NAFAS TIZIMI KASALLIKLARI BILAN KASALLANGAN BEMORLARNI PARVARISHI VA ULARNING NAZORATI
Yuklangan vaqt
2025-01-28
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
30
Faytl hajmi
42,6 KB
NAFAS TIZIMI KASALLIKLARI BILAN KASALLANGAN
BEMORLARNI PARVARISHI VA ULARNING NAZORATI
Pulmonologiya (lot. pulmo –o’pka grek. logos- ta’limot) ichki kasalliklar
bo’limi bo’lib, nafas organlari kasalliklari tashhisi, davolanishiva profilaktik
tadbirlar o’tkazishni o’rganadi.
Nafas organlari kasalliklari bilan og’rigan bemorlarni ko’zdan kechirish va
parvarishi 2 yo’nlishda olib boriladi.
Umumiy tadbir- har qanday kasallik bilan kasallangan bemorlarda quydagi
parvarish va kuzatuv olib boriladi.
-bemorni umumiy ahvolini ko’zdan kechirish
-termometriya
-arterial qon bosimi va puls nazorati
-harorat varaqasini to’ldirish
-bemorning shaxsiy gigeyanasiga rioya qilish
-sudna qo’yish
Maxsus tadbirlar - bu nafas organlari kasalligi simptomlari (xansirash,
yo’tal, qon qusish va og’riq) bilan og’rigan bemorlarni kuzatish va parvarish qilish
choralaridir.
NAFAS OLISH TIZIMI
Nafas olish — bu tashqi muhitdan kislorodning avval o’pkaga, keyin qonga,
so’ngra esa butun organizmning a’zo va to’qimalariga kelishi va organizmdan
karbonat angidrid gazining chiqarilishi bilan bog’liq jarayon. Nafas olish a’zolari
nafas olish yo’llari (burun bo’shligi, kekirdak traxeya, bronxlar) va gaz almashtirish
a’zosi — o’pkalardan iborat. Nafas olish harakatlari (nafas olish va nafas
chiqarish)da ko’krak qafasi, diafragma (ko’krak qafasi va qorin bo’shligi oralig’ida
joylashgan muskul), nafas olish yo’llari (ustki va pastki), o’pkalar ishtirok etadi.
Havo burun yoki og’iz orqali olinadi va burun - halqum yoki og’iz-halqum bo’yicha
hiqildoqga, so’ngra traxeyaga tushadi. Traxeya o’ng va chap o’pkaga mos ravishda
2 bosh bronxga bo’linadi, har biri ko’krak qafasining tegishli qismida joylashgan
bo’ladi. Bronxlar daraxt shoxlari singari mayda naylarga bo’linadi va havoni
alveolalarga yetkazadi. O’pkaga tushishdan avval olinayotgan havo burun bo’shlig’i
va nafas olish yo’llari tomonidan isitiladi, namlanadi va tozalanadi. O’pka - juft a’zo.
O’pka g’alvirga o’xshaydi va kapillyarlar bilan o’ralgan million mayda qopchalar —
alveolalardan tashkil topgan. Karbonat angidrid bilan to’yingan qon oqib o’tuvchi
alveola va kapillyar devorlari orqali gaz almashinuvi amalga oshiriladi. Har bitta
o’pka yupqa parda — plevra bilan o’ralgan. Plevraning asosiy vazifasi — o’pkalar
bir maromda qisqarib, to’g’irlanishidan iborat. Plevra kovaksimon bo’shliqni tashkil
qiladi, unda o’pkaning nafas olish harakatlarida ishqalanishni kamaytiruvchi 1—2
ml suyuqlik mavjud; plevra bo’shlig’ida nafas olishda so’rib oladigan harakatni
amalga oshiruvchi manfiy bosim bor. Plevra bo’shlig’ining yaxlitligi buzilganda
o’pkaning nafas olish funksiyasi keskin buziladi. Nafas olish funksiyasi yuqumli
kasalliklar, tamaki tutuni, ifloslangan muhit, chiqindi gazlar bir necha bor ta’sir
qilganda buzilishi mumkin. Nafas olish ko’krak hajmi kattalashishi va o’pkalarning
yozilishi bilan bog’liq. Nafas olish vaqtida gumbazsimon diafragma yassi bo’lib
qoladi.
Bir vaqtning o’zida qovurg’alar orasidagi muskullar qisqarib, ko’krak qafasini
tepaga va yon atrofga cho’zadi. Bu harakatlar ko’krak qafasi hajmini kattalashtiradi
va shu bilan havo so’rilishini ta’minlaydi. Nafas chiqarish vaqtida diafragma va
ko’krak muskullari bo’shashib, havo chiqib ketadi.
Nafas olish turlari
Nafas olish — organizmga kislorodning uzluksiz kelib turishini va karbonat
angidrid hamda suv bug’larining chiqishini ta’minlovchi asosiy hayotiy jarayon.
Nafas olish vaqtida ko’krak qafasi hajmi qaysi yo’nalishda o’zgarganligiga qarab,
nafas olishning ko’krak (ko’proq ayollarda), qorin (ko’proq erkaklarda) va aralash
turlari mavjud. Nafas olishning aralash turida o’pkalarning barcha bo’linmalari bir
maromda ventilyatsiyalanadi. Nafas olish turlari inson hayotining turli xil omillari
va atrof-muhit ta’siri ostida yuzaga keladi.
Jismoniy mashqlarning foydasi. Muntazam ravishdagi jismoniy mashqlar
yurak va o’pkani mustahkamlaydi, ularning ish qobiliyatini va turli xil kasalliklarga
qarshilik ko’rsatish qobiliyatini oshiradi. Yaxshi jismoniy holat va kayfiyatga
erishish uchun haftasiga bir xil oraliqdagi 20 daqiqali jismoniy mashqlar yetarli.
Mashqlarni ter chiqib, nafas olish va yurak urishi tezlashguncha, shiddatli ravishda
bajaring, biroq hech qachon bosh aylanish va hushdan ketish darajasigacha kuch
bilan shug’ullanmang.
FUNKSIONAL HOLATNING BAHOLANISHI
Nafas olish tavsiflari
Nafas olish ritmi, turi, tezligi va chuqurligi yetarli gaz almashinuvini
ta’minlaydi va o’zaro uzviy bog’liq. Tez-tez, yuzaki nafas olishda gaz almashinuvi
kamayadi, siyrak lekin chuqur nafas harakatlarida giperventilyatsiya kelib chiqishi
mumkin. Nafas olish markaziy asab tizimi tomonidan tartibga solinadi. Bosh miya
funksiyasi buzilganda nafas to’xtab qolishi mumkin, natijada shoshilinch yordam
zarur bo’ladi.
Me’yoriy nafas olish bir maromda kechadi. Nafas olish harakatlarining ritmi,
tezligi vа chuqurligining buzilishi nafas qisishiga olib keladi.
Shoshilinch shifokor yordami zarur bo’lganda nafas olishning
o’zgarishlari:
1. Uzoq vaqt hushdan ketish, og’ir koma vaqtida chuqur nafas olish harakatlari
va baland shovqinlar bilan bir maromda chuqur va siyrak nafas olish.
