Obraz yaratish yo’llari va turlari
Reja:
1. Obraz yaratish yo’llari: jamlash va prototip
2. Obrazlarning turlari
3. Hayot va obraz o’rtasidagi me’yor
4. Personaj. Qahramon
Adabiyotshunoslik ilmining kuzatishlariga ko’ra obraz yaratishning ikki yo’li
mavjud:
1. Jamlash yo’li bilan obraz yaratish. Bu haqda N.G.Chernishevskiy
“San’atning voqyelikka estetik munosabatlari” asarida shunday yozadi: yozuvchi
“ko’pgina individual shaxslarni kuzatadi; bularning hyech qaysi tip bo’lib xizmat
qila olmaydi; lekin u har biridan umumiy tipik xususiyatlarini aniqlaydi; barcha
tasodifiy xislatlarni chiqarib tashlab har xil kishilarga xos bo’lgan xususiyatlarni
badiiy bir butunlikka birlashtirish yo’li bilan xarakter yaratadi.”1
Yozuvchi hayotda ko’rgan, bilgan kishilarining xarakterli xislatlarini miya
sandig’iga joylab qo’yaveradi. Tug’ilgan g’oyaga muvofiq tasavvuri ishga tushadi-
hayotni bichib, to’qiydi. Tasavvur qalbini, ongini uyg’otadi va unda joylashgan
materiallardan, xislatlardan, detallardan keragini tanlab oladi va ularni faollik bilan
yakka shaxsda birlashtiradiki, undan tasvirlanishga mo’ljallangan obraz qismati
1 Қаранг: Т.Бобоев. Адабиётшуносликка кириш. Т., “Ўқитувчи”, 1979, 52-53-бетлар
bilan reallashadi. Otabek va Kumush (“O’tgan kunlar”), Qobil bobo (“O’g’ri”),
Turobjon (“Anor”) kabi ko’plab obrazlar ana shu yo’nalishning mahsulidir.
2. Prototip asosida badiiy obraz yaratish. Prototip (yunoncha protos-ilk,
dastlabki; tupos-nuqta, nishona)-badiiy obraz uchun asos, nuqta bo’ladi. Hayotda
mavjud bo’lgan tarixiy yoki zamondosh shaxsga tayanib yozuvchi obraz yaratar
ekan, albatta, yuqorida ta’kidlangan obraz yaratishning barcha unsurlaridan
foydalanadi. “Agar badiiy obrazni jonli organizm deb faraz qilinadigan bo’lsa-
prototip shu organizmning skeleti, badiiy to’qima-uning eti, estetik ideal esa qoni-
joni. Tirik organizmning etini skeletidan, skeletini qoni-jonidan ajratib
bo’lmaganidek, badiiy obraz “organizmi”dagi prototip badiiy to’qimadan, badiiy
to’qimani estetik idealdan uzib olib bo’lmaydi. Ular bir-birlariga payvandlashib,
qo’shilib-chatishib ketadi” (T.Boboyev, 53-bet). “Zaynab va Omon”dagi Zaynab,
“O’tgan kunlar”dagi Musulmonqul cho’loq, “Navoiy” romanidagi Alisher Navoiy,
“Yulduzli tunlar”dagi Bobur kabi qator obrazlar ana shu yo’nalishning ixtirolaridir.
Jamlash va prototip asosida yaratilgan obrazlarning jamini adabiyotshunoslik
fani shartli ravishda turlarga bo’lib o’rganadi. “Odamlar daryodek gap: hammasining
suvi bir xil, hamma joyda o’sha suv, lekin daryo goh keng bo’ladi, goh tor, goh tez
oqadi, goh sekin, suvi goh tiniq bo’ladi, goh loyqa, goh sovuq, goh iliq bo’ladi.
Odamlar ham shunday...” (L.Tolstoy). Shu sabab badiiy obrazlar judayam rang-
barang, turfa xildir.
Ijodiy metod taqozosiga ko’ra obrazlar romantik va realistik bo’ladi.
Romantik obrazlarda yozuvchi turmush haqidagi orzu va umidlarini
tasvirlaydi. Bunday obrazlar, garchi yozuvchi yashab turgan jamiyatda bo’lmasa-da,
yozuvchi orzu qilgan voqyelikning ifodasi hisoblanadi. Bunday obrazlar yuksak
ko’tarinki ruhda jismoniy jihatdan ham, ma’naviy jihatdan ham kuch - quvvatga,
mo’jizaga ega qilib tasvirlanishi mumkin. Jumladan, Alisher Navoiyning Farhodi,
Maksim Gorkiyning Yankosi, Aleksandir Dyumaning Dartanyani kabi obrazlarni
eslashning o’zi kifoya qiladi.
