Suv ob’ektlarida gidrokimyoviy tadqiqot ishlarini olib borish
Yuklangan vaqt
2024-12-31
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
5
Faytl hajmi
28,9 KB
Suv ob’ektlarida gidrokimyoviy tadqiqot ishlarini olib borish
Ushbu mavzuda o‘quvchilar suv ob’ektlarida gidrokimyoviy tadqiqot ishlarini
olib borish usullari, gidrokimyoviy kuzatish ishlarini amalga oshirish tamoyillari
bilan tanishtiriladi.
Reja:
1. Umumdavlat kuzatish va nazorat qilish xizmatining tashkil etilishi;
2. Gidrokimyoviy tadqiqot usullari;
3. Kimyoviy moddalar balansi tenglamasi;
4. Suv ob’ektlaridan namuna olishda amalga oshiriladigan ishlar.
5. Olingan namunaning tahlili va natijalarni rasmiylashtirish.
O‘tgan asrning o‘rtalaridan boshlab, antropogen omillarning atrof muhitga
salbiy ta’siri kuchaya boshladi. Uni oldini olish va bu ta’sirni imkoniyat darajasida
kamaytirish maqsadida 1972 yilda sobiq Ittifoq hududida umumdavlat kuzatish va
nazorat qilish xizmati (OGSNK) tashkil etilgan edi. Bu tashkilotning asosiy maqsadi
atmosfera, tuproq va suv havzalarining fizikaviy, kimyoviy va gidrobiologik
ifloslanishini kuzatish va nazorat qilishdan iborat bo‘lgan. Ta’kidlash lozimki,
gidrokimyoviy va gidrobiologik nazoratlar faqat tegishli suv ob’ektlaridagina
amalga oshirilgan.
Hozirgi kunda, mustaqil respublikamizda atrof muhit, shu jumladan, suv
ob’ektlarini umumdavlat miqyosida kuzatish va nazorat qilish ishlari O‘zbekiston
Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet va boshqa
tegishli muassasalarga yuklatilgan. Ushbu xizmatning asosiy vazifalari quyidagilar
iborat:
- atmosfera havosi, quruqlikdagi suvlar, dengizlar va tuproqni fizikaviy,
kimyoviy va gidrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ifloslanishini kuzatish va nazorat
qilib borish;
- atrof muhit holatini baholash va uni ifloslantiruvchi asosiy manbalarni
aniqlash;
- atrof muhitning ifloslanishidagi o‘zgarishlarni baholash hamda ularni prognoz
qilish;
- atrof muhitdagi keskin o‘zgarishlar haqida oldindan ogoxlantirish maqsadida
zarur ma’lumotlarni tegishli tashkilotlarga etkazib berish.
O‘zbekiston Respublikasida er usti suvlarining ifloslanishini kuzatish va
nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Gidrometeorologiya xizmati markazi – O‘zgidromet tomonidan amalga oshiriladi.
Uning tarkibida gidrokimyoviy tarmoqlar bo‘limi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu
bo‘limda gidrokimyoviy tadqiqotlar statsionar, maxsus, ekspeditsiya sharoitlarida
olib boriladi.
Statsionar shakldagi tadqiqotlarda suv ob’ektlarinining ifloslanishini o‘rganish
uzluksiz ravishda olib boriladigan kuzatish ma’lumotlariga asoslanadi. Buning
uchun suv sifatini nazorat qilish punktlarida kompleks, ya’ni majmuali
gidrokimyoviy kuzatish ishlari olib boriladi. Statsionar punktlar aholi zich
joylashgan shaharlarda, qishloqlarda, yirik sanoat korxonalarida (zavod, shaxta,
neftni qayta ishlash va hokozo), issiqlik elektr uzatish markazlarida (TES), issiqlik
elektr stansiyalarida (GRES), atom elektr stansiyalarida (AES), zovur suvlarining
daryolarga qo‘shilish joylarida va daryolardagi suv o‘lchash postlarida tashkil
qilinadi.
