Suv ob’ektlarining ifloslanishini nazorat qilish va suvlarni ifloslanishdan muhofaza etish
Yuklangan vaqt
2024-12-31
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
7
Faytl hajmi
31,8 KB
Suv ob’ektlarining ifloslanishini nazorat qilish va suvlarni ifloslanishdan
muhofaza etish
Ushbu mavzuda suv ob’ektlariga tushadigan ifloslanishtiruvchi moddalarning
asosiy manbalari va er usti suvlarining ifloslanishi haqida ma’lumotlar bayon etiladi.
SHuningdek, o‘quvchilar suv ob’ektlarining ifloslanishini nazorat qilish va suvlarni
ifloslanishdan muhofaza etish usullari bilan tanishtiriladi.
Reja:
1. Suv ob’ektlari ifloslanishini belgilovchi omillar;
2. Suv ob’ektlarini ifloslantiruvchi asosiy manbalar;
3. Suv ob’ektlarining issiqlikdan va radioaktiv ifloslanishi;
4. Suv resurslarini muhofaza qilishning qonuniy asoslari;
5. Suv resurslarini muhofaza qilishning tashkiliy, texnologik va ilmiy
yo‘nalishlari;
6. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi
organlarining vakolatlari.
7. Suv resurslarini muhofaza qilishning iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari;
8. O‘zbekistonda suv qonunchiligi va uning suv resurslari sifatini
yaxshilashdagi ahamiyati.
O‘tgan XX asr davomida, ayniqsa uning oxirgi o‘n yilliklarida dunyodagi
barcha davlatlarda sanoatning jadal suratlarda rivojlanishi, shaharlarning yanada
yiriklashishi, qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan erlarning kengayishi va unda
kimyoviy moddalardan keng foydalanish holatlari kuzatildi. Natijada bu jarayonlar
suv resurslarining ifloslanishiga, chuchuk suvlar miqdorining kamayishiga,
aksariyat hollarda ular sifatining keskin o‘zgarishiga olib keldi.
Suv ob’ektlarini ifloslantiruvchi sohalarni quyidagi guruhlarga ajratish va
ularni o‘zaro taqqoslash mumkin:
- kishloq xo‘jaligi faoliyati natijasida ifloslanish;
sanoat korxonalari faoliyati natijasida ifloslanish;
shahar va kishloq joylaridagi maishiy ifloslanish.
Qishloq xo‘jaligida agrokimyoviy tadbirlarni qo‘llash, oqava suvlarni bevosita
tabiiy manbalarga tashlash yoki sizot suvlariga ta’sir qilish natijasida tuproq va suv
resurslari turli darajada ifloslanadi. Suv havzalarining insonning qishloq xo‘jaligi
faoliyati natijasida ifloslanish darajasi o‘simliklar, tuproq qoplami, suv va havodan
olingan namunalardagi turli pestitsidlar, azotli yoki fosfatli birikmalar miqdori bilan
aniqlanadi.
Hozirgi kunda butun dunyo miqyosida sanoat korxonalaridan chiqayotgan
oqava suvlar tabiiy suvlarni ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri hisoblanadi.