2. Nafas olish markazining funksiyasi buzilganda o’qtin-o’qtin nafas paydo
bo’ladi va u ikki xil bo’lishi mumkin:
— bir maromdagi chuqur nafas olish harakatlari, uzoq muddatli tanaffuslar
bilan vaqtning taxminan bir xil oralig’ida navbatma-navbat keladi;
- uzoq muddatli (bir necha sekunddan bir daqiqagacha) nafas olish
tanaffusidan so’ng avval shovqinsiz yuzaki nafas paydo bo’ladi, so’ngra chuqurligi
bo’yicha tez oshib, shovqinliga aylanadi va 5—7 daqiqada maksimumga erishadi,
keyin shu ketma-ketlikda kamayib, so’ng qisqa vaqtli pauza bilan tamomlanadi.
Pauza vaqtida bemorlar hushdan ketadilar yoki atrof-muhitni turli holatlarda baholay
olmaydilar. Nafas olish tiklanganda es-hush qayta tiklanishi mumkin.
Nafas olishning buzilishi
Yuqumli kasalliklar nafas olish yo’llari yoki o’pka to’qimalarining
yallig’lanishiga olib keladi. Ushbu kasalliklar burundan nafas olish, nafas yo’llari
bo’yicha havo o’tishining buzilishi, ko’krak yoki tomoqda og’riqlar, yo’tal,
shilimshiq va balg’am paydo bo’lishi bilan kechishi mumkin. Nafas olish
sistemasining og’ir buzilishi nafas qisish, bo’g’ilishga olib keladi.
Nafas olishga ta’sir ko’rsatish
1. Nafas yo’llarining o’tuvchanligini qayta tiklash.
2. Balg’am ko’chishini ta’minlash.
3. Nafas olishning maxsus rejimlari.
4. Shaxsiy nafas olishning o’rnini bosuvchi o’pkalarni sun’iy va yordamchi
ventilyatsiyasi.
5. Kislorod bilan ingalyatsiya qilish.
Nafas olish funksiyalari buzilishiniig asosiy belgilari va yordam
ko’rsatish
Burundan nafas olishning qiyinlashuvi.
O’tkir nafas infeksiyalarida burundan nafas olish qiyinlashishi, burun yo’llari
bekilishi, ko’p miqdorda shilimshiq ajralishi yoki burun bo’shlig’i quruqligi, aksirish
bilan kechadi. Burun bo’shlig’ini parvarish qilish oddiy bo’lib, ko’p hollarda
muolajalarni bemor mustaqil bajara oladi. Agar bemor muolajalarni mustaqil
ravishda bajarishga qodir bo’lmasa, ushbu muolajalarni maxsus tayyorgarlikdan
o’tgan qarindoshi yoki hamshira amalga oshiradi. Nafas olish a’zolarining
infeksiyalarida shilliqqavat shishi natijasida burundan nafas olish buziladi. Burun
bo’shlig’ining surunkali yallig’lanish kasalliklari shilliq qavatning o’sib ketishi va
bo’rtishiga, burun orqali havo o’tishini qiyinlashtiruvchi adenoidlarning paydo
bo’lishiga olib kelishi mumkin.
Agar bemor faol bo’lsa, burun yo’llarining o’tuvchanligini ozgina vaqtga
tiklaydigan uzoq bo’lmagan nafasni ushlab turish mashqlarini tavsiya qilish
mumkin.
Burunning surunkali bekilib qolishi bosh suyagining havo olib keluvchi
bo’shliqlari yallig’langanda kuzatiladi. Ko’pincha burun bo’shlig’i bilan bog’langan
yuqori jag’ (gaymor) va peshona bo’shliqdari ta’sirlanadi.
Burundan doimo suv oqishi, surunkali bosh og’riqlar, kasallikning tez-tez
zo’rayishi, bo’shliqlarda yallig’lanish jarayoni borligidan darak beradi. Yuz
paypaslab ko’rilganda, rasmda ko’rsatilgan og’riq nuqtalari aniqlanadi.
Birinchi yordam ko’rsatilayotganda bo’shliqlardan yetarli darajada shilimshiq
oqib ketishi (shifokor tomonidan tayinlangan maxsus tomchilarning burunga
ishlatilishi), burun bo’shlig’ini shilimshiq yoki yiringdan tozalashni ta’minlash
kerak.
Burundan nafas olishni yaxshilashga yordam beruvchi muolajalar
Muolaja. Burun bo’shlig’ini tozalash
Natija: burun bo’shlig’i tozalanishida burundan to’laqonli nafas olishning
tiklanishi.
Ko’rsatmalar: burundan nafas olish qiyinlashganda ko’p miqdorda shilimshiq
ajralishi, burun ichida po’stloqlar bo’lishi.
Tayyorgarlik: bemorga muolajaning mohiyatini tushuntiring.
Bemorning holati: yotib yoki o’tirib.
Jihozlar: lotok paxtali tamponlar, vazelin (o’simlik) moyi.
Bajarilishi:
1. Burun ichida shilimshiq bo’lsa, paxta tamponlari navbatma-navbat burun
yo’llariga extiyotkorona aylanma harakatlar bilan kiritiladi.
2. Burun yo’llaridagi po’stloqlarni moy bilan ho’llangan va burun yo’llarida
2-3 daqiqa qoldirilgan paxta turundalari bilan tozalash mumkin (turundaning bo’sh
uchi burun teshigida bemalol turadi).
Muolaja. Burun shilliq qavatini moylash
Maqsad: po’stloqlarni yumshatish, shilliq qavatni namlash, shilliq qavatni
qurib qolishdan himoyaqilish.
Tayyorgarlik: bemorga muolajaning mohiyatini tushuntiring.
Jihozlar: tayoqchalarda paxtali sharchalar, dorivor moddalar, salfetka.
Bemorning holati: o’tirib yoki yotib.
Bajarilishi:
1. Qo’lingizni yuving.
2. Paxta shariklarini (taralgan paxta bo’lagi) chap qo’lning ko’rsatkich
barmog’i do’mboqchasiga joylashtiring; uning ustiga qattiq sterjenni (qirqmali zond,
o’ymali yog’och tayoqcha) qo’yib, soat millari bo’yicha aylantiring. Paxtani o’ragan
vaqtda u sterjenda mustahkam turishini va surtish vaqtida burunning orqa
bo’limlarida qolib ketmasligini kuzating, chunki bu holat paxtaning traxeya va
bronxlarga tushishiga olib kelishi mumkin.
3. Paxtali sharchani dorivor eritma bilan ho’llang va to’qimalarni
shikastlamaslik uchun o’rtacha chuqurlikka kiritib, burun yo’llarining shilliq
qavatini arting, kerak bo’lsa muolajani takrorlang.
Muolaja. Burun bo’shlig’ni yuvish
Po’stloqlar ko’p va shilliq qavat quruq bo’lganda, burunni nam usul bilan
tozalash lozim. Yuvish uchun suv yoki sust dezinfekasiyalovchi eritmalar (furasilin,
borat kislota) ishlatiladi; foydalanishdan avval uni tana haroratigacha isitish zarur.
Eritma burun bo’shlig’iga pulverizator yordamida purkaladi, burun bo’shlig’iga oz
miqdordagi suyuqlikni quyish mumkin. Quyilgan suyuklik og’iz orqali to’kiladi va
bemorning qo’lidagi lotokka yig’iladi. Burunni yuvib bo’lgandan so’ng, bemor
burunning bir tomonini yopib, burunni qoqishi lozim; burunni ikki tomondan bir
vaqtning o’zida qoqish mumkin emas, chunki infeksiya burundan eshitish nayi orqali
o’rta quloqda tushishi mumkin.