Haqiqatdan ham, Farhod (“Farhod va Shirin”) yoshligidanoq jami hunar va
san’atlarning nozikligini qo’lga kiritadi, Ahraman devni yengadi, ko’zguda arman
qizi Shirinni ko’radi, unga ishq qo’yadi, qismati sevgi bo’ladi. Bilgan va
o’rganganlarining hammasini – Shirin visoliga, uning muhabbatiga yetishishga
sarflaydi. Shu yo’lda ojiz tog’qazarlarga yordam beradi, bir o’zi Xisrav qo’shiniga
bas keladi. Ishq yo’lida bir daqiqa ham orom olmaydi, boshqalar manfaatini o’z
manfaatidan ustun qo’yadi va shu buyuk xislati bilan insoniyatga doimo o’rnakdir.
Darvoqye, u “agar birovning oyog’iga kishi bilmas bir tikon kirgan bo’lsa, u bu
tikonni kiprigi bilan olib tashlashga tayyor” (A.Navoiy. “Farhod va Shirin”, T., 1975,
159-bet) insondir. “Bir bechora zaif qiynalib bir oh cheksa, bu unga achinib yuz ming
oh tortuvchi”(159-bet) hamdarddir. U “o’z sevgisining otini tilga olib, sevgilisining
otini aytgan holda jon beradi”(214-bet)...
Xarakter xususiyatlari, faoliyati hayotdagi real odamlarga mos keladigan
tarzda umumlashtirib va aniqlashtirib, tipik sharoitda haqqoniylashtirib yaratiladigan
obrazlarga realistik obrazlar deyiladi. Bunday obrazlarda ro’y - rostlik, chinlik
yorqin ifodasini topadi.
Otabek, O’zbekoyim, Zaynab, Kumush, Yusufbek xoji, Mirzakarim qutidor,
Oftoboyim...Jannat kampir (“O’tgan kunlar”)-o’zbek romanchiligida yaratilgan
birinchi va hamon hayotiyliklari bilan maftun etuvchi realistik obrazlardir.
Adabiy tur va janrlar, uslub va tasviriy vositalarga ko’ra obrazlar
quyidagicha bo’ladilar:
1. Epik obrazlarda hayot voqea - hodisalari keng va atroflicha tasvirlanadi.
Voqeabandlik, ob’ektiv tasvir ustunlik qiladi. Epik turlarning hamma janrlarida
yaratilgan obrazlar – epiklik xislatlariga ega bo’ladi. Mirzo Ulug’bek, Qalandar, Ali
Qushchi (“Ulug’bek xazinasi”), Alpomish, Barchin (“Alpomish”), Qobil bobo
(“O’g’ri”), Sotiboldi (“Bemor”) kabilar shular jumlasidandir.
2. Lirik obrazda voqyelik inson kechinmalari (tuyg’ulari, hislari, o’ylari)
orqali ifodasini topadi. Lirik turning janrlari (she’r, g’azal, qasida, ruboiy, qo’shiq,
ashula, yor-yor, alla va sh.k.)dagi lirik qahramon (oshiq, yor, raqib) obrazi – tipik
misoldir.
3. Dramatik obrazda voqyelik xarakat orqali sahnada voqye bo’ladi.
Tragediya, komediya, drama, libretto, miniatyura kabi janrlarda yaratilgan obrazlar
(Qo’chqor, Alomat, Olimjon, Qumri, Sharofat, Saltanat, Suvon-“Temir xotin”) –
dramatik obrazlar deb yuritiladi.
4.
Hayoliy-fantastik
obrazlar
–
haddan
tashqari
bo’rttirilgan,
ilohiylashtirilgan, mo’jizaviy xarakterga ega bo’lgan qiyofalardir. Xalq og’zaki ijodi
(doston, ertak) dagi uchar gilam, ur to’qmoq, dev, ajina, jin obrazlari va fantastik
janrdagi (Hojiakbar Islom Shayxning “Tutash olamlar” mistik-fantastik romanidagi)
Nazira, Nargiza, Nafisa, G’avsul A’zam, hazrat Shayhontohur, Iblis obrazlari –
kishilarning tasavvurlarini kengaytiradigan, ruhiyat dunyo sirlari bilan oshna
etadigan timsollardir.
