlariga
respublika qarz majburiyatlarini chiqarishning maqsadga muvofiqligini tahlil etish;
- olib borilayotgan byudjet-soliq, pul-kredit, valyuta va tashqi savdo siyosatiga ta’sir
ko‘rsatuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ekspertiza qilish;
- vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning Hisob palatasi
vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ish-faoliyatini muvofiqlashtirish;
- Hisob palatasi zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqadigan masalalar bo‘yicha
tahliliy ishlanmalarni tashkil etish va o‘tkazish, ularning asosida hisobot va takliflar
tayyorlash hamda ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etish.
Ko‘rsatilgan funksiyalarni amalga oshirish uchun Hisob palatasiga quyidagi huquqlar
berilgan:
- davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, qo‘mitalar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar,
banklardan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha axborot, ma’lumotlar va hujjatlarni
belgilangan tartibda so‘rash va olish;
- zarur bo‘lgan hollarda o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun
tekshiruvlar tashkil etish va ularning natijalari bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan
ko‘rsatmalarni jo‘natish;
- o‘z vakolati doirasida tekshiruvlar o‘tkazish vaqtida davlat organlari va ularning vakillari,
nodavlat auditorlik xizmati va ayrim mutaxassislarni ularda ishtirok etish uchun jalb etish;
- Hisob palatasi bilan oldindan kelishilishi zarur bo‘lgan barcha masalalar yuzasidan tegishli
xulosalar berish;
- qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini
yaxshilash maqsadida nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha takliflar kiritish.
Moliyaviy nazorat bo‘yicha muhim vazifa va funksiyalar O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar
Mahkamasi zimmasiga ham
yuklatilgan.
O‘zbekiston
Respublikasining
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” 1993 yil 6 maydagi qonunining
12-moddasiga muvofiq u vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa davlat va
xo‘jalik boshqaruv organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. U davlat moliyaviy
nazoratini amalga oshiruvchi organlar vakolati va funksiyalari tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Hisob - kitoblar mexanizmini
takomillashtirish va byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha hukumat
komissiyasi hamda Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, ularga
davlat moliyaviy nazorati sohasida katta vakolatlar berilgan.
Hisob - kitoblar mexanizmini takomillashtirish va byudjetga to‘lovlar intizomini
mustahkamlash bo‘yicha hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahrida o‘zining mintaqaviy komissiyalariga ega. Mazkur Komissiya tomonidan
uning vakolati doirasida qabul qilingan qarorlar vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va
boshqaruv organlari, tijorat banklari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi
sub’yektlar hamda ularning birlashmalari (xo‘jalik uyushmalari), mansabdor shaxslar va
fuqarolar ijro etishi uchun majburiy hisoblanadi.
Hisob - kitoblar mexanizmini takomillashtirish va byudjetga to‘lovlar intizomini
mustahkamlash bo‘yicha hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq quyidagilar
uning asosiy vazifalari deb belgilangan:
- iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va
barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va tijorat banklari tomonidan to‘lov intizomini
mustahkamlash va hisob - kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish, soliqlar va majburiy
to‘lovlarni to‘liq to‘lash bo‘yicha amaldagi qonunchilik me’yorlariga qat’iy rioya etilishi
ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash;
- korxonalarning debitorlik qarzlari ahvolini tahlil etish, muddati o‘tgan debitorlik va
kreditorlik qarzlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning byudjetga to‘lovlar bo‘yicha
boqimandalarini qisqartirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqish va qabul
qilish, shuningdek amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli soliqlar va majburiy
to‘lovlarning to‘liq undirib olinishini ta’minlash;
- korxonalar va tashkilotlar aylanma mablag‘larining ajratib olinishi, shu jumladan
tayyor mahsulot zahiralariga va tugallanmagan qurilishga ajratilishi sabablari va
yo‘nalishlarini aniqlash hamda ularni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Komissiyaga keng vakolatlar berilgan bo‘lib, u xususan, quyidagi huquqlarga ega:
- vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, tijorat banklari, soliq organlari, xo‘jalik uyushmalari,
korxonalar va birlashmalar, davlat boshqaruv organlari rahbarlarining debitorlik va