Dorivor preparatlarni burun bo’shlig’iga kiritish
Muolaja. Burunga tomchi tomizish
Maqsad: dorivor preparatni kiritish.
Tayyorgarlik: bemorga muolajaning mohiyatini tushuntiring. Jihozlar: shisha
idishda dorivor modda (preparat maxsus idishda dozalangan moslamasi bulishi
mumkin), pipetka, salfetka.
Bemorning holati: boshi orqaga egilgan holda yotib (boshni qarama-qarshi
yelka tomon egish mumkin) yoki o’tirib. Bajarilishi:
1. Qo’lingizni yuving.
2.
Tomchilarning
nomlanishi
shifokorning
ko’rsatmasiga
mosligini
tekshiring.
3. Pipetkaga tomchining kerakli miqdorini oling.
4. Burun yo’llarini paxtali turundalar yordamida tozalang.
5. Bemorning burun uchini sal kutaring.
6. Dorivor moddani (pipetkani chuqur kiritmang) birinchi burun katagining
pastki burun yo’liga (3-4 tomchi) tomizing, bemordan bir necha daqiqa shunday
yotishini so’rang, tomchining ta’mi yoki hidini sezishi haqida bemorni
ogohlantiring.
Muolajani burunning ikkinchi katagi uchun takrorlang.
Bemorga qulay holatni egallashga yordam bering, kayfiyati haqida so’rang.
Pipetkani dezinfeksiya eritmasiga soling, qo’lingizni yuving.
Ogohlantirish:
moyli
tomchilar
tomizilganda
dorivor
modda
kekirdakning orqa devori orqali oqib tushadi.
Muolaja. Dori vositasini burun orqali ingalyatsiya qilish
Tayyorgarlik: dorivor moddaning nomlanishi shifokorning ko’rsatmasiga
mosligini tekshiring, bemorning burun yo’llarini shilimshiq va po’stloqdan tozalang.
Bajarilishi:
1. O’zini tutish qoidalarini, muolajaning borishini bemorga tushuntiring.
2. Bemorni o’tkazing.
3. Qo’lingizni yuving.
4. Dori preparatga solinmagan ingalyatsiya ballonchasi bilan muolaja
bajarilishini bemorga ko’rsating.
5. Ingalyatordan himoya qopqog’ini yeching, silkitib, aerozolli ballonchaning
tubini tepaga qilib o’giring.
6. Bemorga boshni sal orqaga qilib, o’ng yelkaga egishni iltimos qiling.
7. Bemorga barmoq bilan burunning o’ng qanotini yopishni taklif qiling.
8. Bemorni og’iz orqali chuqur nafas chiqarishini iltimos qiling.
9. Mundshtuk uchligini bemor burnining chap qismiga kiriting, bemordan
burun orqali chuqur nafas olishni va bir vaqtga ballonchaning tubini bosishni iltimos
qiling; mundshtuk uchligini bemorning burnidan chiqaring va 5-10 sek. nafasni
ushlab turishni ayting.
10. Bemordan tinch nafas chiqarishini iltimos qiling.
11. Burunning o’ng tomoni ingalyatsiya qilinganda bemorga boshni chap
yelkaga egib, burunning chap qanotini yopishni maslahat bering; ushbu muolajani
sizning yoningizda mustaqil bajarib ko’rishini tavsiya qiling
12. Ingalyatorni himoya qalpoqchasi bilan yoping, maxsus joyga olib qo’ying,
qo’lingizni yuving.
Muolaja. Burunga kukun tortish
Maqsad: bemorning burniga qurituvchi moddalarni kiritish.
Tayyorgarlik: muolaja mohiyatini bemorga tushuntiring.
Bemorning holati: o’tirib.
Bajarilishi:
1. Kukunning nomini o’qing.
2. Kukun o’ralgan qog’ozni oching.
3. Bemordan burunning o’ng qanotini yopishni iltimos qiling.
4. Kukunni qog’oz ustida burunning chap teshigiga yaqinlashtiring.
5. Bemordan og’izni yopib, chuqur bo’lmagan nafas olishni va kukunning bir
qismini burunga tortishini iltimos qiling.
6. Ushbu muolajani kukunni burunning o’ng yo’liga kiritishda takrorlang.
7. Burundan kukunning qoldiqlarini salfetka bilan olib tashlang, bemordan
ahvolini so’rang, qo’lingizni yuving.
Simptom. Burun qonashi
Burun qonashi ko’pincha burunning shilliq qavati shikastlanganda, aksirish,
tumovda paydo bo’ladi yoki qon kasalligi, gipertoniya, jigar sirrozi kechishini
qiyinlashtiradi. Qon ko’p ketganda qon og’iz bo’shlig’iga tushib, qisman yutib
yuboriladi, natijada qon qusish va qatronsimon najas paydo bo’lishi mumkin. Qon
ketishi o’tkir kamqonlik belgilari paydo bo’lishiga (bosh aylanishi, chanqash, rang
oqarishi, puls tezlashuvi), qon nafas olish yo’llarining aspiratsiyasiga olib kelishi
mumkin.
Burun qonashida birinchi yordam
1.
Bemorni
o’tkazib
qo’ying,
uni
tinchlantirib,
gaplashmaslikni,
yo’talmaslikni, burun qoqmaslikni, keskin harakatlar qilmaslikni iltimos qiling.
2. Bemorga yarim o’tirish holatini yarating, boshini pastga eging. Agar bemor
hushidan ketgan bo’lsa, uni yotqizib, boshini yonboshiga o’giring va transportda olib
ketish vaqtida qo’lingiz bilan ushlab keting.
3. Burun va kanshar soxasiga muz solingan xaltacha yoki sovuq suvga
ho’llangan toza matoni kuying.
4. Burun to’sig’iga 3—5 daqiqa bosing, bosh biroz oldinga engashtiriladi;
og’izga tushgan qonni bemor tuflab tashlaydi; bemorga burun bilan nafas olish va
burun qoqish man qilinadi; samara bo’lmaganda burun ichiga adrenalin eritmasi
bilan ho’llangan paxta turundalari yoki vazelin bilan moylangan quruq tamponlar
kiritiladi va burun yo’llari tamponlanadi (tamponlarni 3 foizli vodorod peroksidi
bilan ho’llash mumkin).
Burun yo’lini tamponlashning yana bir usuli: 3—5 sm li vazelin moyi bilan
ho’llangan sterillangan doka bintni yoki uzun doka salfetkani qisqich bilan burunga
chuqur kiritiladi; bintning keyingi har qavatini avvalgi qavatiga shunday
joylashtiringki, burunning butun bo’shlig’i tamponlangan bo’lsin. Tampon burun
bo’shilig’ida 1 kecha-kunduz mobaynida qolishi mumkin.
Qayd qilingan tadbirlar samara bermasa bemorni shoshilinch ravishda
kasalxonaga yotqizish zarur.