Suv sifatini kuzatish va nazorat qilib borish punktlarida olib boriladigan ishlar
quyidagilardan iborat:
- suv yuzasida ko‘zga tashlanadigan turli xil suzuvchi qatlamlarning paydo
bo‘lishi, suv oqimi loyqaligining keskin ortishi, ko‘pik va gazlarning paydo bo‘lishi,
suv havzalarida o‘simliklar va baliqlarning nobud bo‘lishi va hokazo;
- daryoning suv sathi va undagi suv sarfi o‘lchanadi;
- suvning harorati, rangi, tiniqligi, hidi, rN ko‘rsatkichi, undagi kislorod va
uglerod ikki oksidi konsentratsiyalari, bosh ionlar, organik va biogen moddalar,
ifloslovchi modlalar (neft mahsulotlari, fenol, og‘ir metallar, pestitsidlar va
boshqalar) aniqlanadi.
Daryolarning gidrokimyoviy rejimini o‘rganish maqsadida ular suvidan bir
yilda 7 marta namuna olinadi. SHundan uch martasi to‘lin suv davriga, aniqrog‘i
uning boshlanishiga, eng katta suv sarfiga hamda tugashiga to‘g‘ri keladi. Qolgan
namunalar yozgi kam suvli davrda ikki marta va kuzgi-qishki kam suvli davrda ham
ikki martadanga to‘g‘ri keladi.
Suv havzalarida maxsus izlanishlar ma’lum maqsadga qaratilgan ilmiy-tadqiqot
ishlarini bajarishda amalga oshiriladi. Bunda maxsus nazorat punktlarida turli
yo‘nalishdagi va mazmundagi tadqiqotlar olib boriladi. Gidrokimyoviy tadqiqot
ishlarini olib borishda bajarilgan maxsus izlanishlar natijalaridan quyidagi masalalar
echimini topishda foydalanish mumkin:
- suv ob’ektlarida suvning ifloslanishi va uning kimyoviy tarkibidagi
o‘zgarishlarni prognoz qilishda;
- suv ob’ektlariga turli manbalardan tashlanadigan oqava suvlarning me’yoriy
miqdorlarini belgilashda;
- suv havzalarining turli qismlari uchun kimyoviy moddalar balansini tuzish va
ulardagi o‘zgarishlarni aniqlashda;
- dengizlar, ko‘llar va suv omborlariga daryo oqimi bilan birgalikda
qo‘shiladigan kimyoviy moddalar miqdorini hisoblash va boshqalarda.
Suv havzalarida amalga oshiriladigan barcha turdagi maxsus va statsionar
tadqiqot ishlari majmuali hisoblanadi. SHu maqsadda bajariladigan gidrokimyoviy
kuzatishlar gidrologik va gidrobiologik kuzatish ishlari bilan birgalikda olib boriladi.
Ekspeditsiya sharoitidagi izlanishlar suv sifati va uning kimyoviy tarkibi
haqidagi ma’lumotlar juda zarur bo‘lganda, lekin suv havzasida nazorat-kuzatish
punktlari bo‘lmagan joylarda olib boriladi. Bunday kuzatishlar asosan favqulodda
vaziyatlarda, suv ob’ektlarining holatini tezkor (operativ) baholashda amalga
oshiriladi. Ekspeditsiya sharoitidagi izlanishlar ham maxsus dasturlar asosida
bajariladi. Unda quyidagi vazifalar o‘z echimini topishi lozim bo‘ladi:
- suvning ifloslanish manbalarini hamda suvga tashlanayotgan oqava
suvlarning rejimini, tarkibini va miqdorini aniqlash;
- tabiiy va oqava suvlar aralashishiga to‘la kafolat beradigan stvorni aniqlash
va ifloslanish zonasini belgilash;
- nazorat punktlarini joylashtirish nuqtalarini aniqlash;
- ekspeditsiyani amalga oshiradigan guruh ish dasturini tuzish.
Ish jarayonida dastlabki tadqiqotlar suv ob’ekti bo‘yicha gidrokimyoviy
ma’lumotlarni to‘plash va ularni qayta ishlashdan boshlanadi. SHundan so‘ng suv
ob’ektlariga tabiiy-geografik, gidrologik, gidrokimyoviy, gidrobiologik va
mikrobiologik tavsiflar beriladi.
