O‘SIMLIKSHUNOSLIK
Reja.
1. O‘simlikshunoslik fanining qishloq xo‘jaligi tarmog‘idagi o‘rni.
2 O‘simlikshunoslik fanining maqsad.
3. O‘simlikshunoslik fanining vazifalari.
O‘simlikshunoslik fani qishloq xo‘jaligining asosiy tarmog‘i bo‘lib, madaniy
o‘simliklarning o‘sish va rivojlanishi qonuniyatlarini o‘rganadi. Ana shu
qonuniyatlar aosida madaniy o‘simliklardan yuqori va sifatli hosil olish imkoniyatini
beradigan samarali agrotexnikaviy tadbirlarni ishlab chiqadi.
O‘simlikshunoslik fanining vazifasi-asosiy qishloq xo‘jalik ekinlarini
hududlashtirish ularni xalq xo‘jaligidagi ahamiyati, biologik xususiyatlari,
rivojlanishi va hosil to‘plash qonuniyatlarinini o‘rganish, ekinlar hosildorligini
oshiruvchi samarali metodlarni topishdan iborat.
Qishloq xo‘jalik o‘simliklari boshqa qurollar, mashinalar singari jamiyatni
ishlab chiqarish kuchlarini rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Masalan: qand
lavlagini va moyli o‘simliklarni paydo bo‘lishi bilan (XIX asrning 2-yarmida)
Rossiyada qand va moy ishlab chiqarish sanoati paydo bo‘la boshladi.
Insonlar o‘simliklarni yetishtirib borish jarayonida turli sharoitlarga duch
keladi. O‘simliklarga kerakli bo‘lgan hayotiy omillarni to‘la bo‘lishi uchun albatta
atrof-muhit sharoitini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Masalan: sho‘r tuproqlarni
yuvish, kislotali tuproqlarni esa ohaklash kerak bo‘ladi va h.k.
O‘simliklarning yaxshi o‘sishi, rivojlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish
uchun dala ishlarini o‘z vaqtida sifatli bajarish katta ahamiyatga ega (tuproqni
ishlash, o‘g‘itlar solish, ekish, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish). Bu ishlarni
kechiktirib bajarish hosilni kamayishga va mahsulot sifatining buzilishiga olib
keladi. Dala ekinlari agrotexnikasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish qiyin yoki
tuzatib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘simlikshunoslikda hamma sharoitlar qat’iy
hisobga olinadi.
O‘simlikshunoslik chorvachilik bilan chambarchas bog‘langan, chunki ularga
oziqa mahsulotlari yetkazib beradi va ulardan o‘simliklar uchun zarur bo‘lgan
organik o‘g‘itlar oladi.
Ilmiy fan sifatida o‘simlikshunoslik fani faqat dala ekinlarini: donli ekinlar,
dukkakli-don ekinlari, ildizmevali ekinlar, tuganak mevali ekinlar, moyli ekinlar,
narkotik ekinlar, tolali ekinlar va yem-xashak o‘tlarini o‘rganadi.
Dunyo dehqonchiligida katta maydonlarga g‘alla ekinlari ekiladi - ular butun
ekin maydonini 70% ini egallaydi. G‘alla ekinlarining o‘rtacha hosildorligi 19,5 s ga
ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda qadimdan bug‘doy, arpa, beda, tariq, jo‘xori va boshqa ekinlar
ekib kelinadi. Respublikamiz dehqonchiligida g‘o‘za 1,5 mln.gektar yerga, donli
ekinlar sug‘oriladigan yerlarda 1 mln., lalmikor yerlarda esa 300 ming ga yerga
ekilmoqda.
Boshqa fanlar kabi o‘simlikshunoslik ham fan sifatida o‘z uslubi va
yo‘nalishiga ega. Ilmiy ishlar dala, vegetatsion va laboratoriya usulida olib boriladi.
Dala uslubida ilmiy ishlar ilmgohlarda, oliygohlarda tajriba dalalari va maxsus
ajratilgan paykallarda olib boriladi.
Dala tajribasi agrotexnik usullarni ta’sirini o‘rganish uchun qo‘llaniladi.
Masalan: tuproqlarga ishlov berish, o‘g‘it qo‘llash, ekish normasi va usullarini
aniqlash, va boshqa agrotexnik tadbirlarni o‘rganish kiradi. Bularan tashqari yangi
navlarni sinab ko‘rish ham shular qatoriga kiradi. Dala tajribasida yana
o‘simliklarning biologik xususiyatlari ham tekshirib ko‘riladi.
O‘rganilayotgan omillarning soniga qarab dala tajriba ishlari 2 ga
bo‘linadi:
a) bir omilli tajribalar; b) ko‘p omilli tajribalar.
Dala tajriba ishlariga laborotoriya-dala tajriba usuli ham kiradi. Bunda
o‘tkazilayotgan tajribalar kichik uchastkalarda o‘tkaziladi. Ishlab chiqarish tajribasi
ham dala tajriba usullaridan biri hisoblanadi. Bunda katta maydonlarda yangi navlar
yoki yangi agrotexnik usullar sinab ko‘riladi. Ishlab chiqarish tajribasi ilmiy-
tadqiqot ishlarining oxirgi bosqichi hisoblanadi.