Nafas olish buzilishining asosiy belgilari
Yo’tal — yuqori nafas olish yo’llari, bronxlar va o’pkaning turli xil
kasalliklarida bronxlar va yuqori nafas olish yo’llaridan yot jismlar, shilimshiq
balg’amni chiqarishga qaratilgan himoya - reflektor akt. Yo’tal refleksi balg’am
ko’chishiga yordam beradi; yo’tal turtkisi yopiq tovush chiqaruvchi oraliqda
to’satdan va keskin nafas chiqarishdan tarkib topgan. Yo’tal mexanizmi inson
chuqur nafas olishi, so’ngra tovush chiqaruvchi oraliqning bekilishi, barcha nafas
olish muskullari, diafragma va qorin muskullari taranglashib, o’pkalarda bosim
oshishidan iborat. Tovush chiqaruvchi oraliq to’satdan ochilib qolganda nafas olish
yo’llarida yig’ilib qolgan balg’am va yot jismlar bilan birgalikda havo og’iz orqali
kuch bilan otilib chiqadi. Yo’tal vaqtida burun bo’shlig’i yumshoq tanglay bilan
yopilib qolishi sababli nafas olish yo’llarining ichidagi narsalar burun orqali kelib
tushmaydi.
Yo’tal quyidagicha bo’ladi:
- davomliligi bo’yicha — xurujsimon, davriy, to’xtovsiz;
- tembr bo’yicha - qisqa va extiyotli (plevritda), xirillagan (hiqildoq
shikastlanganda,
isteriyada), bo’g’ilgan
va
tovushsiz
(tovush paychalari
yallig’langanda);
- yo’tal vaqtida nafas olish yo’llaridan ajralmalar bor-yo’qligiga qarab quruq
(balg’amsiz), ho’l (balg’am ajralganda). Yo’talda parvarish qilish yo’tal paydo
qilgan kasallikka mos kelib, yo’talni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf qilishga
qaratiladi. Qo’zg’atuvchan va ogriqli quruq yo’talni ogriq qoldiruvchi vositalar
yordamida kamaytirish va yumshatishga harakat qilinadi. Ushbu vositalar ichga
qabul qilinadi va ingalyastiya yo’li bilan kiritiladi, xususan ingalyastiyada issiq bug’
yordamida yuqori nafas olish yo’llari shilliq qavatining holati yaxshilanadi. Quruq
yo’tal yuqori nafas olish yo’llari, plevra yallig’lanishida, bronxlar shish, yot jism
bilan bosilib qolganda ro’y beradi.
Yo’tal vaqtida chalg’ituvchi vositalar sifatida xantalma, ko’krakka isituvchi
kompresslar, oyoqqa xantalmali vannalar qo’llaniladi. Qiyin ko’chuvchi yopishqoq
balg’amli yo’talda uni balg’am ko’chiruvchi ingalyatsiyalar va boshqa vositalar
yordamida suyultirish va ko’chishini osonlashtirish mumkin. O’pkalarning surunkali
yallig’lanishida nam yo’tal foydali, chunki u yig’ilib qolgan balg’amni o’pka va
nafas olish yo’llaridan chiqarishga yordam beradi.
Bemorda yo’tal bo’lganda quyidagilar zarur:
1. Yo’tal turini aniqlash.
2. Bemor uchun unda yo’talni kamaytiradigan holat yaratish.
egallashga yordam berish.
4. Uzoq davom etadigan og’ir yo’tal xurujlarida yo’tal bemorning uyqusini
buzmasligi maqsadida, shifokor tomonidan tayinlangan yo’talga qarshi vositalar
kechki uyqudan oldin beriladi.
5. Soda qo’shilgan iliq sut (1 stakan iliq sutga pichoq uchida soda) yoki 1x2
stakan iliq sutga shuncha miqdorda borjom qo’shib beriladi.
6. Qizilmiya damlamasi bilan qilingan ingalyatsiya yaxshi ta’sir ko’rsatadi (1
stakan qaynoq suvga 1 osh qoshiq o’tdan solinadi, 30 daqiqa damlab, suzgichdan
o’tkaziladi va pulverizator yoki qo’l ingalyatori orqali nafas olinadi).
7. Tomoqqa achchiq choy, evkalipt barglari, moychechak gulining iliq
damlamasi bilan chayish (1 stakan qaynoq suvga 1 osh qoshiq kiritilgan barglar
solinadi, 30 daqiqa damlanib, suzgichdan o’tkaziladi va suyuqlik hajmi bir
stakangacha yetkaziladi).
Shifokor kelguncha shoshilinch yordam
1. Bemorni ortiqcha sovib ketishdan asrash, issiq kiyintirish.
2. Oyoqlariga xantalmali issiq vanna qilish.
3. Iliq ichimlik berish.
Xalq tabobati vositalari yaxshi ta’sir ko’rsatadi: pishgan kartoshkali idish
tepasida bug’ bilan nafas olinadi.
Uy ingalyatsiyasi: evkalipt barglarini maydalab (1 choy koshik), qaynoq suv
bilan damlanadi, qalin qog’ozdan voronka yasab, damlama solingan idish keng uchi
bilan yopiladi va tor uchi bilan 10— 15 daqiqa mobaynida bug’ bilan nafas olinadi.
Fitonsid xususiyatlarga ega o’simliklarni ishlatish (piyoz, sarimsokpiyoz): 10
ta piyoz va sarimsoq piyozni mayda to’g’rab, sutda yumshaguncha pishiriladi,
so’ngra ozgina yalpiz sharbati va asal qo’shiladi; kun mobaynida har soatda 1 osh
qoshiqdan ichiladi.
Balg’am ko’chiruvchi vosita (emizikli bolalar uchun): 1 choy qoshiq asalga
2 osh qoshiq anis urug’i va bir chimdim tuz qo’shiladi, bir stakan suv quyiladi va
qaynatish darajasiga olib boriladi, suzgichdan o’tkaziladi va bolaga 1 choy
qoshiqdan kuniga 4—5 mahal beriladi.
Tarkibida mineral moddalar va C vitamin bo’lgan turpdan foydalanish:
yuvilgan turpning o’rtasi o’yiladi va ichiga 2 osh qoshiq asal quyiladi, idishga
vertikal holatda joylashtirib, qalin qog’oz bilan yopiladi va 3—4 soat mobaynida
damlanadi, so’ngra ajralib chiqqan sharbatni ovqatgacha va uyqudan oldin kuniga
3—4 maxal 1 choy qoshiqdan ichiladi.
Quruq yo’talni yumshatuvchi vosita: 1 osh qoshiq shakarni olib, shakar to’q
jigarrang tusga kirguncha olov ustida ushlab turiladi va issiq sut solingan idishga
qo’shiladi, hosil bo’lgan massani to’liq so’rilguncha og’izda ushlab turiladi.
Asalli terapiya: sabzi sharbati asal bilan yaxshilab aralashtiriladi (1:1),
kuniga 2—3 mahal 1— 2 osh qoshiqdan ichiladi.
Balg’am yaxshi ko’chmaganda: 1 osh qoshiq qora andiz ildizi 1 stakan
qaynoq suvga qo’shiladi, 30 daqiqa qaynatiladi, suzgichdan o’tkazilib, kuniga 2—3
mahal 1х4 stakandan ichiladi.
Qo’shimcha vositalar: ko’krak qafasiga xantallar (gorchichnik), bankalar
qo’yish.
Bronxit — bronxlar shilliq qavatining yallig’lanishi, bo’rtib, shishadi. Bronxit
surunkali va o’tkir bo’ladi. O’tkir bronxitni doimo burun-halqumda bo’luvchi
mikroorganizmlar qo’zgatadi va odam juda qattik sovuq qotganda kasallik avj oladi.