5. Afsonaviy obrazlar – butunlay xayolning mevasidir, ular bitmas -
tuganmas qudratga, yuksak fazilatlarga, mo’jizaga ega bo’ladilar. Alpomish
(“Alpomish”), Go’ro’g’li (“Chambil qamali”), Avazxon (“Malikai ayyor”), Ram
(“Ramayana”), Yudhishthira, Bhimasena, Arjuna (“Mohabhorat”) – ana shunday
qahramonlardir.
6.Mifologik obrazlar – afsona asosida yaratilgan asotiriy qahramonlar (Antey,
Prometey, Qayumars, Jamshid kabilar)dir.
Mifologiyaga ko’ra, Gaya Martan (Kayumrs) yer yuzida paydo bo’lgan birinchi
odam bo’lib, Axura Mazda (Xurmuz) tomonidan yaratilgan va ikki vujuddan:
ho’kizdan va odamdan tashkil topgan ekan. Insoniyatning ashaddiy dushmani
bo’lgan Axriman Kayumarsni o’ldiradi. Kayumars jasadining ho’kiz qismidan 55 xil
don, 12 xil o’simlik, sigir va ho’kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo
bo’ladi; oda qismidan insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga keladi
(Natan Mallayev. Њzbek adabiyoti tarixi, T., “O’qituvchi”, 1976, 45 - bet).
7. Ma’joziy (simvolik) obrazlar – predmetlar, o’simliklar, jonivorlar, ranglar
orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirib ifodalash demakdir. Ma’joziy obrazlarda
ifodalangan tasvirdan bevosita insonlarning munosabatini, ruhiy olamini anglaymiz.
Sahroni yosh to’kib ko’l qilgan hutman,
Bir lahza bexudman, bir lahza xudman.
Ollohim, rahm et, uvol ketmayin –
Yigirma uch yilda g’arq pishgan tutman.
(Nodir Jonuzoq, “Chilla” )
Keltirilgan to’rtlikda lirik qahramon (shoir) o’zini majozan “hutga” va “G’arq
pishgan tutga” o’xshatmoqda. “Hut” - shamsiya yil hisobidagi o’n ikkinchi (21
fevraldan – 21 martgacha), yomg’ir mo’l yog’adigan oyning obrazi bo’lsa, “g’arq
pishgan tut” - yigirma uch yoshlik yetilgan yigitning ramzidir. Yigitlik davrida goh
yaxshi, goh yomon (goh o’ziga kelib, goh behush) umrguzaronlik qilar ekan, u
Allohdan rahmdillikni so’raydi, uvol ketmaslikni iltijo qiladi.
8. Kinoyaviy (allegorik) obrazlar – hayvonlar, hashoratlar – turli jonivorlar
insoniylashtiriladi, ayrim odamlarning fe’l-atvoridagi kamchilik, illatlar achchiq
kulgu, yengil hazil bilan fosh qilinadi. O’git va nasihatlar beriladi. “Zarbulmasal”
(Gulxaniy)dagi Toshbaqa, Chayon, Maymun, Tuya, Bo’taloq kabilar allegorik
obrazlarning yorqin misoli bo’la oladi.
Ushbu poetik asardagi sichqonlar (O’tkir Rashid – “Qo’ng’iroq”) ham –
kinoyaviy obrazlarning barcha xususiyatlarini o’zida jamg’aradi:
Qo’ng’iroq ovozidan bilib olamiz,
Mushukvoy kelguncha qochib qolamiz.
Bu tadbirni ma’qullab, chalishdi chapak,
Pastdan bir ovoz chiqdi.. – To’xtanglar andak.
Qani ayting! Bu ishni kim qila oladi?
Mushukka qo’ng’iroqni xo’sh, kim iladi?
Rais dedi: - bu to’g’ri, kim iladi, kim?
Biror ovoz chiqmadi suv sepganday jim.
Taklif qilgan “sher” dedi: - Tag’in bilmayman,
Bu taklif, shaxsan men o’zim ilmayman.
Shundaylar bor maslahat berishga usta,
Amaliy ish kelsa, “yuragi xasta”.