Suv ob’ektlarida kimyoviy moddalar balansini miqdoriy baholashga qaratilgan
tadqiqotlar ular suvi kimyoviy tarkibining shakllanish qonuniyatlarini aniqlash
imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida quyidagi qator amaliy masalalarni echishga
yordam beradi:
- suv ob’ektlarining tabiiy gidrokimyoviy rejimiga antropogen omillarning
ta’sir darajasini aniqlashga;
- suv ob’ektlari gidrokimyoviy rejimining suv xo‘jaligi tadbirlari tufayli kelib
chiqishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarini prognozlashga va boshqalar.
Suv havzasidagi mavjud kimyoviy moddalarning miqdoriy balansini ma’lum
bir vaqt oralig‘i uchun aniqlashda quyidagi ko‘rsatkichlar hisobga olinadi: 1)
balansning kirim qismi (ΣK); 2) balansning chiqim qismi (ΣCH) va 3) hisob davri
oralig‘ida kimyoviy moddalar zahirasining o‘zgarishi (ΣA). Qayd etilganlarni
hisobga olsak, suv havzasining kimyoviy moddalar balansi tenglamasi umumiy
holda quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:
ΣK – ΣCH = ΣA ± N
bu erda, ±N - balans farqi.
Suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning umumiy balansida alohida
elementlarning solishtirma salmog‘i turlicha qiymatlarda bo‘ladi. Ayrim hollarda,
ulardan ba’zilarini, ma’lumotlar kam bo‘lganligi sababli, hisobga olish qiyinlashadi.
Bunday murakkab vaziyat, masalan, ba’zi kimyoviy moddalarning suv havzalariga
shamol bilan olib kelinishi, atmosferadan qo‘shilishi yoki, aksincha, S02, 02
kabilarning suvdan atmosferaga o‘tishi sharoitlarida yuzaga kelishi mumkin.
Alohida suv ob’ektlari uchun kimyoviy moddalar balansi tenglamasini tuzishda
unga kiruvchi asosiy elementlar soni aniqlanadi. Ularning miqdoriy qiymatlari esa
gidrometrik, gidrologik va gidrokimyoviy kuzatishlar asosida aniqlanadi.
O‘rganilayotgan suv ob’ektlarida gidrokimyoviy kuzatishlarni amalga
oshirishda quyidagi ishlar bajariladi:
- suvning tiniqligi va rangi aniqlanadi;
- suvning harorati aniqlanadi;
- suvdan namuna 5 l hajmdagi idishda batometr yordamida olinadi;
- namuna tahlil qilinib, uning vodorod ko‘rsatkichi (rN) hamda undagi uglerod
ikki oksidi (S02), karbonat ionlari (S03-2) va kislorod (O2) miqdorlari aniqlanadi;
- kuzatuvlar dasturi bo‘yicha maxsus idishlar suv bilan to‘ldiriladi, neft
mahsulotlari, pestitsidlar, SYUAM, og‘ir metallar uchun namunalar alohida shisha
idishlarga olinadi;
- bosh ionlar va biogen moddalarni aniqlash uchun olingan namunalar
konservatsiya qilinadi;
- suvning ta’mi va hidi aniqlanadi;
- hamma natijalar maxsus kuzatish taloni - etiketkada qayd etiladi.
Suv ob’ektlarida gidrokimyoviy kuzatishlarni yuqorida qayd etilgan tartibda va
ko‘rinishlarda amalga oshirish katta qulaylik yaratadi.
Sinov savollari va topshiriqlar:
1. Suv havzalarini umumdavlat kuzatish va nazorat qilish xizmati qaysi
tashkilotlarga yuklatilgan?
2. Gidrokimyoda qanday tadqiqot usullaridan foydalaniladi?
3. Kimyoviy moddalar balansi tenglamasi qanday ko‘rinishga ega?
4. Suv ob’ektlaridan namuna olishda qanday ishlar amalga oshiriladi?
5. Suvdan namuna qancha hajmda olinadi?
6. Suvdan olingan natijalar qanday qayd etiladi?