O’tkir bronxit. O’tkir bronxitning asosiy belgisi — yo’tal. U quruq (balg’am
ko’chmasdan) va ho’l (balg’am ajralishi bilan) bo’lishi mumkin. Balg’am, odatda
yiringli va yopishoq bo’ladi. Balg’am ko’chgandan keyin bemorning holati
yengillashadi.
Belgilar:
— kecha-yu kunduz bemorni bezovta qiluvchi yo’tal, tana haroratining bir oz
ko’tarilishi;
— ko’krak qafasida og’riqlar, quvvatsizlik ishtaha pasayishi;
— bosh og’rig’i, et uvushish, mehnat qobiliyatining pasayishi.
Odatda o’tkir bronxit 7—10 kun davom etadi.
Bronxit bilan kasallangan bemorni parvarish qilish
1. Harorat ko’tarilganda yotish rejimi tayinlanadi. Bemorni issiq qilib o’rash
zarur.
2. Yelvizakdan va haddan tashqari sovqotishdan saqlanish lozim.
3. Xonadagi havo toza bo’lishi, xonani kuniga bir necha marta shamollatish
lozim.
4. Ovqat iliq yuqori quvvatli bo’lishi kerak.
5. Bemorga kuniga bir necha marta qaynatilgan sut yarmiga borjom qo’shib
beriladi, 1 osh qoshiq asal qo’shish ham mumkin.
6. Sutga 4 bo’lak maydalangan sarimsoq piyoz qo’shib qaynatiladi, kuniga
3—4 mahal balg’am ko’chiruvchi sifatida ichiladi.
7. Ingalyatsiya qilinadi — 1 choy qoshiq iste’mol sodasi yoki suvga bir oz
miqdorda evkalipt qo’shilgan suv bug’i bilan nafas olinadi.
8. Balg’amni yig’ish uchun bemorda cho’ntak tuflagichi bo’lishi kerak.
Balg’amni dastro’molga tuflash tavsiya qilinmaydi, chunki dastro’mol bemor
yonidagi odamlar uchun infeksiya o’chogi bo’lib qoladi.
Surunkali bronxit o’tkir bronxitlarning tez-tez qaytalashi, haddan tashqari
sovish, chekish natijasida paydo bo’ladi. Asosiy belgi — ertalab va jismoniy
harakatlardan so’ng kuchayadigan, shilimshiq yiringli balg’am ajratadigan yo’tal.
Kasallik uzoq davom etganda quyidagi belgilar paydo bo’ladi:
- nafas qisishi;
- yuzning shishib ketishi;
- terining kulrangga kirishi;
- lablarning ko’kimtirligi;
- o’pkalarda quruq va nam xirillashlar, ular masofadan eshitiladi. Ko’pincha
surunkali bronxitning asorati bronxial astmadir.
Davolash usullari
1. Zararli omillarni bartaraf qilish.
2. Statsionarda vaqt-vaqti bilan davolanish.
3. Dengiz havosi bilan kurortda davolanish.
4. Yo’talda doimiy ravishda balg’am ko’chirish vositalarini qo’llash, Buteyko
uslubi bo’yicha nafas olish gimnastikasi bilan shug’ullanish zarur.
O’pka yalliglanishi (zotiljam)
Zotiljam (pnevmoniya) — pnevmokokk stafilokokk yoki gripp virusi,
shuningdek boshqa infeksiya qo’zg’atadigan o’tkir yuqumli kasallik. Qo’zg’atuvchi
mikroorganizm burun-halqumda bo’ladi, lekin o’zining hayot faoliyati mahsuloti —
toksinni qonga ajratib chiqaradi, bu esa organizmning zaxarlanish va o’pka, yurak-
tomir va asab tizimining zararlanishiga olib keladi. O’pka yalliglanishi krupoz va
o’choqli bo’ladi.
Krupoz pnevmoniyani Frenkel pnevmokokklari, stafilokokklar, gripp virusi
q’o’zg’atadi. Kasallikning yuzaga kelish va rivojlanishiga odamning qattiq
sovqotishi, organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini susaytiruvchi
omillar, quvvatsizlik sabab buladi. Ushbu kasallikda o’pkaning butun bir bo’lagi
zararlanadi va jarayonga plevra (o’pkani o’rab turuvchi parda) jalb qilinadi, shu
sababli kasallik plevropnevmoniya deb ataladi. Krupoz pnevmoniya to’satdan
boshlanadi.
Belgilar:
- qattiq et uvushish;
- haroratning 38—40°C gacha tez ko’tarilishi;
- ko’krak qafasida kuchli og’riqlar;
- quvvatsizlik bosh og’rig’i, ishtaha pasayishi;
- yuz, ayniqsa lab va burun qanotlarining qizarishi;
- ongning xiralanishi, alahlash;
- harakatli qo’zgalishlar (bemorlar yotgan o’rinlaridan sakrab turadilar,
xonadan yugurib chiqishlari yoki o’zlarini derazadan pastga tashlashlari mumkin);
- nafas qisishi (yuzaki nafas olish);
- zang tusidagi balgamli yo’tal;
- nafas olishda ko’krak qafasida og’riqlar paydo bo’ladi, shu sababli bemor
og’riyotgan tomonini avaylab, kamroq nafas olishga harakat qiladi va og’riyotgan
tomonini bosib yotadi;
- pulsning tezlashuvi, to’liqsizligi;
- oz mikdordagi to’q rangli, quyuq siydik.
- tez-tez yo’talish yoki ko’krakdagi qattiq og’riq sababli uyqu buziladi,
notinch va uzuq-yuluq bo’ladi;
- lablar ko’karadi, oyoq-qo’llar sovuq bo’ladi.
Bir necha soat davom etgan badan uvushishi isitma bilan almashadi. Yo’tal
avval quruq, xurujsimon, og’riqli, ozgina balg’am bilan; balg’am miqdori ko’payishi
bilan yo’tal bir oz yengillashadi. Teri ushlab ko’rilganda issiq va quruq bo’ladi.
Nafas olish yuzaki, og’riqdan uzuq-uzuq qisqa bo’ladi. Nafas olish tezligi og’riq,
isitmaning jadalligi, intoksikatsiya darajasiga bog’liq bo’ladi, puls tezlashgan,
tarang. Pnevmoniyada me’da-ichak trakti ham zararlanadi. Ishtaha yo’qoladi,
chanqash, qusish, ichning dam bo’lishi (meteorizm), qabziyat paydo bo’ladi.
Davolanmasdan, harorat 7 yoki 9 kunda tez, keskin, 40°C dan 35°C gacha
tushadi, arterial bosim keskin tushadi, puls ipsimon, yopishoq sovuq ter bilan
qoplangan teri qoplamasi oqargan bo’ladi. Qattiq terlash kuzatiladi. Krupoz
pnevmoniya bilan og’rigan bemorlarni shoshilinch ravishda kasalxonaga yotqizish
zarur.
Shoshilinch yordam ko’rsatilmasa, tomir tonusi keskin tushib ketishi sababli
o’lim yuz berishi mumkin.
Krupoz pnevmoniya bilan og’rigan bemorlarni parvarish qilish
1. Qat’iy yotish rejimiga rioya qilish.
2. Terini quruq sochiq bilan artish, o’rin jildlari va ichki kiyimni tez-tez
almashtirish.
3. Yelvizakka yo’l qo’ymaslik.
4. Puls va arterial bosimni kuzatib borish.
5. Bemorga kislorodli yostiqdan nafas oldirish.
6. Ovqatni bo’lib-bo’lib, oz-ozdan berish; yengil hazm bo’ladigan, B va C
vitaminlariga boy, energetik quvvati yuqori bo’lgan parxez.
