SHE’R TUZILISHI. BADIIY ASAR TILI. BADIIY TASVIR VOSITALARI
Yuklangan vaqt
2024-12-11
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
6
Faytl hajmi
26,4 KB
SHE’R TUZILISHI. BADIIY ASAR TILI. BADIIY TASVIR VOSITALARI
REJA:
1. So`z adabiy-badiiy asarning yagona unsuri ekanligi.
2. Badiiy asar tili xususiyatlari.
3. Badiiy asar tilining tarkibi.
4. Dialog va monolog haqida tushuncha.
5. Badiiy asar tilida tasviriy vositalarning ishlatilishi.
Tayanch so’z va iboralar: badiiy asar tili, dialog, monolog, tasviriy vosita,
tasviriylik, emotsionallik, obrazlilik, aforizm, muallif tili, jargonlar, antonim,
omonim, metafora, metonimiya, o`xshatish, sifatlash, allegoriya, mubolag`a.
Adabiy-badiiy asar yaratish uchun faqatgina so`zdan foydalaniladi. Buning
uchun birgina so`z zarur, xolos. Abadiy-badiiy asar yaratish uchun undan bo`lak
boshqa biror bir xom ashyoga ehtiyoj, zarurat bo`lmaydi. So`z adabiy-badiiy asarning
birinchi va yagona unsuri hisoblanadi. Yozuvchi, shoir asar yozish uchun hayotning
muayyan parchasini badiiy gavdalantirish uchun birgina vosita-so`zdan
foydalanadi. So`z uning uchun asar mazmunini ro`yobga chiqaruvchi birdan bir
tayanch sanaladi. Chunki uning yordamida asarning barcha unsurlari: qahramonlar
obrazi, ular yashagan manzil-makon ko`rinishlari va hokazolar gavdalantiriladi.
Asarning syujet, kompozisiyasi, undan bo`lak boshqa unsurlari ham aynan so`zning
vositasida yaratiladi. Shuning uchun qadim Sharq shoirlari asarlari asosiy mavzusi
bayonini boshlashdan avval so`z sharafiga maxsus qismi bag`ishlaganlar. Alisher
Navoiy ham barcha dostonlarida so`z sharafiga alohida bob ajratgan. Jumladan, shoir
"Saddi Isknadariy" dostonini oltinchi bobida "So`z ta'rifida bir necha so`zkim..." deb,
so`zga shunday ta'riflar beradi:
Gar ul bo`lmasa kimsaga yo`q sharaf.
Aningdekki, gavharsiz o`lg`ay sadaf.
...Bashar zotida javhari jon hamul,
O`luk jismida obi hayvon ham ul.
...Chu jism ichra jon yo`qdur, ul yo`qdurur,
Yana jonga onsiz bu hol o`qdurur.
Badiiy asar tili ilmiy asralar tilidan tasviriylik, emosionallik, obrazlilik,
aforizm kabi xususiyatlari bilan farq qiladi. Fizika, kimyo, matematika, texnika,
iqtisodiyot kabi ilmiy sohalardagi asarlar tili umumlashgan, ixtisoslik yo`nalishidagi
tushunchalarni ifoda etsa, badiiy asarlar tili tabiat manzaralari va inson qalbidagi
kechinma, holatlari mavjud qarama-qarshiliklari bilan aks ettiradi. Bu badiiy asar
tilining tasviriylik xususiyatidir.
Ilmiy asralar tilidagi dalil, raqamlar ko`proq kishilariing aql-tafakkuriga ta'sir
ko`rsatadi. She'r, roman, qissa tili esa ko`proq ularning hissiyotiga,tuyg`ulariga-
qalbiga ta'sir qiladi. Badiiy asar tilining qahramonlar qalb holatini ifodalash orqali
kitobxonlar tuyg`ulariga ta'sir ko`rsatishi uning hissiyligi (emosionallagi)ni belgilaydi.
Badiiy asar, avvalo, inson qiyofasini gavdalantirishi bilan ta'sirchan ekanligi
ma'lum. Ijodkor inson obrazini yaratish uchun tilning turli shakl, ko`rinishlaridan
foydalanadi. U shevaga xos so`zlarni, kasbkorga oid atamalarni, kishi nutqining
o`ziga xos jihatlarini ko`rsatuvchi iboralarni (masalan, "Mehrobdan chayon"
romanida Solih Mahdumning "habba" deyishi singari) qo`llaydi. Biroq har bir ijodkor
tilning cheksiz imkoniyatlaridan o`z qurbi darajasida, iste'dodi yo`nalishi ko`lamida
foydalanadi. Hayotda birovning nutqi boshqa bir kishining gapirishidan farqlangani
singari, yozuvchi, shoirlar asarlari tili ham bir-biridan farqlanib turadi. Masalan,
Oybek
hayot
hodisalarini
lirik
hissiyotlar
bilan
keng
doirada
tasvirlashga moyil bo`lsa, Abdulla Qahhor manzaralar va kahramonlar holatini qisqa
jumlalarda, kinoya, kesatiq, qochiriqlar qo`llab ifoda qiladi. Shu tarzda har bir
ijodkor o`z asarlarida xalq tili boyliklarini ko`rsatishga intiladi.