Vegetatsion tajriba ishlari-bu usul o‘simlikshunoslikda biologik, fiziologik,
agrokimyo va boshqa masalalarni hal qilishda qo‘llaniladi. Bu usul yordamida ayrim
omillarning ta’sirini bevosita aniqlasa bo‘ladi. Masalan: o‘simliklarga mineral
moddalarni ta’sirini nishonlangan atomlar yordamida aniqlash mumkin. Vegetatsion
tajribalar maxsus xonalarda: masalan: teplitsalarda, tuproq bilan to‘ldirilgan
chelaklarda (sosud), eritmalarda o‘simliklarni o‘stirish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
O‘simliklarga tashqi omillarning ta’sirini o‘rganishda maxsus sun’iy
sharoitlar yaratilgan xonalarda (fitotronlar) tajribalar olib boriladi. Bunda sharoit
avtomatik ravishda boshqarilib turiladi.
Laboratoriya usulida ilmiy ishlar maxsus laboratoriyalarda olib boriladi.
Dala va vegetatsion tajribalarda olib borilgan ishlarga baho berish uchun
ko‘pincha tuproq unumdorligi va namligi, hosilning sifati va boshqalarni aniqlash
kerak bo‘ladi.
O‘simlikshunoslik qishloq xo‘jaligining asosiy va muhim tarmoqlaridan biri
hisoblanadi. O‘simliklarni ekishdan maqsad ulardan inson uchun kerakli oziq-ovqat
mahsulotlari, chorvachilik uchun yem-hashak va sanoat uchun xom ashyo
yetishtirishdan iboratdir. Inson va hayvonlar uchun kerakli ozuqalarni asosiy qismini
oqsillar tashkil etadi. Oqsillarni 80%i o‘simliklardan, asosan don va dukkakli-don
o‘simliklardan olinadi. Dunyoda ekiladigan ekinlarning eng asosiy qismini ya’ni
70% ini donli ekinlar tashkil qiladi. G‘o‘za, kartoshka, soya, zig‘ir va kanop ekinlari
ham katta maydonlarda ekiladi.
O‘simliklardan yuqori hosil olishni ta’minlaydigan texnologiyalar eng avvalo
o‘simliklarning biologik xususiyatlariga asoslanadi. O‘simliklarning biologiyasi
deb, o‘suv davrida o‘simlikda bo‘ladigan o‘zgarishlar va rivojlanishi uchun talab
qilinadigan sharoit tushiniladi. O‘simlikni tashqi sharoitga talabi o‘rganilganda,
bunda uning issiqlikka, yorug‘likka, suvga, ozuqaga va tuproqqa bo‘lgan talabi
hisobga olinadi. O‘simlik turlari ma’lum bir tuproq va iqlim sharoitida shakllanadi
va shu jarayonda o‘simlikda ma’lum biologik xususiyatlar vujudga keladi.
O‘simlikning biologiyasini aniqdash uchun shu turning (genotipning) shakllanishiga
ta’sir qilgan ekologik sharoitni o‘rganish zarur. Shuning uchun uning kelib chiqish
mintaqalarini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘simliklarning kelib chiqish
markazlari 1935 yili ilk bor ulug‘ rus olimi N.I.Vavilov tomonidan aniqlangan. Bu
ma’lumotlar keyinchalik boshqa olimlar tomonidan to‘ldirilib, hozirga qadar
o‘simliklarni 12 ta kelib chiqish markazlari aniqlangan:
1. Xitoy-Yaponiya markazi - Xitoy, Koreya va Yaponiyaning subtropik mintaqasi
kiritilgan. Bu mintaqadan soya, bug‘doy, tariq, marjumak kelib chiqqan.
2. Indoneziya, Janubiy Xitoy markazi-suli, shakarqamish, meva va sabzovot
ekinlari kelib chiqqan.
3. Avstraliya markazi-sholi, g‘o‘za, sebarga, tamaki, evkalipt, tropik daraxtlar kelib
chiqqan.
4. Hindiston markazi-sholi, hind bug‘doyi, g‘o‘za turlari, shakarqamish, meva va
sabzavot ekinlari kelib chiqqan.
5. Markaziy Osiyo markazi-Tojikiston, O‘zbekiston, Afg‘oniston- bu mintaqa ko‘k
no‘xat, mosh, yasmiq, no‘xat, tolali nasha, maxsar, xashaki dukkaklar, g‘o‘za turlari,
qovun, afg‘on javdari va ko‘p yillik o‘simliklar vatanidir.
6. Old Osiyo markazi-Tog‘li Turkmaniston, Eron, Kavkazorti, Kichik Osiyo, Arab
yarim oroli - bu markazdan bug‘doy turlari, arpa, suli, javdar, ko‘k no‘xat, beda,
zig‘ir, sabzavot va va meva ekinlar kelib chiqqan.
