QON TOMIRLARI FIZIOLOGIYASI.
Tayanch Iboralar.
Arteriya, vena, kapillyar, elastiklik, gemodinamika, gidrodinamika, qon
bosimi, 200-250 mm, 120 mm, 80 mm, qonli, qonsiz, manjetkadagi va havo bosimi,
tovush paydo bo‘lishi, tovushni yo‘qolishi, yosh, tur, zot, nerv sistema, gumoral
sistema, kechqurun, kunduz, sress, yog‘ bosish, qonni aylanish davri, arteriya va
vena pulsi, sfigmogramma, flebogramma, vena tomiridagi yolpigich, tomirdagi
bosimini pastligi, ko‘krak qafasidagi bosim, simpatik, parasimpatik, adrenalin,
asetilxolin, renin, serotinin, ATF va uning parchalanish mahsulotlari, serotinin,
bradikinin, o‘pka, yurak, buyrak, miya, jigar, toloq.
1.Maxsus elastik naychalarda qonning yurakdan pereferiyaga, pereferiyadan
yurakga qarab to‘xtovsiz harakat qilib turishiga qon aylanishi deyiladi. Qon
tomirlari elastiklik xususiyatiga ega bo‘lib, aortadan, arteriya, arteriolalar,
kapillyarlar, venulalar vena va kovak venalardan iborat. Qon tomirlarida qon
uzuluksiz to‘xtovsiz harakat qilib turadi, lekin qon tomirlariga qon yurakdan hamma
vaqt ham chiqmaydi. (Biz yurak faoliyatini o‘rganganimizda yurakdan qon sistola
vaqtida chiqadi degan edik ya’ni bo‘linib-bo‘linib chiqadi).
Demak, qon tomirlarida qonning uzluksiz oqishiga sabab nima?
Suyuqliklar naychalarda gidrodinamika qonuniga ko‘ra harakat qiladi.
(Maxsus naychalarda suyuqliklarni harakatini ahamiyati katta bo‘lib, sisternadan
suyuqliklar oqib chiqqan paytda bosimi baland va olislashib borgan sari bosimi
pasayib borgani kabi qon tomirlarida ham qon yurakdan olislashib borishi bilan
uning bosimi pasayib boradi. Qon ham suyuqliklar singari bosim yuqori tomondan
bosim past tomonga qarab oqadi. Qon tomirlarida qonning harakat qilishini
o‘rganadigan sohani gemodinamika sohasi deyiladi. Qon bosimi yurakning ishi
natijasida hosil bo‘ladi. Yurak qisqarganda ya’ni uning sistolasi davrida kuchli
bosim bilan bir porsiya qonni aortaga chiqaradi va qon bosim past tomonga qarab
harakat qiladi. Otilib chiqqan qonning bosim bilan harakat qilishi natijasida qon
oldinga, yon tomonga va orqaga qarab harakat qiladi. Natijada oldinga oqayotgan
qon bosim yuqori tomondan bosim past tomonga harakat qiladi: orqaga qaytib
oqayotgan qon o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib qaytib oqadi, yon tomonga urilgan qon
ham o‘z qon yo‘nalishini o‘zgartirib qonning uzluksiz oqishini ta’minlaydi.
M: miltiq otilganda bir qism bosim o‘qni gilzadan chiqarish uchun sarflanadi,
miltiq tepkisi bosilib, parox partlab hamma tomonga bir xil bosim hosil qiladi.
Qon tomirlaridagi qon bosimi yurakdan uzoqlashgan sayin pasayib, kamayib
boradi chunki qon bosimi yurakdan uzoqlashgan sayin tomirlar qarshiligini engishga
sarf bo‘ladi.
Qon aortaga otilib chiqqanda 200-250 mm simob ustuniga, arteriyada 120 mm
simob ustuniga teng, bo‘lib 80 mm simob ustuniga teng bosim tomirlar qarshiligini
engishga ketadi. Shuning uchun ham qon tomirlarining hamma qismlarida bosim bir
xil bo‘lmaydi.