Suvni ifloslantiruvchi asosiy sanoat tarmoqlariga quyidagilar kiradi:
tog‘-kon va metallurgiya sanoati, bu sohada, ya’ni turli metallarni ajratib olish
yoki ularni galvanik qayta ishlash jarayonlarida shakllanadigan tashlama suvlarda
og‘ir metallar (toksinlar) mavjud bo‘ladi;
kimyo sanoati, bu sohaning turli yo‘nalishdagi sanoat korxonalarida hosil
bo‘ladigan oqava suvlarda toksik organik moddalar, neft aralashmalari va
boshqalar bo‘ladi;
ixtisoslashgan sanoat tarmoqlari, masalan, to‘qimachilik va engil sanoat
korxonalarining oqava suvlarida azot, sianid va boshqa turdagi organik moddalar,
jumladan toksinlar va notoksinlar ham bo‘lishi mumkin;
oziq-ovqat sanoati, ushbu yo‘nalishdagi korxonalarning oqava-tashlanma
suvlarida toksin va notoksin organik moddalar mavjud bo‘lib, ular suvning
kislorodning biologik iste’moli (KBI) ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir etadi;
maishiy ifloslantiruvchilar, ularning faoliyati kanalizatsiya tarmoqlari mavjud
bo‘lmagan aholi yashash joylarida maishiy-oqava suvlarni daryolar, soylar, ariqlar
va kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlanishida aks etadi hamda ular er usti va er osti
suvlari sifatiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kanalizatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lgan aholi yashash joylarida oqava suvlar
maxsus suv tozalash inshootlarida tozalanadi. Ayrim hollarda esa bunday oqava
suvlar tabiiy yoki sun’iy botiqlarda to‘planadi, bazan esa qumliklarga oqiziladi.
Sobiq Ittifoq davrida bunday salbiy usuldan keng foydalanilgan. O‘sha davlarda suv
tozalash inshootlarining samarasiz ishlashi, ularning loyihada belgilanganidan ortiq
quvvat bilan ishlashi yoki oqava suvlarning qabul qilingan me’yorlarda
tozalanmasligi atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lgan.
Suv havzalari gidrokimyoviy va gidrobiologik rejimining o‘zgarishiga issiqlik
va atom elektrostansiyalarining ta’siri ham sezilarlidir. Ulardan suv ob’ektlariga
harorati yuqori bo‘lgan suvlar tashlanadi. Bu esa suv havzalarining issiqlikdan
ifloslanishiga olib keladi. Natijada suv havzalaridagi suv massalarining harorati
ko‘tarilib, ularda tabiiy sharoitda kechadigan gidrokimyoviy va gidrobiologik
jarayonlar rejimi buziladi.
Suv havzalarida ba’zan radioaktiv ifloslanish ham kuzatilishi mumkin. Bunday
ifloslanish suvli muhitga tabiiy yoki sun’iy kelib chiqishli radioaktiv elementlarning
tushishi natijasida yuzaga keladi. Unga atom elektrostansiyalari (AES) dagi
shikastlanish - avariya sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, 1986 yilda Ukrainaning
CHernobil AES yoki 2011 yilda YAponiya poytaxti Tokio yaqinidagi AES larida
bo‘lib o‘tgan avariyalar natijasida ularga yaqin joylashgan hududlardagi suv
havzalarida radioaktiv ifloslanish qayd etilgan. Eng xavfli tomoni shundaki, hech
qanday suv tozalash inshooti radioaktiv ifloslanishga to‘la barham bera olmaydi.
Tabiiy suvlarni ifloslanishdan muhofaza qilish murakkab vazifalardan biri
hisoblanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, birinchidan, inson sog‘lig‘ini
avaylab-asrash bo‘lsa, ikkinchidan, tabiiy ekosistemalarning me’yoriy faoliyat
ko‘rsatishini va ularning barqarorligini ta’minlashdir.
Suv resurslarini muhofaza qilishning huquqiy asoslari shu sohaga tegishli
bo‘lgan qonunchilik aktlarida aniq ko‘rsatiladi. Suv qonunchiligining asosiy
maqsadi suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni ifloslanishdan muhofaza
qilish, suv havzalarining holatini yaxshilash hamda suvdan foydalanuvchilarning
huquq va majburyatlarini belgilashdan iboratdir.