7. O‘rta Yer dengizi markazi- Misr, Suriya, Falastin, Gretsiya, Italiya va O‘rta Yer
dengizi sohilida joylashgan davlatlar, bu suli, arpa, bug‘doy turlari, zig‘ir, karam,
lavlagi, sabzi, sholg‘om, turp, piyoz, sarimsoq, ko‘knori, oq xantal kabi ekinlar
vatanidir.
8. Afrika markazi-jo‘xori turlari, tariq, kanakunjut, sholi, bug‘doy turlari, moyli
palma, dukkakli ekinlar, kunjut, kofe va g‘o‘za turlari vatanidir.
9. Ovropa-Sibir markazi-tolali zig‘ir, duragay sebarga, beda turlari, kandir, xmel,
meva va sabzavot ekinlari.
10. Markaziy Amerika - Meksika, Gvatemala, Gonduras, Panama -makkajo‘xori,
loviya, qovoq, ingichka tolali paxta, shirin kartoshka, maxorka, qalampir, ko‘p yillik
o‘simliklar.
11. Janubiy Amerika-madaniy kartoshka, tamaki, pomidor, ko‘p yillik arpa,
makkajo‘xori turlari.
12. Shimoliy Amerika-arpa turlari, lyupin, kungaboqar, sabzavot va rezavor
o‘simliklar.
Bu ekinlarning aksariyati dehqonchilikda 508 ming yildan beri ekilmoqda va
o‘z vatanidan uzoq boshqa tuproq-iqlim sharoitiga moslahib ketgan, evolutsiya
davrida ko‘p o‘simliklarning morfologik va biologik belgilari o‘zgargan.
O‘simliklarning kelib chiqish markazlarini bilish asosida ularning
biologiyasini, genetikasini va seleksiyasini tadqiqot qilib, shu o‘simliklardan yuqori
hosil yetishtirishni boshqarish va yangi navlarni yaratish uchun yordam beradi va
yangi navlarni yaratishda samaradorlikni oshiradi.
Dunyo bo‘yicha 1500 ga yaqin madaniy o‘simlik turlari ma’lum, ular o‘zining
morfologik belgilari va biologik xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Bulardan
90 ga yaqini dala o‘simliklari bo‘lib, ularning alohida navlari o‘sishi va rivojlanishi,
tashqi muhitga bo‘lgan talabi va boshqa xususiyatlari bilan bir-biridan farqlanadi
Bu o‘simliklarni o‘rganish uchun ular guruhlarga bo‘linadi. Dala ekinlarini
tasnifi ulardan olinadigan mahsulotni ishlatilish xarakteriga qarab tuziladi. Bu tasnif
bo‘yicha dala ekinlari quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1.Donli ekinlar - bu ekinlar o‘zaro 3 ta biologik guruhlarga bo‘linadi. a) haqiqiy don
ekinlari (bug‘doy, arpa, javdar, suli, tritikale), b) tariqsimon don ekinlari-
(makkajo‘xori, jo‘xori, tariq, sholi, marjumak), v) don-dukkakli ekinlar-(ko‘k
no‘xat, mahalliy no‘xat, loviya, soya, yasmiq, burchoq).
2.Tuganakmevali, ildizmevali va poliz ekinlar-bu guruh 3 ta biologik guruhlarga
bo‘linadi: a) tuganakmevali ekinlar-kartoshka, topinambur, batat, b) ildizmevali
ekinlar-qand lavlagi, xashaki lavlagi, xashaki sabzi, xashaki sholg‘om, v) poliz
ekinlari-qovun, tarvuz, qovoq.
3.Moyli ekinlar 2 ta biologik guruhga bo‘linadi : a) seryog‘ o‘simliklar-kungaboqar,
maxsar, kunjut, yeryong‘oq, moyli zig‘ir, raps, b) efirmoyli ekinlar-oq zira, qora zira,
kashnich, arpabodiyon.
4.Tolali ekinlar-bu guruh 3 ta biologik guruhga bo‘linadi: a) tola urug‘da rivojlanadi-
g‘o‘za turlari. b) tola poya po‘stlog‘ida rivojlanadi-kanop, jut, zig‘ir, rami. v) tola
bargda rivojlanadi-tolali banan, Yangi Zelandiya zig‘iri.
5.Narkotik o‘simliklar-tamaki va maxorka.
6.Yem-xashak o‘tlar-bu guruh 4 ta biologik guruhlarga bo‘linadi : a) ko‘p yillik
dukkakli o‘tlar-beda, sebarga, bargak, qashqarbeda, b) ko‘p yillik qo‘ng‘irbosh
o‘tlar-mastak turlari, oqso‘xta, erkak o‘t, yaltirbosh, ajriqbosh, v) bir yillik dukkakli
o‘tlar-shabdar, bersim, vika, g) bir yillik qo‘ng‘irbosh o‘tlar-sudan o‘ti, qo‘noq,
mastak.
Sinov savollari.
1. O‘simlikshunoslik qanday tarmoq ?
2. O‘simlikshunoslik fanining predmeti ?
3. O‘simlikshunoslik asosiy vazifalari qaysilar ?