Quyidagi xalq amaliyoti bemorning ahvolini ancha yaxshilaydi: 1 stakan
go’sht maydalagichdan o’tkazilgan piyoz 1 stakan asal bilan aralashtirilib, kuniga 3
mahal 1 osh qoshiqdan ovqatdan oldin iste’mol qilinadi. Tomir tonusi oshib, ahvol
yaxshilanadi.
Harorat tushgandan va ahvoli yaxshilangandan so’ng, bemorga xojatxonaga
borishga ruxsat beriladi.
Ochoqli pnevmoniyani odatda gripp virusi, shuningdek pnevmokokk yoki
streptokokk qo’zg’atadi. O’choqli pnevmoniyalar gripp, qorin tifi, sepsisdan keyingi
asoratlar sifatida ham rivojlanishi mumkin. Ba’zida o’choqli pnevmoniya nafas
yo’llariga yot jismlar, shilimshiq qusuq massalari, suv tushishi, shuningdek
operastiyadan keyin uzoq vaqt chalqanchasiga yotish (bunda qon harakati susayib,
o’pkada qon dimlanadi) natijasida paydo bo’ladi. Ba’zida o’pka tuqimasi va mayda
bronxlarining
zararlanishi
kuzatiladi,
shu
sababli
bu
pnevmoniya
bronxopnevmoniya deb ataladi. O’pkaning mayda bo’lakchalari zararlanadi, bronx
devorlari bo’rtib, tomirlar qon bilan to’ladi.
Belgilar:
— darmonsizlik quvvatsizlik;
— tana harorati 37,5—38°C gacha ko’tarilishi;
— bosh og’rig’i, ba’zida burun qonashi;
— uncha qattiq bo’lmagan yo’tal, shilimshiq-yiringli ozroq balg’am ajraladi,
ba’zida balgam yopishqoq va qonli bo’ladi;
— yo’tal vaqtida ko’krak qafasida og’riq bir oz nafas qisish (nafas olish bir
daqiqada 25—30 marta) kuzatiladi.
Harorat asta-sekin pasayadi.
Kasallikning davomiyligi organizmning ahvoli, davolash boshlangan vaqti,
parvarishga bog’liq.
O’choqli pnevmoniya bilan og’rigan bemorlarni parvarishi krupoz
pnevmoniyani davolash qoidalari kabi amalga oshiriladi.
1. Qat’iy yotish rejimi.
2. Ko’p miqdorda suyuqlik berish.
3. Kislorodli yostiqdan nafas oldirish.
4. Yotish rejimidagi bemorlarni parvarish qilishda gigienik qoidalar.
5. Xonani yelvizaksiz, tez-tez shamollatib turishi, namlab tozalash.
6. Vitaminli, energetik quvvati yuqori bo’lgan ovqatni oz-ozdan berish.
7. Qo’shimcha vositalar: ko’krak qafasiga xantal kukuni yoki banka qo’yish.
Ko’krak qafasida og’riqlarni kamaytirish uchun quyidagi xalq vositasini qo’llash
mumkin: turpni qirg’ichda qirib, bir bo’lak dokaga yupqa qavat qilib, ko’krak
qafasiga qo’yiladi, avval sochiq so’ngra esa ro’mol bilan yopiladi. Buqilingan
kompress terini qizartiradi va issiqlik hissini paydo qiladi. Teri kuyib qolmasligi
kuzatib turiladi, 20 daqiqa ushlab, teri yaxshilab artiladi va issiq kiyim kiyiladi.
Balg’amli yo’talda bemorga balg’am ko’chiruvchi vositalar beriladi.
Bemorda shaxsiy tuflagich bo’lishi zarur, tuflagichning 1/3 qismiga 5 foizli
xloramin eritmasi qo’yiladi.
Qabziyatda tozalovchi xuqna qilinadi yoki surgi dori beriladi (ayniqsa
quyidagi o’tlar samara beradi - sano, itshumurt po’stlog’i, haydovchi to’plam: 1 osh
qoshiq o’tga 1 stakan qaynoq suv quyiladi, damlanib, suzgichdan o’tkaziladi va
ichiladi). Quyidagilar ichakni yaxshi tozalaydi: 1 stakan qatiqqa 1 osh qoshiq
o’simlik moyi qo’shiladi, shuningdek suvda pishirilgan lavlagi (1 ta lavlagi yoki 1/2
stakan xom lavlagining sharbati) kechqurun beriladi.
Simptom.
Balg’am — yo’talda ajraladigan nafas yo’llari va o’pkadagi kasallik
jarayonining mahsuloti. Balg’am ajralishi kasallikdan dalolat beradi.
Balg’am miqdori har xil: o’tkir bronxit va o’pka yallig’lanishining
boshlang’ich shaklida bemor bir-ikki marta oz-ozdan balg’am tuflasa, o’pkaning
yiringli kasalliklarida 1—2 l gacha ajratadi. Odatda, balg’amning hidi bo’lmaydi,
o’pkada yiringli jarayon ro’y bersa balg’am chirindi hidli yoki qo’lansa bo’ladi.
Balg’amning quyuq-suyukligi, rangi uning tarkibiga bog’liq. O’pka
yallig’lanishi, bronxial astma, bronxitning boshlanish davrida rangsiz, tiniq
yopishqoq shilimshiqli balg’am ajraladi. Yiringli, suyuq ko’kimtir balg’am
o’pkaning yiringli kasalliklarida paydo bo’ladi. Qonli balg’am unga tushgan qonning
miqdori va sifatiga ko’ra har xil ko’rinishga ega. Balg’amdagi taram-taram yoki
qotib qolgan qon tuberkullyozda, o’pka shishida, bronxlar kengayishida bo’ladi.
Zang tusli balg’am o’pkaning krupoz yallig’lanishida, qizil balg’am o’pkaning
parchalanayotgan shishlarida, jigarrang yiringli balg’am o’pka yiringlaganda va
yiring bog’lagan yaraning parchalanishida bo’ladi.
Balg’amda qon paydo bo’lishi bilan shifokorning shoshilinch maslahati
zarur.
Balg’am kasalliklarning, ayniqsa, silning tarqalish manbasi bo’lishi mumkin.
Balg’amni yig’ish uchun tuflagichlar ishlatiladi. Balg’am tuflay olmasdan, uni
yutib yuboradigan bemorlar tuflagichga balg’am ajratishning maxsus usullariga
o’rgatiladi.
Atrofdagilarga yuqtirmaslik maqsadida bemorga quyidagilarni o’rgatish
zarur:
1. Bevosita sog’odamlar yonida bo’lganda yo’talmaslikka harakat qilish.
Yo’talni tutib turolmasa, balg’am zarrachalari boshqa odamga tegib ketmasligi
uchun og’izni ro’molcha yoki shaxsiy salfetka bilan yopish zarur.
2. Balg’amni polga tuflamaslik kerak chunki u qurib qolayotganda havoni,
havo orqali esa sog’ odamlarni zararlaydi.
3. Balg’amni ro’molchaga tuflash yaramaydi, chunki u kiyimga tegishi
mumkin.
4. Balg’amni tuflagichga yoki maxsus moslangan shisha idishga yig’ish zarur;
ishlatishdan oldin zararsizlantirish va balg’am idishning devorlariga yopishmasligi
uchun tuflagichning 1x3 qismiga 5 foizli xloramin eritmasi quyiladi.