kreditorlik qarzlari, soliq va to‘lov intizomining ahvoli to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha
hisobotlarini eshitib borish;
- boqimandalarni to‘lash, penya hisoblanishini tugatish bo‘yicha muddatlarni
kechiktirish yoki uzaytirish, byudjetga va maqsadli fondlarga soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha
penyalarni hisobdan chiqarish;
- belgilangan tartibda moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tekshirishni tashkil
etish, Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash uchun zarur
bo‘lgan axborot, ma’lumotlarni vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, uyushmalar, davlat
boshqaruvi mahalliy organlaridan olish;
- bankrotlik va korxonalarni sanatsiyalash masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga
korxonalarni sanatsiyalash yoki muntazam ravishda debitorlik va kreditorlik qarzlariga yo‘l
qo‘yuvchi korxonalar va tashkilotlarni bankrot deb e’lon qilish uchun materiallarni xo‘jalik
sudiga berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish yuzasidan takliflar berish;
- soliq solish tizimi va milliy iqtisodiyotda hisob-kitoblarni yaxshilash uchun
yo‘naltirilgan respublika qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga
takliflar kiritish va xokazo
Respublika pul - kredit siyosati komissiyasi zimmasiga respublikada naqd pul
muomalasi va milliy iqtisodiyotda hisob-kitoblarning ahvoli ustidan nazoratni kuchaytirish
bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, xo‘jalik
yurituvchi sub’yektlar tomonidan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish va O‘zbekiston
iqtisodiyoti ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun ajratiladigan kreditlardan maqsadli
foydalanish tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni tekshirishni
tartibga solish, nazorat organlari tomonidan ularning faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvga
yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tekshiruvlarni
tartibga solish va nazorat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish to‘g‘risida” 1996 yil 8
avgustdagi №UP-1503 Farmoni bilan Respublika nazorat organlarining faoliyatini
muvofiqlashtirish kengashi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur Kengash xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini davlat nazorat etish
sohasidagi markaziy muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Kengash qarorlari xo‘jalik
yurituvchi sub’yektlar faoliyatini tekshirish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirishga
vakolat berilgan barcha organlar uchun majburiy hisoblanadi.
Kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Kengash
o‘z faoliyatini Respublika nazorat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish kengashi
to‘g‘risida nizomga asosan amalga oshiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda tegishli hududiy
komissiyalar tuzilgan bo‘lib, ularning tarkibi Respublika nazorat organlarining faoliyatini
muvofiqlashtirish kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Kengash faoliyatining maqsadi, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi
sub’yektlarni tekshirishni tartibga solish va muvofiqlashtirish, ularning ish - faoliyatiga
nazorat organlari tomonidan asossiz ravishda aralashishga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.
Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari qilib belgilangan:
-nazorat organlarining xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ish faoliyatini tekshirish masalalari
bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
-xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ish-faoliyati bo‘yicha o‘tkaziladigan tekshiruvlarning
umumiy sonini qisqartirish;
-tekshiruvlar, shuningdek nazorat organlarining faoliyatini qaytarishga yo‘l qo‘yuvchi
kompleks tekshiruvlarning muvofiqlashtiruvchi rejalarini ishlab chiqish;
-tekshiruvlar o‘tkazish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi rejalarga rioya etilgan holda nazorat
organlarining faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish va Kengash bilan kelishilmay turib, rejadan
tashqari, qarshi tekshiruv va nazorat tartibida tekshiruvlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
-tekshiruvlarni qisqartirish va takomillashtirish maqsadida ularni tashkil etish tizimini
tartibga solish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Kengash hududiy komissiyalarining asosiy funksiyalariga:
-xo‘jalik
yurituvchi
sub’yektlar
faoliyatini
tekshirish
bo‘yicha
hududiy
muvofiqlashtiruvchi reja-grafiklar ishlab chiqish;
-muvofiqlashtiruvchi reja-grafiklar bajarilishiga rioya etilishi ustidan monitoring
o‘rnatish kabi vazifalar kiradi.