Aortada qon bosimi 200-250 mm simob ustuniga teng bo‘lsa, kapillyarlarda
0,5 mm simob ustuniga teng. Qon bosimi qonning oqish tezligiga to‘g‘ri
proporsional, ya’ni qonning bosimi qancha yuqori bo‘lsa qon shuncha tez oqadi va
bosim past bo‘lsa qon sekin oqadi. Odatda qon bosimi ikki xil yo‘l bilan aniqlanadi:
qonli va qonsiz usul. Qonli usul haqikiy qon bosimini aniqlashda hayvonga narkoz
berilib yoki mahkam bog‘lab qon tomiri kesilib qon tomiriga naycha o‘rnatib simob
manometrga ulanadi va simob manometri qon bosimi ko‘tarilib pasayishini
ko‘rsatadi.
Kratkov qonsiz usul bilan qon bosimini o‘lchashni tavsiya qilgan va hozir
keng qo‘llaniladi. Buning uchun manometr yoki sfigmomanometrning manjeti katta
hayvonlarning dumiga, kichik hayvonlarning soniga bog‘lanadi. (Har birlaringiz
tibbiy ko‘rikdan o‘tgan davrda qon bosimlaringizni bilak arteriyalaringizda
aniqlatgansizlar).
Hayvonlardan ot, eshak, qoramollarda manjetka dum arteriyasiga, quyon,
qo‘y, itlarda son arteriyasiga bog‘lanadi va manjetkaga qon tomiridan qon o‘tmay
qolgunga qadar havo yuboriladi, ya’ni tomir qisiladi so‘ngra asta-sekinlik bilan
manjetkadagi havoni chiqarila boshlanadi. Manjetkadagi havo bosimi qon
tomirlardagi qonning maksimal bosimiga teng bo‘lganda qon tomirlaridan qon
uzilib-uzilib, bo‘linib-bo‘linib o‘ta boshlaydi, chunki sistola davrida bosim katta
bo‘lganligi uchun qon tomirning qisilgan joyidan o‘tib diastola vaqtida o‘ta olmaydi.
Qonning bo‘linib-bo‘linib o‘tishidan tovush hosil bo‘ladi va bu tovushni
fonendoskop yordamida eshitsa bo‘ladi. Tovush hosil bo‘lgandagi manjetkadagi
bosim qonning maksimal bosimi deyiladi (qonning maksimal bosimi manjetkadagi
havo bosimidan past bo‘lganida qon o‘tmay qoladi. Sistolik bosimda qon bosimi
bilan manjetdagi havo bosimi baravarlashib qon tomiridan o‘tadi lekin diastola
davrida qonni o‘tkazmaydi).
Bu vaqtda biz qon bosimini o‘lchaganimiz yo‘q, biz manjetdagi havoni
bosimini o‘lchab, bu bosimni shu qon tomiridagi bosimga shartli ravishda teng deb
olamiz. Qonning maksimal bosimi aniqlangandan so‘ng manjetdan havo
chiqarilishini yana davom etdiramiz. Manjetdagi bosim kamayib qonning minimal
bosimiga (diastolik bosimga) teng bo‘lganda qon tomirlaridan qon uzluksiz o‘ta
boshlaydi. Natijada qonning bo‘linib-bo‘linib o‘tishidan hosil bo‘lgan tovush
yo‘qoladi. Tovush yo‘qolgan paytdagi manjetdagi bosim qonning minimal bosimiga
teng deb qabul qilinadi. Demak, biz qonsiz usul bilan qon bosimini aniqlash uchun
tovushga e’tibor berar ekanmiz. Biz birinchi tovush paydo bo‘lgan paytini izlaymiz
aks holda biz noto‘g‘ri bosimga ega bo‘lamiz va yo‘qolgan paytini aniqlaymiz. Hozir
hamma qon bosimini aniqlash qobiliyatiga ega. Shuning uchun sizlar buni aniq
bilishlaringiz lozim.
Qon bosimi yurakning ish sikliga ham bog‘liq bo‘lib, yurak ish faoliyati
tezlashganda qon bosimi ko‘tariladi va yurak faoliyati sekinlashganda qon bosimi
pasayadi.
Qonning bosimi qon tomirlarining diametriga bog‘liq bo‘lib, qon tomiri
torayganda qon bosimi ortadi va qon tomiri kengayganda qon bosimi pasayadi.