5. 2 soat mobaynida xlorli ohak bilan ishlangandan so’ng sil bilan kasallangan
bemorning balg’ami kanalizatsiyaga oqizib yuboriladi (100 g balg’amga 2—3 g
quruq xlorli ohak).
Simptom. Nafas qisishi
Nafas qisishi — bu havo yetishmovchiligi bo’lib, u nafas olishning tezligi,
ritmi va chuqurligining buzilishi bilan birgalikda kechadi. Nafasning tezlashuvi
o’pka, yurak-o’pka patologiyasi uchun xos bemor, isitma, ruhiy hayajonda bo’ladi.
Nafasning sekinlashuvi og’ir intoksikatsiyalarda (zaharlanish), miyadagi qon
aylanish buzilganda ro’y beradi. Qiyinlashgan nafas chiqarish nafas yo’llarida
mexanik to’siq (yot jism, ko’p balg’am, bronxlarning torayishi) bo’lganda
kuzatiladi. Nafas olishning qiyinlashuvi yuqori nafas yo’llaridagi to’siq va yurak
tomir kasalliklarida paydo bo’ladi. Vaqt-vaqti bilan nafas olish miya kasalliklarida,
koma, zaharlanishlar, qon aylanishning kuchli buzilishlarida kuzatiladi.
Nafasi qisadigan bemorlarni parvarish qilish:
1. Bemorga yarim o’tirish holatini yaratish, qisib turadigan kiyimlarini
yechish, toza havo kirishini ta’minlash.
2. Nafas olish tezligi, teri rangini kuzatish.
3. Zarur hollarda bemorga kislorod ingalyatsiyasi o’tkazish.
Ingalyatsiya — dorivor moddalarni nafas yo’li orqali kiritish. Gazlar
(kislorod), oson bug’lanuvchi moddalar (efir moylari, dori vositalarning bug’lari),
shuningdek aerozollardan foydalanib nafas olish mumkin.
Ingalyatsiya ning 4 xili mavjud: bug’li, iliq-nam, nam, moyli.
Bug’li ingalyatsiyalar bug’lanuvchi moddalar (mentol, evkalipt) yordamida
tayyorlanadi. Ular ko’pincha uy sharoitida qo’llanadi.
Iliq-nam ingalyatsiyalar: dorivor eritma isitib, purkaladi.
Bitta ingalyatsiya uchun 25—250 ml dorivor eritma sarflanadi.
Moyli ingalyatsiyalar: profilaktik va davo maqsadida tayinlanadi. Bitta
ingalyatsiya da 5 ml gacha moy sarflanadi. Ko’pincha o’simlik moylari ishlatiladi
(zaytun, kungaboqar, evkalipt, shaftoli va boshqalar).
Oson parlanuvchi kislorod va uglekislotani ham nafas olib qabul qilish
mumkin. Uy sharoitida yaxshi samara beradigan o’t damlamali ingalyatsiyalar
qo’llaniladi (kalendula, qizilpoycha va boshqa damlamalar).
Ingalyatsiya
uchun
pulverizator
turidagi
maxsus
ingalyatorlardan
foydalaniladi, ular qisilgan havo va kislorod yordamida eritmalar purkaydi.
Ko’pincha dorivor moddalar nafas yo’llariga bug’simon holatda kiritiladi.
Bug’li ingalyatsiya deb suv bug’i va havo bilan aralashgan mayda
zarrachalardan iborat dorivor eritma (moy, dorivor preparatlar, ichiladigan soda -
natriy gidrokarbonat eritmasi) ni nafas yo’llariga kiritishga aytiladi. Odatda, bemor
muolajani mustaqil bajaradi, lekin asoratlar kelib chiqishining oldini olish uchun
unga yo’l-yo’riq ko’rsatish zarur.
Ko’pincha ingalyatsiya maxsus bug’li ingalyator yoki choynak yordamida
bajariladi. Choynakka 2-3 stakan suv quyiladi va qaynatiladi. So’ng bug’ chiqqan
jo’mrakdan bemor ingalyator kabi nafas oladi. Suvga qat’iy tayinlangan miqdorda
ingalyatsiya uchun modda qo’shiladi. Yuz terisi kuymasligi uchun choynak
jo’mragiga qattiq qog’ozdan yasalgan voronkasimon nay kiydiriladi va shu nay
orqali bug’ bilan nafas olinadi.
Ingalyatsiyani shilliq qavatni zararli omillar ta’siridan himoya qilish
maqsadida ham ishlatish mumkin. Moyli ingalyatsiyalar uchun o’simlik moylari
ishlatiladi: bodom, shaftoli, tozalangan pista yog’i. Ba’zida yog’ga mentol qo’shiladi
(1—3%), mentol og’riq qoldiruvchi va sust bakteriosid xususiyatlarga ega.
Uy sharoitida qilinadigan ingalyatsiyalarning eng ko’p tarqalgan usullari
Kartoshka po’sti bilan suvda pishiriladi, suvning bir qismi to’kib tashlanadi,
ozgina ukrop solinadi, 2 osh qoshiq o’simlik moyi va 1 choy qoshiq ichimlik sodasi
qo’shib, olovda isitiladi. Bemor qulay o’tkaziladi, uning boshiga paxmoq adyol yoki
katta issiq ro’mol (katta kapyushon ko’rinishida) yopiladi, issiq kartoshkali idish
ustida boshi engashtiriladi. Undan chiqayotgan bug’dan bemor 10—15 daqiqa
mobaynida nafas oladi. Shundan so’ng bemor issiq o’ralib, 1—2 soat o’rnida yotishi
lozim.
Kartoshkaning po’chogini yaxshilab yuvib, oz miqdordagi suvda kartoshka
hidi chiqquncha pishiriladi. 2 ta validol tabletkasini qo’shish ham mumkin. Bemor
boshi yopiladi, po’choqli idish ustiga engashtirib, burun va og’iz bilan 10-15 daqiqa
mobaynida chuqur nafas olinadi, shundan so’ng o’ringa yotiladi.
Bir choy qoshiq evkalipt bargi maydalanadi, 3 stakan qaynok suv quyiladi, 5
daqiqa damlanadi, isitilib, 20 daqiqa nafas olinadi.
Choynakda qaynab turgan suvga 1 osh qoshiq skipidar qo’shilib, bug’idan
nafas olinadi.
Sirlangan idishga 10 g qarag’ay kurtagi va tozalangan qalampir solinadi, 1
stakan qaynoq suv qo’shiladi, 20 daqiqa damlanib, siqib olinadi, suzgichdan
o’tkaziladi, ingalyatsiya qilinadigan idishga solinadi va bug’idan nafas olinadi.
70 ml issiq suvga 30 g asal qo’shiladi, bu suyuqlik kastryulka yoki choynakka
quyiladi, isitilib, kuniga 2—3 mahal 10—15 daqiqa nafas olinadi.
Qaynoq suvli choynakka 1 choy qoshiq ichimlik sodasi qo’shiladi va bug’idan
nafas olinadi.
1 osh qoshiq qizilpoycha o’tiga 1 stakan qaynoq suv quyiladi, 30 daqiqa
damlanadi, siqib olinadi, qaynoq suvli choynakka qo’shilib, ingalyatsiya qilinadi.