Badiiy asar tili muallif tili, personajlar tili, dialog, monolog, arxaik so`zlar,
shevaga, kasb-hunarga oid so`zlar, jargonlar, neologizmlar, antonim, sinonim,
omonim, badiiy tasvir vositalari (metafora, istiora, metonimiya, sinekdoxa,
allegornya, jonlantirish, sifatlash, o`xshatish, mubolag`a, poetik sshggaksis
(intonasiya, parallelizm, anafora, takrorlar, inversiya, atiteza, ritorik
munosabat, ritorik so`roq) kabilardan tarkib topgan bo`ladi. Bu unsurlar badiiy
asar tilining jozibali, ta'sirchan bo`lishini ta'minlaydi.
Asar qahramonlari nutqi dialog va monolog shaklida ifoda etiladi. Dialog
va monologlarda qahramonlarning ichki dunyosi, fe'l-atvori aks etadi. Ijodkorlar
qahramovlar nutqida ular yashagan tarixiy davrga xos so`zlash tarzini hamda
ularning kasb-kori, ma'naviy saviyasi (intelektuallik darajasi)ni gavdalantirishga
harakat qilishadi. Chunki mantiq shuni taqozo etadi.
Asardagi tabiat manzaralari, personajlardan hammasining ham nomi esda
qolmasligi mumkin. Biroq ularning yuqoridagi singari o`zaro muloqotlari, tortishuvlari
albatta e'tiborni jalb qiladi va xotiraga mustahkam o`rnashib qoladi. Masalan, Abdulla
Qahhorniyag "Anor" hikoyasida shunday lavha bor:
"-Axir, boshqorong`i bo`l, evida bo`l-da!-dedi do`ppisini qoqmasdan, boshiga
kiyib, - anor, anor... Bir qadoq anor falon pul bo`lsa! Saharimardondan suv tashib,
o`tin yorib, o`t yoqib bir oyda oladiganim o`n sakkiz tanga pul. Akam bo`lmasa, ukam
bo`lmasa...
Er-xotin tek qolishdi. Xotin jo`xorini tuyib bo`ldi, uni kelidan tog`orachaga
solayotib to`ng`illadi:
- Havasga anor yeydi deysiz shekilli ...
- Bilaman, axir nima qilay? Xo`jayinimni o`ldirib, pulini olaymi? O`zimni
hindiga garovga qo`yaymi? G`alatimisan o`zing?" (A.Qahhor. Tavlangan asarlar. -
Toshkent: Yosh gvardiya, 1965, 12-bet).
Dialog, monolog asarni ta'sirchan qiladigan vositalar sirasiga kiradi. Dialog
yunoncha dialogis so`z bo`lib, "ikki kishi o`rtasidagi so`zlashuv" degan ma'noni
anglatadi. Monolog ham yunoncha (topos-bir va logos-so`z, nutq) so`z- bo`lib, u
badiiy asarda ishtirok etuvchi personajlarning o`z-o`ziga yoki boshqalarga qaratilgan
nutqi sanaladi.
Dialog va monologning asarni-ta'sirchan etuvchi, uni yodda qoldiruvchi
unsurlardan ekanligi sheriy, nasriy asarlardan ham ko`ra, drama janriga mansub
asarlarda yaqqol namoyon bo`ladi. Drama, komediya, tragediya matni to`laligicha
dialog va monologlardan tarkib topadi. Sahna asarlarini ularsiz tasavvur etib
bo`lmaydi.
Monologlar namoyon bo`lish tarziga ko`ra ikki xil bo`ladi: tashqi monolog va
ikchi monolog. Tashqi monolog qahramonning o`z nugqini ovoz chiqarib bayon
etshpi bo`lsa, ichki monolog uning ichki o`y-kechinmalaridir. Tashqi monolog
shakli ko`proq drama, komediya, tragediyada qo`llansa, ichki monolog barcha
janrlardagi asarlarda keng ishlatiladi. Masalan, hayotda har bir odam boshqa bir kishi
haqida ko`nglida qandaydir xayollarga-boradi.
Ana shu hodisa badiiy asarlarga ham ko`chiriladi. Roman, qissa, doston
personajlari bir-birlari haqida turli o`ylarga borishadi. Demak, monolog
personajlarning o`zi haqidagi o`ylaridangina iborat bo`lmaydi. U boshqalar
to`g`risidaga, tevarak-atrofdagi hayot haqidagi orzu-o`y, mushohadalarni ham
mujassam etadi.
Avvallari qo`llangan bo`lsa-da, ayni paytda nutqda ishlatilmay qolgan so`zlar
«arxaik so`zlar» sanaladi. «Shevaga xos so`zlar» esa muayyan hudud kishilari nutqiga
xos so`z va iboralardir. «Kasb-korga oid so`zlar» esa qahramonlar mashg`uloti, ular
turmush tarzini ko`rsatish vajhidan asqotadi.
«Jargon» fransuzcha jargon so`z bo`lib, "buzilgan til" degan ma'noni bildiradi.