9. Satirik obrazlarda hayotdagi qusurlar ustidan zaharxanda kulgu, sarkazm,
masxaralash usuli yetakchilik qiladi. Qahramonlardagi tashqi jihatdan ko’zga
ko’rinmaydigan, lekin ichki jihatdan bijg’igan, yaramas, arzimas odatlar fosh
etiladi. Kulgu qanchalik fosh etsa, uning mohiyati shunchalik ochiladi – qusur va
yaramasliklar o’limga mahkum etiladi. Mulla Dilkash (“Hiylai sha’riy”-G’.G’ulom),
Kalvak mahzum (“Kalvak mahzumning xotira daftaridan”-A.Qodiriy), Qori
Ishkanba (“Sudxo’rning o’limi”-S.Ayniy) kabi obrazlar faoliyatini achchiq kulgu ila
fosh etish yo’li bilan yozuvchilar inkor etadilar. “Malaydursan... ”da yaratilgan
ig’vogarlarning satirik obraziga (O’zAS, 27 noyabr, 1998) diqqat qilaylik:
Alayhil-la’na iblisga sadoqatli malaydursan,
Qayon yaxshi odam borki, go’riga g’isht qalaydursan.
Odamsan, zohiran, lek benasibsan odamiylikdan,
Ya’nikim, shunchaki maxluq erursan, o’rmalaydursan...
10. Yumoristik obrazlarda hayotdagi ayrim nuqsonlar yengil, quvnoq kulgu
ostiga olinadi va ularni tuzatishga chorlaydi. Mullado’st (“Maysaraning ishi”-
H.H.Niyoziy), Hamrobuvi, Xolnisa (“Shohi so’zana”- A.Qahhor), Toshbolta
(“Toshbolta oshiq”-H.G’ulom) kabilar yumoristik obrazlarning jonli namunalaridir.
Asqad Muxtorning “Afsona” she’ri (yuqorida keltirgan edik)ni qayta bir o’qisangiz,
yumoristik obrazlarga xos yoqimli kulguni jonli shohidi bo’lasiz.
Asar qurilishida tutgan o’rniga qarab obrazlar quyidagicha turlarga
bo’linadi:
1. Asar voqealarining markazida turib, asar syujetini harakatga keltiradigan va
oxirigacha rivojlantiradigan, asar bosh g’oyasini o’zida tashiydigan shaxslar – Bosh
obraz yoki Bosh qahramon deb yuritiladi.
Jumladan, XX asr boshida o’zbek xalqi o’zini qanday taniganini ko’rsatish
“Qutlug’ qon” (Oybek)ning bosh g’oyasidir. Ana shu g’oyani o’zida tashigani va
asarning boshidan oxirigacha ishtirok etgani uchun Yo’lchi romanning bosh
qahramoni sanaladi. Xuddi shuningdek, Otabek “O’tgan kunlar” (A.Qodiriy)ning,
Po’lat “Qudratli to’lqin” (Sh.Rashidov)ning, Avaz “Qora ko’zlar” (P.Qodirov)ning,
Ahmadjon “Davr mening taqdirimda” (A.Muxtor)ning bosh obrazidir.
2. Badiiy asarda ma’lum bir g’oyani (asardagi bosh g’oyaning kichik bir
bo’lagini) ifodalovchi, syujet davomida bir, ikki ko’zga ko’ringan obrazlar epizodik
yoki yordamchi obrazlar deyiladi.
Jumladan, “O’tgan kunlar” romanidagi Qovoq devona, Usta Farfi, Rahmat,
Ahmadxon, Komilbek kabilar – epizodik obrazlardir.
Usta Farfi romanda bir epizodda ko’rinadi va Otabek bilan usta Alimni
“Komilbekni qotili Hamid” ekanligiga ishontirish, Kumushning xaridori, uni
o’ziniki qilishga harakati borligini bildirish uchun, “bu bir it, tomdagi luqmani o’zi
ham yemaydi, boshqaga ham yedirmaydir, nah itning o’zi!” - deya Hamidni
xarakterlash uchun, Otabek hayotidagi fojealarning manbaini, Hamidning
yordamchisi Sodiq usta Alimga qo’shni ekanini ta’kidlash uchun kiritiladi. Bu
vazifani o’tab bo’lgach, romanning keyingi voqealari tasvirida ko’rinmaydi. Shunga
asosan u-yordamchi obrazdir.