Jismoniy ish qilganda, qon tomirlarida qon miqdori ortganda ham qon bosimi
ko‘tariladi. Qon bosimining oshishiga, ko‘tarilishiga-gipertoniya deyiladi. Qon
bosimining pasayishiga, kamayishiga gipotniya deyiladi. Qonning bosimi o‘z
navbatida hayvon turiga, jinsiga, yoshiga, zotiga, maxsuldorligiga, organizmning
fiziologik holatiga, sutkaning vaqtiga, nerv sistemasining holatiga va boshqa
faktorlarga bog‘liq holatda o‘zgaradi. M: urg‘ochi hayvonlarning qon bosimi erkak
hayvonlarnikiga nisbatan past, yosh hayvonlarning qon bosimi qarri hayvonlarnikiga
nisbatan
past,
zotdor,
maxsuldor
hayvonlarning
qon
bosimi
maxalliy
hayvonlarnikidan baland.
Kunduzi hayvonlarning qon bosimi, kechasigi bosimga nisbatan baland.
N.S.qo‘zg‘alganda qon bosimi baland.
Homiladorlik davrida, jismoniy ish bajarganda, atmosfera havosi past
bo‘lganda yoki toqqa ko‘tarilganda, qon bosimi baland bo‘lib ba’zan burindan qon
ketadi. Chunki burun ichki devordagi qon tomirlaridagi qon bosimi devor
tashqarisidagi bosimga nisbatan ko‘tarilib, qon tomiri yoriladi. Yosh hayvonlar
yuragi tez uradi qon bosimi yuqori bo‘lishi kerak lekin aksincha yosh hayvonlarda
qon bosimi past, buning sababi nimada? Chunki yosh hayvonlarning qon tomirlari
yaxshi rivojlangan bo‘lib elastikligi yaxshi, qarri hayvonlar qon tomirlarida
elastiklik past. Chunki hayvon keksaya borish natijasida uning organizmida
moddalar almashinuvining buzilishi natijasida jumladan yog‘ almashinishining
buzilishi natijasida xolesterin moddasining qon tomirlariga o‘tirib qolishidan
elastiklik pasayib, tomirlar torayadi. Yog‘ almashinishining boshqarilishida
gormonlardan jinsiy gormonlarning faoliyatini pasayishi organizmda xolesterin
moddasini ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Xuddi shu usulga asoslanib hayvonlarni
semirtirish uchun axta (kastratsiya) qilinadi. Oqibatda hayvon organizmida yog‘
yaxshi to‘planib xolesterin esa depolarda ya’ni qon tomirlariga o‘tirib qolib tomirlar
elastikligi yo‘qola boradi, bundan tashqari turli stress faktorlar ta’sirida gipertoniya
kasalligi vujudga keladi. M: fermerlarda, shirkat raislarida gipertoniya kasalligi
oddiy ishchilarga nisbatan tez va ko‘p uchrab turadi. Qon bosimi yurakning sistola
va diastola vaqtida o‘zgarib turadi, bu o‘zgarishga yurakning birinchi tartibli
o‘zgarishi deyiladi. Qon bosimi nafas olganda, ko‘krak qafasi kengayganda ortadi
va nafas chiqarganda pasayadi. Qon bosimini bunday o‘zgarishi ikkinchi tartibli
o‘zgarish deyiladi. Bitta ikkinchi tartibli o‘zgarish ichida birqancha (3-4) birinchi
tartibli o‘zgarish bo‘ladi (ya’ni yurak urish soni ko‘p bo‘lganligi uchun m: yurak
nafas olishga nisbatan 3-4 marta ko‘p uradi).
Tomir kengayib torayishi natijasida qon bosimining o‘zgarishi uchinchi
tartibli o‘zgarish deyiladi, bitta uchinchi tartibli o‘zgarishda bir nechata ikkinchi
tartibli o‘zgarish bo‘lishi mumkin, ya’ni 1 daqiqa ichida yurak 60 marta ursa 1
daqiqada 15 marta nafas oladi o‘z navbatida qon tomiri 3-4 daqiqada bir marta
qisqaradi.
Qonning qon tomirlarida oqish tezligi va qon aylanishi bir qancha faktorlarga
bog‘liq. Qonning katta va kichik qon aylanish doirasidan o‘tishi uchun ketgan vaqtga
qonning aylanish vaqti deyiladi. Barcha sut emizuvchi hayvonlarda qon aylanish
vaqti 25-27 sistolaga teng yoki qo‘pol hisoblanganda 1 daqiqada yurakdan
organizmdagi umumiy qon 2 martaba o‘tadi yoki 1 daqiqada o‘rtacha 10 litr qon
organizmdan aylanib o‘tadi.
Qonning aylanish vaqtining 4/5 qismi katta qon aylanish doirasidan o‘tish
uchun 1/5 qismi kichik qon aylanishidan o‘tish uchun safr qilinadi.