Kengash o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi uchun hamda o‘z maqomiga
muvofiq ravishda quyidagi huquqlarga ega:
- respublika barcha vazirliklari va idoralaridan yaqinlashib kelayotgan davr uchun
mo‘ljallangan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini tekshiruv rejalarini so‘rash va olish;
- tekshiruvlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibga rioya
etilishini ta’minlash talab qilingan ko‘rsatmalarni, Kengash Raisi imzosi qo‘yilgan holda,
nazorat organlariga jo‘natish;
- tekshiruvlarni muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi qonunchi-likni buzish yoki Kengash
qarorlarini buzishda aybdor bo‘lgan nazorat organlari rahbarlari va mansabdor shaxslarga
ma’muriy choralar belgilanganligi to‘g‘risidagi taqdimnomalarni, Kengash Raisi imzosi
qo‘yilgan holda, jo‘natish;
- nazorat organlarining rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlarini,
agar ularni o‘tkazish uchun etarlicha asoslar bo‘lmasa, bekor qilish.
Kengash nazorat organlari tomonidan nazoratni tartibga solish sohasidagi qonunchilikka
qat’iy rioya etishi, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning nazorat organlarining noqonuniy
harakatlari ustidan tushgan arizalarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishi, ular yuzasidan qarorlar
qabul qilishi hamda olib borilayogan ishlarning natijalari to‘g‘risida hukumatga muntazam
ravishda axborot berib turishi shart.
Davlat moliyaviy nazorati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi,
Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi va ularning quyi organlari alohida o‘rin tutadi.
Moliya-kredit tizimi muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratlarning mazmuni
va maqsadi belgilangan vakolat doirasidagi amaliy ehtiyojlar bilan belgilanadi.
Moliya organlarining ko‘p qirrali nazorat faoliyati byudjetni rejalashtirish, moliyaviy
rejalar va smetalar loyihalarini ko‘rib chiqish, byudjet barcha daromadlarini to‘plash, davlat
byudjeti bilan tegishli moliya yili uchun nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish
jarayonida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining zimmasiga davlat moliyaviy nazoratini
amalga oshirish bo‘yicha quyidagi asosiy vazifa va funksiyalar yuklangan:
1) respublika vazirliklari, qo‘mitalari, idoralari va korxonalari tomonidan respublika
byudjetining ijro etilishi, Markaziy bank va boshqa banklar tomonidan byudjetning kassa
ijrosi qoidalariga rioya etilishi hamda banklar tomonidan kapital qo‘yilmalar va byudjetdan
ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa chora-tadbirlarning
moliyalashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
2) qimmatli qog‘ozlar bozori shakllanishi, qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va harakatini
nazorat etish, moliya bozorini shakllantirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish;
3) respublika byudjeti va mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtiriladigan,
shuningdek barcha ko‘rinishdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qazib
oluvchi, qayta ishlovchi hamda ulardan boshqa maqsadlar (jumladan eksport) uchun
foydalanuvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar moliyaviy - xo‘jalik faoliyatini taftish
qilish va tekshirish.
Hukumatning “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlari rolini
oshirish to‘g‘risida” 2000 yil 22 sentyabrdagi 365-sonli qarori bilan O‘zbekiston
Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Xususan, endi auditorlik
tashkilotlarida litsenziya shartnomalarida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlariga
rioya etilishini tekshirishni amalga oshirish ham uning vazifasiga kiradi.
Moliya vazirligi huzurida Bosh nazorat-taftish boshqarmasi mavjud bo‘lib, u
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va uning
hududiy nazorat - taftish boshqarmalari to‘g‘risida nizom3ga asosan faoliyat yuritadi.
Bosh nazorat - taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalarining asosiy vazifasi byudjet jarayonining
barcha bosqichlarida byudjet intizomiga rioya etilishini nazorat qilishdir.