Adabiyot hayotni ikki xil yo’l bilan tadqiq etadi: biri-tasdiqlash,
ikkinchisi-inkor etish. Shunga ko’ra obrazlar quyidagicha turlarga bo’linadi:
1. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan asosan ijobiy xislatlarni o’zida
tashisa va kitobxon uchun o’rnak bo’la olsa, jamiyatni ezgulik va komillikka
yetaklay bilsa, u – ijobiy obrazdir. Bu xususiyatlarga ega bo’lgan Otabek, Yo’lchi,
Bobur, Po’lat, Ahmadjonlar – ijobiy obrazlar sanaladi.
2. Xatti-harakati, xarakter xususiyati bilan, asosan salbiy xislatlarni o’zida
tashisa, kitobxonni o’ziga nisbatan nafratini uyg’otsa, jamiyatni tanazzulga tortsa, u-
salbiy obrazdir. Hamid, Musulmonqul cho’loq (“O’tgan kunlar”), Ahmad Tanbal
(“Yulduzli tunlar”), Inoyat oqsoqol (“Ufq”) kabilar bu xil obrazlarning tipik
vakilidir.
Adabiyot tarix va zamona materialiga murojat qilishiga ko’ra quyidagi
obrazlarni vujudga keltiradi:
1. Yozuvchi “tarix orqali zamonaning ichiga kirsa” (A.Tolstoy), tarixda bo’lib
o’tgan voqyelikni obrazlarda gavdalantirsa, ular tarixiy shaxslar obrazi deb
yuritiladi. Hamid Olimjoninng “Zaynab va Omon”idagi Zaynab, Oybekning
“Navoiy” romanidagi Navoiy, P.Qodirovning “Avlodlar dovoni”dagi Akbar real
tarixiy shaxslar obrazidir.
2. Yozuvchi bugungi jamiyatning taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan yangi
g’oyalarni ifoda etsa, bu g’oyalarni zamondosh, “tanish bo’lgan notanish”
xarakterlarda gavdalantirsa, bu zamonaviy obraz yoki zamondosh obrazi deb
yuritiladi. Mustaqillik mafkurasini qalbiga ko’chirgan, Istiqlol mohiyatini o’zida jam
qilgan, el-yurt ravnaqi uchun kuyib, yonib yashayotgan, O’zbekistonining buyuk
davlat bo’lishiga asos va kuch berayotgan tadbirkor, mulkdor zamondoshlarimiz
obrazi – bunday obrazlarning yaqqol timsolidir.
Adabiyotshunoslikda obrazlarning yana boshqacha turlari ham mavjud:
o’zgaruvchan obrazlar (Yormat-“Qutlug’ qon”), murakkab obrazlar (Ortiq-
“Qora ko’zlar”) kabi. Demak, bu sohadagi izlanishlar davom etaveradi.
Badiiy asardagi bir - biri bilan uzviy bog’liq obrazlar majmui - obrazlar
(sistemasi) tizimi (“O’tgan kunlardagi” Yusufbek hoji – O’zbekoyim- Otabek –
Kumush – Yodgorbek kabi), asardagi ma’lum bir guruhga mansub obrazlar –
obrazlar galeriyasi (“O’tgan kunlar”dagi Hamid – Sodiq – Mutal - Jannat kampir
kabi) deb yuritiladi.
Badiiy asar qahramonlarini yuqoridagidek turlarga ajratish mumkindir, lekin
ular o’rtasiga Xitoy devorini qo’yish tamoman noto’g’ridir. Chunki go’zal va
hayotbaxsh bitta obraz (masalan Otabek)ni - realistik obraz, epik obraz, bosh obraz,
ijobiy obraz, tarixiy obraz deb yuritaverish haqiqatga to’g’ri kelaverdi.
Hayotda har qanday yaxshi insonning ham qusurlari, har qanday yomonning
ham yaxshi xislatlari borligiga hyech kim shubha qilmaydi. Hammasi ham aybdor
(beayb-Parvardigordir) bandalardir. Shunday ekan, badiiy asar qahramonlarini
faqatgina bir rangda (oq yoki qora, yoki qizil) tasvirlanishi, sun’iy ravishda bir
rangning quyuqlashtirilishi mantiqan noto’g’ridir.