Nega kichik qon aylanishidan qon tez o‘tadi?
Chunki kichik qon aylanish doirasidan o‘tayotgan qon tomirlari qisqa va qon
tomirlarining diametri katta. Katta qon aylanish doirasi uzun va qon tomirlar
diametri kichik.
2.Qon tomirlar devorining ritm bilan tebranib turishiga puls deyiladi. Puls ikki
xilda bo‘ladi: arteriya va vena pulsi. Arteriya qon tomir devorining qisqarib
kengayishiga, tebranishiga arteriya puls va vena qon tomirining tebranishiga vena
pulsi deyiladi.
Arteriya pulsi hamma arteriya qon tomirlarida bo‘lib, vena pulsi hamma
venalarda bo‘lmasdan faqatgina yurakga yaqin vena qon tomirlarining tebranishidan
hosil bo‘ladi xolos. Arteriya pulsining kelib chiqish sabablari yurakning sistolasi
davrida aortaga otilib chiqqan qonning qon tomiriga bergan bosimi natijasida
vujudga keladi. Arteriya pulsi juda tez tarqaladi. M: qon aortada 0,5 m tezlik bilan
tarqalsa puls 7-9 m tezlik bilan tarqaladi (qonning eng tez oqadigan joyi aorta va
qonning oqishi 0,5 m teng, puls esa aortadagi qonga nisbatan 14-18 marta tez
tarqaladi).
Shuning uchun yurak tepkisi bilan puls birday eshitiladi.
Puls tez, sekin, qattiq, yumshoq bo‘lishi mumkin. Puls belgilariga qarab yurak
va tomirlar sistemasi qanday ishlashi haqida fikr yuritish mumkin.
Puls maxsus asbob yordamida yozib olinadi va yozib olingan arteriya pulsini
egri chizig‘iga sfigmogramma deyiladi. Arteriya qon tomirlar devori qalin vena qon
tomirlar devori yupqa. Venna qon tomirlarining tebranishi ya’ni vena pulsi vena qon
tomirlarining hamma joyida bo‘lmay yurakga yaqin kovak venada kuzatiladi. Vena
pulsining yozib olingan egri chizig‘iga flebogramma deyiladi. Vena pulsi kavak
venalarda oqib kelayotgan qonning yurakga to‘xtovsiz oqib kelib uzluksiz yurakga
kira olmasligidan hosil bo‘ladi. Arteriya qon tomirlarida qonning oqishiga sabab
yurak bo‘lsa, vena qon tomirlarida qonning oqishiga bir qancha faktorlar sabab
bo‘ladi.
Qonni oyoqgacha oqib borishiga sabab ma’lum, uni yurakga yig‘ilib kelishiga
sabab nima?
Vena qon tomirlarida qonning oqishiga sabab quyidagilar.
1).Arteriya qon tomirlariga nisbatan vena qon tomirlarida qon bosimi past
shuning uchun qon arteriyadan venalarga qarab oqadi ya’ni harakat qiladi.
2).Arteriya qon tomirlari bilan vena qon tomirlari organizmda bir xil joylashgan
emas. Vena muskullar orasidan o‘tib muskullarning torayishi natijasida qon mayda
qon tomirlaridan katta tomirlarga harakat qiladi va kengayganda yana boshqa
qismlardan qon oqib kelib shu zaylda takrorlana beradi. M: agar ignami, shishami
barmoqlarimizga kirsa va yiringli yallig‘lanish hosil bo‘lmasa shu shisha yoki igna
muskullarni qisqarishi natijasida yurakga qarab harakat qiladi.
3).Vena qon tomirlari devori maxsus yarimoysimon yelpig‘ichlar bilan
jihozlangan. Bu yelpig‘ichlar doim to‘xtovsiz uzulksiz harakat qilib, qonni yurak
tomon haydaydi. (Arteriya qon tomirlarida yarimoysimon yelpig‘ich yo‘q, vena qon
tomirlarini mikroskop tagida yelpig‘ichlarini doimo harakat qilayotganini
kuzatishimiz mumkin).
4).Nafas olganda ko‘krak qafasi kengayib ko‘krak qafasida manfiy bosim hosil
bo‘lib qon yurak tomon so‘riladi. (Vena diafragma o‘rtasidan qizilo‘ngach bilan
birga ko‘krak qafasiga kirib keladi va ko‘krak qafasi kengayganda qonni so‘radi).