Bosh nazorat - taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalarining boshqa vazifalari sifatida quyidagilar
belgilangan:
- moliya organlari va byudjet muassasalari tomonidan byudjet va moliya qonunchiligi
hamda byudjet majburiyatlarining ijrosi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa qonunchilik
hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash ustidan nazoratni amalga oshirish;
- respublika va mahalliy byudjetlarning qat’iy ijro etilishi ustidan doimiy nazoratni
ta’minlash;
- moliya organlari va tijorat banklari tomonidan birinchi navbatdagi xarajatlar navbatiga
rioya etilishi, byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy nafaqalar,
stipendiyalar berish muddatlari va to‘liqligi, shuningdek byudjet muassasalariga ko‘rsatilgan
maqsadlar uchun naqd pul mablag‘larini berish bo‘yicha faoliyati ustidan nazorat va
monitoringni amalga oshirish;
3 Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2002 йил 15 ноябрдаги 393-сонли қарори.
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari orqali kam ta’minlangan oilalarga
beriladigan ijtimoiy nafaqalar bilan ta’minlash va ularning o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat
qilish;
- paxta xom ashyosini tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, paxta mahsulotlarini ishlab
chiqarish va ularni realizatsiya qilish bo‘yicha statistik va buxgalteriya hisoboti
ma’lumotlarining to‘g‘riligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
-paxta xom ashyosi va undan tayyorlanadigan mahsulotlarning miqdori va sifatini
baholash hamda ularning hisobotda aks ettirilishi bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etish va
o‘tkazish metodologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish;
-investitsion dasturlarning amalga oshirilishi uchun ajratiladigan markazlashtirilgan
byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat etish;
-kommunal xizmatlar va elektr energiyasi uchun byudjet mablag‘larini sarflash
limitlariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda tekshiruvlar o‘tkazib turish;
-byudjet muassasalari tomonidan shtatlar jadvali-smeta intizomiga rioya etilishini
nazorat qilish;
-hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlarining byudjet jarayoniga noqonuniy
ravishda aralashuvi faktlarini to‘xtatish;
-davlat valyuta mablag‘larining to‘g‘ri va maqsadli sarflanishini nazorat qilish;
-fuqarolarning moliya va byudjet intizomi buzilganligi faktlari to‘g‘risidagi xat, shikoyat
va arizalarini ko‘rib chiqish va xokazo
Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari zimmasiga
yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun ularga quyidagi huquqlar berilgan:
1) hududiy moliya organlarining mahalliy byudjetlar ijrosi bo‘yicha ish-faoliyatini,
barcha darajadagi byudjet muassasalarining esa, xarajatlar smetalari va byudjet intizomiga
rioya etish bo‘yicha ish-faoliyatini taftish qilish va tekshirish (monitoring);
2) hududiy moliya organlari va barcha darajadagi byudjet muassasalarining pul va
buxgalteriya hujjatlari, hisobotlari, smetalari va boshqa hujjatlari, moddiy boyliklari
mavjudligini tekshirish;
3) maxsus vakolatli organning qaroriga asosan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning
moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish va tekshirish;
4) tijorat banklari muassasalari, soliq organlari, boshqa idoralardan taftish va
tekshiruvlar o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan savollar bo‘yicha zarur bo‘lgan
ma’lumotnomalar va axborot, ma’lumotlarni olish;
5) qurilish, montaj, ta’mirlash kabi ishlar nazorat o‘lchamlarini amalga oshirish va
boshqa tekshiruvlarni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda mutaxassislarni jalb etish;
6) hududiy moliya organlari va barcha darajadagi byudjet muassasalari hamda xo‘jalik
yurituvchi sub’yektlar rahbarlari va mansabdor shaxslaridan taftish va tekshiruvlar o‘tkazish
jarayonida yuzaga keladigan masalalar, moliya va byudjet intizomi buzilishi faktlari,
shuningdek ma’lumotnoma, taftish va tekshiruvlar dalolatnomalarining imzolanishi bo‘yicha
tushuntirishlar talab qilish;
7) zarur bo‘lgan hollarda kassa va kassa xonalari, omborlar, arxivlarni muhrlab qo‘yish,