Mamlakatimizda suvni muhofaza qilish O‘zbekiston Respublikasining 1993
yil 6-mayda qabul qilingan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida” gi Qonunining
97-102-moddalari bilan tartibga solinadi. Jumladan, ushbu Qonunning 99-
moddasida quyidagilar taqiqlanadi:
ishlab chiqarish chiqitlari, maishiy va boshqa xil chiqitlar hamda chiqindilarni
suv ob’ektlariga tashlash;
moylarning, yog‘ochlarning, kimyoviy va neft mahsulotlarining to‘kilib-
sochiliishi natijasida suvni bulg‘atish va ifloslantirish;
suv havzalarining yuzi, suv havzalarini qoplab turgan yaxlar va muzliklarning
yuzasi, sanoat chiqitlari, maishiy chiqindi va boshqa tashlandiq chiqitlar,
shuningdek, er usti va er osti suvlarining sifatini yomonlashtirib yuboradigan neft va
kimyoviy mahsulotlar bilan bulg‘atish va ifloslantirish;
suvni o‘g‘itlar va zaharli ximikatlar bilan bulg‘atish.
Suv resurslarini muhofaza qilishning tashkiliy yo‘nalishlari davlat boshqaruvi
organlari tomonidan amalga oshiriladi. Suvdan foydalanish va muhofaza qilish
sohasida davlat boshqaruvi umumiy va maxsus vakolatga ega bo‘lgan davlat
organlari zimmasiga yuklatilgan. Umumiy vakolatga ega bo‘lgan organlar qatoriga
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqolpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi va mahaliy davlat hoqimiyati organlari kiradi. Maxsus vakolatli
davlat organlariga esa O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat
qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Geologiya va mineral resurslar davlat
qo‘mitasi va O‘zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati
markazi - O‘zgidromet kiradi.
Suv resurslarini muhofaza qilishning texnologik yo‘nalishlari ham muhim
ahamiyatga ega. Unga texnologik jarayonlarni takomillashtirish, natijada oqava
suvlar hajmini kamaytirishga erishish, oqava suvlarni tozalashning mexanik,
biologik usullarini keng qo‘llash, korxonalarda aylanma suv ta’minotini yo‘lga
qo‘yish va boshqalar kiradi.
Oxirgi yillarda suv resurslarini muhofaza qilishda ilmiy yo‘nalishning o‘rni
tobora sezilarni bo‘lmoqda. CHunki, suv resurslarini muhofaza qilish borasida
yuqorida qayd etilgan texnologik jarayonlarni takomillashtirish, zamonaviy usullarni
yaratish masalalari shu sohada amalga oshiriladigan ilmiy-nazariy hamda amaliy
tadqiqotlar natijalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Bunday tadqiqot ishlari maxsus
ilmiy tadqiqot va loyiha institutlarida amalga oshiriladi.
Suv resurslarini muhofaza qilishning iqtisodiy va ijtimoiy jihatlariga alohimda
e’tibor qaratish lozim. Buning uchun suv muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni
amaliyotda qo‘llashda to‘g‘ri iqtisodiy siyosatni yuritish lozim bo‘ladi. Aniqroq qilib
aytganda, suv resurslarini muhofaza qilish uchun sarflangan harajatlar har
tomonlama asoslanishi hamda ular ma’lum iqtisodiy va ijtimoiy samaradorlikni
ta’minlashi lozim. Muammoning ijtimoiy xususiyati shundaki, mamlakatimizda suv
resurslarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan barcha harakatlar xalq
farovonligini ta’minlashni, uning toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini to‘la
qondirishga qaratilgan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat
qo‘mitasi tarkibida suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish
ustidan davlat nazoratini tegishli boshqarma - Boshsuvnazorat amalga oshiradi.
Ushbu davlat muassasasida aholi yashash joylari va turli sanoat korxonalarida hosil
bo‘ladigan ifloslangan oqava suvlar miqdorini qisqartirishga qaratilgan tadbirlar
rejasi ishlab chiqiladi. Ularni amalga oshirish bo‘yicha nazorat ishlari esa davlat suv
inspektorlari zimmasiga yuklatilgan.