1 osh qoshiq kalendula, moychechaq mavrak qaynoq suvga qo’shiladi, 3—5
daqiqa damlanadi, suzgichdan o’tkaziladi kastryul yoki choynakdagi qaynoq suvga
qo’shilib, bug’dan 20 daqiqa nafas olinadi.
Qora andizning maydalangan ildiz va ildizpoyalari (20 g — to’la bir
oshqoshiq) sirli idishga solinadi, 1 stakan qaynoq suv quyiladi, qopqog’i yopiladi va
bug’da isitiladi, 30 daqiqa tez-tez kavlab turiladi, shundan so’ng suzgichdan
o’tkaziladi, issiq suvli choynakka qo’shilib, 10 daqiqa nafas olinadi.
20 g moychechakka 1 stakan qaynoq suv qo’shiladi, 4 soat damlanadi,
suzgichdan o’tkaziladi; damlama isitilib, iliq holda burun ingalyatsiyasi qilinadi. Bu
usul tumovda yaxshi yordam beradi.
Ingalyatsiya ning oddiy usuli:
1. Bemorning boshi salfetka bilan yopiladi.
2. Bug’ yuzni va shilliq qavatlarni kuydirmaydigan masofada o’tkaziladi.
3. Balg’am ko’chiruvchi moddalar qo’shilgan issiq suvli idish tepasiga bosh
engashtiriladi; ko’proq samara olish uchun sochiq bilan yopiladi va bemor bug’dan
og’iz yoki burun bilan nafas oladi.
Muolaja. Kislorod ingalyatsiyasi (oksigenoterapiya)
Samara: yurak-o’pka reanimatsiyasi,og’iroperatsiyalardan keyin, o’tkir yoki
surunkali nafas olish yetishmovchiligida qonni kislorod bilan ta’minlashni
yaxshilaydi.
Ko’rsatmalar: nafas olish, yurak faoliyatining buzilishi, og’ir holatlar.
Tayyorgarlik: bemorga muolajaning mohiyatini tushuntiring.
Jihozlar: kasalxona sharoitida, odatda, statsionar qurilmasi va bir marta
ishlatiladigan tayyor steril sistemalardan foydalaniladi; sistema bo’lmaganda,
kislorodli ballon yoki kislorodli yostiq ishlatiladi; Bobrov apparati, namlangan doka
salfetkalar, burun kateteri (mundshtuk niqob), vazelin moyi.
Bemorning holati: bosh tomoni ko’tarib yotqizilgan.
Bajarilishi:
1. Jihozlarni tayyorlang, kislorodli ballonning texnik foydalanish qoidalari,
xavfsizlik texnikasi qoidalari bilan tanishib chiqing.
2. Bemorning nafas yo’llari tozaligiga (balg’am, qusuq massalari, shilimshiq
yo’qligiga) ishonch hosil qiling.
3. Kateter uchini vazelin moyi bilan arting va kateter kiritish lozim bo’lgan
masofani aniqlang, burun uchidan quloq yumshog’igacha bo’lgan masofaga teng.
4. Kateterni pastki burun yo’li orqali orqa halqum bo’shlig’iga kiriting
(halqum tekshirilganda kateter uchi ko’rinib turishi kerak).
5. Kateterni bemorning yuziga yopishqoq plastir bilan mahkamlab qo’ying.
6. Kateterni dozimetr yoki Bobrov apparatiga ulang, niqobdan ham
foydalanish mumkin.
7. Bemorga reduktor manometri bo’yicha 1—2 atm. bosim ostida 2-4 l/min
tezligida 10—30 daqiqa davomida oralatib yoki to’xtovsiz kislorod bering.
Kislorodli yostiqni ishlatish oksigenoterapiyaning samarali uslubi hisoblanmaydi,
chunki u kislorod kelishini dozalashga imkon bermaydi.
8. Bemordan qulay joylashganligi haqida so’rang.
9. Muolaja tugagandan so’ng kateterni chiqarib oling, dezinfeksiya,
shilimshiqdan tozalash, sterillashni amalga oshiring.
10. Qo’lingizni yuving.
Ogohlantirish: kislorod nam holatda beriladi, aks holda shilliq qavat kuyib
qolishi mumkin.
Simptom. Qon tuflash — yo’talda qon yoki qonli balg’am ajralishi. Nafas
yo’llari tomirlarining yorilishi, yurak poroklari oqibatida o’pkada qon dimlanishi va
tomirlar devori o’tkazuvchanligining oshishi ham qon tuflashga sabab bo’ladi.
Ko’pincha milk yoki burun qonashi natijasida nafas yo’llariga qon oqib tushadi. Qon
tuflashdan farqli o’laroq o’pkadan qon ketishda ko’p miqdorda alvon rangli qon
tuflanadi. Odatda qon tuflash qon yo’qotishdek o’limga olib kelmaydi.
Qon tuflashda birinchi yordam:
1. Bemorni tinchlantiring — hayajon va jismoniy zo’riqishlar qon tuflashni
kuchaytirishi mumkin.
2. Bemorga yarim o’tirish holatini yaratib bering (bosh tanadan yuqoriroq),
bunday holat tuflashni osonlashtiradi; unga salfetka yoki balg’amni yig’ish uchun
maxsus idish bering.
3. Bemorga gaplashish va chekishni man qiling.
4. Yutish uchun muz bo’laklarini bering.
5. Qaysi o’pkadan qon ketayotganligi ma’lum bo’lsa, ko’krak qafasiga muz
solingan rezina xalta qo’ying.
6. Shifokorni chaqiring.
Ogohlantirish: ko’krak qafasiga banka, xantalma, grelka qo’yish qat’iyan
man qilinadi.
Simptom. Nafas olish a’zolari kasalliklarida isitma chiqishi
Turli xil mikroorganizmlar tomonidan kuzatilgan o’pka kasalliklari o’tkir
davrida harorat ko’tarilishi — isitma bilan kechadi. Bemorning qarindosh-
urug’lariga harorat o’lchash tartibining yo’l-yo’riqlarini ko’rsatish, bemorni
ko’rishda, turli xil muolajalarni bajarishda haroratni o’lchash va uning ahamiyatini
baholash zarur.
Yuqori haroratda yurak-tomir sistemasi va nafas olish funksiyasini kuzatib
turish muhim ahamiyatga ega. Isitmalayotgan bemorga ko’p miqdorda (1,5 l gacha)
suyuqlik — choy, mors, kompot, bulyon beriladi. Ovqat yengil hazm bo’ladigan,
vitaminga, ayniqsa C vitamini, uglevodlarga boy bo’lishi kerak uni tez-tez va oz-
ozdan berish lozim. Harorat tushayotganda ko’p ter ajralib chiqadi. Bemorni quruq
choyshab bilan artish, ichki kiyimlarini almashtirish zarur. Bemor bir daqiqa ham
xo’l kiyimda yotmasligi uchun kechkurunga bir necha juft ichki kiyim qoldirish
lozim.
Nafas olish patologiyasi bo’lgan bemorlarga ko’krak og’riqlarida birinchi
yordam ko’rsatish:
1. Bemorga og’riqni kamaytiruvchi holat yaratishda yordam berish.
2. Agar bemorga og’riqni bosuvchi vositalar tayinlangan bo’lsa, dori
vositalarini ko’rsatilgan dozada berish.
3. Bemorning ahvoli keskin o’zgarganda shoshilinch ravishda shifokorni
chaqirtirish zarur.
Simptom. Pnevmotoraks