Binobarin, jargon sun'iy, yasama tildir. U muayyan guruh kishilari doirasidagina
qo`lanadi. Jargon so`zlar ham barcha kishilarning nutqida ishlatiladigan so`z,
iboralardan tarkib topgan bo`ladi. Biroq guruh a'zolari muayyan so`z, iboralarni
o`zlarigina tushunadigan ma'noda ishlatishadi. Ular nazarda tutgan ma'noni
boshqalar bilmaydi. Badiiy asarlarda o`g`rilar, qimorborzlar obrazi gavdalantirilganda
ularning nutqida ishlatiladigan so`z, iboralar-jargonlar keltiriladi.
Chunonchi, Tohir Malikning "Shaytanat", "Murdalar gapirmaydilar"
asarlarida jargon so`zlar o`g`ri-jinoyatchilar qiyofasini ishonarli ko`satish uchun
o`ziga xos vosita bo`lgan.
«Neologazmlar», asosan zamonaviy mavzudagi asarlarda ishlatiladi. Fan-
texnika, ijtimoiy hayot taraqqiyoti tufayli paydo bo`lgan yangi so`z, atama,
terminlar davr ruhini aks ettirish maqsadida badiiy asarlarda qo`llanadi. Masalan,
"neyroxirurgiya", "bionika", "kosmonavtika" kabi so`zlar "birja", "aksiya",
"konsalting", "fyuchers" singari iqdisodiyot terminlari ham hozirgi o`zbek tili uchun
neologizm hisoblanadi.
Omonim, sinonimlar ham xuddi neologizm, jargon, kasb-kor, sheva, arxaik
so`zlar singari badiiy asar tilining muhim uzvlaridir. Omonim-yunoncha homos-bir
xil va onyma-ism yo so`zlaridan yasalishi bo`lib, badiiy asarda har xil ma'no
anglatib keluvchi shakldosh so`zlardir.
Sinonimlar-tilning omonimlarga tamoman teskari hodisasidir. «Sinonim»
yunoncha synonymos so`z bo`lib, "bir nomli" degan ma'noni bildiradi. Ona tili
darsliklarida sinonimlarga shakli har xil, ma'nosi bir-biriga yaqin so`zlar, deb ta'rif
berilgan. Sharq mumtoz adabiyotda bunday so`zlar mutashobih so`zlar deb yuritilgan.
Antonimlar esa omonim, sinonimlardayen yanada farq qiluvchi so`zlar
sanaladi. «Antonim» yunoncha antonimos so`z bo`lib, "qarshi" degan ma'noni
bildiradi. Bir-biriga zid ma'noli so`z va iboralar antonimlar deb yuritiladi.
Angonim so`zlar hodisa mohiyatidagi qarama-qarshilikni anglatadi. Masalan, Alisher
Navoiy:
Qon yutib umrim jafo ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamraq topildi, garchi bisyor istadim.
deydi. "Kam-bisyor" qarama-qarshi ma'nodagi so`zlardir. Butun umrim bo`yi
odamlar orasidan o`zimga azobu iztirob bilan sadoqatli do`st izladim. Ular juda kam
topildi. Biroq men do`stlarim ko`p bo`lishini istadim, deydi ulug` shoir. Istash va
amaldagi qarama-qarshilikni "kamroq-bisyor" antonimlari vositasida ifodalash fikriga
obrazlilik, ta'sirchnalik baxsh etgan. Antonim hodisasi Sharq adabiyotida «tazod» deb
yuritiladi.
Ko`chim so`z yoki so`z birikmasining o`z ma'nosidan boshqa ma'noda
qo`llanishidir. Ko`chim trop deb ham yuritiladi. Ko`chimlar ham nutq ta'sirchanligini
kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ko`chimlar bir necha turlarga bo`linadi: metafora (istiora), metonimiya,
sinekdoxa, allegoriya (majoz) kabilar.
SAVOL VA TOPShIRIQLAR:
1. Sharq shoirlari so`z haqida nimalar deyishgan?
2. Emotsionallik deganda nimani tushunasiz?
3. Dialog va monolog nima?
4. Metafora va metonimiya haqida ma'lumot bering?
5. Tasviriy vositalarni sanang va konspektlashtiring?
6. Sinonim haqida ma'lumot bering?
7. Antonim haqida ma'lumot bering?
8. Ko`chim so`z nima?
9. Allegoriya (majoz) haqida ma'lumot bering?
10.
Sinekdoxa haqida ma'lumot bering?
FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR:
1. T. Boboyev. Adabiyotshunoslik asoslari. –T., 2003.
2. I.Sulton. Adabiyot nazariyasi, Toshkent-2005 yil.
3. M. Abdullayev. Adabiyotimizning yangilanish davri "O`zAS" 1995
4. T. Boboyev. She’r ilmi ta’limi. –T., 1997.
5. A.Ulug’ov. "Adabiyotshunoslik nazariyasi". T.,"Universitet",2018-y.
6. D. Quronov. Adabiyotshunoslik nazariyasi asoslari. T., 2018.
7. D. Quronov va boshqalar Adabiyotshunoslik lug’ati. – T., 2013 (qayta nashr)