Jumladan,
“Oltin
zanglamas”
(Shuhrat)dagi
Mirsalim,
“Chiniqish”
(Mirmuhsin)dagi Bo’rixo’ja, “Senga intilaman” (H.G’ulom)dagi Mirhosil obrazlari
yozuvchilar tomonidan jamiyatimizda uchrab turuvchi salbiy xususiyatlarning
deyarli barchasini o’zlarida jamg’argan shaxslar sifatida tasvirlanadi; obraz
aniqligiga putur yetkaziladi. Natijada, bu obrazlar o’zlarining jonli qiyofalarini
yo’qotib, salbiy xususiyatlarning yig’indisiga aylanib ketadilar. Chunonchi, yigirma
yildan buyon kolxozga rais bo’lib kelgan Mirhosil – qo’li egri, qo’pol,
xushomadgo’y, cho’lni nobud etuvchi, ma’naviy jihatdan buzuq, xotin olib, xotin
qo’yuvchi va hokazo...
Adabiyot – insonshunoslik ekan, adabiy asardagi obrazlar hayotdagi
kishilarning fe’l - atvorlariga – xarakterlariga muvofiq kelishi, eng asosiysi, hayotiy
bo’lishi talab qilinadi.
Adabiyotshunoslikda “obraz” tushunchasi bilan ba’zida teng, ba’zida farqli
ishlatildigan “personaj”, “qahramon” tushunchalari ham bor.
Personaj (lat. Personal-shaxs so’zidan) atamasi badiiy asarda ishtirok etuvchi
hamma shaxslarga nisbatan qo’llaniladi. Ko’pincha asardagi epizodik obrazlar-
personajlar deb yuritiladi, shu sabab uning tushunchasi obrazga nisbatan tor
hisoblanadi. “Ona lochin vidosi” (P.Qodirov) romanidagi Ibn Ali, Ahmad Tarxon,
Bobo Husayn, Habiba Sulton, Robiya Sulton, Uvays Tarxon, Sherhoji kabilar –
personajlardir.
Qahramon deganda, shijoati, dovyurakligi, botirligi bilan shuhrat qozongan,
jonbozlik, mardlik qilib o’zini ko’rsatgan (M., O’zbekiston Qahramoni) kishi
tasavvurga kelsa-da, bu tushuncha umuman asarda ishtirok etuvchi (Yo’lchi,
Yormat, Unsin; Hamid, Sodiq, Mutal; lirik qahramon, epik qahramon) ijobiy yoki
salbiyligidan qat’iy nazar hamma shaxslarga, ko’pincha, bosh ishtirokchilarga
nisbatan qo’llaniladi. Chunki, har qanday salbiy qahramon ham adabiy asarga to’qib-
bichib kiritilar ekan, u ham asardagi biror voqea-hodisaning yuzaga kelishida asosiy
rol o’ynashi, shubhasizdir.
Tayanch tushunchalar
Obraz yaratishning jamlash va prototip yo’llari. Realistik obraz. Romantik
obraz. Epik obraz. Lirik obraz. Dramatik obraz. Xayoliy - fantastik obraz. Afsonaviy
obraz. Mifologik obraz. Majoziy obraz. Kinoyaviy obraz. Satirik obraz. Yumoristik
obraz. Ijobiy obraz. Salbiy obraz. Tarixiy obraz. Zamonaviy obraz. Bosh obraz.
Yordamchi obraz. Personaj. Qahramon.
Savol va vazifalar
1. Obraz yaratishning qaysi yo’llarini bilasiz? Misollar bilan isbotlang.
2. O’qigan asarlaringizdagi qahramonlarni-klassifikasiya (turlarga ajrating) qiling.
3. Hayot va obraz o’rtasidagi me’yor qanday bo’lishi lozim?
Adabiyotlar
1. N.Shukurov va boshqalar. Adabiyotshunoslikka kirish. T., “O’qituvchi”, 1979,
65-70-betlar.
2. T.Boboyev. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “O’qituvchi”, 1979, 52-58-betlar.
3. A.Ulug’ov. Adabiyotshunoslikka kirish, T., “Universitet”, 2000, 17-19-betlar.
4. H.Umurov. Tahlil san’ati, T., G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at
nashriyoti, 1978, 73-138-betlar.
5. Alisher Navoiy. Farhod va Shirin, T., G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at
nashriyoti, 1975.
6. Abdulla Qodiriy. O’tkan kunlar. Mehrobdan chayon, T., G’afur G’ulom nomidagi
Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994.