Mamlakatimiz
mustaqilligi
yillarida
CHirchik
shahridagi
«Elektrokimyosanoat» ishlab chiqarish birlashmasida suv tozalash inshooti qurildi.
Natijada ushbu korxonaning ifloslangan oqava suvlarini CHirchiq daryosiga tashlash
butunlay to‘xtatildi. Bu esa daryo suvining sifatini bir muncha yaxshilash imkonini
berdi. SHuningdek, Toshkent viloyatida kanop tolasini qayta ishlaydigan sanoat
korxonalarining faoliyati butunlay to‘xtatildi. Ma’lumki, ular er usti suvlarini
ifloslantiruvchi asosiy manbalardan biri hisoblanar edi. YOki Andijon gidroliz
zavodi, Farg‘ona issiqlik energiyasi markazi (TES), Oltiariq neftni qayta ishlash
zavodi, YAngiyo‘l yog‘-moy kombinati va boshqa qator korxonalar oqava
suvlarining tabiiy suv havzalariga oqizilishiga barham berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining
ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi yillarda Toshkent shahrida umumiy yillik hajmi 25,2
mln. m3 bo‘lgan 43 ta korxonaning oqava suvlari kanallar va ariqlarga
tashlanmaydigan
bo‘ldi.
Ularga
«O‘zbekkabel»
qo‘shma
korxonasi,
«Toshto‘qimachi», «Toshkenttekstil», «Toshqishloqmash» aksiyadorlik jamiyatlari,
18-avtosaroy va boshqalar kiradi. Bunga o‘nlab korxonalarda aylanma suv ta’minoti
tizimlarini joriy etish yoki mahalliy suv tozalash inshootlarini qurish natijasida
erishildi.
Hozirgi kunda respublikamizda suv resurslarini ifloslantiruvchi manbalarni
cheklash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash bilan kelishilgan va tasdiqlagan
ro‘yxatlar asosida maxsus tashkiliy va nazorat ishlari amalga oshirilmoqda.
Masalan, 2007 yilda 2031 ta korxonada ularning suvni muhofaza qilish faoliyati
bo‘yicha nazorati amalga oshirildi.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Suv va suvdan foydalanish
to‘g‘risida» gi Qonunining ijrosi ustidan davlat nazoratini o‘tkazish jarayonida ham
ma’lum qonunbuzarliklar aniqlanmoqda. Suv qonunlarini buzganlik uchun tegishli
korxona va tashkilotlar ma’muriy javobgarlikka tortilib, ulardan jarimalar undiriladi.
Respublikamizda shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar natijasida tabiiy suv
havzalari va er osti suvlari sifatining ijobiy tomonga o‘zgarayotganligi sezilmoqda.
Sinov savollari va topshiriqlar:
1. Suv ob’ektlari ifloslanishini belgilovchi omillarni eslang.
2. Suv ob’ektlarini ifloslantiruvchi asosiy manbalarni bilasizmi?
3. Suv ob’ektlarining issiqlikdan va radioaktiv ifloslanishi qanday sharoitlarda
ro‘y beradi?
4. Suv resurslarini muhofaza qilishning qonuniy asoslari kimlar tomonidan
nazorat qilib boriladi?
5. Suv resurslarini muhofaza qilishning tashkiliy, texnologik va ilmiy
yo‘nalishlarini izohlab bering.
6. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi
organlarining vakolatlari.
7. Umumiy vakolatga ega bo‘lgan davlat organlariga misol keltiring.
8. Qaysi boshqaruv organlariga maxsus vakolatlar berilgan?
9. Suv resurslarini muhofaza qilishning iqtisodiy va ijtimoiy jihatlari deganda
nimani tushunasiz?
10. O‘zbekistonda suv qonunchiligi va uning suv resurslari sifatini
yaxshilashdagi ahamiyatini yoritib bering.
11. Suv resurslari muhofazasi bo‘yicha mustaqillik yillarida amalga oshirilgan
tashkiliy tadbirlarni eslang.