Tabiiy suvlarni kimyoviy tahlil qilish usullari
Hozirgi kunda tabiiy suvlardan amaliy maqsadlarda foydalanish uchun ulardan
olingan namunalarni kimyoviy tahlil qilishning bir qancha usullari mavjud. Ular
qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
1) kimyoviy (tortish usuli, hajmiy tahlil);
2)
elektrokimyoviy (patensiometrik, konduktometrik, polyarogafik);
3)
optik (fotometrik, spektrofotometrik, lyuminessent, spektrli);
4) fotokimyoviy usullar;
5) xromatografik (suyuqlikli xromatografiya, gazli xromatografiya);
Quyida har bir usulning mohiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Amaliyotda kimyoviy usullardan tortish va hajmiy tahlil usullari keng
ishlatiladi. Tortish usuli asosan izlanayotgan komponentlarning cho‘kmaga ajratish
va keyinchalik uni qorishmadan ajratib olib, torazida tortishdan iborat. Tortish
usulining aniqlik darajasi 10 -4 % ga teng va aniqlash xatoligi 0,5-1,0 % atrofida
bo‘ladi. Bu usuldan uzoq yillar davomida bosh ionlarni aniqlash maqsadida
foydalanilgan. Lekin ushbu usul bilan tahlil qilish nisbatan ko‘p vaqt talab etadi va
ancha murakkabdir. SHu sababli, bu usulga nisbatan hajmiy tahlil usuli ko‘proq
qo‘llaniladi. Masalan, bu usulda suv tarkibidagi sulfatlar bariy tuzi yordamida
aniqlanadi:
Va+2+SO4-2 = VaSO4 ↓
Hajmiy tahlil usuli reaktiv bilan tekshirilayotgan komponentning o‘zaro
ta’sirini ko‘zda tutadi. Bu usulning aniqlik darajasi 10-3 - 10-4 % ga teng, xatoligi
esa 0,5 - 1,5 % atrofida bo‘ladi. Bu usulning afzalligi, birinchidan, uning
soddaligidir. Ikkinchidan, usulning aniqlash tezligi yuqori va, uchinchidan, mazkur
usul tahlil jarayonida moddalarning kimyoviy xususiyatlaridan keng foydalanish
imkonini beradi. SHu tufayli bu usulni tabiiy suvlardagi makrokomponentlarni
aniqlashda qo‘llash qulaydir. Mazkur usulda natijalarni aniqlashga qaratilgan
hisoblashlarda quyidagi ifodadan foydalaniladi:
S = E ∙ n ∙ M ∙ 1000 / V,
bu erda S - aniqlanayotgan komponent konsentratsiyasi, mg/l; n - eritma
miqdori, ml; M - eritmaning molyarligi; V – suvning tahlil uchun olingan namunasi
hajmi; E - aniqlanayotgan komponetning ekvivalent miqdori.
Suvning tarkibidagi gidorkarbonat va karbonat ionlarini aniqlash ularning
kuchli kislota bilan o‘zaro ta’sirlashuviga asoslanadi. Bu jarayonda dastlab H2CO3
hosil bo‘ladi va u o‘z navbatida karbonat angdrid (CO2) va suvga (H2O)
parchalanadi:
HCO-3 + H ↔ H2CO3 → CO2 ↑ + H2O
CO2-3 + 2H ↔ H2CO3 → CO2 ↑ + H2O
Elektrokimyoviy usullar. Bu guruhga patensiometrik, konduktometrik va
polyarogafik usullar kiradi. Ularni amaliyotda qo‘llash komponentlar, ya’ni
eritmalarning elektrokimyoviy xususiyatlarini o‘lchashga asoslangan. Mazkur
usullarni qo‘llash eritmalarning tok o‘tkazish qobiliyati bilan bog‘liqdir. Usullarning
aniqligi 10-15 - 10-7 % oralig‘ida, xatoliklari esa 0,5 – 5,0 % atrofida bo‘ladi. Ushbu
usullar yordamida tahlil qilishning oddiyligi, engilligi, yuqori darajada sezgirligi
tufayli, ularni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari katta.
Potensiometrik
usul
yordamida
tahlil
qilish
elektrod
potensialini o‘lchashga asoslangan. Ish jarayonida elektrod tahlil qilinayotgan
eritmaga tushiriladi. Elektrodning potensiali kimyoviy reaksiyalarning o‘zgarishiga
va haroratiga bog‘liq. Bu usul yordamida katta miqdordagi ionlarni, jumladan,
gidrokarbonatlarni, sulfatlarni va organik kislotalarni aniqlash mumkin. Tahlilni
rangsiz suv bilan bir qatorda o‘ta rangli va loyqa suvlarda ham o‘tkazish
imkoniyatlari mavjud.
Konduktometrik usul. Bu usulni qo‘llash tahlil qilinayotgan eritmaning elektr
o‘tkazuvchanligini o‘lchashga asoslangan. Ma’lumki, eritmalarning elektr
o‘tkazuvchanligi elektr toki ta’sirida ionlarning harakatlanishi tufayli namoyon
bo‘ladi. Konduktometrik usuldan ko‘proq texnik maqsadlarda ishlatiladigan suvlarni
kimyoviy tahlil qilishda foydalaniladi.
Polyarografik usul. Bu usul elektroliz jarayonida kuchlanishga bog‘liq holda
tok kuchining o‘zgarishini o‘lchashga asoslangan. Bu usul bilan tabiiy va oqava
suvlardagi Su, Zn, Rb, Sd, Ni va hokazolar kabi og‘ir metallar aniqlanadi.
Optik usullar guruhiga fotometrik, spektrofotometrik, lyuminessent, spektrli
tahlil usullari kiradi. Ma’lumki, barcha moddalar, shu jumladan eritmalar ham nurli
energiyani yutish qobiliyatiga ega. Bu usularni amaliyotda qo‘llash moddalarning
aynan shu xususiyatiga asoslangan.
Spektrofotometrik va fotometrik usullar. Spektrofotometrik usul nurli
energiyaning suvda yutilish spektrini aniqlashga, fotometrik usul esa spektrning
ko‘rinadigan qismida nurning yutilishini o‘lchashga asoslangan. Texnik sharoitlarga
bog‘liq holda eritmalar konsentratsiyasini vizual asboblar yordamida o‘lchash
mumkin. Suvning tarkibida mavjud bo‘lgan komponentlarning konsentratsiyasini
aniqlashda, fotometrik va spektrofotometrik usullarni qo‘llaganda darajali-
graduirovkali grafikdan foydalaniladi. Bu usullar bilan suv tarkibida mavjud bo‘lgan
biogen moddalarning birikmalari, og‘ir metallar, fenollar, neft mahsulotlari miqdori
aniqlanadi.
Lyuminessent usuli. Ma’lum sharoitda, molekulalar jadal harakat, ya’ni
qo‘zg‘algan holatdagi ayrim moddalar energiyani yutadi. Ular harakat holatidan
normal, ya’ni sokin holatga o‘tganda shu energiyaning bir qismini nurli energiya
ko‘rinishida qaytarish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Lyuminetsent usul moddalarning
nurli energiyani yutish va qaytarish qobilyatini aniqlashga asoslangan. Ushbu
usulning yuutug‘i shundaki, u 10-15 foiz raqam bilan ifodalanadigan yuqori
darajadagi sezgirlikka ega. SHu tufayli lyuminetsent usul tarkibida neft mahsulotlari
bo‘lgan tabiiy suvlarni tahlil qilishda qo‘llaniladi.
Spektral tahlil usuli fizik usul bo‘lib, u tahlil qilinayotgan modda bug‘ining
emission spektrlarini o‘rganishga asoslangan. Bu usul yordamida modda tarkibidagi
kimyoviy elementlar miqdorini aniqlash mumkin.
Fotokimyoviy usul fotokimyoviy reaksiyalarga asoslangan. Bunda suyuqlikka
ultrabinafsha nurlar orqali ta’sir ko‘rsatiladi, natijada suvdagi organik birikmalarda
parchalanish kuzatiladi. SHu tufayli bu usul bilan suv tarkibidagi organik birikmalar
aniqlanadi.
Xromatografik usul suyuq va gazsimon aralashmalarni ajratishaga, ya’ni ikki
faza orasida (harakatlanuvchi va turg‘un) aralashmalar komponetlarining
taqsimlanish farqini aniqlashga asoslangan. Aralashma harakatlanuvchi fazadan
o‘tkazilganda, ayrim komponentlar unda tez aralashadi, boshqalar esa turg‘un
holatni saqlaydi, ya’ni ularda alohida xromatografik zonalarga bo‘linish jarayoni
sodir bo‘ladi.
Xromatografik usullarning gel-xromatografiya, yuqori samaradorlikdagi
suyuqlik xromatografiyasi, yupqa qatlamli xromatografiya, gazli xromatografiya
kabi turlari mavjud. Suyuq xromatografiya usuli yordamida eritma tarkibidagi
yuqori molekulyar birikmalar aniqlanadi. Gaz xromatografiyasi usuli bilan esa suv
tarkibidagi pestitsidlar hamda organik kislotalarni aniqlash mumkin.
Sinov savollari va topshiriqlar:
1. Tabiiy suvlardan olingan namunalarni kimyoviy tahlil qilishning qanday
usullarini bilasiz?
2. Kimyoviy usullar guruhiga kiruvchi tortish usuli hamda hajmiy tahlil
usulining farqi nimada?
3. Elektrokimyoviy tahlil qilish usullarining qanday turlari bor?
4. Optik tahlil qilish usullarini bilasizmi?
5. Fotokimyoviy tahlil qilish usulining mohiyatini yoritib bering.
6. Xromatografik usulning qanday turlarini bilasiz?
7. Gaz xromatografiyasi usuli bilan qanday moddalar aniqlanadi?