Arteriya qon tomiri bilan vena qon tomirlarida qon oqish tezligi bir xil
bo‘lmay arteriya qon tomirlarida qon bosimi katta bo‘lgani uchun qon oqish tezligi
ham baland bo‘ladi. Arteriya qon tomirlarining diametri vena qon tomirlarining
diametridan farq qiladi, ya’ni arteriyalar venalarga nisbatan tordir.
3.Organizmdagi barcha qon tomirlar turli xil ta’sirotlar natijasida torayib
kengayib turadi. Qon tomirining devori kengayib, torayib turishi undagi silliq tolali
muskullarning qisqarib kengayishi natijasida hosil bo‘ladi. Qon tomirlarining
bunday kengayib torayib turishiga tomirlarning tonusi deyiladi. Muskullar tonusi
ortsa tomirlar torayadi va muskullar tonusi kamaysa tomirlar kengayadi.
Qon tomirlar muskullarining tonusi (qisqarib-kengayishi) o‘z navbatida nerv
sistemasi orqali boshqariladi.
Qon tomirlarning toraytiruvchi va kengaytiruvchi maxsus nerv tolalari
mavjud. Qon tomirlar devorini toraytiruvchi nervlarga simpatik nerv kiradi, bu nerv
qon tomirlarini toraytirib, qon bosimini oshiradi.
Simpatik nervning qon tomirlar devoriga ta’sirini 1842 yilda A.P. Valter baqa
quymich nervini simpatik tolasini kesib, oyoq qon tomirlarini kengayganligini
kuzatgan. Quyonlarda esa bo‘yin simpatik nerv kesilganida quloq qon tomirlarini
kengayganini va uning quloqqa yo‘nalgan oxirini ta’sirlab quloq qon tomirlarini
torayganligini 1852 yilda K.Bernar aniqlagan. Simpatik nerv ta’sirida faqat toj
tomirlar kengayadi (yurakni qon bilan ta’minlovchi, oziqlantiruvchi tomirlar).
Parasimpatik nervlar qon tomirlariga kengaytiruvchi ta’sir qiladi va bu K.
Bernar tomonidan o‘rganilgan (quyon qulog‘idagi qon tomirlar yaxshi rivojlangan.
Lekin quyonlarda ter bezlari bo‘lmagani uchun issiqlikni ko‘pchiligini quloq qon
tomirlarining kengayishi hisobiga chiqaradi).
Simpatik nerv kesib quloqqa boradigan uchi ta’sirlansa quloq oqarib qon
tomirlarini torayganligini va hatto ko‘rinmay qolganligini kuzatamiz, agarda
simpatik nerv kesilsa, tomirlar juda kengayib quloqda qon tomirlarini qon bilan
to‘lganligini, kengayganligini, qizarganligini kuzatamiz. Yurakga boradigan
parasimpatik nerv yurak toj tomirlarini toraytiradi. Qon tomirlar ishini boshqaruvchi
nerv markazlari orqa miyaning ko‘qrak va 3 ta bel sigment-larida, uzunchoq miyada
(V.F.Ovsyannikov 1871) va bosh miya yarimsharlar po‘stlog‘ida joylashgan. Qon
tomirlarini toraytiruvchi nervga vazokonstruktorlar deyiladi. Qon tomirlarini
kengaytiruvchi nervlarga vazodilyatatorlar deyiladi. Qon tomirlarining devori
reflektor yo‘l bilan ham boshqariladi. Qon tomirida joylashgan mexanik, kimyoviy
va boshqa ta’sirot sezuvchi retseptorlarni ta’sirlanishi ham qon tomirlarini reflektor
yo‘l bilan boshqarili-shida muhim rol o‘ynaydi. Qon tomirlaridagi turli xil
ta’sirotlarni sezuvchi retseptorlar to‘plamiga Refleksogen qismlar-zonalar deyiladi.
Refleksogen zonalar aortaning bo‘lingan joyida, uyqu arteriyasini bo‘lingan joyida
va kovak venalarning qo‘shilish joyida joylashgan.
Mana bu refleksogen zonaning ahamiyati nimada?
Vodorod ionining konsentrasiyasi oshsa xemoretseptorlar sezib ta’sirotni
markazga yetkaztib qondagi N0 ionining ko‘payganini xabar qilib, qon tomirini
kengaytirish yuzaga chiqadi. Agar adrenalin ko‘paysa, xemo retseptorlar ta’sirotni
sezadi va qon tomirini boshqaruvchi markazga beradi natijada qon tomiri torayib,
qon bosimi ko‘tariladi. Bosim ko‘paysa baro retseptorlar yordamida sezib markazga
xabar yuborib qon tomirlarini kengaytirib bosimni pasaytiradi.
Qon tomirlar devoriga Refleksogen zonalardagi introretseptorlardan tashqari
ekstroretseptorlar ham qon tomirlar devorini reflektor yo‘l bilan kengaytirib yo
toraytirib turadi. M: urilganda og‘riqni ekstroretseptorlar sezadi, g‘azablanganda
adrenalin ko‘payishi natijasida odamning yuzi qizarib ketadi. Chunki qon tomiri
torayadi. Sovuq natijasida ham tomir torayadi. Demak ekstroretseptorlar ham qon
tomirlar tonusini boshqarishda muhim rol o‘ynar ekan.
Qon tomir devorining o‘zgarishiga (kengayib, torayishiga) nisbatan shartli
reflekslar ham hosil qilish mumkin ya’ni shartli refleks natijasida ham tomirlarni
kengaytirib toraytirish mumkin. Bu esa bosh miya yarim sharlar po‘stlog‘ining qon
tomirlar tonusini boshqarishda ishtirok etishini ko‘rsatadi.
Qon tomirlar devorining kengayib torayib turishini nerv sistemasidan tashqari
gumoral mexanizmlar ham boshqarib turadi.
1.Buyrak usti bezining mag‘iz qavatidan ishlab chiqariladigan adrenalin
garmoni yurakning toj va miya tomirlaridan tashqari barcha qon tomirlarini
toraytirib qon bosimini oshiradi.
2.Gipofiz bezining orqa qismidan ishlanib chiqiladigan vazopressin gormoni
ham qon tomirlarini toraytirib qon bosimini oshiradi.
3.Organizmda moddalar almashinishi natijasida hosil bo‘ladigan gistamin
degan kimyoviy modda qon tomirlarini kengaytirib qon bosimini pasaytiradi.
4.Parasimpatik nerv uchida hosil bo‘ladigan mediator modda asetilxolin qon
tomirlarini kengaytirib qon bosimini pasaytiradi.
5.Buyrakda hosil bo‘ladigan kimyoviy modda Renin qon tomirlarini toraytirib
qon bosimini oshiradi. Renin qon tomirlar qisilganida va tomirlar tizimida qon
kamayganida ko‘p hosil bo‘ladi. Mutadil qon bilan ta’minlanishda renin kam hosil
bo‘ladi va plazma golbulinlaridan gipertenzinogenni – gipertenzinga aylantirib qon
tomirlarini toraytiradi.
6.Sklet muskullari ish faoliyati tufayoi ATF va uning parchalanish
mahsulotlaridan adenil kislota va sut hamda ko‘mir kislotalari ajralib tomirlarni
toraytiradi.
7. Serotinin ichak shilliq pardasida va bosh miyaning ba’zi qismlarida hosil
bo‘lib tomirlarni toraytiradi. Serotinin qon plastinkalarini parchalanishidan ham
hosil bo‘lib qon ivishida tomirlarni toraytiruvchi ta’sir etadi va shikastlangan
tomirlardan qon oqib chiqishiga to‘sqinlik qiladi. V.N.Chernigov va boshqalar toloq,
buyrak usti bezi, buyraklar, ko‘mik tomirlarida ham xemo retseptorlarni topgan.
8. Bradikinin o‘pka, jog‘ osti so‘lak bezi, oshqozon osti bezlaridan qon
tomirlarini kengaytiruvchi modda ajiralib arteriola muskullarini bo‘shashtirib, qon
bosimini pasaytirishi aniqlangan.
4.Qon o‘zini biologik vazifasini faqat kapillyarlardan o‘tayotganda bajaradi
chunki to‘qima bilan qon o‘rtasidagi modda almashinuvi faqat kapillyarlarda sodir
bo‘ladi ya’ni kapillyarlar devori bir qavat endoteliydan tuzilgan va qalinligi 0,004
mm bo‘lib, osmos, diffuziya jarayoni uchun qulay kapillyarlar devori qon tomirlar
devori singari qisqarib, kengayib turadi va kapillyarlar qisqarganda kapillyarlardan
qon mutlaqo o‘tmay qolishi ham mumkin. Shuning uchun tinch holatda organizmda
mavjud bo‘lgan barcha kapillyarlar faoliyatda bo‘lmay tinch yopiq bo‘ladi.