qalbaki, soxta hujjatlar va boshqa suiste’molliklar aniqlangan hollarda hujjatlarni olib
qo‘yish, tekshirilayotgan ob’yektlar rahbarlaridan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar,
pul mablag‘lari va hisob-kitoblarning yo‘qlama qilinishini talab etish;
8) Moliya vazirligining topshirig‘i va u tomonidan tasdiqlangan maxsus grafiklar
bo‘yicha paxta xom ashyosini tayyorlash va qayta tayyorlashga oid butun davrda paxta
tozalash korxonalarida tayyorlanayotgan, qayta tayyorlanayotgan va saqlanayotgan paxta
xom ashyosiga tegishli masalalar bo‘yicha tekshiruv va taftishlar o‘tkazish;
9) moliya va byudjet intizomi bo‘yicha aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf etish,
moddiy zararni qoplash, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish hamda boshqa vazifalar
bo‘yicha taftish va tekshiruvlar materiallari yuzasidan tegishli takliflar kiritish.
Bosh nazorat - taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va
Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalari o‘z ish faoliyatini Moliya vazirligi tomonidan
tasdiqlangan yillik ish rejalariga asosan amalga oshiradi. Ular, zarur bo‘lgan hollarda, moliya
organlari va byudjet muasasalari faoliyatini rejadan tashqari taftish va tekshiruvdan
o‘tkazishadi, maxsus vakolatli organ ruxsati bilan esa, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning
moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish va nazorat qiladi.
Davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda soliq organlari muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida” 1997 yil 29 avgustdagi
qonuni soliq nazoratining asoslari, uni amalga oshirish bo‘yicha soliq organlarining huquq
va majburiyatlarini belgilab beradi.
Soliq nazorati soliq solish sub’yektlari va ob’yektlari hisobini yuritish hamda soliq
qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilishning yagona tizimidir. U davlat soliq xizmati
organlari tomonidan soliqqa tortiladigan sub’yektlar va ob’yektlar hisobini yuritish, soliq
tekshiruvlarini o‘tkazish, soliq to‘lovchilar, boshqa shaxslarni so‘roq qilish va qonunchilik
bilan nazarda tutilgan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Davlat soliq xizmati organlarining moliyaviy nazoratga oid asosiy vazifalari
quyidagilardan iborat:
- soliq qonunchiligi, soliqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi maqsadli Pensiya fondiga
majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida hisoblab yozilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini
nazorat etish;
- soliq qonunchiligiga rioya etilishining zaruriy shartlarini ta’minlash, soliq
to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda yordam ko‘rsatish, soliq bo‘yicha
qoidabuzarliklarni aniqlash, ogohlantirish va to‘xtatib qo‘yish.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
- soliq to‘lovchilarda (jumladan soliq to‘lovchilar bilan bog‘langan qarshi sub’yektlarda)
O‘zbekiston Respublikasi maqsadli Pensiya fondiga majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida
hisoblab yozilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy hujjatlarni,
shuningdek eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni tekshirish,
tekshiruv vaqtida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha zarur bo‘lgan tushuntirish,
ma’lumotnoma va ma’lumotlarni olish;
- qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslarning
banklardagi va boshqa moliya-kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni
to‘xtatib qo‘yish.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni boshqa davlat
boshqaruv organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi
boshqaruv organlari, statistika va moliya organlari, banklar va boshqa tashkilotlar bilan
o‘zaro birgalikda bajaradilar. Ko‘rsatilgan organlar va tashkilotlar soliq xizmati organlariga
soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va soliq
qonunbuzarligiga qarshi kurashda yordam berishlari shart.
Ko‘rsatilgan qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan soliq nazoratini tashkil etish Davlat
soliq qo‘mitasi va uning organlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi