QORIN PARDANING KLINIK ANATOMIYASI: YO‘NALISHI, PARIETAL VA VISSERAL VARAQLARI, QORIN BO‘SHLIG‘I TOPOGRAFIYASI. ERKAK VA AYOLLAR QORIN PARDASI
Yuklangan vaqt
2024-10-27
Yuklab olishlar soni
2
Sahifalar soni
5
Faytl hajmi
19,5 KB
QORIN PARDANING KLINIK ANATOMIYASI: YO‘NALISHI,
PARIETAL VA VISSERAL VARAQLARI, QORIN BO‘SHLIG‘I
TOPOGRAFIYASI. ERKAK VA AYOLLAR QORIN PARDASI.
Qorin parda - peritoneum
Qorin parda - peritoneum - qorin bo`shlig`i devorini va qorin bo`shlig`idagi
a’zolarni o`rab turadigan seroz parda. Bu parda ikki qavatdan: tunica serosa va
tela subserosa lardan tashkil topgan.
Qorin bo`shlig`i devorining ichki tarafini qoplaydigan seroz parda - pariyetal
qorin parda - peritoneum parietale; qorin bo`shlig`idagi a’zolarni o`rab turgan
seroz parda - visseral qorin parda - peritoneum viscerale deyiladi. Pariyetal va
visseral qorin pardalar o`zaro tutashgan bo`lib, bu ikki qorin parda orasida qorin
pardalar aro bo`shliq - cavitas peritonei joylashadi. Qorinning oldingi devoridagi
serbar mushaklar ichki tarafdan pariyetal qorin parda bilan qoplangan. Qorin
oldingi devorining pastki qismida 5-ta kindik sohasiga yo`nalgan burma ko`rinadi.
Toq holda, o`rtadagi burma plica umbilicalis mediana va juft holdagi plica
umbilicalis mediales hamda plica umbilicale laterales.
CHov kanali sohasida esa, chov chuqurchasi - fossa inguinales,son kanali
sohasida esa son chuqurchasi - fossa femoralis bo`ladi. Qorin oldingi devoridan
qorin parda diafragma yuzasiga yo`naladi. Diafragma yuzasidan seroz parda
visseral qorin pardaga davom etadi. Natijada diafragma bilan jigar orasida
o`roqsimon boylam lig. falciforme hepatis, tojsimon boylam - lig. coronarium
hepatis, uchburchaksimon boylam - lig. triangulare dextrum et sinistrum hosil
bo`ladi.
Jigarni o`rab olgan visseral qorin parda o`ng buyrak yuzasiga lig.
hepatorenale vositasida davom etadi. Jigar darvozasidan me’da kichik
egriligigacha lig. hepatogastricum boylami, jigar darvozasi sohasidan 12
barmoqli ichak yuzasigacha lig. hepatoduodenale boylami yo`naladi.
Lig. hepatogastricum hamda lig. hepatoduodenale boylamlari umumiy
holda kichik charvi - omentum minus deyiladi. Kichik charvi omentum minus
quyidagi boylamlardan hosil bo`ladi:
a) lig. hepatophrenicum – jigarning chap tojsimon boylamining qismi;
b) lig. hepatoesophageale – jigarning visseral yuzasidan qizilo`ngachning
qorin qismiga yo`nalgan boylam;
v) lig. hepatogastricum – jigarning visseral yuzasidan oshqozonning kichik
egriligiga yo`nalgan boylam;
g) lig. hepatoduodenale - jigarning visseral yuzasidan o`nikki barmoqli
ichakga yo`naladigan boylam.
Me’daning kichik egriligi sohasida qorin parda ikki varaqga ajralib me’dani
hamma tarafdan o`rab olgan holda katta egrilik sohasida ikki parda o`zaro
uchrashadi. Qorin parda katta egrilikdan pastga ichaklarning oldingi yuzasidan
yo`naladi va chanoq sohasida qayrilib yuqoriga ko`tariladi. Ikki varaqdan iborat
bo`lgan qorin parda qorin bo`shlig`ining orqa devoridagi pariyetal qorin pardaga
davom etadi. Bu sohadagi qorin pardaning pastki varag`i esa qorin bo`shlig`ining
orqa devoridan ko`ndalang chambar ichak tutqichini hosil qilishda qatnashadi.
Me’daning katta egriligi bilan ko`ndalang chambar ichak visseral qorin pardalari
orasi qo`shilib ketishi natijasida, ichaklarning oldingi sohasida to`rt qavatli seroz
parda tashkil bo`ladi va bu hosilaga katta charvi - omentum majus deyiladi.
Katta charvi - omentum majus tarkibi quyidagi boylamlardan hosil bo`ladi:
a) lig. gastrophrenicum – diafragma bilan oshqozon orasidagi boylam;
b) lig. gastrosplenicum – oshqozon bilan taloq orasidagi boylam;
v) lig. gastrocolicum – oshqozon bilan ko`ndalang chambar ichak orasidagi
boylam;
g) lig. phrenicosplenicum – diafragma bilan taloq orasidagi boylam;
d) lig. splenorenale – taloq bilan chap buyrak orasidagi boylam;
e) lig. pancreaticosplenicum – taloq bilan oshqozon osti bezi orasidagi
boylam;
m) lig. pancreaticocolicum – ko`ndalang chambar ichak bilan oshqozon osti
bezi orasidagi boylam;
n) lig. splenocolicum – taloq bilan ko`ndalang chambar ichak orasidagi
boylam;
o) lig. phrenicocolicum – diafragma bilan ko`ndalang chambar ichak
orasidagi boylam.
Qorin bo`shlig`ini orqa devori sohasidagi pariyetal qorin parda ingichka ichak
devorini o`raydigan visseral qorin pardaga ingichka ichak tutqichlari -
mesenterium - holida yo`naladi. Ingichka ichak tutqichining, qorinning orqa
devoriga birikish ildiziga radix mesenteri deyiladi. Qorin orqa devoridagi qorin
parda yo`g`on ichakning ko`tariluvchi va tushuvchi qismlarini uch tarafdan o`rab
oladi. Yo`g`on ichakning ko`r ichak, ko`ndalang chambar ichak hamda S - simon
ichak qismlari qorin parda bilan hamma tarafdan o`ralganligida tutqichlar hosil
bo`ladi. Bu to`tqichlar chuvalchangsimon o`simta sohasida mesoappendix,
ko`ndalang chambar ichak sohasida mesocolon transversum, S – simon ichak
sohasida mesocolon sigmoideum deb nomlanadi.
To`g`ri ichakning esa yuqori qismi introperitoneal, o`rta qism mezoperitoneal,
pastki qismi esa ekstraperitoneal holda o`raladi.
Qorin orqa devoridan qorin parda chanoq sohasida to`g`ri ichakdan siydik
pufagiga yo`naladi. Ayollarda esa to`g`ri ichakdan bachadon yuzasiga va so`ngra
siydik pufagiga yo`naladi. Siydik pufagidan so`ng visseral qorin parda, qorin
oldingi devorining ichki yuzasiga davom etadi.
Visseral va pariyetal qorin parda varaqlari orasidagi bo`shliqni uch qavatga
ajratgan holda o`rganish mumkin: yuqori qavat; o`rta qavat; ostki qavat.
Qorin parda bo`shlig`ining yuqori qavati diafragma va yo`g`on ichak
ko`ndalang qismining tutqichi mesocolon transversum orasida joylashadi.
Qorin parda bo`shlig`ining o`rta qavati ko`ndalang chambar ichak tutqichi
mesocolon transversum bilan katta chanoq bo`shlig`i orasida joylashadi.
Qorin parda bo`shlig`ining pastki qavati kichik chanoq bo`shlig`i sohasiga
to`g`ri keladi.
1. YUqori qavatda uchta qopcha (bo`shliq) hosil bo`ladi:
a) jigar qopchasi (bo`shlig`i) - bursa hepatica;
b) me’da oldi qopchasi (bo`shlig`i) - bursa pregastrica;
v) charvi qopchasi (bo`shlig`i) - bursa omentalis.
Bursa hepatica sohasida jigarning o`ng bo`lagi joylashadi. Uning devorlarini
diafragma, lig. coronarium hepatis lar tashkil etadi. Bu bo`shliq sohasida o`ng
buyrak uchi va o`ng buyrak usti bezi ham joylashadi.
Bursa pregastrica sohasida jigarning chap bo`lagi, me’daning oldingi yuzasi,
taloq joylashadi. Bu bo`shliqning devorlarini: lig. coronarium sinistra, me’daning
oldingi yuzasi, lig. gastrolienale, lig. phrenicolienale lar tashkil etadi.
Vursa omentalis me’daning orqasida joylashadi. Bu bo`shliqning devorlarini:
qorin bo`shlig`ining orqa devori, diafragma, ko`ndalang chambar ichakning
tutqichi, lig. gastrolienale, diafragma - taloq boylami lig. phrenicosplenium,
kichik charvi boylamlari lig. hepatogastricum, lig. hepatoduodenale tashkil
etadi. Kichik charvi boylamlari orasida charvi bo`shlig`iga teshik va charvi daxlizi
foramen et vestibulum bursae omentalis joylashadi. CHarvi bo`shlig`ida
jigarning chap bo`lagi, me’da osti bezi, 12 barmoqli ichak, chap buyrak va chap
buyrak usti bezi joylashadi.
Qorin bo`shlig`ining o`rta qavat bo`shlig`ida ingichka ichak va yo`g`on
ichakning qismlari joylashadi. Bu bo`shliqning qorin yon devori bilan yo`g`on
ichakning ko`tariluvchi qismi orasida o`ng yon kanal - canalis laterales dexter
hosil bo`ladi. Qorin yon devori bilan yo`g`on ichakning tushuvchi qismlari orasida
esa chap yon kanal - canales lateralis sinister joylashadi.
Qorin bo`shlig`ining o`rta sohasida yo`g`on ichak qismlari orasida ingichka
ichak qovuzloqlari joylashadi. Ingichka ichak tutqichlari qiyshiq holda chap yuqori
sohadan - o`ng yonbosh sohaga yo`nalgan bo`ladi.
Ingichka ichak tutqichlarining yuqori o`ng bo`shlig`i sohasiga sinus
mesentericus dexter deyiladi. Ingichka ichak tutqichining ostki qismi chap
bo`shliq - sinus mesentericus sinister ni tashkil etishda qatnashadi.
Qorin bo`shlig`ining pastki qavatida siydik chiqaruv a’zolari va jinsiy a’zolar
joylashadi. Bu bo`shliqda erkaklarda siydik qopchasi va to`g`ri ichak orasida
chuqurcha - excavatio rectovesicalis hosil bo`ladi. Ayollarda esa to`g`ri ichak
bilan bachadon orasida – excavatio rectouterina hamda bachadon bilan siydik
qopchasi orasida excavatio vesicouterina hosil bo`ladi.
Qorin pardaning umumiy yuzasi 20400 sm kvadrat bo`lib, teri sathiga to`g`ri
keladi. Qorin bo`shlig`idagi a’zolarning hammasi ham qorin parda bilan bir xil
o`ralvermaydi. Hamma tarafidan o`ralgan a’zolarga - introperitoneal, uch tarafdan
qorin parda bilan o`ralsa - mezoperitoneal va faqat bir tarafdan qorin parda bilan
o`ralsa - ekstraperitoneal a’zolar deyiladi.
Jigar qorin parda bilan uch tarafdan o`ralgan - mezoperitoneal a’zo. Jigarning
diafragma bilan tutashgan boylamlari (lig. falciforme hepatis, lig. coronarium
hepatis dextrum et sinistrum,lig. triangulare dextrum et sinistrum), hamda
jigarning qo`shni a’zolar bilan tutashgan boylamlari lig. hepatogastricum, lig.
hepatoduodenale, lig. hepatorenale bo`ladi.
Me’da qorin parda bilan hamma tarafdan o`ralgan - introperitoneal a’zodir.
Jigar bilan bog`lanadigan boylamdan lig. hepatogastricum dan tashqari,
me’daning tubi diafragma bilan tutashga lig. phrenicogastrium, hamda taloq
darvozasi bilan birlashgan lig. gastrolienale. Me’daning yo`g`on ichakning
ko`ndalang bo`limi orasidagi boylami lig. gastrocolicum - katta charvini hosil
etishda qatnashadi.
Taloq - hamma yuzasi qorin parda bilan o`ralgan introperitoneal a’zodir.
12-barmoqli ichak va me’da osti bezi - qorin pardadan tashqari joylashgan
ekstraperitoneal a’zodir.
Qorin parda bilan hamma tarafdan (introperitoneal) o`ralgan a’zolar
quyidagilar: och ichak, yonbosh ichak (ingichka ichak), yo`g`on ichakning ko`r
ichak qismi - appendikulyar o`simtasi bilan, yo`g`on ichakning ko`ndalang qismi
va S-simon qismi. Jigar, yo`g`on ichakning ko`tariluvchi va tushuvchi qismlari
qorin parda bilan uch tarafdan (mezoperitoneal) o`ralgan.
Yo`g`on ichakning to`g`ri ichak bo`limining yuqorigi bo`limi qorin parda
bilan hamma tarafdan (introperitoneal), o`rta bo`limi uch tarafdan (mezoperitoneal)
o`ralgan va pastki bo`limi qorin pardadan tashqarida (ekstraperitoneal) joylashgan.