Organizm hamma kapillyarlarini 100% deb olsak, faqatgina 2-3% faoliyatda bo‘lib
97-98% yopiq bo‘ladi. (Faqatgina hayotiy muhim organlar kapillyarlaridan yurak,
jigar, o‘pka, buyrak, miya va boshqalarda kapillyarlar ochiq).
Organizmdagi kapillyarlar qancha ko‘p bo‘lsa, yaxshi oziqlangan qism organ
va umuman organizm faoliyati kuchayadi. Shuning uchun ham yertalabki badan
tarbiya natijasida kapillyarlar ochilib, organ to‘qima faoliyati kuchayib umumiy
organizm faoliyati kuchayadi. Shamollaganda garchichnik, banka, kompres, grelka
qo‘yib davolash kapillyarlarning faollashishiga asoslangan. Bu paytda organizmda
qonning qayta taqsimlanishi yuzaga kelib, organizmdagi qonning qayta
taqsimlanishi organizmning ishiga bog‘liq. Turli xil organlar o‘zlarining faoliyatiga
qarab, turli xil miqdorda qon bilan ta’minlanadi. Tomirlarda oqib turgan qon
organlar ishiga qarab, reflektor yo‘l bilan ta’minlanadi. Ishlab turgan organga tinch
turgan organga nisbatan ko‘p qon keladi, chunki ishlab turgan organda ochiq
kapillyarlar soni ishlamay turgan organlardagiga nisbatan 10-15 marta ko‘p.
Muskullarda esa 50 marta ko‘p. Xuddi shunday ovqatlanish davrida ovqat hazm
qilish organlariga ko‘p qon kelib boshqa organlarga qon borishi kamayadi. Tashqi
muhit harorati ko‘tarilganda teridan o‘tadigan qon ko‘payadi va aksincha aqliy
mehnat qilganda bosh miyaga ko‘p qon oqib keladi. Biror organda qon aylanishi
o‘zgarsa organni hajmi ham o‘zgaradi. Demak, organizmning qon bilan
ta’minlanishi shu organlarda kechayotgan fiziologik jarayonlarga bog‘liq.
Organizm ishlab turganda tinch turgan organlarda qonning taqsimlanishi har
xildir. Ichki sekresiya bezlariga buyrak, jigar, miya, boshqa organlarga nisbatan
ko‘proq qon keladi.
M:bir daqiqada 100 gramm vazndagi turli organlardan oqib o‘tadigan qon
miqdori turlicha bo‘lib, qalonsimon bezdan 560; buyrakdan 420; jigardan 150;
yurakdan toj tomirlar orqali 85; ichaklardan 50, miyadan 65; toloqdan 70;
oshqozondan 35 ml va hokazo. Ya’ni organlarning qon bilan ta’minlanishi
organizmning fiziologik holatiga bog‘liq.
Turli organlarda qon aylanishining farqi.
1.O‘pkada qon aylanishining farqi: har qanday organga arteriya kelib
kapillyarlar to‘rini hosil qilib vena qon tomiri bo‘lib chiqib ketadi. Lekin ayrim
organlar o‘ziga xos farqga ega.
O‘pkaga katta va kichik qon aylanish doirasidan qon keladi. O‘pkada qon ikki
marta kapillyarlar to‘rini arteriya qoni o‘pka to‘qimalarini oziqlantirish uchun
kapillyarlar to‘rini tashkil qilib kapillyarlar to‘ridan o‘tadi. Kichik qon aylanish
doirasinidan o‘pka arteriyasi orqali kelgan vena qoni, gaz almashinish uchun
kapillyarlar to‘ridan o‘tadi.
Demak o‘pkaga 2 ta qon tomiri kelib 1 ta vena qon tomiri bo‘lib chiqib ketadi:
ya’ni ikki marotaba kapillyarlar to‘rini hosil qiladi.
2.Jigarda qon aylanishining farqi.
Jigar o‘z barer xususiyatlariga ko‘ra qon aylanishi bilan farq qiladi. Jigarga jigar
arteriyasi orqali arteriya qoni kelib jigar hujayralarini oziqlantiradi undan tashqari
hazm organlaridan yig‘ilib kelgan vena qon ham darvoza venasi orqali jigarga kiradi.